O'zbekistonning BMT bilan hamkorligi
Avval xabar qilinganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun 11-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning uchrashuvi bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 193 mamlakat a’zo bo‘lgan eng yirik xalqaro tuzilmadir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan olti oy o‘tib – 1992-yil 2-mart kuni ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan. Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, sog‘liqni saqlash, ekologiya, ta’lim, madaniyat, turizm kabi ko‘plab sohalardagi o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Ushbu tashrif O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi samarali muloqotni davom ettirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, yadro quroli tarqalishiga qarshi kurashish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ekologiya muammolarini hal etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm va narkotrafik xavfiga qarshi kurashish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari BMT faoliyatiga hamohangdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli hududga aylantirildi.
Mamlakatimizda BMTning bir qator tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Taraqqiyot dasturi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi kabi tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatayotir. Ular bilan hamkorlikda 440 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Ayni paytda yetmishdan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilayotir.
– O‘zbekistonda Sizni ko‘p yillardan buyon xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, yadrosiz dunyo g‘oyasini ilgari surish, barqaror taraqqiyotning insoniyat uchun dolzarb vazifalarini, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va gumanitar xususiyatga ega ko‘plab muhim global muammolarni hal etish bo‘yicha samarali faoliyat yuritayotgan, jahon hamjamiyatida yuksak obro‘ va e’tirofga sazovor bo‘lgan taniqli siyosiy arbob sifatida yaxshi biladi, – dedi Islom Karimov.
So‘nggi 15-yilda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos kompleks yo‘nalish bo‘lgan Mingyillik rivojlanishning yuksak maqsadlariga erishish, shuningdek, kelajakning yangi kun tartibi – Barqaror rivojlanish maqsadlari BMT faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
– Sizning Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston Respublikasiga BMT rahbari sifatida bu galgi tashrifingiz mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat bilan bevosita tanishish va barchamizni tashvishga solayotgan dolzarb muammolar yuzasidan batafsil fikr almashish uchun ajoyib imkoniyatdir, – dedi Prezidentimiz. – Avvalo, radikallashuv, ziddiyat va zo‘ravonlikning avj olayotgani, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshilikning kuchayib borayotgani, jahon moliyaviy inqirozining hamon davom etayotgani jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Dunyodagi ahvol tobora chigallashib borayotgan sharoitda biz BMTni global xavfsizlik va barqarorlikni saqlash bo‘yicha yagona universal xalqaro tashkilot, ko‘plab murakkab davlatlararo va xalqaro muammolarni hal etadigan noyob tuzilma, deb bilamiz.
– O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilish, ta’lim tizimini takomillashtirishda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi, – dedi Pan Gi Mun. – Ushbu muvaffaqiyatlar barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasidir.
Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega keng ko‘lamli masalalarni muhokama etib, O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan institut hamda agentliklari bilan hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi.
O‘zbekiston xalqi Pan Gi Munning 2010-yildagi tashrifi chog‘ida Orolbo‘yi hududiga borgani va bugungi kunning keng ko‘lamli global ekologik fojialaridan biriga jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor qaratganini yaxshi eslaydi.
Ma’lumki, Orolbo‘yini tobora kengayib borayotgan cho‘l qamrab olmoqda. So‘nggi 50-yilda Orol dengizi maydoni 4 barobardan ko‘proqqa qisqardi, suv hajmi 10-marta kamaydi va minerallashuvi ham shuncha ko‘paydi. Bu nafaqat qurib borayotgan dengiz atrofidagi, balki undan uzoqdagi hududlarda ham hayot sifati, aholi salomatligi va genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Orolbo‘yi aholisining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini BMT bilan birgalikdagi sa’y-harakatlar va yaqin hamkorliksiz hal etib bo‘lmaydi.
2014-yilda Urganchda “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilingan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ni shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun Pan Gi Munga minnatdorlik bildirdi.
Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash masalalari, Afg‘oniston muammolari ham atroflicha muhokama etildi.
Pan Gi Mun O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama muhokamalarda faol ishtirok etayotganini, mintaqaviy hamda global masalalarni hal etishga hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Xususan, O‘zbekistonning Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash va rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi.
BMT Bosh kotibi Afg‘onistonga qo‘shni va do‘st mamlakat sifatida O‘zbekiston ushbu maqsadlarga erishish uchun keng ko‘lamli yordam ko‘rsatayotganini alohida e’tirof etdi. Mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari, chunonchi, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida transport kommunikatsiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirmoqda, Afg‘oniston aholisini elektr energiya bilan ta’minlab, insonparvarlik yordami ko‘rsatmoqda.
Tomonlar Afg‘oniston muammosini hal etishning yagona yo‘li – siyosiy muzokaralar olib borish, ichki kelishuvlarga erishish, buning uchun qulay xalqaro muhit yaratish, moliyaviy va insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettirish, bu borada BMTning faol ishtirok etishidan iborat ekanini ta’kidladi.
Islom Karimov O‘zbekiston BMT va uning institutlari bilan izchil hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ushbu tashkilot bilan samarali hamkorlikni, jumladan, shu yilning oxirigacha Mingyillik rivojlanish maqsadlariga va Bosh Assambleyaning navbatdagi yig‘ilishida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Pan Gi Mun BMTning O‘zbekiston bilan hamkorligi yanada samarali bo‘lishiga ishonch bildirdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2016-2020-yillarda rivojlanishga ko‘maklashish bo‘yicha hadli dasturining imzolanishi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun shu kuni Buxoroga tashrif buyurdi va shaharning tarixiy obidalari, zamonaviy inshootlari bilan tanishdi.
BMT faoliyatining eng muhim yo‘nalishi dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, tinchlikka tahdidlarning oldini olishdir. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan tinchlikparvar siyosat bu ezgu intilishlarga tayanch bo‘lmoqda, kuch-quvvat bag‘ishlamoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli hududga aylantirilishi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash ishiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Prezident Islom Karimov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999-yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. 2001-yil 28-sentabrda BMT Xavfsizlik kengashi doirasida terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining tashkil etilishi bu g‘oyaning amaldagi natijasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimiz tinchliksevar siyosatining yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur konsepsiyada O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligi, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va obyektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi, davlatlararo aloqalar va hamkorlikni faqat ikki tomonlama asosda tashkil etishi bayon qilingan.
Mamlakatimizda BMTning qator tarkibiy tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Taraqqiyot dasturi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatayotir.
O‘zbekistonning YuNESKO bilan hamkorligi alohida e’tiborga molik. Yurtimizdagi ko‘plab tarixiy-madaniy obyektlar YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Prezidentimiz tomonidan asos solingan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali madaniyat va san’atni rivojlantirish, millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil 15-16-may kunlari Samarqand shahrida “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan YuNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari Xubert Gizen YuNESKO uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu muhim tadbirni tashkil etgani hamda ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarini rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Shu yilning 6-iyun kuni poytaxtimizda “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro forumda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi, Jahon banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, qirqdan ortiq mamlakatdan yetakchi ekspert va ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Anjumanda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Joze Gratsianu da Silva nutq so‘zladi. Konferensiya arafasida Toshkentda ushbu xalqaro tashkilotning vakolatxonasi ochildi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, soha xodimlarining malakasini oshirish, jahonning ilg‘or tajribalarini joriy etishga ixtisoslashgan mazkur vakolatxona O‘zbekiston va BMT hamkorligini yanada kengaytirdi.
Mamlakatimizda xalqaro turizm izchil rivojlanmoqda. Bunda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1993-yilda a’zo bo‘lgan. Samarqandda YuNVTOning Buyuk ipak yo‘lida sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazi faoliyat yuritmoqda.
Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashi 99-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishi O‘zbekiston va BMT hamkorligining yana bir ifodasi bo‘ldi. Prezidentimiz ushbu sessiyada nutq so‘zladi. BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifai mamlakatimizning turizm salohiyatiga, Prezident Islom Karimov rahbarligida sohani yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Mazkur xalqaro anjuman jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan imkoniyatlari bilan tanishtirish, xorijning turizm kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, chet ellik mutaxassislar bilan fikr va tajriba almashishda muhim bosqich bo‘ldi.
2010-yil aprel oyida mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Orolbo‘yida bo‘lib, u yerdagi ekologik bo‘hron oqibatlari bilan bevosita tanishgan edi. Ushbu tashrif yakunlari bo‘yicha tayyorlangan Orol dengizi inqirozi oqibatida zarar ko‘rgan aholining muhim hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma dasturni amalga oshirish o‘zaro hamkorlikning yana bir ustuvor sohasiga aylandi.
Mamlakatimizda Amudaryo va Sirdaryo suvidan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligiga tejamkor texnologiyalarni joriy etish, Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” BMT Bosh assambleyasining 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Oktabr oyi oxirida Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ham O‘zbekiston va BMTning intilishlari mushtarak, sa’y-harakatlari hamohang ekanidan dalolat beradi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki O‘zbekiston tinchlik tarafdori, hamkorlik tashabbuskoridir. Bunday ezgu siyosat barchaga manfaat keltiradi, umumiy taraqqiyotga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |