ELEKTR ENERGETIKA SOHASI
Reja:
O’zbekistondagi elektr energetika sohasi.
Energetika sohasining hozirgi holati
Energetika sohasining istiqboldagi rivojlanishi
O’zbekistondagi elektr energetika sohasi
Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun elektr energiya ishlab chiqarishni boshqa tarmoqlarga qaraganda tezroq o'stirish lozim. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning 90 foizini issiqlik elektr stansiyalari (IES) bermoqda.
IES ancha tez va arzon quriladi. Hozirgi texnika imkoniyati bilan quvvati 6 mln kVt dan ham ortiq IESlar barpo etsa bo'ladi.
Iqtisodiyot uchun elektr energiya tannarxining past bo'lishi muhimdir. Elektr energiyaning tannarxi, avvalo, elektr stansiyalarda ishlatiladigan yoqilg'ini qazib olish va tashib keltirish xarajatlariga bog'liq. Shuning uchun elektr stansiya qurish uchun joy tanlanayotganda yoqilg'ini tashib kelishga va elektr energiyani uzatib berishga ketadigan xarajatlar qiyoslab ko'riladi.
Agar yoqilg'ini tashib kelish xarajati elektr energiyani uzatish xarajatidan ortiq bo'lsa, elektr stansiyani yoqilg'i manbayiga yaqin joyda qurish, agar energiyani uzatish qimmatga tushsa, uni iste'molchiga yaqin joyda qurish foydalidir. Elektr energiyani uzatish masofasi fan-texnika rivojlanishi bilan yil sayin uzayib bormoqda. Elektr energiyaning simlar orqali uzatilishi uning afzalliklaridan biridir. Iqtisodiyotning hamma jabhalarida elektr energiyadan foydalanilishi elektr energiyaning ikkinchi muhim afzalligidir. Mahalliy yoqilg'idan keng foydalanish mumkinligi uchinchi afzallik va nihoyat elektr energiyani qudratli elektr stansiyalarda ishlab chiqarish imkoniyati to'rtinchi afzallikdir.
Elektr energiya juda ko'p iste'mol qilinadigan joylarda elektr stansiyalar boshqa joylardan keltiriladigan yoqilg'iga mo'ljallab quriladi. IESlarning juda ulkanlari boshqa
viloyatlarni ham elektr bilan ta'minlaydi va ular GRES deb yuritiladi. Mamlakatimizda Sirdaryo, Toshkent, Yangi Angren, Navoiy, Taxiatosh, Angren GRESlari mavjud. Birgina Sirdaryo GRESining o'zi yiliga 13 mlrd kVt /s elektr energiya beradi.
Istiqlol yillarida Qashqadaryo viloyatida quvvati 3,2 mln kVt bo'lgan Tallimarjon GRESining 800 megavattli birinchi blokining ishga tushirilishi tizimdagi ulkan loyihalardan biri sifatida e'tirof etildi.
Tallimarjon GRESida kelgusida yana uchta blok ishga tushirilishi mo'ljallanmoqda. Bu, o'z navbatida, korxona quvvati oshishiga, yana yuzlab ish o'rinlari yaratilishiga, eng muhimi, iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirish, xonadonlarimizni esa yanada charog'on etishga xizmat qilishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Ko'pchilik IESlar elektr energiya bilan bir vaqtda issiqlik energiyasi ham ishlab chiqaradi. Bunday elektr stansiyalar issiqlik elektr markazlari (IEM) deb ataladi. Masalan, Farg'ona neftni qayta ishlash zavodining IEMi va hokazo. Ularda elektr energiya ishlab chiqarish jarayonida hosil bo'lgan issiq suvdan issiqxonalarni, binolarni isitishda va boshqa ishlab chiqarish ehtiyojlarida foydalaniladi. Lekin issiq suv 20 km dan olis masofada sovib qoladi. Shu sababli IEMlar yirik korxonalar yaqinida va yirik shaharlardagina quriladi.
Gidroelektr stansiyalar (GES)da energiya ishlab chiqarish tabiiy suv oqimi kuchiga asoslanadi. Binobarin, GESlar ishlab chiqargan elektr energiyaning tannarxi arzon bo'ladi (quvvati teng bo'lgan IESlardagidan 4 barobar arzon). Tog' daryolariga qurilgan GESlarda eng arzon elektr energiya ishlab chiqarilmoqda.
O'zbekistonda suv quvvati manbalarining mavjudligi va ayni vaqtda issiqlik elektr stansiyasida ishlatishga yoqilg'i bo'lmaganidan dastlab, asosan, GESlar qurilgan. Mamlakatimizda birinchi GES 1926-yili Bo'zsuv kanalida qurildi. Keyinchalik qurilgan Xishrav, Tuyamo'yin, Farhod, Xo'jakent GESlari mamlakat sanoatining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. O'zbekistonda GES qurish bilan bir yo'la elektr energiya ishlab chiqarish, yerlarni sug'orish, xo'jaliklarni suv bilan ta'minlash, baliqchilikni rivojlantirish imkoniyatlari yaraladi.
Tezoqar daryolarda GESlarni bir-biriga yaqin qurish mumkin. Natijada Chirchiq - Bo'zsuv energetika inshootidagi singari GESlar kaskadi (pog'onasi) shakllanadi. Bu kaskad GESlar soniga (19 ta) ko'ra jahonda oldingi o'rinlardan birini egallaydi. Mamlakatdagi jami IESlar bilan GESlarning soni 37 ta bo'lib, umumiy quvvati 11,2 mln kVt dan ortadi.
Elektr energiya hosil qilishning boshqa yo'llari. Dunyoning ayrim mamlakatlarida atom elektr stansiyalari (AESlar) qurilgan. Bu elektr stansiyalar urandan foydalanadi. 1 kg uran (shartli uran yoqilg'isi) 2,5 ming tonna ko'mir yonganda beradigan miqdorda issiqlik beradi. AESlar o'zining energetika bazasi bo'lmagan va yoqilg'i qimmat hamda elektr energiyaga ehtiyoj katta joylarda quriladi. AESlarda elektr energiya hosil qilish iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali bo'lsa-da, ulardagi radiaktiv nurlanish bilan nosozlik yoki tasodif tufayli butun mavjudotni halok etishi mumkin. Masalan, Ukrainadagi Chernobil AESida 1986-yili ro'y bergan falokat oqibatida juda katta hudud radiaktiv nurlanish ostida qoldi. Uning asoratidan butun borliq hanuz aziyat chekmoqda. Tez-tez zilzila bo'ladigan O'zbekistonda esa AES qurish xatarli hisoblanadi. Shularga ko'ra AESlar bizda qurilmaydi.
Energiyaning yangi manbalarini topish va o'zlashtirish bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ana shunday izlanish natijasi o'laroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida Quyosh energiyasidan foydalanadigan «Fizika-Quyosh» inshooti qurib ishga tushirildi. Geotermal (issiq suv) va shamol energiyasidan elektr hosil qilish yo'lga qo'yilmoqda.
Elektrlashtirishning yuqori darajasi energetika tizimlarining bunyod etilishidir. Energetika tizimi tufayli yil fasllaridan va sutkaning qaysi vaqtidan qat'i nazar iste'molchilar elektr energiya bilan bir maromda ta'minlanadi. Turli xildagi elektr stansiyalarning yuqori voltli elektr uzatish liniyalari bilan birlashtirib, bir markazdan boshqarib turilishi energetika tizimi deyiladi.
O'zbekistonning hamma viloyatlaridagi yirik elektr stansiyalari o'zaro birlashtirilib, yagona energetika tizimi bunyod etildi. O'rta Osiyo davlatlari aro elektr energiya import-eksporti O'zbekiston energetika tizimi vositasida qulay amalga oshmoqda.
Endilikda O'zbekistondagi jami elektr stansiyalarda yiliga Turkiyadagiga barobar, ya'ni 50 mlrd kVt /s ga yaqin elektr energiya hosil qilinmoqda. Uning 1/3 qismi qishloq xo'jaligida foydalanilmoqda.
O'zbekiston o'z ehtiyojidan ortgan elektr energiyani Tojikiston, Qozog'iston va Afg'onistonga eksport qilmoqda.
Energetika sohasining hozirgi holati va istiqboldagi rivojlanishi to’g’risida
“O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati elektr energetika sohasida maxsus vakolatga ega bo’lgan o’rgan bo’lib, yagona elektr energetika tizimining havfsiz, ishonchli ishlab turishini va iste'molchilarning elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan ehtiyojlarini ta'minlovchisidir. “O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 22 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasi energetikasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish to’g’risida” gi PF-2812-sonli Farmoni xamda Vazirlar Maxkamasining 2001 yil 24 fevraldagi “O’zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida” gi 93-sonli Qarori asosida tashkil etilgan bo’lib, “O’zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasining huquqiy vorisidir. Aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasiga 54 ta har xil mulkchilik shakliga ega bo’lgan korxona va tashkilotlar kiradi: - “O’zbekenergo” AJ ning ijro apparati; - “O’zbekenergo” AJ ning “Energosotish” filiali - elektr energiyasini yagona xarid qiluvchisi; - 11 ta unitar korxonalari: ta'mirlash-sozlash xizmatlarini va umumtarmoq vazifalarini bajaruvchi, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, magistral elektr tarmoqlari, hamda yangi issiqlik stansiyasini qurish bo’yicha direksiyasi; - elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, ko’mir qazib olish va uni respublika iste'molchilariga yetkazib berish, elektr energiyasini taqsimlash va sotish, loyihalash, qurilish-montaj, ta'mirlash va sozlash ishlari bilan shug’ullanuvchi, shuningdek, moddiy - texnik ta'minotini bajaruvchi 39 ta aksiyadorlik jamiyatlari; - xodimlarni tayyorlash, hamda avtotransport bilan xizmat ko’rsatish bo’yicha 3 ta mas'uliyati cheklangan jamiyat, shu jumladan 1 ta qo’shma korxona. “O’zbekenergo” AJ ning asosiy vazifalari: - yagona elektr energetika tizimining xavfsiz va ishonchli ishlab turishini ta'minlash, hamda iqtisodiyot tarmoqlarini va respublika aholisini ko’mir, elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror ta'minlab berib, ehtiyojlarini qondirish; - sohada yagona texnik siyosatni amalga oshirish, elektr energiyasini ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, yangi zamonaviy texnologiya va uskunalarni tatbiq etish, davlatimizning elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan ehtiyojlarini to’la hajmda qoniqtirish maqsadida elektr energetika sohasini rivojlantirish. “O’zbekenergo” AJ yagona elektr energetika tizimini funksional ishlab turish tartibini o’rnatadi. Milliy Dispetcherlik Markazi - “O’zbekenergo” AJ yning tizim operatori bo’lib, yagona elektr energiyasi tizimining texnologik tartibda ishlashini tezkor-dispetcherlik boshqaruvini amalga oshiradi. Aksiyadorlik jamiyat iqtisodiyot ob'ektlarini va aholini markazlashtirilgan holda elektr ta'minotini amalga oshiradi, shu bilan birga respublikaning ayrim shaharlarida issiqlik energiyasini sanoat va kommunal - maishiy iste'molchilariga yetkazib beradi. Jamiyat tarkibiga 39 ta umumiy belgilangan quvvati 12,4 mln. kVt bo’lgan elektr stansiyalari, shu jumladan, 10 ta 11,0 mln. kVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyalari va 29 ta 1,4 mln. kVt quvvatga ega gidravlik stantsiyalari kiradi. Issiqlik elektr stansiyalarida zamonaviy bug’-gazli (BGQ) va gaz-turbinali (GTQ) qurilmalar asosida elektr quvvati ishlab chiqarishning yangi texnologiyalarini tatbiq etish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Gidroelektrstansiyalar kaskadlariga birlashtirilgan bo’lib, suv oqimlari bo’yicha ishlaydi. Markazlashtirilgan elektr ta'minoti tizimiga umumiy quvvati 475,5 MVt ga ega blokstansiyalar ulangan. Energiya tizimining issiqlik elektr stansiyalaridan respublikamizning bir qancha shaharlari va yashash joylariga, shulardan Toshkent, Angren, Navoiy, Nurobod, Nuriston, Shirin, Farg’ona kabilarga issiqlik enargiya ta'minoti amalga oshiriladi. 0,4-500 kV kuchlanishga ega bo’lgan elektr tarmoqlarining umumiy uzunligi (havo va kabel liniyalari, zanjirlar bo’yicha uzunlik) 258,6 ming km ni tashkil etadi. O’rnatilgan transformator quvvatlari 48,2 mln. kV∙A li 35 kV va undan yuqori kuchlanishga ega bo’lgan 1735 ta nimstansiyalar va 6-10 kV kuchlanishga ega bo’lgan umumiy quvvati 13,4 mln. kV∙A 71365 ta transformator punktlaridan foydalanilmoqda. «O’zelektrtarmoq» unitar korxonasi uzunligi 9,7 ming km 110-500 kV quvvatiga ega bo’lgan magistral elektr tarmoqlari orqali ishlab chiqarilgan elektr enargiyasini taqsimlab-sotuvchi korxonalariga yetkazib beradi. Korxonaning 76 ta nimstansiyalarida umumiy quvvati 21,3 MV∙A ga teng bo’lgan transformatorlar o’rnatilgan. Hududiy elektr tarmoq korxonalari ishlab chiqarilgan elektr energiya uzunligi 246,1 ming km bo’lgan 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyalari orqali, shu jumladan uzunligi deyarli 13,4 ming km bo’lgan kabelli tarmoqlari orqali iste'molchilarga yetkazib beriladi. Sohaning 2020 yilgacha rivojlanishi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi PF-4707-sonli «2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy isloh qilish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni ta'minlash borasidagi chora-tadbirlar Dasturi to’g’risida» gi Farmoniga muvofiq belgilangan. Ushbu farmonga asosan, 2015-2020 yillarda investitsiyaviy dasturga kiritilgan issiqlik energetikasiga 6 ta ustuvor loyihalarni amalga oshirish ko’zda tutilgan, bulardan: - Toshkent IES da 370 MVt quvvatga ega bo’lgan bug’-gaz uskunasini qurish; - Tolimarjon IES ni ikkita 450 MVt quvvatga ega bo’lgan bug’-gaz uskunasini qurish bilan kengaytirish; - Navoiy IES da 450 MVt quvvatga ega bo’lgan 2-chi bug’-gaz uskunasini qurish; - Angren IESda kullik darajasi yuqori bo’lgan ko’mir yoqish uchun mo’ljallangan 130-150 MVt quvvatli energiya blokini qurish; - Tahiyatosh IES da ikkita 250-280 MVt quvvatga ega bo’lgan bug’-gaz uskunasini o’rnatish bilan modernizatsiyalash; - har biri 450 MVt quvvatga ega bo’lgan ikkita bug’-gaz uskunali yangi To’raqo’rg’on IES ni qurish. Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida 450 MVt quvvatga ega bo’lgan ikkita bug’-gaz uskunalarini o’rnatish bilan yangi IES qurish, Farg’ona IEM 57,7 MVt quvvatli bug’-gaz uskunalarini qurish, shuningdek, 4-issiqlik markazida umumiy quvvati 108 MVt ga ega bo’lgan gaz-turbinali uskunalarini, Toshkent IEM da umumiy quvvati 54 MVt ga ega bo’lgan ikkita gaz-turbinali uskunalarni qurish belgilangan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish energiya bloklarining foydali ish koeffitsienti 55-60 foizdan kam bo’lmagan yuqori samarali bug’-gazli va gaz-turbinali uskunalar asosida, energiya ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini tatbiq etishga imkoniyat yaratadi. Yangi bloklarni ishga tushirish jarayonida issiqlik elektr stansiyalarida me'yoriy xizmatini o’tagan uskunalarni foydalanishdan chiqarish ko’zda tutilgan. Gidroenergetika sektorida ishlab turgan GES larni quvvatini 90 MVt dan ziyod modernizatsiya qilish orqali ko’paytirish mo’ljallangan. Shuningdek, “O’zbekenergo” AJ tomonidan elektr energiyasini xisob-kitob qilish jarayoniga avtomatlashtirilgan nazorat va elektr energiyasini xisob-kitob qilish tizimini modernizatsiyalash masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda, ushbu loyihani respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich amalga oshirish ko’zda tutilgan. Noan’anaviy qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish sohasida Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektrstansiyalarini qurish ko’zda tutilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar va energiya tejovchi uskunalarni tatbiq etgan holda belgilangan dasturlarni amalga oshirish natijasida, energiya ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, yoqilg’i-energetik balansini diversifikatsiyalash, energiya iste'molchilarining o’sib borayotgan talablarini qoniqtirish, uni yetkazib berishda va taqsimlashda texnik yo’qotishlarni kamaytirish imkonini yaratib, respublikaning energetik mustaqilligini mustahkamlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |