Tayanch tushunchalar: madaniy yuksalishning, Xorazm Ma’mun akademiyasi, muhaddis, sivilizatsiya, Bayt ul-hikma, renessans, Markaziy Osiyo Renessansi, Ulug’bekning ilmiy maktabi, memorchilik, san’at.
IX-XII asrlarda madaniy yuksalishning shart-sharoitlari. Markaziy Osiyolik buyuk allomalarning (Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783-850-yy.), Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nosir al-Farg’oniy (797-865-yy.), Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad Forobiy (873-951-yy.), Abu Rayhon Beruniy (973-1048 yy.), Abu Ali ibn Sino (980-1037-yy.), Mahmud Qoshg’ariy (1029-1038-yy.), Yusuf Xos Hojib (XI asr) va boshq.) jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo’shgan ulkan hissasi. Ilm-fan ravnaqi Somoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar sulolalariga mansub ma’rifatparvar hukmdorlarning ilm-fan va madaniyatga doimiy rag’bat berishlari orqasida ko’plab iste’dod sohiblarining salohiyati, ijodi o’sib, yuksalib borgan. O’sha davr hukmdorlari tashabbusi bilan bunyod etilgan va faoliyat ko’rsatgan kutubxonalarda son-sanoqsiz noyob, kitoblar, qo’lyozmalar to’planganki, bulardan hozirgi avlod kishilari ham bahramand bo’lmoqdalar. Ibn Sinodek buyuk zot ham birinchi bor tanishib hayratlangan Somoniylar saroyi qoshidagi boy kutubxona ham mana shunday ilm maskanlaridan biri bo’lgan.
Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy madaniyatining o’sishida islom madaniyatining ahamiyati katta bo’ldi. Islom faqat dingina emas, balki yangi ma’naviy yo’nalish sifatida ham butun madaniy jarayonga, barcha musulmon mamlakatlari orasida ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy aloqalarning kuchayishiga sezilarli ta’sir ko’rsatdi. Bu davrda ma’naviyatda hurfikrlilik, har qanday bilim, ilm-fanga hurmat, diniy oqimlar erkinligi ustivorlik qilgan.
Diniy va dunyoviy ilmlar o’zaro uzviy bog’liq holda rivoj topib bordi. Qadimgi Yunon, Hind va boshqa yurtlar an’analaridan, bilim manbalaridan ham keng ijodiy foydalanildi. X asrning ikkinchi yarmi va XI asr boshlarida Xorazmda vujudga kelib, keng faoliyat ko’rsatgan mashhur Ma’mun akademiyasi ilm-fan ravnaqiga ijobiy ta’sir etdi.
Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Mansur ibn Iroq singari ilm peshvolari ham dastlab shu fan maskanida ulg’ayib, kamolot bosqichiga ko’tarilganlar.
IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan yuksaldi, hozirgi zamon fanining ko’plab tarmoqlari va yo’nalishlariga chinakam poydevor yaratildi. Xususan matematika, algebra, astronomiya, tibbiyot, geologiya, geodeziya, jug’rofiya, falsafa singari dunyoviy fanlarning tamal toshi tom ma’noda shu davrda qo’yildi.
Jahon fani va sivilizatsiyasiga hissa qo’shgan buyuk allomalarimiz Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850-yy.), Ahmad al-Marvaziy (780-880-yy.), Ahmad al-Farg’oniy (797-865-yy.), Abu Nasr Forobiy (873-950-yy.), Abu Bakr Muhammad Narshaxiy (899-959-yy.), Abu Abdulloh Xorazmiy (vafoti 997-y.), Abu Rayhon Beruniy (973-1048-yy.), Abu Bakr al-Xorazmiy (935-993-yy.), Abu Ali ibn Sino (980-1037-yy.), Ismoil Jurjoniy (1042-1136-yy.), Mahmud az-Zamaxshariy (1075-1149-yy.), Burhoniddin Marg’inoniy (1123-1197-yy.), Mahmud Chag’miniy (XII-XIII asr boshlari) nomlari fan tarixida alohida o’rin tutadi.
IX-XII asrlar Markaziy Osiyo xalqlari tarixida moddiy va ma’naviy hayotning rivojlanishida oldingi davrlarga nisbatan keskin yuksalish yillari bo’ldi. Movarounnahr deb ataladigan bu hududda mustaqil davlatlarning tashkil topishi ularda siyosiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va madaniy hayotning ravnaqiga katta ta’sir ko’rsata boshladi. Buxoro, Samarqand, Urganch va Marv kabi shaharlar ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida shakllanib rivojlana boshladi. Markaziy Osiyoda IX-XII asrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Xorazmshohlar davlatlari hukm surdilar. Bu davlatlar xalqaro maydonda o’z mavqei va tutgan o’rni jihatidan katta e’tibor va nufuzga ega bo’ldilar. Ahmad Nasr, Ismoil Somoniy, Alptekin, Mahmud G’aznaviy, To’g’rulbek, Sulton Sanjar, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko’ra oladigan davlat arboblari davrida Markaziy Osiyoda hayotning barcha jabhalarida yuksalishga erishildi, davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik hukm surdi.
Damashq, Qohira, Bag’dod, Kufa, Basra va boshqa yirik shaharlarda Markaziy Osiyodan borib fan, madaniyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shgan ajdodlarimiz bu davrga kelib ko’paya bordi. Bag’dod shahri ilm-fan markazi sifatida olamga tanildi, chunki IX asrda bu yerda “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) Sharqning fanlar akademiyasi tashkil etildi. Bunga monand holda X asr oxirlarida Xorazmda ham Ma’mun davrida (995-997-yy.) “Donishmandlar uyi” – “Bayt ul-hikma”, “Ma’mun akademiyasi” (Xorazm akademiyasi) tashkil topdi. Xorazm Ma’mun akademiyasi – 1004-1005-yillarda Xorazmda tashkil etilgan bo’lib, Markaziy Osiyo tarixida birinchi akademiyadir. Akademiyaning «Ma’mun» deyilishining sababi Ma’muniy xorazmshohlar davrida (997-1017-yillar) ularning homiyligida tashkil qilingan va amaliy ish olib borgan edi. Akademiya 1017-yilda o’z faoliyatini to’xtatishining sababi Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’munning isyonchilar tomonidan o’ldirilishi bo’ldi. Shundan so’ng akademiya homiysiz va qarovsiz qolib, akademiya olimlari ilmiy ish uchun tinch sharoit qidirib, birin-ketin tarqalib ketdilar.
Markaziy Osiyo mintaqasida IX-XII asrlarda iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va ilmiy taraqqiyot yuksalgan davr. Markaziy Osiyo Islom dini kirib kelgunga qadar ham yuksak moddiy va ma’naviy madaniyatga ega bo’lgan. Buning misoli sifatida zardushtiylik (zoroastrizm) dinining muqaddas kitobi «Avesto»ni eslash kifoya. Markaziy Osiyo Islom dini tarqalishi tufayli, Yaqin Sharq, O’rta Sharq, Shimoliy va G’arbiy Afrika hududlarini qamrab olgan ulkan Arab xalifaligining tarkibiga kirdi. Natijada mintaqamizning boy va serqirra madaniyati taraqqiyotning yanada kengroq sahniga chiqdi. Mintaqamiz olimlari, mutafakkirlari, ziyolilari, sayyohlari qadimiy yunon va Rum madaniyati yutuqlari bilan tanishish hamda o’rganish imkoniga ega bo’ldilar. O’rta asrlarda islom olamida din, fan va siyosatning umumiy tili hisoblangan arab tili Markaziy Osiyo olimlari va mutafakkirlari uchun ilm-fan va ma’naviyatni yangi pog’onaga ko’tarishda bebaho ko’prik bo’lib xizmat qildi. Shu davrlarda yashab, ijod qilgan al-Xorazmiy (783-850-yy.), al-Farg’oniy (798-861-yy.), al-Forobiy (873-950-yy.), al-Beruniy (973-1018-yy.), Ibn Sino (980-1037-yy.) va boshqalar tabiiy va ijtimoiy fanlar rivojiga bebaho hissa qo’shdilar. Vatandoshlarimiz Imom al-Buxoriy (810-870-yy.), Imom at-Termiziy (822-893-yy.), Imom al-Moturidiy (870-943-yy.), Ahmad Yassaviy (1103-1166-yy), Najmiddin Kubro (1145-1221-yy.) va boshqalar islom dini va Qur’oni karimning mazmunini hamda mohiyatini tahlilu talqin etgan, jamiyat, inson, xulq va haq, odob va tartib, harom va halol, axloq va nafosat haqida o’zlarining asrlar osha eskirmaydigan va mangu joziba kuchiga ega asarlarini yaratdilar. Markaziy Osiyodan chiqqan mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlaridan butun insoniyat, xususan, yevropaliklar keng foydalandilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |