230
2) kollektorning fizik-litologik tavsifi, qalinligi, g’ovakliligi va o’tkazuvchanligi;
3) struktura o’lchami, uning geologik tuzilishining murakkabligi, neft (gaz)
uyumining struktura bilan o’zaro bog’liqligi va uyumning shakli;
4) gorizontning rejimi, qatlam bosimi va uning razvedka quduqlarini sinash
jarayonida o’zgarishi to’g’risidagi umumiy ma’lumotlar, neftning gazga to’yinish
bosimi, gaz omili, uning miqdorining quduqni sinash vaqtida o’zgarishi, quduqlarni
o’zaro ta’siri to’g’risidagi ma’lumotlar;
5) ushbu neftgazli oblastdagi mazkur gorizontning avval o’rganilgan boshqa
mahsuldor gorizontlarga nisbatan stratigrafik joylashgan holati;
6) gorizontning joylashgan chuqurligi, joyning relefi, temir yo’l magistrallari va
asfalt yo’llarning yaqinligi va sh.o’.larga bog’liq bo’lgan iqtisodiy omillar.
Qayd etilgan barcha ko’rsatkichlarni birgalikda hisobga olish razvedka
quduqlarini sinashdan olingan ma’lumotlarni to’liq baholashga imkon beradi.
Konning sanoat miqyosidagi ahamiyati to’g’risida xulosa izlov-razvedka burg’ilashi
va geologik, geofizik, gidrodinamik tadqiqotlar majmui ma’lumotlari tahliliga
asoslanadi.
Konni baholashda hozirgacha burg’ilab ochilmagan, chuqurroqda joylashgan
neftli va gazli gorizontlarning bo’lishi mumkinligini nazarda tutish kerak. Ochilgan
neft gorizontlarni baholashda esa neft konlari uchun neft va yo’lakay gazning
tavsifini, tabiiy gaz konlari uchun esa tabiiy gazning qatlam sharoitidagi tavsifini,
shuningdek, neft va gazning tovar sifatini hisobga olish lozim.
Kon maydonlarida bajarilgan razvedka ishlari jarayonida jinslarning kesimini
belgilash uchun tadqiqotlar olib borish, neftli va gazli gorizontlarni aniqlash,
shuningdek, neft qatlamlarida neft va yo’lakay gazlar zaxirasini, gazli gorizontlarda
esa gazning zaxirasini aniqlash uchun keng ko’lamda muhim tadqiqotlar o’tkaziladi.
Razvedka ishlaridan olingan ma’lumotlar puxta ishlanib, sistemaga solinadi.
Natijada konning geologik tuzilishi, mahsuldor qatlamlar va qatlam suyuqliklarining
fizik va kollektorlik xususiyatlari aniqlanadi.
Razvedka ishlarining piravordida ba’zi bir konlarda neft hoshiyasining
mavjudligi belgilanadi. SHuning uchun razvedka quduqlarida, ayniqsa qatlamning
chegara tashqarisi zonasiga tushgan quduqlarda qatlam bosimi miqdorini o’lchash va
statik sathni belgilash uchun sinash ishlarini bajarish lozim. Bular asosida suvning
regionda harakatlanishini va past bosimli zonalarda bo’lishi ehtimol qilingan neft
hoshiyalarini topish mumkin.
Nihoyat, razvedka quduqlarida uyumni tajribaviy ishlatish vaqtida gidrorazvedka
(gidroeshitish) ishlarini amalga oshirish lozim. Bunday ishlar natijasida to’silgan neft
uyumlari va mahsuldor qatlamlarning litologik tarkibini har xilligini aniqlash
mumkin bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: