O‘zbekistonda iqlim o‘zgarish sur’ati global darajadan ancha yuqori
Gidrometeorologiya xizmati markazida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati trendlari baholandi. Markaz 2019 yilda kuzatilgan ob-havo bo‘yicha tahlillari natijasini ma’lum qildi.
Kuzatuvlar boshlangan vaqtdan 2019 yilgacha o‘rtacha yillik haroratning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatdiki, iqlim isishi tendensiyalari O‘zbekistonning barcha iqlimiy zonalarida namoyon bo‘lmoqda, bunda haroratning ko‘tarilish sur’atlari global miqyosda kuzatilayotgan o‘rtacha sur’atlardan ancha yuqori.
Havoning o‘rtacha yillik haroratlari ko‘tarilishining eng katta qiymatlari yirik shaharlar (Toshkent, Samarqand, Farg‘ona)da, ehtimol, qo‘shimcha urbanizatsiya samarasi hisobiga qayd etilgan. O‘rtacha yillik harorat ko‘tarilishining eng kichik qiymatlari respublikaning tog‘li hududlarida kuzatilgan.
O‘zbekistonning deyarli barcha mintaqalari bo‘yicha oxirgi o‘n yillik (2010-2019 yy.) va oxirgi besh yillik (2015-2019 yy.) uchun o‘rtacha havo haroratlari butun meteorologik kuzatuvlar davridagi oldingi o‘n va besh yillik davrlar bilan taqqoslaganda eng yuqori bo‘ldi.
2019 yilda respublika hududining katta qismida o‘rtacha yillik harorat me’yordan 1,6-2,3 darajaga yuqori, Orolbo‘yida hamda cho‘l zonasida esa ayrim joylarda me’yordan 2,9-3,1 darajaga yuqori bo‘ldi. Faqat respublikaning tog‘li tumanlarida o‘rtacha yillik haroratning me’yordan chetlanishi 1 darajadan oshmasdan 0,5-0,9 darajani tashkil qildi.
2019 yil O‘zbekistonda butun meteorologik kuzatuvlar tarixi davrida ikkinchi eng issiq yil bo‘ldi. Respublikada kuzatuvlar tarixida 2016 yil eng issiq yil bo‘lib turibdi.
Iqlimshunos olimlar buni ikki omil — iqlim isishiga olib keluvchi El-Nino hodisasi hamda uzoq muddatli iqlim o‘zgarishi bilan tushuntirmoqdalar.
O‘zbekistonning barcha mintaqalari bo‘yicha harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar sonining barqaror o‘sish tendensiyasi iqlim isishi ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Issiq kunlar soni ortishining eng yuqori tendensiyalari Orolbo‘yida va respublikaning janubiy hududlarida qayd etilgan.
Harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soning o‘zgarishi, Termiz
|
Harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soning o‘zgarishi, Chimboy
|
2019 yil yozda respublikaning barcha mintaqalarida jazirama ob-havoning anomal uzoq davri kuzatildi. Harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan va hatto 2016 yil ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yanvarida Jahon Meteorologiya tashkiloti tomonidan asbob-uskunalar vositasida meteorologik kuzatuvlar o‘tkazish boshlangan davrdan 2019 yilgacha olib borilgan iqlimiy monitoring natijalari e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 2019 yil butun kuzatuvlar davrida 2016 yildan keyin ikkinchi eng issiq yil ekani ma’lum bo‘lgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |