O‘zbekistonda turizm sohasi rivojlangani sari turizm xizmatlari va ularning sifatiga doir masalalar mohiyati ortib borayotgani kuzatilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Turizm xizmatlarini Sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) tomonidan turizm sohasida standartlashtirishga doir savollarga oydinlik kiritildi. Standart nima? Standart standartlashtirish obyektiga qo‘yiladigan va vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan me'yorlar, qoidalar, talablarni belgilovchi me'yoriy hujjat hisoblanadi. U inson faoliyatining barcha sohalari - fan texnika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish, transport va boshqalarga taalluqli. Kim tomonidan yuritiladi? Turizm sohasida standartlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi “Turizm sohasida standartlashtirish bo‘yicha Texnik qo‘mita” tomonidan ishlab chiqiladi. Texnik qo‘mita kotibiyati “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK tomonidan yuritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilgandan so‘ng standartlashtirish sohasida ham katta ishlar amalga oshirildi va yangi standartlar ishlab chiqish, mavjudlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar muntazam ravishda olib borilmoqda. Turizm sohasiga oid standartlar Bugungi kunga qadar turizm sohasida standartlashtirish bo‘yicha Texnik qo‘mita tomonidan 11 davlat standarti ishlab chiqildi va o‘rnatilgan tartibda “O‘zstandart” Agentligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Bular: 1. Oʻz DSt ISO 18513 - “Turizm xizmatlari. Mehmonxona va turistlarni joylashtirish vositalarining boshqa turlari. Atamashunoslik”; 2. Oʻz DSt 3220 - “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar”; 3. Oʻz DSt 3296 - “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi”; 4. Oʻz DSt ISO 14785 -“Turizm axborot byurolari. Turizm axboroti va qabul qilish xizmatlari. Talablar”; 5. Oʻz DSt 3331 - “Turizm xizmatlari.Turizm sohasida navigasiya tizimining axborot belgilari.Umumiy talablar”; 6. Oʻz DSt 3334 - “Turizm xizmatlari.Musulmon mehmondo‘stligi. Talablar”; 7. Oʻz DSt 3336 - “Turizm xizmatlari. Tourist-friendly. Talablar”; 8. Oʻz DSt ISO 13009 - “Turizm xizmatlari. Plyaj faoliyatiga doir talablar va tavsiyalar”; 9. Oʻz DSt ISO18065 - “Turizm xizmatlari. Qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarning ma'muriyati tomonidan taqdim etiladigan, umumiy foydalanish uchun turizm xizmatlari. Talablar”; 10. Oʻz DSt 3417 - “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalarida xizmat ko‘rsatadigan xodimlarga doir umumiy talablar”; 11. Oʻz DSt 3418 - “Turizm xizmatlari. Turoperator va turagentlar xodimlariga doir umumiy talablar”. Turizm sohasida standartlashtirish bo‘yicha so‘nggi yangiliklar Texnik qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan yangi standartlar xodimlarga oiddir, bular: Oʻz DSt 3417:2019 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalarida xizmat ko‘rsatadigan xodimlarga doir umumiy talablar”. Standart turli xil va toifadagi joylashtirish vositalarida xizmat ko‘rsatadigan xodimlarga doir umumiy talablarni belgilaydi. Unda xodimlarni tasniflash, ularni baholashning asosiy va qo‘shimcha mezonlari, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga doir umumiy talablar va qo‘shimcha talablar mavjud. Oʻz DSt 3418:2019 “Turizm xizmatlari. Turoperator va turagentlar xodimlariga doir umumiy talablar”. Ushbu standart mulkchilik shakli va faoliyatning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'iy nazar, turoperatorlar va turagentlarning xodimlariga doir umumiy talablarni belgilaydi. Turoperator va turagentlar xodimlarini tasniflash, ularni baholash mezonlari, umumiy va qo‘shimcha talablar hamda xodimlarining funksiyalari va lavozimlari bo‘yicha ma'lumotlarni nazarda tutadi. Bundan tashqari mavjud standartlar ham takomillashtirib borilmoqda, jumladan: Oʻz DSt 3296:2018 - “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi” Ushbu davlat standartiga ham jahon tajribasi hamda mehmonxona biznesi rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi 4095-sonli “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismi qoplash va “royalti franchayzing” to‘g‘risidagi shartnomalar asosida qisman moliyalashtirish bo‘yicha subsidiyaga talabgor mehmoxonalarga “yulduz” berish, ya'ni toifasini aniqlashda tadbirkorlarga juda ko‘p qulayliklar yaratildi. Jumladan 3 va 4 “yulduz” toifasiga ega bo‘lgan mehmonxonalarning barcha nomerlarida to‘liq vannali sanuzel mavjud bo‘lishi majburiy edi, kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, nomerlarda vanna yoki dush o‘rnatish mumkin. Nomerlarda bidelar yoki gigienik dushlarga bo‘lgan talab ham kamaytirildi, 3 va 4 “yulduz” toifasiga ega bo‘lgan mehmonxonalarning 75 foiz nomerlarida ularning mavjud bo‘lishi yetarli bo‘ldi. Bundan tashqari, nomerda foydali maydon yuzasini oshirish maqsadida sanuzel maydoniga, televizor o‘lchamiga va jihozlar soniga bo‘lgan talab ham kamaytirildi. Mehmonxona tomonidan ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan xizmatlar, jumladan chiptalarni bron qilish, avtomobil' ijarasi, valyuta almashtirish, do‘kon va savdo shoxobchalari, kimyoviy tozalash xizmatlari ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida ko‘rsatilishi mumkin. Подробнее: https://uzbektourism.uz/uz/newnews/view?id=875