Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTI DAVLAT RAHBARLARI KENGASHI MAJLISIDAGI NUTQI
Hurmatli Emomali Sharipovich!
Hurmatli hamkasblar! Majlis ishtirokchilari!
Sizlarni chin dildan qutlayman va Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining yigirma yilligi munosabati bilan bildirilgan barcha tabriklarga qo‘shilaman.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Emomali Sharipovich Rahmonga bizga ko‘rsatilgan har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik va yubiley uchrashuvimiz a’lo darajada tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.
Tojikiston tomonining muvaffaqiyatli raisligini, uning davomida ko‘p tomonlama hamkorligimizning barcha yo‘nalishlarida ochiq va samarali muloqot ta’minlanganini yuksak baholaymiz.
Dushanbe sammiti – tashkilotimizning roli va ahamiyati yuzasidan fikr almashish, uning salohiyatiga va birgalikda ishlash istiqbollariga yangicha nazar bilan qarash uchun yaxshi imkoniyat.
Haqiqatdan ham, o‘tgan davrda SHHT jahon siyosatining muhim sub’ektiga aylandi, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoridan munosib o‘rin egalladi.
Mintaqaviy sheriklik “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida mustahkamlanib bormoqda.
Yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi turish bo‘yicha qo‘shma salohiyatimiz mustahkamlanmoqda, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik kengaymoqda.
Hurmatli hamkasblar!
Bugun barchamiz dunyoda va mintaqada keskinlik ortib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.
Pandemiyaning salbiy oqibatlari saqlanib qolmoqda.
Bularning barchasi bizdan yanada jips bo‘lish va tashkilotimiz doirasida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni talab etmoqda.
Shu maqsadda:
- SHHTning ochiqligini, uchinchi davlatlar va boshqa tashkilotlarga qarshi qaratilmaganligini saqlab qolish;
- umumiy xatar va tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida va birgalikda chora ko‘rish;
- mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish;
- mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash, SHHT makonida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish zarur, deb hisoblayman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Hamkasblarimning chiqishlarida ta’kidlanganidek, barchamiz Afg‘onistondagi vaziyatdan juda xavotirdamiz.
Bugun ushbu mamlakatda yangi voqelik ro‘y berdi, hokimiyat tepasiga yangi kuchlar keldi. Bu – amalga oshib bo‘lgan fakt. Shu munosabat bilan Afg‘onistondagi vaziyatga, shuningdek, mamlakatning yangi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirishga doir o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.
Xususan, davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan keng siyosiy vakillikka erishish; mintaqada ekstremizmning ko‘payishiga va radikal mafkura eksportiga, Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlarga qarshi buzg‘unchi harakatlar uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik; insonning, shu jumladan xotin-qizlar va milliy ozchiliklarning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash; keng ko‘lamli gumanitar inqiroz, qochoqlar oqimining o‘sishining oldini olish, ijtimoiy muammolarni hal etishda ushbu mamlakatga ko‘makni davom ettirish muhimdir.
Bu borada Afg‘onistonning xorijiy banklardagi davlat aktivlariga nisbatan qo‘llangan muzlatishni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish lozim.
Sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va ushbu mamlakatdagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida “SHHT – Afg‘oniston” formatida, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarni jalb qilgan holda yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishni taklif etamiz. Birinchi shunday uchrashuvni Toshkent shahrida o‘tkazishga tayyormiz.
Aziz do‘stlar!
bugungi sammit yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek sharafli va juda mas’uliyatli vazifa O‘zbekiston Respublikasiga o‘tmoqda.
Hurmatli hamkasblarimdan bildirgan tabriklari va ezgu tilaklari uchun chin dildan minnatdorman.
O‘z navbatimda, birgalikdagi ishlarimizning kelgusi davrga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini belgilab olishni istardim.
Birinchi. SHHT salohiyati va nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimdir.
Navbatdagi uchrashuvimizga qadar Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani kelgusi besh yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks dastur tayyorlashni taklif etamiz.
Ikkinchi. SHHTning mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifini ilgari suramiz.
Unga savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish bo‘yicha birgalikdagi choralarni hamda bozorlarga o‘zaro chiqishni yengillashtirish bo‘yicha boshqa tadbirlarni kiritish lozim.
Uchinchi. SHHT sanoat kooperatsiyasi dasturining qabul qilinishini jadallashtirish muhim.
Mamlakatlarimizda Industrial kooperatsiya markazlarining tashkil etilishi dasturni amalga oshirishning amaliy mexanizmi bo‘ladi.
Biz, shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy forumi va Sanoat yangiliklari haftaligini o‘tkazishga tayyormiz.
To‘rtinchi. SHHTning Transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha strategiyasini qabul qilish mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish hamda “Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” koridorlar tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, SHHT makonida infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz. Unda energetika, kommunikatsiyalar, “yashil” taraqqiyot sohalaridagi transchegaraviy loyihalarni kiritish mumkin.
Beshinchi. Kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maslalari biz uchun alohida dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada vazirlar uchrashuvlari va ekspertlar maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazib borish mexanizmini yaqin fursatda joriy etishni g‘oyat muhim, deb hisoblaymiz.
Oltinchi. SHHT makonida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish muhim ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Bugun qabul qilinayotgan Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorning amalga oshirilishi, jumladan, SHHT MATT salohiyatidan yanada to‘liq foydalanish bunga xizmat qiladi.
Ushbu hujjatda aks etgan tashabbuslar terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni mustahkamlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, mamlakatlarimiz ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini tiklashni taklif qilamiz.
Yettinchi. Hamkorlarimiz axborot xavfsizligi sohasida to‘plagan muvaffaqiyatli tajribani hisobga olib, SHHTning bu mavzuga bag‘ishlangan ekspertlar forumini ta’sis etish maqsadga muvofiq.
Bu kibermakondagi zamonaviy tahdid va xatarlarga mos ravishda javob qaytarish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan choralarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Sakkizinchi. Biz “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalarni ijobiy baholaymiz, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma madaniy, fan-ta’lim, sport va boshqa tadbirlarni o‘tkazishdan manfaatdormiz.
Shu maqsadda “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutining ta’sis etilishi tarafdorimiz.
Shuningdek, mamlakatlarimizning Turizm sohasidagi hamkorligi to‘g‘risida hukumatlararo bitim tayyorlashni taklif qilamiz.
To‘qqizinchi. Pandemiya sog‘liqni saqlash sohasida yanada yaqindan hamkorlik qilish zarurligini ko‘rsatdi. Bu borada infeksion kasalliklarni profilaktika qilish va davolash, koviddan keyingi reabilitatsiya, vaksinatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olish masalalarida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilishimiz lozim.
O‘ninchi. O‘zbekiston rais sifatida tashkilotimiz doirasidagi hamkorlik loyihalariga kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha sheriklarni faol jalb qilishni rejalashtirgan.
Bugun qabul qilinayotgan Eron Islom Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish tartibotini boshlash hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi, Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risidagi qarorlarni olqishlaymiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
SHHT bosh kotibi lavozimiga janob Chjan Min nomzodini qo‘llab-quvvatlaymiz va unga katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Mintaqaviy aksilterror tuzilma Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimiga Ruslan Mirzayev nomzodi qo‘llab-quvvatlangani uchun hamkasblarimga minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, SHHT Kotibiyati va MATT Ijroiya qo‘mitasiga umumiy maqsadlarimizni va tashkilotimiz vazifalarini ilgari surishdagi qizg‘in faoliyati uchun tashakkur izhor etaman.
Muhtaram hamkasblar!
Bugun qabul qilinayotgan g‘oyat muhim qaror va hujjatlar mamlakatlarimizning yanada rivojlanishi va SHHT nufuzining yuksalishiga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, sizlarni kelgusi yil 15-16 sentyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga taklif etaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.