Oʻzbekistonda milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda zamonaviy platforma yaratildi
21:51 06 Iyul 2021 Jamiyat
917 0
Bugungi kunda davlat sektorida inson resurslarini boshqarish tobora strategik vazifaga aylanmoqda. Chunki mamlakatlar eng muhim resurs va eng katta boylik sifatida inson va uning intellektual salohiyati ekanligini eʼtirof etmoqda. Shu boisdan ham rivojlangan davlatlarda kadrlar seleksiyasiga hamda yuqori salohiyatga ega rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishga birlamchi vazifa sifatida qaraladi.
Aslida ilmiy izlanishlar ham shuni tasdiqlaydi: davlat fuqarolik xizmatiga eng iqtidorli kadrlarni jalb qilinishi innovatsiya va yangilik, iqtisodiy oʻsish va rivojlanish, shuningdek, raqobatbardoshlikni taʼminlashga kuchli turtki beradigan omildir.
Mazkur qarorga muvofiq universitetni tamomlagan yoshlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda 5 yillik ish tajribasidan soʻng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar roʻyxatiga kiritiladi.
Shu oʻrinda “Milliy kadrlar zaxirasi” deganda davlat fuqarolik xizmatida rahbarlik lavozimlarini eng munosib kadrlar bilan toʻldirish uchun shakllantiriladigan malakali mutaxassislarga oid maʼlumotlar bazasini tushunish lozim.
Yuqori salohiyat, bilim va koʻnikmalarga ega kadrlarni yuzaga chiqarish, ularni tenglik, raqobatlilik, ixtiyoriylik, shaffoflik, xolislik va ochiqlik tamoyillari asosida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish masalasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biridir.
Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ilgʻor xorijiy tajriba va milliy amaliyot uygʻunligi asosida qator ishlar boshlab yuborildi.
Hozirda rahbarlik lavozimlariga professional va yuqori malakali nomzodlar haqida maʼlumotlar bazasini yaratish, davlat fuqarolik xizmatida “karyera modeli”ni tatbiq qilish, zaxiraga kiritilgan fuqarolarni maqsadli ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat pogʻonalarida oʻsishini monitoring qilish ishlarini tashkil qilish yoʻnalishlarida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Nomzodlar tarkibiga vazirlik va idoralarda, viloyat, tuman, shahar hokimliklari hamda xususiy sektorda samarali faoliyat yuritayotgan shaxslar, hududdagi tashkilot va korxonalar rahbarlari, xorijiy davlatlarda faoliyat koʻrsatayotgan iqtidorli shaxslar kiritilmoqda.
Davlat boshqaruvi akademiyasi bitiruvchilari, “El-yurt umidi” jamgʻarma stipendiyalari orqali chet elning yetakchi oliy taʼlim muassasalarda bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida taʼlim olgan yoshlar, “Kelajak liderlari” maxsus oʻquv dasturi bitiruvchilari toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda. Endilikda ular qatoriga “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bitiruvchilari ham qoʻshiladi.
Nomzodlar orasidan eng munosiblarini tanlab olish rahbarlik koʻnikmasi, sohaga oid bilimi, maʼnaviyati hamda psixologik holatini aniqlaydigan maxsus imtihon va baholash natijalariga koʻra zaxiraga kiritiladi. Albatta, baholash tizimi adolat, shaffoflik va xolislik tamoyillarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya kabi davlatlarning tajribasidan kelib chiqqan holda Agentlik tomonidan elektron tizim yaratildi. Mazkur elektron tizim orqali Milliy kadrlar zaxirasi yuritiladi va boshqariladi. Zaxiraga olingan shaxs haqida toʻliq maʼlumotlar, uning dosyesidan tortib baholash natijalarigacha ushbu tizimdan oʻrin olgan.
Bugungi kunda mazkur dasturiy-apparat kompleksida 12 mingga yaqin rahbar kadrlar hamda 4,5 milliondan ziyod fuqarolar haqida maʼlumotlar bazasi shakllantirildi.
Ayni damda davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, Milliy kadrlar zaxirasini boshqarish, davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini baholash, davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi yoʻnalishlarda dastlabki qadamlar qoʻyildi.
Oʻylaymizki, yuqorida qayd etilgan choralar davlat fuqarolik xizmatida inson resurslarini tom maʼnoda oʻz kasbining haqiqiy iqtidorlari bilan boyitishga xizmat qiladi va yaqin kelajakda oʻzining samarasini bera boshlaydi.
Timur ABDULLAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori
Do'stlaringiz bilan baham: |