Bargustivon – qadimda jangovor otlar ustiga yopiladigan yopinchiq, himoya vositasi.
Barid – 1) CHopar, xat eltuvchi, pochtalion. Somoniylar davlat boshqaruvi tizimida barid devoni mavjud bo‘lib, u maktubot va axborot, ya’ni pochta vazirligi hisoblangan; 2) XIV-XVI asrlarda O‘rta Osiyo xalqlarida keng qo‘llanilgan masofa o‘lchov birligi bo‘lib, ikki farsah, ya’ni taxminan 12 km. ga teng yo‘l bo‘lgan.
BARIMTA, baranta – ko‘chmanchi qabilalarda bir urug‘ga boshqa bir urug‘ tomonidan etkazilgan zararni to‘lashga yoki tahqir qilingan tomonning izzat-nafsini qondirish maqsadida aybdor urug‘ga tegishli mol-mulkni olib ketish yoki bosib olish odati.
BAXSHI (mo‘g‘ulcha va buryatcha – baxsha, bag‘sha – ustod, ma’rifatchi) – xalq dostonchiligi. Qo‘shiq va dostonlarni yoddan kuylovchi, aytuvchi, avloddan-avlodga etkazuvchi san’atkor.
BAQTRA – qadimgi shahar. Baqtriyaning markazi, Afg‘onistondagi Vazirobod (Balx) shahri yaqinida joylashgan. Miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalaridan ma’lum. Rivoyatlarga ko‘ra, zardushtiylik tarqalgan joy, keyinchalik kushonlar saltanati davrida Markaziy Osiyoda buddizmning yirik markazlaridan biri bo‘lgan.
Baqtriya – geografik hudud. Qadimgi Baqtriyaga hozirgi Janubiy O‘zbekiston (Surxondaryo), Janubiy-G‘arbiy Tojikiston va SHimoliy Afg‘oniston erlari kirgan. Baqtriya Eroncha Boxtar so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “quyosh chiqadigan o‘lka” demakdir. Mazkur hudud qadimgi yunon muarrixlari asarlarida Baqtriana, Baqtriya deb atalgan. Ilk o‘rta asrlar davriga kelib qadimgi Baqtriya erlarida ko‘chmanchi turkiy qabila – toxarlar keng yoyilishi munosabati bilan Tohariston deb yuritilgan.
Baqtriya yozuvi – miloddan avvalgi IV asr oxirigacha qadimgi Baqtriya hududlarida oromiy yozuvi ishlatib kelingan. Keyin Baqtriyada mahkama tili va yozuvi yunoncha bo‘lgan. Keyin miloddan avvalgi III-II asrlar chegarasida oromiy va qadimgi yunon alifbosiga asoslanib Baqtriya yozuvi ishlab chiqiladi. Bizgacha yuzdan ortiq baqtriya yozuvi na’munalari va so‘zlari etib kelgan. Baqtriya yozuvi topilmalari asosan miloddan avvalgi I asr va milodiy I asrlarga taalluqli bo‘lib, baqtriya tili va yozuvi uncha yaxshi o‘rganilmagan.
BAQQOL (arab. – ko‘katfurush, sabzavotfurush, g‘allafurush) – o‘rta asrlarda bozor, guzar va mahallalardagi do‘konchalarda mayda-chuyda ro‘zg‘or mollari, kundalik egulik oziq-ovqat maxsulotlarini sotuvchi mayda savdogar.
Begor – O‘rta Osiyoda o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan majburiy ishlab berish majburiyati bo‘lib, mehnatkash xalq xon va mahalliy hukmdorlar tarafidan davlat va feodallarning turli qurilishlarida tekinga 12 kunlik ishlab berish majburiyati (hashar). Begor O‘rta Osiyo va Eronda VIII asrdan, Hindiston va Afg‘onistonda esa X asrdan mavjud. Begor majburiyati XVIII-XIX asrlarda ham bo‘lgan. Begorni o‘rta asr evropasidagi barshchinaga qiyoslash mumkin.
BEKLARBEGI – yuqori ma’muriy unvon va lavozim; viloyat va katta shahar hokimlari. Bu lavozim O‘rta Osiyo, Kichik Osiyo va Zakavkaze turkiy xalqlarida XIX asr oxirigacha saqlangan. Beklarbegining asosiy vazifasi soliq va majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash, hukmdor farmonlarini amalga oshirish edi. Beklarbegi o‘z qo‘l ostidagi viloyat (beklarbegilik)larda o‘ziga bo‘ysunuvchi alohida vazir, shayxulislom, sadr kabi mansabdorlarga ega bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |