5-MAVZU. O‘ZBEKISTONDA DEMOKRATIK, FUQAROLIK JAMIYaTI ASOSLARINING ShAKLLANIShI, AMALGA OShIRILGAN SIYoSIY ISLOHOTLAR
Milliy davlat boshqaruvi tizimi. Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi.
O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi va uning ahamiyati. Siyosiy partiyalar faoliyatidagi xususiyatlar.
O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar.
Huquq-tartibot organlari va sud tizimidagi o‘zgarishlar. O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlar va ularning siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki. Ijtimoiy-sherikchilik.
O‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni.
O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. Inson haq-huquqlarini ta’minlash va himoya qilish.
Milliy davlat boshqaruvi tizimi. Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi
Davlat hokimiyatining bo‘linishi prinsipi – demokratik davlatning muhim shartlaridan biridir. Davlat hokimiyatining mavjud bo‘lishi davlatning asosiy belgilaridan bo‘lib hisoblanadi. Davlatdagi mavjud
hokimiyat (davlat hokimiyati) esa malum prinsip asosida taqsimlanadi. Bu “davlat hokimiyatining bo‘linish prinsipi”deb ataladi. Mazkur prinsipga ko‘ra, davlat hokimiyati bir-biri bilan chambarchas bog‘langan va ayni vaqtda ma’lum mustaqillikka ega bo‘lgan uch shahobchaga bo‘linadi: Qonun chiqaruvchi hokimiyat, ijro etuvchi hokimiyat va sud hokimiyati. Ana shu uch hokimiyat davlat hokimiyatini tashkil etadi.
Ommaviy axborot vositalari “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida tilga olinadi.
Davlat hokimiyatining bo‘linish prinsipining jamiyatda amalda ro‘yobga chiqarilishi, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishining amalga oshirilishi har qanday davlatning demokratik xususiyatini belgilaydigan omillardan biridir.
Ushbu prinsip davlat hokimiyati organlarining muvozanatini va tengligini ta’minlaydi. Mazkur prinsipning oqilona amalga oshirilishi
orqali davlatda biror bir organ yoki shaxs tomonidan diktatura o‘rnatilishining oldi olinadi, davlat boshqaruvi amalga oshirilishining
ideal muvozanati taminlanadi, davlat organlarining samarali faoliyat
yuritishi uchun zamin tayyorlanadi. Ushbu prinsip davlat hokimiyati organlarining kelishib, bir-birini nazorat qilib o‘zaro uyg‘unlikda ishlashiga imkon yaratadi. Shuning uchun ham hokimiyatning bo‘linish prinsipi qaror topishi demokratik jamiyatga hos jihatdir.
Rivojlangan va demokratiya qaror topgan davlatlarda bo‘lgani singari, O‘zbekiston Respublikasida ham davlat hokimiyati uchga bo‘lingan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida qo‘yidagi huquqiy norma belgilab qo‘yilgan: “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”.
Davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tadbiq qilish, boshqaruv tizimini markazlashtirishni cheklash, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari va nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratilgan.
O‘tgan davrda O‘zbekistonda demokratik jamiyatga xos boshqaruv tizimi shakllantirildi. Shunday bo‘lsada bu tizim hayot talablariga muvofiqlashtirilib, demokratik prinsip asoslariga ko‘ra
takomillashtirilib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat hokimiyati – bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, muayyan tuzilmaga birlashgan davlat hokimiyatini amalga oshiruvchi davlat organlari tizimidir.
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimiga davlat boshlig‘i sifatida Prezident, respublika hukumati sifatida Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, markaziy davlat boshqaruvi idoralari va ularning joylardagi mahalliy organlari, viloyat, shahar, tuman hokimlari va hokimiyatlar hamda ularning bo‘limlari va boshqarmalari kiradi.
Keyingi yillarda boshqaruv sohasidagi vazifalarning bir qismi respublika darajasidan viloyat, tuman va shahar miqyosiga o‘tkazildi, mahalla tizimini shakllantirishga katta etibor berildi. Boshqaruv sohasini markazlashtirishni cheklash ishlari amalga oshirildi va bu boradagi islohotlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, mamlakatda davlatni idora
etishning zamonaviy va samarali shakli – prezidentlik tizimi qaror topa boshladi. Dunyo davlatchiligi taraqqiyotida davlat boshqaruvining asosan ikki shakli - monarxiya va respublika shakllari mavjud. Respublika, o‘z navbatida, parlamentar va prezidentlik respublikasi ko‘rinishlariga ega. Prezidentlik respublikasi hozirgi kunda eng ko‘p tarqalgan davlat boshqaruvi shaklidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo 193 davlatdan 142 tasida prezident lavozimi mavjud bo‘lib, ularning aksariyati prezidentlik respublikasidir. O‘zbekistonda Prezident lavozimi 1990 yil 24 martda Oliy Kengashning 1-sessiyasida ta’sis etildi.
2.O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi va uning ahamiyati. Siyosiy partiyalar faoliyatidagi xususiyatlar
Huquqiy davlatchilikni shakllantirish ko‘plab muammolarni bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab va davomli jarayondir. Parlamentarizm prinsiplari asosida faoliyat ko‘rsatuvchi davlat institutlari bilan bog‘liq masalalar O‘zbekistonda huquqiy davlatchilikning qaror topishiga taalluqli muammolar silsilasida muhim o‘rin tutadi. Chunki XXI asrning boshlariga kelib oddiy bir haqiqat - to‘la vakolatga ega bo‘lgan parlamentsiz mamlakatda to‘laqonli demokratiya bo‘lishi mumkin emasligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Binobarin, fuqarolar demokratiya to‘g‘risidagi tasavvurlarini avvalo davlatni idora etishda o‘zlari ishtirok etishlarining real imkoniyati bilan, qolaversa parlament orqali qonun ijodkorligi jarayoniga ta’sir ko‘rsata olish imkoniyatlari bilan bog‘laydilar.
Parlament tarixi asrlar bilan o‘lchanadi. Zamonlar o‘zgarishi bilan parlamentlarning roli ham izchil o‘zgarib, uning mohiyati yangi g‘oyalar, tamoyillar bilan, shakllanish va faoliyat ko‘rsatish tajribasi bilan boyib bormoqda. Parlamentarizm g‘oyasi birinchi ming yillik bo‘sag‘asida Rimda, Angliya va Ispaniyada xalq majlislari shaklida yuzaga kelgan bo‘lib, shundan so‘ng davlat anjumani darajasiga ko‘tarilgunga qadar yana bir necha taraqqiyot bosqichlaridan o‘tdi.
Shu zaylda parlament davlat instituti sifatida uzoq tarixni bosib o‘tdi. Parlamentarizm taraqqiyotining bosh tendensiyasi shundan iboratki, parlamentlar ijtimoiy turmushda markaziy o‘rin tutadi. Tabiiyki, har bir davlat parlamentning tuzilishi va faoliyat ko‘rsatish masalalarini o‘zicha hal etadi. Lekin bu keng amaliyotida hisobga olinadigan mushtarak belgilar bo‘lishi mumkin emas, degan ma’noni anglatmaydi, albatta. Shu munosabat bilan parlament institutlari qaror topishi va rivojlanish tajribasi o‘rganilishini ta’minlash, tarixdagi ularning ahamiyatini, o‘rnini anglash, ular tabiatining hozirgi paytdagi tadrijiy garaqqiyoti va mohiyatini tushunib yetish, kelgusida uni rivojlantirish istiqbollarini belgilab olish juda muhimdir.
O‘zbekiston qonun chiqaruvchi oliy organining qaror topishi o‘ziga xos jihatlariga ega. Bu avvalo tarixiy o‘tmishga bog‘liq. Milliy o‘zlik davlat qurilishining turli shakl va usullarini nazarda tutadi. Shunday qurilishning tanlab olingan muayyan usuli esa milliy-tarixiy o‘ziga xoslik bilan umumjahon tamoyillarining sintezidir. Zero, har qanday ijtimoiy voqelikni anglash uchun birinchi navbatda u muayyan tarixiy bosqichning konkret sharoitlarida qay tarzda yuzaga kelganligini, o‘z taraqqiyotida qaysi asosiy bosqichlardan o‘tganligini, ana shu rivojlanish jarayonida qay darajada o‘zgarganligini, istiqbolda uning qay tarzda harakat qilishini anglab olish muhim ekanligi bejiz emas. Ana shu qoidalar har qanday ijtimoiy voqelikni, shu jumladan parlament singari muhim institut masalasini ko‘rib chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, amaliyotning dalolat berishicha, parlamentarizmning qaror topishi o‘ta murakkab, ba’zan esa mashaqqatli jarayondir.
Unda tarixiy davrning o‘ziga xos jihatlari, har bir alohida mamlakatning ijtimoiy va davlat hayoti, milliy an’analari, xalqning huquqiy madaniyati va siyosiy xohish-irodasi namoyon bo‘ladi. Tabiiyki, ijtimoiy amaliyotning rivoji, tarixiy taraqqiyotning kechishi mamlakat qonun chiqaruvchi organi to‘g‘risidagi nazariy tasavvurlarni ham o‘zgartirib boradi.
Qonunchilik hokimiyati davlat hokimiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, uni takomillashtirish davlat hokimiyati butun tizimining tarixiy evolyusiyasi bilan bog‘liq. Shu sababli qonun chiqaruvchi oliy organlarning qaror topishi va rivojlanishi muammolarini har tomonlama tahlil etish davlat qurilishi nazariyasi va amaliyoti uchun, O‘zbekiston parlamentarizmining kelajagi uchun teran ahamiyat kasb etadi. Ayni paytning o‘zida istiqbolni belgilab olish uchun o‘tmishni chuqur va xolis o‘rganmoq zarur. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. A. Karimov ta’kidlaganidek: "Millatni asrash kerak, millatni asrash uchun esa uning haqiqiy tarixini o‘rganish, avaylab himoyalash kerak". Demak, tarixiy yondashuv siyosiy-huquqiy tahlilning ajralmas qismi bo‘lib, usiz siyosiy voqelikka haqqoniy baho berib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda davlat mustaqilligiga erishgach, davlat hokimiyatining eng muhim institutlaridan biri sifatida milliy parlamentni rivojlantirishning sifat jihatidan yangi bosqichi boshlandi. Milliy parlamentarizmning eng yangi tarixi umum e’tirof etilgan uchta asosiy davrga bo‘linadi.
Birinchi davr: 1991-1994 yillar
ikkinchisi: 1995-2004 yillar
uchinchi davr: 2005 yildan hozirgi paytgacha
O‘tish davri parlamenti deb atash mumkin bo‘lgan oxirgi chaqiriq Oliy Kengash davlat boshqaruvining mutlaqo yangi organlarini tashkil etishning, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan adolatli demokratik jamiyat qurishning huquqiy negizi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Parlament yosh davlatning suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunlarni qabul qildi.
Oliy Kengashning o‘n ikkinchi sessiyasi 1994 yil 23 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga birinchi saylovni 1994 yil 25 dekabrda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Uch bosqichda (1994 yil 25 dekabrda, 1995 yil 8 va 22 yanvarda) bo‘lib o‘tgan saylov yakunlariga binoan 245 nafar deputatdan iborat tarkibdagi parlament shakllantirildi. Saylov ko‘p partiyaviylik asosida o‘tkazildi.
Ikkinchi davr: 1995-2004 yillar
Oliy Kengash o‘rniga O‘zbekiston Respublikasining bir palatali parlamenti — Oliy Majlis shakllantirildi. Birinchi chaqiriq (1995-1999 yillar) Oliy Majlis tarkibida O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan 69 nafar, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan 47, «Vatan taraqqiyoti» partiyasidan 14 va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan 7 nafar deputat bo‘lib, deputatlarning qolgan qismini hokimiyat vakillik organlaridan ko‘rsatilgan shaxslar tashkil etdi.
Ikkinchi chaqiriq (2000-2004 yillar) Oliy Majlisga saylov hokimiyat vakillik organlari bilan bir katorda beshta siyosiy partiya va saylovchilar tashabbuskor guruhlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisda 11 nafar deputatni birlashtirgan «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi, 10 nafar deputatdan iborat «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi, 20 nafar deputatga ega bo‘lgan «Vatan taraqqiyoti» partiyasi fraksiyasi, 34 nafar deputat tashkil etgan Fidokorlar milliy-demokratik partiyasi fraksiyasi, 49 nafar deputatdan iborat Xalq-demokratik partiyasi fraksiyasi, 107 nafar kishidan iborat hokimiyat vakillik organlaridan saylangan deputatlar bloki va 16 nafar saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bloki ro‘yxatga olindi. Keyinchalik «Vatan taraqqiyoti» va «Fidokorlar» partiyalari bitta «Fidokorlar» partiyasiga birlashganligi munosabati bilan ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning ikkinchi sessiyasida ularning parlamentdagi fraksiyalari a’zolari ham birlashib, 54 nafar deputatni birlashtirgan bitta fraksiyani tashkil etdilar.
Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis tarkibida siyosiy partiyalarning fraksiyalari va deputatlar bloklaridan tashqari quyidagi 13 ta qo‘mita ham faoliyat ko‘rsatdi.
Parlamentda, shuningdek 3 ta doimiy komissiya ishlagan: Reglament, odob va deputatlar faoliyatining ta’minoti komissiyasi; Oila va ayollar muammolari komissiyasi; Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi.
Mazkur bosqichda qonun ijodkorligi deputatlar ishining bosh yo‘nalishiga aylandi. 1995-2004 yillarda Oliy Majlis 240 ta qonun, 778 ta qaror qabul qildi, amaldagi qonun hujjatlariga 1573 ta o‘zgartish va qo‘shimcha kiritdi, 130 tadan ziyod xalqaro shartnoma va bitimni ratifikatsiya qildi. Mamlakatning qonun chiqaruvchi oliy organi mazkur bosqichda davlat suverenitetini, fuqarolar tinchligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, jamiyatda demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga ko‘maklashadigan qonunlar ishlab chiqish va qabul qilishga intildi. Natijada parlament mamlakatning demokratik va taraqqiyot yo‘lidan mustaqil rivojlanib borishining huquqiy negizini anchagina kengaytirdi va mustahkamladi. Misol uchun, birinchi chaqiriq Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunlarda, boshqa qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida asos solingan normalar yanada rivojlantirildi.
Parlament nazorati ham Oliy Majlis faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalari qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida har yili 60 ga yaqin masalani ko‘rib chiqdilar. Bunday nazorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, mamlakatning barcha viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrini qamrab oldi. Bir palatali Oliy Majlisning nazorat faoliyatini tahlil etish bir qator qonuniyatlarni namoyon etdi. Birinchidan, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini va huquqni tatbiq etish amaliyotini hisobga olgan holda muqaddam qabul qilingan qonunlarni takomillashtirish tamoyili yil sayin kuchaya bordi. Ikkinchidan, qonun ijodkorligi ishi borgan sari tarmoq tusini kasb etib, ayrim sohalardagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga intildi. Uchinchidan, bir necha qo‘mita va komissiyalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan tayyorlangan hamda muhokamaga kiritilgan huquqiy hujjatlarning soni ortib bordi.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylov va ikki palatali parlamenta o‘tish (2004 yil dekabr — 2005 yil yanvar).
Ikki palatali parlamentga o‘tish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish asosida amalga oshirilgan konstitutsion islohotlar, shuningdek asosiy konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilinishi natijasida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazilib, u ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Saylov o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, saylov uchastkalariga bo‘lingan 120 ta saylov okrugi tashkil etdi. Saylovning birinchi bosqichi 2004 yil 26 dekabr kuni o‘tkazilib, 62 nafar xalq noibi, 2005 yil 9 yanvarda bo‘lib o‘tgan ikkinchi bosqichda Qonunchilik palatasiga 58 nafar deputat saylandi. Saylovlar ham O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, ham saylovchilarning tashabbuskor guruhlari ko‘rsatgan deputatlikka nomzodlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Saylovda quyidagi siyosiy partiyalar ishtirok etdi: O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Fidokorlar» milliy-demokratik partiyasi (2000 yilning iyunida «Fidokorlar» partiyasi «Vatan taraqqiyoti» partiyasi bilan birlashgan), O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi, shuningdek O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi.
Uchinchi davr.
Milliy parlamentarizm rivoj topishining uchinchi davri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2005 yil 28 yanvardagi qo‘shma majlisidan boshlanib, bunda yangi ikki palatali Oliy Majlis deputatlari va senatorlari amalda o‘z ishlariga kirishdilar. Mamlakatimiz qonun chiqaruvchilarining ana shu tarixiy anjumanida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov dasturiy ma’ruza qilib, unda jamiyatimizni demokratlashtirish hamda yangilashning aniq va teran asoslantirilgan konsepsiyasini, shuningdek mamlakatimizni 2005 yilda va uzoq muddatli istiqbolda isloh etish hamda modernizatsiya qilishning asosiy vazifalarini ilgari surdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning davlatimiz boshlig‘i tomonidan olg‘a surilgan ustuvor yo‘nalishlari hamda aniq maqsadli vazifalari asosida ishlab chiqilgan 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan qonunchilik faoliyati dasturini qabul qildi.
Ikki palatali parlament tashkil etilgach, O‘zbekiston Respublikasida qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘z taraqqiyotida yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Eng asosiysi, garchi qonunchilik jarayoni ancha murakkablashgan bo‘lsa-da, qabul qilingan qonunlarning sifati sezilarli darajada oshdi. Qonunlarni qabul qilishda siyosiy partiyalarning roli kuchaydi. Qonun loyihalarini partiyalarning fraksiyalarida oldindan ko‘rib chiqish, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda ularning fikrlarini albatta eshitish amaliyoti shakllandi.
3.O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar.
Ko‘ppartiyaviylik – jamiyat hayotida ikki yoki undan ortiq partiyaning faoliyat yuritishidir. Bu holat demokratik yo‘lga kirgan davlat va jamiyatlarga xos hisoblanib, jamiyat taraqqiyoti fikrlar xilma-xilligiga asoslanadi. Jamiyatda siyosiy partiyalarning erkin faoliyat ko‘rsatishi demokratik huquqiy davlat barpo etishning asosiy garovidir.
Hozirgi davr jahondagi demokratiyaning asosiy mezonlaridan biri saylovlarning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishidir. Mustaqillik davrida tashkil topgan ilk siyosiy partiya bu – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidir. Partiyaga 1991-yilning noyabrida asos solindi. Uning maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Mazkur partiya tashkil tilganidan hozirgi kunga qadar besh marotaba Prezident saylovlarida hamda parlament saylovlarida ishtirok etib, parlamentda o‘z fraksiyasini tashkil etishga erishdi.
O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylikning rivojlanish tarixida o‘z o‘rniga ega partiyalardan yana biri O‘zbekiston “Vatan taraqqiyoti” partiyasi bo‘ldi. Ushbu partiya 1992-yil tashkil topgan. 1999-yili “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi ta’sis etildi. U O‘zbekiston fidokorlar maqsadlari va intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydigan siyosiy uyushma sifatida dunyoga keldi. 2000-yil aprelda “Vatan taraqqiyoti” partiyasi va “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasining qo‘shma qurultoyi bo‘lib, unda har ikki partiya harakati, faoliyat dasturi yakdilligi muhokama qilindi, ularning birlashib ishlashlari maqsadga muvofiq degan xulosa asosida ikkita partiya birlashdi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil topgan partiyalardan yana biri bu – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidir. U 1995-yil fevralda
tuzilgan. Sotsial-demokratik partiyalarning asosiy maqsadi jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan. Partiya shuning uchun ham rivojlangan mamlakatlardagi sotsial-demokratik yo‘nalishdagi partiyalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga va xalqaro sotsial-demokratik harakatlarda faol ishtirok etishga intilmoqda. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘rta sinf va ehtiyojmand aholi tabaqasiga tayanadi, ularning siyosiy va ijtimoiy irodalarini ifodalashga intiladi.
Mustaqillik yillarida tashkil topgan partiyalardan yana biri – bu O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasidir. Ushbu partiya 1995-yili iyunda tuzilgan. O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining asosiy maqsadvazifasi
milliy an’analarni va qadriyatlarni saqlashdan iborat. 2008-yil iyunda O‘zbekiston “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining birlashuv qurultoyi bo‘lib, unda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasini birlashtirish to‘g‘risidagi masala ko‘rildi. Qurultoyda partiyalarning maqsadli dasturiy vazifalari mazmun-mohiyatiga ko‘ra birbiriga yaqinligi ta’kidlandi va ular birlashtirildi.
O‘zbekiston siyosiy tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib ulgurgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) 2003-yil noyabrda tashkil topgan. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi umummilliy siyosiy tashkilot sifatida mulkdorlar qatlami, kichik biznes, fermerlik va dehqon xo‘jaliklari vakillari, ishlab chiqarishning yuqori malakali mutaxassislari va boshqaruv xodimlari, ishbilarmonlar manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi. O‘zbekiston Respublikasida siyosiy partiyalarning o‘tgan yillar davomidagi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning rivojlanishi uchun huquqiy asos yaratilganini ko‘ramiz. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni shular jumlasidandir.Tabiiyki, siyosiy partiyalarning jamiyatda qanchalik mavqega ega ekanligini belgilovchi asosiy mezon – bu ularning davlat hokimiyati. vakillik organlariga bo‘ladigan saylovlarda qanday natijalarga erishganligi hisoblanadi.
O‘zbekiston ekologik harakati. 2008-yil O‘zbekiston Respublikasining “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga besh yil muddatga 135 deputat saylanib, Qonunchilik palatasining 15 deputati O‘zbekiston ekologik harakatidan, o‘z ichki qurultoyidan saylanishi belgilandi. Ushbu Qonun asosida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidagi deputatlarining soni 150 deputatdan iborat bo‘ldi. O‘zbekiston ekologik harakati 2008-yil avgustda tashkil topgan. O‘zbekiston ekologik harakati o‘z faoliyatini fuqarolarning hozirgi va kelgusi avlodi qulay atrof-muhit sharoitida yashashi, aholi salomatligini yaxshilash, barcha tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish huquqlarini hamda ularga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishda jamiyatning bor kuch va salohiyatini safarbar qilishga qaratgan.
4.Huquq-tartibot organlari va sud tizimidagi o‘zgarishlar. O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlar va ularning siyosiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki. Ijtimoiy-sherikchilik
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini mustahkamlash va sud himoyasining samaradorligini oshirish mamlakat sud-huquq tizimini isloh qilishning asosiy vazifalari bo‘lib, sudlarni har tomonlama mustaqil, o‘zini o‘zi moddiy-texnik jihatidan ta’minlash va moliyalashtirish darajasiga ko‘tarishni nazarda tutadi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirishda Uzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnik jihatidan va moliyaviy ta’minlash sohasidagi vazifa va vakolatlarini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi tasarrufiga o‘tkazish alohida o‘rin egallaydi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4966-son Farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzurida Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tashkil etildi, ularning shtat birliklari tasdiqlandi hamda uning asosiy vazifalari belgilab berildi.
Ijtimoiy sheriklik – davlat tuzilmalari, tadbirkorlik sub’ektlari va jamoat birlashmalarining o‘zaro manfaatli uchburchagidir. Ularning hamkorligi qanchalik kuchaysa, jamiyat shunchalik kuchayadi. Fuqarolik jamiyati jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi, odamlarga milliy umuminsoniy qadriyatlarga rioya qilish, ijtimoiylashuv va tarbiyalashuvga qaratilgan, barcha uchun foydali yechimlarni taklif qiladi.
Ijtimoiy sheriklikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash turlari quyidagilardan iborat: nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini mulkiy, axborot, maslahat, tashkiliy va o‘quv-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash; nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga moddiy yordam ko‘rsatayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslarga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar berish; nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalari berish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish.
Yollanma xodimlar va ish beruvchilargina mohiyatan ijtimoiy hamkorlar sanaladi, degan fikrlar ham mavjud. Shu sababli ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish davlatning aralashuvisiz, ya’ni bu munosabatlar ishtirokchilari o‘rtasida shartnoma erkinligi bilan yangi yaxshi darajada ta’minlanadi. Faqat istisno hollardagina davlat ularga oliy darajadagi hakam rolida yordamga kelishi mumkin.
Biroq davlatning haddan tashqari aralashuviga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish lozim. Mamlakatning tarixiy tajribalari va xalqaro amaliyotning ko‘rsatishicha, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida davlat vasiylik qilishi, boz ustiga, ma’muriy buyruqbozlik – juda ham zarar keltiradigan holat hisoblanadi.
Ijtimoiy sheriklik sharoitlarida davlatning roli mehnat va ijtimoiy qonunchilikni ishlab chiqishdan iborat. Hozirgi paytda ijtimoiy sheriklikning huquqiy asoslari mamlakatda rivojlanib bormoqda. Xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro munosabatlariga doir turli masalalar mamlakatimizning 30 ta qonuni va yuzdan ortiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida mustahkamlangan. Ular avvalo, Konstitutsiya, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”, “Homiylik to‘g‘risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar bo‘lib, ularga muvofiq davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida nodavlat notijorat tashkilotlarini turli shakllarda qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
O‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni
Fuqarolar shaharchalarda, qishloqlarda, ovullarda, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahallalarda o‘zini o‘zi boshqarishga doir o‘z konstitutsiyaviy huquqini fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlariga muvofiq fuqarolar yig‘ini majlislari (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlari) orqali amalga oshiradi.
Fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, bevosita yoki o‘zlarining saylanadigan vakillari orqali o‘zini o‘zi boshqarishda teng huquqlarga ega.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishga doir huquqlarini cheklash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlari va tashkilotlari, hamda ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
demokratizm, oshkoralik, ijtimoiy adolat;
mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda mustaqillik;
jamoaviylik, aholi oldida hisobdorlik;
jamoatchilik asosidagi o‘zaro yordam;
ijtimoiy sheriklik;
mahalliy urf-odatlar va an’analarni hisobga olish.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi O‘zbekistonning butun hududida amalga oshiriladi. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahallalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklaridir.
Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi, ovullardagi hamda harbiy shaharchalardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridir.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va qonun hujjatlari bilan berilgan o‘z vakolatlarini tegishli hudud doirasida amalga oshiradi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlarida hisobga olingan kundan e’tiboran yuridik shaxs maqomiga hamda o‘z nomi yozilgan muhrga va bankda o‘z hisobraqamlariga ega bo‘ladi.
Fuqarolar yig‘ini aholi manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan tegishli hudud doirasida amal qiladigan qarorlar qabul qiladi.
Fuqarolar yig‘ini faoliyatini fuqarolar yig‘inining kengashi hamda raisi (oqsoqoli) tashkil etadi.
O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. Inson haq-huquqlarini ta’minlash va himoya qilish.
Tariximizga kirib kelayotgan bu buyuk marra munosabati bilan o‘tgan davr mobaynida hayotimiz sifati, mamlakatimiz qiyofasi qanday o‘zgarib borayotgani, qanday yutuq va natijalarga erishganimiz, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida qanday sur’atlar bilan rivojlanib borayotganimizni baholash ehtiyoji tug‘ilmoqda.
Qisqacha aytganda, biz o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli strategik maqsadlar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, hayot sifatini yaxshilash va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash borasidagi sa’y-harakatlarimizga bugungi kun nuqtai nazaridan xolisona baho berishimiz tabiiydir.
Ma’lumki, O‘zbekiston 1991 yili o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, ma’muriy-buyruqbozlik, rejali-taqsimot tizimidan voz kechib, «o‘zbek modeli» deb nom olgan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi.
Biz ishlab chiqqan va bugungi kunda hayotga tatbiq etayotgan ushbu modelning ma’no-mazmuni – davlat qurilishi va konstitutsiyaviy tuzumni tubdan o‘zgartirish va yangilash, iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish, uning siyosatdan ustunligini ta’minlash, davlatning bosh islohotchi vazifasini bajarishi, ya’ni islohotlar tashabbuskori bo‘lishi va ularni muvofiqlashtirib borishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil olib borish tamoyillariga asoslanadigan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Biz islohotlarni inqilobiy usulda, ya’ni «shok terapiyasi» yo‘li bilan amalga oshirishdan ongli ravishda voz kechib, tadrijiy taraqqiyot yo‘lini tanlab olganimiz tufayli xalqimizni qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy to‘fonlardan asrab qolishga muvaffaq bo‘lganimizni bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.
Izchil yuqori o‘sish sur’atlari, yurtimizda barpo etilgan bank-moliya tizimining barqaror va ishonchli faoliyat yuritishi, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, umuman, mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo‘lidagi dadil qadamlarimiz dunyo jamoatchiligi, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki singari nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda.
Haqiqatan ham, qariyb yigirma yillik mustaqil taraqqiyotimiz mobaynida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 3,5 barobarni, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 2,5 barobarni, aholining real daromadlari 3,8 barobarni tashkil etgani e’tiborga sazovordir. Ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohada erishilgan marralar – aholini ijtimoiy himoya qilish uchun yo‘naltirilgan davlat xarajatlarining 5 barobar ko‘paygani, turmush darajasining sezilarli ravishda yaxshilangani va buning natijasida onalar o‘limi 2 barobardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 barobar kamaygani, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 75 yoshga yetganini mamnuniyat bilan ta’kidlasak arziydi, deb o‘ylayman.
2008-2010 yillarda, ya’ni dunyoning aksariyat mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari sezilarli ravishda tushib ketgan, ishlab chiqarish pasaygan bir vaqtda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 2008 yilda 9 foizni, 2009 yilda 8,1 foizni tashkil etgani, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 8,5 foizga yetishi kutilayotgani, kelgusi 2011 yilda esa 8,3 foiz darajasida bo‘lishi belgilab berilayotgani ko‘pgina xalqaro tuzilmalar, ekspert va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Dunyoda, ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda davlatning tashqi qarzlari ko‘payib borayotgani jiddiy xavotir tug‘dirayotgan bir paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 10 foizidan oshmaydi, davlat byudjeti esa so‘nggi besh yilda profitsit bilan bajarilmoqda.
1992 yil dekabr oyida qabul qilingan, mamlakatimizning demokratik taraqqiyotini ta’minlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplarini belgilab bergan konstitutsiyamizning qoida va normalariga tayanish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarimiz 2001 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan keyingi 10 yil davomida yanada faollashib, ko‘lami va miqyosi tobora kengayib bormoqda.
Ikki palatali milliy parlamentimizni tashkil etish masalasi bo‘yicha 2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendum yakunlari va shu asosda «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi qonun chiqaruvchi hokimiyatni tubdan isloh qilishning asoslarini belgilab berdi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar parlament tomonidan o‘z vakolatlarini amalga oshirish jarayonida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimini shakllantirish, qonun ijodkorligining sifatini jiddiy ravishda oshirish, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligiga erishishdan iborat edi. Bu borada tarkib jihatidan asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillaridan tashkil topgan yuqori palata – Senatning hududlar manfaatlarini ifoda etishi, quyi – Qonunchilik palatasi esa o‘z faoliyatini doimiy professional asosda amalga oshirishi hisobga olinganini aytib o‘tish lozim.
Ta’kidlash kerakki, milliy parlamentimizning rivojlanishida yangi parlament va uning har bir palatasining maqomi, vakolatlari va faoliyat mexanizmlari aniq belgilab berilgan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunlarning 2003 yilda qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etdi.
2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasidan mamlakatimiz Birinchi Prezidenti bir vaqtning o‘zida ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i ekanini belgilaydigan normaning chiqarilishi ushbu davrdagi muhim siyosiy-huquqiy voqealardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda konstitutsiyamizning 89-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi» degan qoida belgilab qo‘yilgan.
Ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti egallab turgan Vazirlar Mahkamasi raisi lavozimining tugatilishi ham liberallashtirish va demokratlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Qabul qilingan qonunlarga muvofiq endilikda Bosh vazir nafaqat Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi, balki unga rahbarlik qiladi va uning ishi samaradorligi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasi majlislariga raislik qiladi, hukumat hujjatlarini imzolaydi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Hozirgi paytda mamlakatimiz aholisining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining o‘sib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanishi davlat hokimiyatining uchta sub’ekti, ya’ni davlat boshlig‘i bo‘lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 98-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif qilinadi:
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
O‘tilgan mavzu bo‘yicha savollar
Davlat boshqaruv tizimida qanday o‘zgarishlar qilindi?
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi deganda nimani tushunasiz?
Ko‘ppartiyaviylikni jamiyat va davlat rivojlanishidagi o‘rni qanday?
O‘zbekistonda qanday partiyalar faoliyat olib bormoqda va ularning dasturiy maqsadlarida nima ko‘zga tashlanadi?
Parlament sohasida qanday islohotlar amalga oshirildi?
Huquq-tartibot organlari va sud tizimidagi o‘zgarishlar jamiyat taraqqiyotiga qanday ta’sir etadi?
Nodavlat notijorat tashkilotlarning jamiyat rivojlanishiga qanday ta’sir qiladi?
O‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rnini qanday bahol.
Do'stlaringiz bilan baham: |