O‘zbekistonda “Obod qishloq” davlat dasturi - qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash va ularni ish bilan ta’minlash masalalari
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish hisobidan xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
1. Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini davom ettirish maqsadida quyidagilarning amal qilish muddati 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilsin:
turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan subyektlarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 2021-yil 1-yanvar holatiga qarzdorligi to‘lanishi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969 son Farmonida nazarda tutilgan vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha 2020-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra mavjud qarziga penya hisoblanishini to‘xtatish va soliq qarzini majburiy undirishga qaratish choralarini ko‘rmaslik talabi;
koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 2020-yil 31-dekabr holatiga qoldiqda turgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summasi;
“xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy.
3. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
a) oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etilsin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantini ajratish tartibini ishlab chiqsin va oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida ball to‘plagan shaxslar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarni nazarda tutuvchi yagona elektron reyestrni shakllantirsin;
b) oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni o‘qish davri tugagandan so‘ng qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur amaliyotni yo‘lga qo‘yish hamda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga kreditlar uchun maqsadli resurslar ajratishni ta’minlash choralarini ko‘rsin;
v) oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshirilsin, shuningdek, xususiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimi joriy etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilishga davlat buyurtmasi parametrlarining tubdan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin;
g) akademik ta’til berishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
akademik ta’til olishni istagan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi va masofaviy shakliga o‘tkazilib (agar oliy ta’lim muassasasida bunday ta’limning shakllari mavjud bo‘lsa), ularga uzluksiz mustaqil ta’lim olish imkoniyati yaratiladi;
oilasining betob a’zosini parvarish qilish sababli an’anaviy shakldagi ta’limni davom ettirish imkoniyati bo‘lmagan talabalarga ham akademik ta’tilni olish huquqi beriladi;
talabalarga o‘qish davomida akademik ta’til berilishi bo‘yicha miqdoriy cheklovlar bekor qilinadi;
akademik ta’tildan qaytgan talabalarni ilgari o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qaytadan o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda akademik ta’til olishni istagan talabalar tomonidan sirtqi va masofaviy shaklda mustaqil ta’lim olishni tashkil etish, oliy ta’lim muassasalarida eksternat tartibida ta’lim olish bo‘yicha huquqiy asoslarni yaratishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021-yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich o‘tkazilsin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.