Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi boʻylab, chunonchi yirik arxeologik yodgorliklar — Poykend, Qoʻrgʻoni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Boʻston, Qoʻzimontepa, Oqsochtepa va boshqa shahar harobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Konimex tumanida miloddan avvalgi 6—5- asrlarga doir yodgorliklar (Chordara shahar harobasi, Qumrabod — I, Qumrabod — II, Arabon — I, Arabon — II nomli mustahkamlangan qishloqlar, miloddan avvalgi 6-asrga oid Shodibek va Qalqonota qoʻrgʻonlari) topib oʻrganildi (1975—77). Ulardan yuqori darajada rivojlangan hunarmandchilik va meʼmorlikka doir koʻplab ashyoviy dalillar topildi. Oʻsha davrga taalluqli qishloqlar qoldiqlari Jondor tumanidagi Xojaxotin, Laylakxoʻr, Boshtepa, Oqtepa va boshqalar joylardan ham topildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |