birinchidan, yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-siyosiy, ilmiy-nazariy dunyoqarashni singdirish. Ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur va o‘zlikni, milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash. Uchinchidan, yoshlarda otashin vatanparvarlik va harbiy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatlikni tarbiyalash. To‘rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy qadriyatlarni e’zozlash, asrab-avaylash ruhini singdirish, ularda yuksak ahloqiy fazilatlar (halollik, poklik, odillik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, kamtarinlik, imon va e’tiqodlik)ni tarbiyalash. Beshinchidan, yoshlarni Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat oldidagi muqaddas burchlarni chuqur his etish va ularga sadoqatlik ruhida tarbiyalash.
O‘zbekiston tarixi fani mana shu yuqoridagilar va bulardan boshqa o‘zining xilma-xil imkoniyatlaridan kelib chiqib, komil insonni tarbiyalashga behad katta hissa qo‘shadi. Vatan tarixining davlat boshqaruvi va qurilishida, jamiyat va insoniyat taraqqiyotida, millat va xalq hayotida tutgan o‘rni hamda ahamiyati benihoya katta ekanligi qadim-qadimdan e’tirof etib kelinmoqda. Bunga tariximizning o‘zi guvoh. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tarixning bu ajoyib xislati va tarbiyaviy ahamiyati, kuch-qudratini barchamiz teran his etishimiz va anglab yetmog‘imiz lozimdir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Turkiston tarixi kerak” nomli maqolasida yozadi: “Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudirki, bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila taraqqiy etganin o‘qib, ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxiri munqariz bo‘lib (tugab-bitib) ketganin o‘qub mundan ham istifoda etmak mumkindir”
Nushiravon Yovushev esa “Turkiston tarixi” nomli maqolasida tarixga quyidagicha baho beradi: “O‘z milliy tarixini bilmagan millat, o‘z otasini bilmagan ... bir bolaga o‘xshaydur... Tarix millatning joni-ruhi, moddiy va ma’naviy hayotidur”.
Tarix – xalq ma’naviyatining asosi, unda milliy g’oya, siyosat, iqtisod, madaniyat, ma’naviyat, eng muhimi ota-bobolar o’tmishi mujassam. Bugun axborot texnologiyalari yuksak rivoj topib, yer yuzining olis burchagida yuz bergan voqea butun dunyoda aks-sado berayotir. Globallashuv jarayonlari kechayotgan pallada muhtaram Prezidentimiz aytmish, “havas qilsa arziydigan ulug’ tariximiz, buyuk ajdodlarimiz” haqidagi noyob tarixiy ma’lumotlarni dunyo ahliga faxr va g’urur ila, baralla yetkazish imkoniyatimiz kengaydi. Qolaversa, xalqimizning taqdirida ro’y bergan, tariximizdan o’rin olgan goh shonli, goh tushkun va fojiali hodisalar Vatanini sevuvchi har bir insonni befarq qoldirmaydi. Tarix – faqat shu fan sohasining emas, balki millatning har bir vakiliga birdek daxldordir. Bu haqiqatni chuqur anglash fursati allaqachon yetgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev o’z ma’ruzalarida ana shu muhim omilni tez-tez esga oladi. Masalan, o’tgan yilning noyabrь oyidagi uchrashuvda davlatimiz rahbari harbiylarimizning tarix haqidagi bilimlari bilan qiziqdi:
– Mana, Amir Temur bobomiz bilan hammamiz faxrlanamiz. Lekin, xolisona aytaylik, ulug’ Sohibqironning “Tuzuklar”ini qancha askar o’qigan? – Yoki buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va harbiy mahorati haqida hamma ham yetarli bilimga egami? Vaholanki, bu ajdodlarimizning g’alabalari, strategiya va taktikalarini dunyodagi ko’plab harbiy maktab va akademiyalarda bugun ham o’rganishadi. Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qilishdan oldin albatta O’zbekiston tarixi fani va “Temur tuzuklari”dan sinov topshirishi kerakligini ta’kidladi. Ilg’or harbiy qismlarga ulug’ sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar olib borish, badiiy kitoblar, kinolar yaratish to’g’risida ko’rsatma berdi.
Darhaqiqat, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo’shgan buyuk ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ammo ochig’ini aytganda, olamshumul zotlar haqidagi bilimlarimiz ko’pincha shu faxrlanish bilangina tugashi sir emas. Masalan, tibbiyotchilarimiz stolida Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” turadimi? Harbiylar, umuman rahbar xodimlarning necha foizi “Temur tuzuklari”dan xabardor? Astronomlar “Ziji Jadidiy Ko’ragoniy” asarini xuddi karra jadvalidek bilishadimi? Al-Xorazmiyning “Al jabr val muqobala” asarini, Abu Rayhon Beruniy asarlarini har bir maktab o’quvchisi yaxshi bilishi uchun nimalar qilishimiz kerak?
Prezident SHavkat Mirziyoyev o’z suhbatlarida ushbu haqiqatni bot-bot tilga oladi, bugungi islohotlar jarayonida tarixni chuqur bilishning ahamiyatini ta’kidlaydi: “Suvorov maktabini Temurbeklar deb o’zgartirdik. Gap nomda emas, g’oyada, mafkurada, g’ururda! Bog’chadayoq bolalarimiz Vatanni, tarixni, madhiyani, bayroqni, Amir Temurni, Birinchi Prezidentimizni… yaxshi o’rganishsin…”
Ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik institutidagi beshta mustaqil fondlarda jami 25 ming atrofida qo’lyozmalar, 40 mingdan ortiq toshbosmalar, 5000dan ortiq tarixiy hujjatlar ko’z qorachig’idek asrab-avaylab kelinadi. Ularda jami 300 mingdan ziyod asarlar nusxalari mavjud, deyiladi. Ushbu institut YUNESKOning insoniyat milliy-madaniy va moddiy boyliklari ro’yxatiga kiritilgan. Ushbu beqiyos boyliklarimiz sinchiklab o’rganilsa, qanchalab tarixiy filьmlar, ko’rsatuvlar uchun dastur bo’lishi mumkin! SHu o’rinda Nobelь mukofoti sohibi, fizik olim Pyer Kyurining mana bu so’zlari esga tushadi: «Musulmonlarning Andalusiyasidan bizga 30 ta kitob qoldi. O’sha kitoblarni o’qib, atomni parchalashga erishdik. Agar biz yoqib yuborgan ana o’sha buyuk Islom tsivilizasiyasiga tegishli yarim million kitoblar ham qolganida nima bo’lardi? Darhaqiqat, agar o’sha kitoblarni yoqib yubormaganimizda, hozir fazodagi galaktikalar orasida sayr qilib yurgan bo’lardik».
Islom tamadduniga ulkan hissa qo’shgan allomalarning juda ko’pchiligi bizning ajdodlarimiz – Ahmad Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, xorazmiylar, nasafiylar, buxoriylar, termiziylar, shoshiylar ekanini nazarda tutsak, G’arb olimining fikri haqligi hamda biz qanchalik ulkan xazina sohibi ekanimiz ayon bo’ladi. Masalan, Abu Rayhon Beruniy yozgan asarlar ro’yxatining o’ziyoq, agar mayda harflar bilan yozilsa, oltmish varaqlik kitobcha hosil bo’lar ekan! Buyuk Britaniyaning mashhur Kembrij universitetida Xorazmiy va Ibn Sino stipendiyalari ta’sis etilishi aslo bejiz emas.
Qarorda, “buyuk vatandoshlarimiz — olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, sarkardalar, davlat arboblarining bebaho merosini keng ko’lamda o’rganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yo’li va qahramonligi to’g’risida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega bo’lgan O’zbekiston eng yangi tarixining g’oyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filьmlar turkumlarini yaratish, «O’zbekiston tarixi» telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yo’nalishlari etib belgilangan.
«O’zbekiston tarixi» telekanalining tashkil etilishi – yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviyat targ’iboti, turizm va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning mantiqiy davomi bo’ldi. O’tgan yili Yurtboshimiz Xorazm viloyatida bo’lganida bu haqda quyidagi fikrlarni bildirgan edi: «Biz chet ellik turistlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin. Lekin Xorazmning, Xivaning tarixi to’liq o’rganilmagan, uni tanishtirish bo’yicha tizim ham yo’q. SHuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab yilma-yil o’rganib, odamlarga sodda tilda tushuntirishni yo’lga qo’yish kerak. Muhim davrlar va voqealar, har bir xon hayoti bo’yicha shourumlar tashkil etib, sayyohlarni qiziqtirish zarur. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda ko’proq qolib, vaqtini mazmunli o’tkazsin…”
Darhaqiqat, ko’hna va tarixiy shaharlarimiz haqida deylik, “SHarif shahar – Buxoro”, “Mardlar shahri – Termiz”, “Allomalar shahri Kesh”, “Er yuzining sayqali Samarqand”, “Toshkentnoma”, “Xo’qandi Latif”… kabi turkum ko’rsatuvlar, tarix kitoblari yaratilsa, qanday ulug’ ish bo’lar edi! Bu filьm va kitoblardan faqat o’zimiz emas, balki butun jahon ahli qiziqib, havas qilib sotib olishi uchun turli tillarga tarjima qilinsa, ayni muddao.
Bu boradagi xayrli ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Prezident topshirig’iga muvofiq 2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo’yicha katta ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direktsiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Tarixiy manbalarda, xususan, «Boburnoma»da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko’p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo’lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan. Bu yerda o’z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620 yilga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo’lgan. Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo’lib, Farg’ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir.
Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumanida joylashgan SHohruhiya shahri ham ana shunday mashhur tarixiy joylardan biri sanaladi. Bu manzilda mashhur sarkarda Temur Malik va Chingizxon qo’shini o’rtasida qattiq janglar kechgan. Bugun sokin tepaliklar ko’rinishini olgan SHohruhiyada otlarning kishnashi, qilichlar jarangi, jangchilarning “urho-ur” degan hayqiriqlari bexos qulog’ingizga chalingandek bo’ladi. Yoki SHahrisabzning Tanxoz daryosi bo’yidagi mashhur “Navoiytepa”da qanchalar sir-sinoat yashirin! Xalq ichida saqlangan rivoyatlarga ko’ra, bu tepalikda keshliklar Samarqandga tahsilga borayotgan yosh Alisher Navoiyni kutib olishgan ekan. Yurtimizda bu kabi sirli, tarixiy manzillar juda ko’p. Qamashi tumanidagi “Boburtepa”, Yakkabog’dagi “Qirq qizlar”, yosh Temurbek poyga o’ynagan tepalik, G’uzor tumanidagi “Tohir va Zuhra” ziyoratgohi kabi manzillarni juda uzoq sanash mumkin. Bu sirli joylar haqida “Tarix telekanali” uchun turkum ko’rsatuvlar, hatto seriallar tayyorlash mumkin. Asosiysi – “Tarix telekanali”ning reytingini yuksakka ko’tarish, uni nafaqat yurtimizda, balki uzoq-yaqin yurtlarda ham mashhur qilish uchun imkoniyatlar bisyor. Bugungi kunda kompьyuter vositasida jonlantirish (animatsiya) imkoniyatlari yuksak taraqqiy etgan. Oqsaroy, Ko’ksaroy, Bostonsaroy kabi mashhur qasrlarni, umuman, ko’hna shaharlar qiyofasini “qayta tiklash”, ulkan jang manzaralarini aks ettirish mumkin. Binobarin, efir vaqtini boshqa kanallardagi kabi reklamalar va tarjima qilingan xorijiy filmlar bilan to’ldirish aslo shart emas. Qarorda aytilganidek, “Vatanimizning qadimiy va boy tarixini chuqur o’rganish, ushbu yo’nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik va o’z xalqi bilan g’ururlanish tuyg’usini shakllantirish asosida milliy o’zlikni anglash hissini mustahkamlash va vatandoshlarimiz dunyoqarashini kengaytirish”dek xayrli maqsadlarni ko’zlagan “O’zbekiston tarixi” telekanalida buning uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Muxlislar faxr-g’urur va iftixor tuyg’ularini uyg’otuvchi maroqli dasturlarni hozirdanoq kutishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |