II-BOB: O’zbekiston xalq hofizlari va bastakorlari ijodiyotini o’rganishning tarixiy-nazariy asoslari.
2.1. Yoshlarda O’zbekiston xalq hofizi Orifxon Hotamovning hofizlik, ustozlik, bastakorlik haqidagi fikrlarini o’rganishning
o’ziga xos xususiyatlari.
Ustozlar.
“...Ustozlar xususida eng omadli san’atkor bo’lsam kerak..” – deydi ustoz san’atkor. Darhaqiqat ham shunday. Orifxon Hotamovning san’atdagi ilk faoliyati, ko’plab san’atkorlarning ustozi To’xtasin Jalilov rahbarligi ostida boshlangan. Ushbu dargohda o’z zamonasining barkamol sozandayu xonandalari, yetuk hofizlari yig’ilgan davr. Mamatbuva Sattorov, Jo’raxon Sultonov, Muhiddin Qori-Yoqubov, Mamurjon Uzoqov, Hojixon Boltayev, G’anijon Toshmatov, T.Karimov, Komiljon Otaniyozov, Marufxo’ja Bahodirovlar shular jumlasidan. Orifxon Hotamovning san’atimiz ko’zgulari bo’lmish bu ustozlar bilan qadrdonligi, ustoz-shogirdligi, ijodiy hamkorligi bo’lgan. Zero, ustoz-shogirdlik an’anasi mumtoz madaniyatimizning azaldan shakllanib rivoj topishida, asrlar osha avloddan-avlodga o’tishidagi muhim omil bo’lgan. Shu bois ham yetuklik darajasini ishg’ol eta oladigan san’atkor buyuk, bilimdon ustozlarning sabog’iga intiladi.
Ustoz san’atkor Orifxon Hotamovga 1946-49 yillari Xorazm vohasiga uyushtirilgan konsert gastrollari ulkan ma’naviy hayot baxsh etdi. Buning zamirida, endigina xonandalik faoliyati shakllanyotgan hofizning Xorazm vohasining ustoz san’atkori Madrahim Sheroziy, Hojixon Boltayev kabi bilimdonlari, mumtoz musiqa ustunlarining an’anasi o’ziga xos xalqchil yo’lda davom ettirishga erishgan Komiljon Otaniyozovdan olgan saboqlari mujassam topgan.
Komiljon aka ustozlar yo’llarini o’rganib unga nisbatan jo’shqinroq, o’ynoqiroq kuylarga qayta jon bag’ishlab o’ziga ommabop bir uslub yaratdi. Orifxon Hotamov ham bu yo’llarga qiziqib Komiljon ustadan ko’p namunalar o’rgandi. Komiljon akaning shogirdlaridan biriga aylandi. Toshkentda, Farg’ona vodiysida xorazm ashulalarini ommalashishiga sababchilardan biri bo’ldi.
Orifxon Hotamovning Xorazmlik ustozlaridan yana biri mashhur maqomdon ustoz Hojixon Boltayevdir. Orifxon Hotamov Xorazmga konsert bahonasida borgan paytlarida bir nechta san’at ustalari bilan tanishgan . Ularni o’ziga xos ijrochilik yo’llari xonandaning katta qiziqish bilan yondoshishiga sabab bo’ladi. Komiljon Otaniyozov bilan Karim Ismoilovlarni jo’rnovozligi ham, yakkaxonligi ham beqiyos edi. Ularni ijrosiga havasi kelib kunlarning birida Jo’raxon Sultonovga – “Juda yaxshi aytadigan jo’rovoz xonandalar bo’lishibdida” – desalar, Jo’raxon aka – “Ha.., bular ham yaxshi-yu, sen Hojixonni ko’rmagansanda” – deb javob qilgan ekan.
Shundan so’ng Hojixon ustoz bilan uchrashish ishtiyoqi ko’ngilni bir chekkasida fursat poylaganday, shu damga intizor edi. Uchrashuv – tanishuv damlari nasib etgan paytda bildiki, bu inson bo’lak olam ekan. Bu diydor ikki dilning bir biriga mushtoq ekanligini ko’rsatib, bir necha yillik bo’lajak ustoz-shogirdligu-do’stlik rishtalarini bog’ladi. Ko’p yillik muloqot bir qator asarlarni yaratilishiga, vohalarning musiqiy mushtarakligi, ya’ni bir-biriga ta’siri natijasida yangiliklari yuzaga kelishiga sabab bo’ldi.
Hojixon Boltayev haqida Orifxon Hotamov eslaydilar: “...Hojixon usta Xorazm san’atining tanasi deyilsa ham arziydigan ashulachi. Hojixon bilan Sheroziy kabi ustozlar bu vohaning asosiy manbai hisoblanadi. Keyingilar esa, ularga ergashganlar desak ham bo’ladi. Ularni munosib o’rganib yoshlarga o’rgatish biz shogirdlarni ishimiz.”
Ular o’zbek Davlat filarmoniyasida ishlab yurgan paytlar, Jo’raxon Sultonovning takliflariga binoan Farg’ona vodiysida ijodiy va xizmat safarlarida ko’p qatnashishga muyassar bo’ldilar. Xizmat o’z yo’lida-yu, katta ashula ijrochiligining mohir ustalaridan Mamatbuva Sattorov bilan tanishuv Orifxon Hotamov ijodida alohida ahamiyat kasb etdi. Farg’ona vodiysining bu o’ziga xos janrini Mamatbuva Sattorovning o’gitlari asosida idrokladi. Farg’ona vohasiga xos ijrochilik yo’llari, g’ijjak ijro uslubi mashhur sozanda G’anijon Toshmatovning ijro yo’li o’rnak bo’ldi. G’anijon Toshmatov bilan 1944 yildan boshlab birga yonma-yon faoliyat ko’rsatgan Orifxon Hotamov ustozning ijro yo’llarini egallashga muvaffaq bo’ldi. G’anijon Toshmatov Farg’ona cholg’u yo’llariga mansub asarlarni bilimdoni edi. Shogirdlariga esa shu yo’llarni muntazam tarzda o’rgatish odatlari bor edi. Bu ham ustozlik an’analarining bir uslubidir.
Xonandalik musiqa san’atining yetakchi sohalaridanir. O’zga kaslarga nisbatan, unda tabiiy jarayon, istedod, ovoz, bilim, ilm, tajriba kabi qator unsurlar mujassam topishi lozim. Ular bo’lgan taqdirda ham, talqin mahorati hofizlikning asosiy mezoni hisoblanadi. Orifxon Hotamov yoshligidan Jo’raxon Sultonov va Mamurjon Uzoqovlarning xonishiga mehri baland edi. 1944 yili Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida ularning jamoasiga ishga qabul qilingan paytdan boshlab ustozlar davraiga kirib keldi. Qariyb chorak asrdan ko’proq davr Jo’raxon Sultonovning beminnat ustozligida avvaliga sozandalik, so’ngra xonandalik ijodi davomida esa bastakorlik sirlarini o’zlashtirdi. Hayot karvonida ham ustoz-shogird, ham jo’rnavoz va jo’rovoz bo’ldilar. Shu bois Orifxon Hotamovning xonishida va ijodlarida Jo’raxon Sultonovning ijro uslubi asos hisoblanadi.
Farg’ona vodiysi ijrochilik an’analarida Qo’qon ijro maktabi ham muhim o’rin tutadi. Ayniqsa, Erka Qori Karimov va Sodirxon Hofiz merosi alohida ahamiyatga egadir. Zero, xalq har bir xonanda, sozanda yoki bastakorni o’zi sharaflaydi, ardoqlaydi va nomini tillarda doston qiladi. Ijodkorning nomi o’z-o’zidan xalq tilida uni yaratgan asarlariga ulanadi. Orifxon Hotamov Sodirxon Hofiz ijro yo’llari va asarlarini ikki xalq hofizi Marufxo’ja Bahodirov rahnamoligida o’zlashtiradi.
Odatda, ijod chuqur bilimga ega bo’lishni talab etadi. Chuqur bilimning manbai, an’anaviy musiqamizning darg’alari bo’lmish ustoz san’atkorlar hisoblanadi. Zamonamizning betakror san’at ustalari sabog’ini olib, ular bilan hamkorlik qilgan Orifxon Hotamov, shunday eslaydi: “...Ko’p ustozlar bilan, bir necha yil birga yelkadosh bo’ldik. O’qidik, o’rgandik, birga soznavozligu qo’shovozlik qildik. Mamatbuva Sattorov, Jo’raxon Sultonov, Mamurjon Uzoqov, Hojixon Boltayev, G’anijon Toshmatov, Marufxo’ja Bahodirov kabi san’at darg’alari mening ustozlarimdir. Avvalo, asosiy ustozim Jo’raxon Sultonovdir, buyuk inson Hojixon Boltayevni keyingi ustozim deb bilaman. Ularning ko’p narsalari bizga va kelajak avlodga meros bo’lib qoldi. Biz shogirdlar joyi kelganda ularni narsalaridan aytamiz. Yo’li, ovozi to’g’ri kelsa shogirdlarga o’rgatamiz. Maqsadim, o’tmish ustozlar nomlarini hozirgi yangi avlod va kelgusi avlod eshitib bahra olsa, yoddan chiqarmasa, chiroyli bo’ladi degan umidim bor. Ularni hammalarini yaratganning o’zi rahmatiga olgan bo’lsin.
Hofizlik.
Hofizlik keg tushuncha. Musiqada esa xonandalik – ijrochilik san’atining yetakchi jabhalaridan deb qayd etdik. Albatta, xonandalik amaliyotida yetuklikka erishish uchun lozim bo’lgan barcha omillar jamlangan. Unga erishish esa sanoqli hofizlarga nasib etadi. Shu bois kichik bir kasbning ulkan muammolarini zabt etish barchaga ham nasib etavermaydi. Bunga erishganlarini nomi esa xalq tilida dostondir.
Orifxon Hotamov ham yoshligidan mohir xonandalar Jo’raxon Sultonov va Mamurjon Uzoqovlar xonishlariga juda mehr qo’ygan edi. O’zida esa kuylashga istedod, ovoz va imkoniyat mavjud bo’lsa-da, sozandalik kasbi bilan ushbu san’atkorlar davrasiga kirib keladi. 1944 yil Jo’raxon Sultonov, Mamurjon Uzoqov va G’anijon Toshmatovlarni birga jo’rovozu jo’rnavoz bo’lib yurgan paytlari. Toshkentda “Feruz”, “Suvora”, “Abdurahmonbegi”, “Yolg’iz” kabi ko’plab Farg’ona va Xorazm yo’llariga mansub ashulalarni meyoriga yetkazib kuylashardi. Orifxon Hotamov ularni yonida sozanda bo’lib qo’shilishib yura boshladi. Ko’p o’tmay ustozlarning xonishlari yosh sozanda qalbidagi xonandalik mehr gulxanini yoqdi. Ashula aytishga jazm etolmay yurgan Orifxon Hotamov ustozlar yo’lidan yurib ularning sabog’ini oldi. O’z ovoz xususiyatiga mos jo’rnavoz Saidalixo’ja Qudratov bilan birga xonandalik qila boshlaydi. Ularning xonandalik faoliyatini mustahkam shakllanishiga avvalo Jo’raxon Sultonov va Mamurjon Uzoqovlarning rahnamoligi bo’lsa, ikkinchidan Turg’un Karimov rahbarligidagi konsert brigadasi bilan Xorazmga qilingan ijodiy safar bo’ldi. Xorazm baxshichilik san’ati ijrochiligiga hos yengil ufor yo’llarini egallash har tomonlama oson. Shu bilan birga, nasihatomuz ashulalar ham Xorazm ijrochiligida alohida o’rin tutadi. Ayniqsa, suvora, nasihatomuz ashulalar xalq tomonidan qizg’in qabul qilinar edi. Balkim, bunga doston kuylarining jo’shqin, o’ynaqiligi bilan birga asarning muayyan badiiy mavzuga ega ekanligi va ko’p hollarda ta’sirchan voqyealar tasvirlanganligi sabab bo’lsa ajab emas. Masalan: “Oshiq G’arib va Shoxsanam” dostonidan “Bolama o’xshaydi ovozing sani” qo’shig’i, “Ayrilma”, “O’lmasa”, “Hanuz” va h.k. Vodiyning Tavakkal Qodirov, Rasulqori Mamadaliyev kabi otashnafas hofizlari va namunalarni tezda o’zlashtirishga erishdilar. Xorazm ijro namunalarini Farg’ona-Toshkent vohasida ommalashishiga ustoz Komiljon Otaniyozovning hissasi katta.
50-yillarda Orifxon Hotamovning Saydalixo’ja Qudratov bilan hamnafaslik davrida, ustoz Jo’raxon Sultonov ularni Marg’ilonga, ijodiy safarga tez-tez olib ketar edilar. Ayniqsa, o’qishdan tatil bergan vaqtda, 2-3 oy qolib, Oltiariq, Qo’qon, Yangiqo’rg’on kabi Farg’ona vodiysining shahar-qishloqlarida usta bilan xalq anjumanlari, to’y-tomoshalarida yonma-yon xizmatda bo’lib qaytishardi. Bu davrda Orifxon Hotamov sozanda va xonanda sifatida faoliyat ko’rsatar edi. Xonandalikni jo’rovozlik uslubida avvalo, ustoz yonida yordamchi hamnafas sifatida ashulalarga qo’shilib tursa, davraning qizg’in paytida Saydalixo’ja Qudratov bilan birga sho’x allalar aytishar edi. Ular ko’proq Farg’ona-Toshkent ijro yo’llariga mansub “Chorgohlar”, “Bayotlar”, “Eshvoy”, “Bozurgoniy” kabi qator asarlarni birgalikda aytishar edi.
50-yillarning o’rtalarida ustoz bilan hamkorlik Toshkentda davom etadi. Xonandalikdagi hamnafaslik ijodiy jarayon bilan birga olib borila boshlanadi. Orifxon Hotamov usta ijodining birinchi tinglovchisiga aylanadi. Va o’z o’rnida yaratgan yangi asarlarini ustozga ko’rsatar edi. Kerakli maslahatlar olingandan so’ng ijro etishga jazm etilardi. Jo’raxon Sultonov bilan hamnafaslikda ko’proq “Chorgoh”lar, “Dugoh”lar kabi Farg’ona-Toshkent maqom yo’llariga mansub ashulalar aytish bilan birga vodiyda xos yovvoyi yo’ldagi ashulalarni ham ijro etishardi. Jumladan: “Yovvoyi Chorgoh”, “Oh kim”, “O’zbekistonda”, “Daydi tanovar”, “Bo’lmish” va h.k.
Bu davrga kelib Toshkentda ham o’ziga xos ijrochilik yo’llari shakllanib, har bir ijro uslubining namoyandalari va ularni qator shogirdlari yuzaga keldi. Mashhur san’atkorlar Shoqosim va Shoolim Shojalilovlar uslubi, Akmalxon va Boboxon So’fixonovlar uslubi shular jumlasidandir. 1956 yilgacha Orifxon Hotamov ham Jo’raxon Sultonov hamkorligida, o’z yo’lida esa xushovoz xonanda Hakimjon Fayziyev bilan jo’rovoz bo’lib hamkorlikda ijod qilib yurdilar. 100ga yaqin musiqiy namunalarni radio fondiga yozdirishga erishdilar.
Har bir ijro uslublarini o’rganib va musiqa merosimizni idroklagan holda Orifxon Hotamov xonandalikdagi o’ziga mos ijro yo’lini shakllantira boshlaydi. Orifxon Hotamovning ijrochilik omillaridagi katta ashula tarkibi va rivojlanish tamoyillari (Jo’raxon Sultonov ijodi namunasida), vodiy an’anasiga xos muloyim, shiddat o’zini namoyon eta boshlaydi. Avvalo, ushbu xususiyatlar Orifxon Hotamovning xonandalik talqinida shakllanib yetadi va xayrihoh shogirdlar, izdoshlar ham tarbiyalana boshlaydilar. Ikkinchidan, shu davrga kelib Orifxon Hotamovning bastakorlik ijodi va ustozlik faoliyati muayyan tizimga tushgan va malum darajada ijodiy muvaffaqiyatlarga erishishga muyassar bo’lgan edi.
Orifxon Hotamovning xonandalik faoliyati oxirgi 20 yil ichida ham samarali davom etib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillar ijodkor hayotida o’ziga xos ahamiyatga ega. Chunki, ustozning deyarli 10 dan ortiq shogirdlari shakllanib, yetuk xonandalar qatoridan joy oldilar. Shulardan: hamnafaslari Turobjon Yo’ldoshev, Axrorxon Hotamov, Ismoilxon Hotamov, Beknazar Do’stmurodov, Matluba Dadaboyeva, Mahbuba Hasanova, Mahmudjon Yo’ldoshev kabi xonandalarni mamnuniyat bilan tilga olish joizdir.
Odatda, mumtoz xonandalik, san’atkorni bilimli, ilmli, dunyoni atroflicha – keng anglashga, hozirjavobligu zukkolikka, bag’rikengligu buyuklikka chorlovchi kasbdir. Kim hayotning shunga xos imtihonlaridan muvvafaqiyatli o’ta olsa, adabiy va musiqiy ilmga-ma’naviy boylikka ega bo’lsa va munosib ijod eta olsa, ijodining kamolotida hofizlik darajasida erishgan hisoblanadi. Orifxon Hotamov o’z ijodiy faoliyati misolida ana shunday xususiyatlarni shakllantira olgan va o’zbek mumtoz musiqa ijrochiligida muayyan ijro uslubini yaratib, kelajak uchun munosib asarlar ijod eta olgan hofiz deyishga haqlimiz. Chunki, Orifxon Hotamov xonandalik talqini hofizlik ijro yo’llarini alohida uslub darajasida shakllandi. Muayyan asarlar, bir qator shu uslubda faoliyat ko’rsatayotgan (shogird) xonandalar bunday muxtasar fikr qilishga dalolat beradi. Hukumatimiz tomonidan Orifxon Hotamovga “O’zbekiston xalq Hofizi” faxriy unvoni berilishi ham haqli ravishda fikrimizni yana bir bor quvvatlaydi.
Ustozlik.
Ustozlik, qaysi sohada bo’lmasin eng sharafli kasblardan hisoblanadi. Shu bois, ular azaldan xalqimiz tomonidan ardoqlanib kelingan. Chunki, kelajak avlodning o’z dunyoqarashlari, tarixiy bilimlari, ilmiy saviyasi va davrga nisbatan munosabatlari ustozlar o’gitlari negizida shakllantiriladi. Har bir kasb egasining kelajakdagi mavqyei, uning ustozlaridan olgan bilimi tarbiya jarayoni va shaxsiy intitishlariga bog’liqdir. Uning kamolot davrida qaysi yo’nalishdan borishi esa qobiliyati doirasida shakllanadi. Zotan, har bir insonda albatta, tabiat inom etgan istedod mavjud. Bu istedod kishining biror-bir ixtisoslikni egallab, faoliyat olib borishi jarayonida namoyon bo’ladi. Yani, tarbiya beruvchi – muallimlik, amaliyotchi, fan bilan shug’ullanuvchi – tadqiqotchi, jamoatchi, siyosatchi, nazariyotchi va xokazo. Kasbning qaysi biri bo’lmasin jamiyat uchun zarur va keraklidir. Bu kasblarni shakllantiruvchi bilim manbai va rahnamosi bu – ustozdir. Yuqorida keltirganimizdek, ustozlarni ulug’lash va ardoqlash shundan ekanligi shubhasizdir.
Orifxon Hotamov butun faoliyati davomida o’ndan ortiq zabardast san’at namoyandalaridan saboq olib, hamkorlik qilishga muvaffaq bo’lgan. O’z o’rnida, ustozlar an’analarini yoshligidan davom ettirishga erishgan insondir. Balkim, bunga uning ustozlarini o’zlari mohir ijrochi, bastakora va ilm o’rgatuvchi san’atkor bo’lganliklari sababdir. Shu bois, Orifxon Hotamov ham yoshligidan musiqa ijod qilib, shu bilan birga merosimiz namunalaridan atrofidagi o’z hamkasabalariga o’rgata boshlagan. Bu haqda Orifxon Hotamov shunday eslaydilar: “... Ko’p yillar davomida To’xtasin Jalilov, Jo’raxon Sultonov, Mamurjon Uzoqov, Doni Zikirov, Saidjon Kalonov, Faxriddin Sodiqov, Shoqosim Shojalilov, G’anijon Toshmatov kabi ustoz san’atkorlar bilan ishladim. Ular menga ham ustoz ham hamkordirlar. Men ana shu buyuk insonlar ijodidan andoza olib faoliyat ko’rsatishga, asarlar yaratishga harakat qildim. Shogirdlar bilan munosabat olib bordim. Ustozlik masalasida esa, filarmoniyada ishlab yurgan kezlarimda, o’zimda o’rgatish qobiliyati bor ekanligini sezib, shuni jonlantirdim. Bunga nisbatan o’zimda qoniqish paydo bo’ldi. Va qaysi ishda ishlasam ham shu kasbga moyilligi bor xonandalarga o’rgatishini davom ettirdim..”
Darhaqiqat Orifxon Hotamovning ustozlik faoliyati 1946 yilda O’zbek Davlat filarmoniyasida ishlab yurgan paytlardan boshlangan. Uning birinchilar qatorida musiqiy merosimiz namunalaridan o’rgatgan hamkasabalaridan, taniqli xonandalar Zaynab Polvonova (Doni Zokirovning “Ey sabo” va “Ko’rmadim” asarlarini), Kommuna Ismoilova (Xorazm doston yo’llaridan “Bolama o’xshaydi ovozing sani”, “Bari gal” va “Kurd”) va Hakimjon Fayziyevlardir. Hakimjon Fayziyev bilan 25 yil mobaynida birga hamnafaslik qilgan. 100 dan ortiq mumtoz yo’ldagi musiqiy asarlarni o’zlashtirib radio fondiga yozishga muvaffaq bo’lgan. Jumladan: “Dugoh Husayni”, “Bayot”lar, “Nasri Bayot”, “Bozurgoniy”, “Yovvoyi Chorgoh”, “Yovvoyi tanovar”, “Xorazm Nasrullosi”, “Chaman yalla”; bastakorlar asarlaridan: “Qashqarchan Sodirxon”, “Sodirxon sinaxiroji”, “Bormikan”, “Aylab” va “Ul kun jonon” J.Sultonov musiqalari, “Dilrabolardan” Rasul qori Mamadaliyev, “Dog’man” Komiljon Otaniyozov va h.k.
Shogirdlarning orasida taniqli xonanda, betakror ijrochiligi bilan elga tanilgan, otashnafas hofiz Rasulqori Mamadaliyevni alohida qayd etish joizdir. Odatda, shogird, kasbni uztozdan o’rganadi va unga ergashadi. Orifxon Hotamovning Rasulqori Mamadaliyev bilan ustoz-shogirdligining o’ziga xosligi bor. Qori, Orifxon Hotamov bilan tanishishdan oldin yetuk hofiz bo’lgan va Orifxon Hotamovning ayrim asarlarini o’zlashtirib ijro etib yurgan. Shunisi taajjubki, bastakorning asarlarni Rasulqori Mamadaliyev ijrosida o’zgacha talqinini topgan. Yani, o’z ijro uslubiga solib talqin etgan. Natijada, har ikki uslub uyg’unlashib yanada jozibali va mukammal talqinini topgan. Ular, adabiyotimizning taniqli namoyandasi G’ofur G’ulomning yubiley kechasida tanishgan edilar. Bu voqyeani Orifxon Hotamov shunday eslaydilar: “...G’.G’ulom yubileyida bir ajoyib voqyea bo’ldi. Yubileyga Jo’raxon akalar Rasulqorini ham olib kelishgan ekan. Meni shu davrda “Qoshi yosimu deyin” asarim radioga yozilib efirga uzatilgan edi. Yubiley ertasiga Jo’raxon aka menga – “Shu degin, sen Qoriga bir ashula o’rgatibsan. Juda ajoyib chiqibdi-da” deydilar. Lekin, ustoz ancha-muncha xonandaga “tan” bermaganlar. Chunki, u kishining nazariy ilmlari judo boy edi. Yaratilgan asarning saviyasini va nufuzini baholash uchun chuqur bilimga ega inson edilar. Bu asar esa, Qori tomonidan juda meyoriga yetkazib ijro etilgan edi. Shundan keyin bir Qori bilan birga ijod qila boshladik. Bir qator asarlarni radioga yozdik. Rasulqori san’ati Toshkentda ham ommalashib ketdi. Yangi aytgan narsalarimizni u kichik “mikrofoni”da yozib olar edi. Keyinchalik biz yangi asar yozsak bir-birimizga beradigan bo’ldik. Shundan keyin bizning o’rtamizda qatiy bir ustoz-shogirdlik munosabati shakllandi. Meni 50 dan ortiq asarlarimni Rasulqori aytar edi. Juda ko’p ashulalarni meyoriga yetkazib xalqqa manzur etgan. Shogirdlarim ichida Qori juda ham insofli va mardonasi edi...”. Oxirgi 20 yil davomida Orifxon Hotamov ukasi Ahrorxon va o’g’li Ismoilxonlar bilan birga faoliyatni davom ettirib kelmoqda.
Ustozlik faoliyati 1989-99 yillarda 10 yil mobaynida musiqali drama teatrlariga aktyorlik tarbiyalab yetishtiradigan oliygohda talabalarga saboq berish bilan davom etdi. San’at instituti talabalariga ko’proq Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari, XX asr milliy bastakorlarning asarlaridan o’rgatdi. Chunki, asrimizning 30-yillaridan boshlab, musiqiy merosning bir qator namunalari bastakorlar tomonidan musiqali dramalar tarkibida ijro etish uchun moslashtirilgan. Bu asarlar musiqali drama tarkibida o’ziga xos shakl va uslubda talqin etilgan. Lekin, ularni to’g’ri ijro etish uchun an’anaviy musiqa merosimiz asoslaridan malum darajada bilim talab etiladi. Shu nuqtai nazardan olganda Orifxon Hotamov talabalarga asosli talim bergan ustoz deyishga haqlimiz.
Malumki, o’z ijro uslubini yaratgan xonandaning davomchilari ulg’aysa, darhaqiqat buni uslub sifatida tushuniladi. Agarda, avlod tomonidan davom ettirilsa maktab darajasiga erishishi ham muqarrar. Shu xususda, biz Orifxon Hotamovning ijrochilik uslubini egallab kelayotgan bir qator xonandalarni qayd etishimiz lozim. Ularning qatorida davrimizning yetuk xonandalaridan Beknazar Do’stmurodov, Matluba Dadaboyeva, Mahbuba Hasanova, Mahmudjon Yo’ldoshevlari misol qilish mumkin. Orifxon Hotamov o’z shogirdlariga nafaqat yakka xonandalik sirlaridan, balki o’zbek musiqasi ijrochilik amaliyotida o’ziga xos yo’nalish va tarixga ega bo’lgan jo’rovozlik amallarini ham o’rgatib kelmoqda. O’zbek ijrochilik amaliyotida jo’rovoz bo’lib ijro etishning o’z tarixi bor.
Bu amalga asos solganlar Jo’raxon Sultonov va Mamurjon Uzoqovlardir. Katta ashula ijrochiligida jo’r ovozlik janr talabi va qoidasi bor. Lekin, maqom yo’llaridagi asarlarni jo’r ovozlikda aytish rusumi yo’q edi. Ular bu amalni boshlab, xalq orasida manzur etdilar. Ularning ijro namunalari esa haligacha xalq orasida va san’atkorlar orasida namunalari esa haligacha xalq orasida va san’atkorlar orasida namunali hisoblanadi. Lekin ijrochilik amaliyotida ularga ergashgan xonandalar juftliklari ham ko’p bo’lgan. Ularning orasida taniqli san’at namoyandalari Ortiqxo’ja Imomxo’jayev bilan Sattor Yarashev, Zokirjon Yo’ldoshev bilan Ergash Yo’ldoshev, Shoqosim va Shoolim Shojalilovlar, Akmalxon va Kamoliddin Hamroqulovlar, Fattohxon Mamadaliyev va Odiljon Yusupovlarning jo’rovozlikdagi ijrolarini alohida qayd etish lozim.
Jo’rovozlik ham murakkab jarayon. Har doim ham ovozlar bir-biriga mutanosib bo’lavermaydi. Qolaversa, jo’rovozlik ijrochiligida nafaqat ovoz, balki idrok va talqin ham ijrochilarning bir-biriga xos bo’lishi taqozo etiladi. Yuqorida nomlari keltirilgan xonandalarning barchalari atoqli san’atkorlardir. Shu bilan birga jo’rovozlik an’anasini davomchilari hisoblanishadi.
Hozirgi davrda jo’rovozlik ijrochiligini Orifxon Hotamov o’z hamnafaslari bilan davom ettirish bilan birga bu ijro uslubida qator shogirdalar yetishtirishga ham erishdilar. Beknazar Do’stmurodov bilan Soyib Niyozov, Matluba Dadaboyeva bilan Mahbuba Hasanovalar, Mahmudjon Yo’ldoshev bilan Xurshid Hasanovlar, Beknazar Do’stmurodov bilan Mahbuba Hasanovalar. Qolaversa, ular bir maktab ijro uslubini yaxshi idroklaganliklari sababli turli juftlik tuzib yoki “uch ovoz” bo’lib ham ijro etish imkoniyatiga egadirlar.
Bastakorlik.
Orifxon Hotamovning bastakorlik ijodi ham o’ziga xos va serqirradir. Mumtoz musiqa merosimiz, o’tmish xonanda, sozanda va bastakorlarining ijodiy mahsuli ekanligi barchaga ayon. Lekin, uning zamirida ijodkorlarning kuy bastalash, pardozlash, o’xshatish, ya’ni savt bog’lash, so’z moslashtirish kabi zargarona munosabat talab amallar mavjudligini ham qayd etish lozim. Ijodida ana shunday amallar mujassam topgan har qanday xonanda yo sozandalar xalq bastakori deb sanalgan. XX asr yashab ijod etgan Komiljon Jabborov, Jo’raxon Sultonov, G’anijon Toshmatov, Muxtorjon Murtazoyev, Komiljon Otaniyozov kabi san’atkorlar shular jumlasidandir.
Biz uning ijodida nazar solar ekanmiz, ko’z o’ngimizda o’tmish bastakorlari an’analarini davomchisini ko’ramiz. Musiqa ijodiyotining bastakorlik ohangpardozlik, kuy va ashulalarga mumtoz adabiyotimiz namunalaridan qayta so’z moslashtirish, asarlarni tarkibiy xususiyatlari doirasida turkumlashtirish, qayta tiklash kabi yo’nalishlaridagi amalga oshirilgan ishlar bunga yorqin misol bo’la oladi.
Orifxon Hotamov o’zining yarim asrdan ortiq ijodiy faoliyatida 500 dan ko’proq kuy va ashulalar yaratdi. Butun ijodi davomida Yassaviy, U.Xayyom, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Amiriy, Nodira, Xaziniy, Uvaysiy, Munis, Ogahiy, Huvaydo, Muqimiy, Mashrab, Furqat, Roziy, Salohiy, Rojiy, Nisbat kabi o’tmish; Habibiy, S.Abdulla, Nabixon Xo’jayev (Chustiy), S.Zunnunova, Zulfiya, V.Sadulla, E.Oxunova, H.Yahyeyov, Nilufar, P.Mo’min, T.To’la, Nosir Muhammad, Muhammad Ali kabi zamondosh shoirlarning badiiy meroslariga murojaat etildi. Bu asarlarda Vatanga bo’lgan muhabbat va sadoqat, milliy g’urur, ota-onalarimizning qadri, sevgi va muhabbat kabi mavzular o’z aksini topgan.
Odatda, mumtoz ijodiyot tutushgan jarayonlarda ham mutanosib uyg’unlik kasb etishi darkor. Shu bois, Orifxon Hotamov o’z ijodida ko’proq g’azaliyot bo’stoniga murojaat etgan. Kuy majmui esa savt, talqin, ushshoq, qalandar va zikr yo’llariga xarakterli bo’lgan ohanglar zamirida yaratishga harakat qilingan. Zero, bastakorlik amaliyotida janr masalasi, mavzu negizida shakllanadi va har birining o’z ichki omillari mavjud. Bu omillar, tuzuk, usul va ohang birliklarida yashiringan bo’lib, bastakorning ijodiy yondoshishi orqali asar sifatida shakllanadi.
Orifxon Hotamov bastakorlik ijodiyoti davomida bir qator musiqiy namunalarni tarkibiy tuzilishi asosida turkumlashtirish maqsadida ham muayyan ishlarni amalga oshirdi. “Qalandarlar” va “Girya” turkumlari shular jumlasidandir. Har ikki asar turkumi ham janrning shaklu-shamoili asosida to’plangan. Turkumlashtirish jarayonida esa, zamondosh bastakorlarning asarlari va o’z ijodi namunalari bilan to’ldirilgan.
Bastakorlik ijodining qirralaridan yana biri bu – asarlarga yangi so’z qo’yishdir. Musiqachilar amaliyotida mavjud ushbu amal ham an’anaviy ko’rinishga ega bo’lib, zamon talabi doirasida amalga oshiriladi. Odatda xonandalar ijrochilik amaliyotida mavjud musiqiy namunalarni o’z zamonalari sharoitiga xos, ruhiyatiga mos turli davr shogirdlarining g’azal va ruboiylari bilan aytishni rusum qilganlar. Ayni paytda ham ko’pchilik san’atkorlar ijodida bunday hollarni uchratish mumkin. Orifxon Hotamov bu bilan aytib ommalashtirishga muyassar bo’lgan. Masalan: “Sodirxon Ushshog’i”, “Qashqarchai Sodirxon”, “Sinaxiroj”, “Shahnozi Gulyor”, “Xorazm Nasrullosi”, “Nasrulloiy”, “Kajhang suvora” va h.k.
Har qanday ijodkor o’z yaratgan asarlarini elga manzur bo’lishi, tarix sahifalarida muhrlanishini istaydi. Bunnig uchun har tomonlama munosib va an’anaviylik xususiyat kasb etishi lozim. Orifxon Hotamovning kelajak avlod uchun meros qilib qoldirgan asarlar alla qachonlar xalqimiz dilidan joy olgan, musiqiy merosimiz mulkiga aylangan, desak adashmagan bo’lamiz. Biz ustoz bastakordan mustaqil O’zbekistonimizni madh etuvchi, ona Vatanni ardoqlovchi ma’naviy boy asarlar yaratishlarini istab qolamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |