2. Ibtidoiy jamiyat va uning davrlari: paleolit (qadimgi tosh) davri; mezolit (o`rta tosh) davri; neolit (yangi tosh) davri; eneolit (mis-tosh) davri; bronza davri.
Markaziy Osiyo hududidan topilgan va o’rganilgan Selung’ur (Farg’ona), Uch tut (Buxoro), Unarcha (Qirg`iziston), Koratog’ (Tojikiston) kabi makonlar ilk paleolit davriga oiddir. Markaziy Osiyoda o`rta paleolit (muste madaniyati) davrining eng mashhur yodgorliklariga Teshiktosh, Obirahmat, Xo’jakent,Kulbuloq, Qutirbuloq, Uchtut kabi bir qator makonlar kiradi. Bu davrda muzlanish keng tarqala boshlagan, iqlim sharoiti ancha yomonlashgan. Bu hol odamlarni tabiat kuchlari bilan kurashishga majbur qilgan. Ular asta-sekin ovchilik xo’jaligini takomillashtirib yirik hayvonlarni ovlashga o’ta boshlaganlar, o`t chiqarishning turli yo’llarini ixtiro qildilar, turli sharoitda yashash uchun o’zlariga boshpanalar (g’orlar, kapa, chaylalar) izladilar va qurdilar. Bu davrda mehnat qurollarining yangi turlari: qirg‘ich, pichoq, qabilar paydo bo’ldi.
Insoniyat tarixi shajarasida bu davrning odami neandertal odami nomi bilan yuritiladi. Neandertal odamlar yashagan madaniyat makonlari Markaziy Osiyo hududining 50 dan ortiq joyida topilgan. Shular orasida 1938-yilda Boysun tog’ning (Surxondaryo) Teshiktosh deb atalgan g’oridan topilgan yodgorliklar alohida qimmatga egadir. G’ordan tosh qurollar, gulxan izlari, qul qoldiqlari, xayvon suyaklari bilan bir qatorda 8-9 yashar bolaning bosh suyaklari, uning yonida bir necha juft tog’ echkisi shohlari ham topilgan. Bundan shu narsa ma‘lum bo’ladiki, neandertal odamlarning asosiy mashg’uloti hayvon ovi bo`lgan.
Paleolit – ibtidoiy mehnat qurollari toshdan yasalganligi sababli eng qadimgi davrni tarixchilar paleolit (grekcha «palaios – palayos» – qadimgi, «lithos – litos» – tosh degan ma'noni bildiradi) – qadimgi tosh davri deb ataydilar. Paleolit davri o‘z navbatida uch bosqichdan – ilk paleolit, o‘rta paleolit va so‘nggi paleolitdan iborat.
Ilk paleolit – miloddan avvalgi 1 mln. – 100 ming yillar. Ilk paleolitning o‘ziga xos tomoni shundaki, bu davrda odamlar va ularning dastlabki mehnat qurollari vujudga keladi. Biroq tosh qurollardan boshqa mehnat qurollari bizgacha yetib kelmagan. Bu mehnat qurollari dastlab mehnat quroli topilgan makon – joy nomi bilan ashel qurollari deb nom olgan. Arxeologlar ilk paleolit davrida taxminan 700 – 300 ming yillar ilgari bo‘lib o‘tgan Shel (XIX asrning 60 – yillarida fransuz arxeologi G.Mortile tomonidan Fransiyaning Shel shahri yaqinidan topilgan arxeologik madaniyatning nomi) va taxminan 300 – 100 ming yillar ilgari bo‘lib o‘tgan Ashel (Fransiyaning Amen shahri yaqinidagi Sent – Asheldan topilgan madaniyatning nomi) davri bo‘lganligini ham ta'kidlaydilar.
Ilk paleolit davri odamlari jismoniy jihatdan ham, aqliy jihatdan ham hozirgi qiyofadagi aql – idrokli odamlardan ajralib turadilar. Ular asosan to‘da – to‘da bo‘lib, ya`ni ibtidoiy to‘da shaklida termachilik va ovchilik bilan tirikchilik o‘tkazganlar hamda tabiat oldida juda ojiz bo‘lib, unda mavjud bo‘lgan tayyor mahsulotlarni o‘zlashtirib yashaganlar. Ibtidoiy to‘da – turmush va mehnat umumiyligi negizida birlashgan eng qadimgi odamlar jamoasidir. Bu davrda odamlar o‘rtasida oilaviy aloqalar hali aniq tartibga tushmagan. Markaziy Osiyoda bu davrda yashagan ibtidoiy odamlar fanda sinantrop nomi bilan ataladi. Sinantroplar g‘or va ungurlar og‘zidan makon topib turli jonzotlarni ovlash, o‘simlik ildizlari va yovvoyi mevalarni terish bilan kun kechirganlar, olov hosil qilishni hali bilmaganlar. Ayni vaqtda toshdan qo‘l cho‘qmori – chopper kabi dag‘al tosh qurollar yasab, ulardan irg‘itgich, urgich, chopg‘ich, kavlagich va keskichlar sifatida foydalanganlar. Shu tufayli ularni «homo – habilis» – «bilag‘on odam» deyiladi.
O‘rta paleolit – qadimgi tosh asrining muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Mamlakatimiz hududida o‘rta paleolit yoki muste davri, avvalo, odamlar qiyofasining o‘zgarishi, neandertallarning vujudga kelishi bilan farqlanadi. Ularning peshonasi va jag‘ tishlari bo‘rtib chiqmagan, miyasi kattaroq bo‘lgan, tik yuraolgan. Bu davrga oid dastlabki yodgorlik Boysun tog‘idagi Teshiktosh (Surxondaryo) g‘or makoni 1938-yilda A.Okladnikov tomonidan ochilgan edi. Surxon vohasidagi (Boysuntog‘) Teshiktosh g‘or – makon topilmalari nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo arxeologiya fanida mashhurdir. Bu g‘or makondan 3000 ga yaqin tosh qurollar topilgan. Teshiktosh g‘or – makonining yuqori qatlamlaridan 9 yashar bolaning skelet suyaklari topilgan. Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, bu bola neandertal tipidagi qadimgi odam vakilidir. Bu bola dafn etilganda ibtidoiy dafn marosimlariga amal qilinib, jasad atrofiga tog‘ echkisi shoxlari qadab qo‘yilgan. Shuningdek, g‘or – makondan gulxan izlari va kul qoldiqlari topilib, gulxan o‘rni va atroflaridan tog‘ echkisi suyak qoldiqlari aniqlangan Teshiktosh odami O‘rta Osiyodagi neandertal qiyofadagi qadimgi odamlarning yagona vakili bo‘lib, bu hududlardan hozirgacha boshqa topilmagan.
O‘rta Osiyo hududlarida tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan ko‘plab izlanishlar natijasida o‘rta paleolit davriga doir ko‘plab makonlar aniqlandi. Jumladan, Omonqo‘ton (Taxtaqoracha dovoni, Samarqand), Qo‘tirbuloq va Zirabuloq (Zarafshon vodiysi), Qorabura (Vaxsh vohasi), Jarqo‘rg‘on (Shimoliy Tojikiston), Ko‘lbuloq va Obirahmat (Toshkent viloyati), Qizilnur (Qizilqum), Tossor (Qirg‘iziston), Og‘zikichik (Tojikiston), Xo‘jakent (Toshkent viloyati), Qopchig‘ay (Qirg‘iziston) kabi ko‘plab makonlar o‘rta paleolit davriga oid bo‘lib, ularning jami 300 ga yaqinlashib qoladi.
O‘rta paleolit davri O‘rta Osiyo hududlarida tabiy iqlim o‘ziga xos bo‘lib, yozda ob – havo iliq va quruq, qishda esa sovuq va namgarchilik bo‘lgan. Bu davrning o‘rtalari va oxirlariga kelib shimoldan ulkan muzlikning siljib kelishi natijasida iqlim tamoman o‘zgaradi. Natijada qadimgi odamlar turmush tarzida katta o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. Sovuq iqlim tufayli odamlar ko‘proq g‘orlarga joylasha boshlaydilar. Janubdagi kichik tuyoqli issiqsevar hayvonlar qirilib ketib shimol bug‘ulari, mamontlar, ulkan ayiqlar paydo bo‘ladi. Ulkan hayvonlarning paydo bo‘lishi esa o‘z navbatida jamoa bo‘lib ovchilik qilishning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Sovuq iqlim ta`sirida odamlarning issiqlik manbaiga bo‘lgan ehtiyoji ortib boradi. Dastlabki odamlar hayvonlar kabi osmonda sodir bo‘ladigan momoqoldiroq va chaqmoq zarbidan, vulqon otilganda paydo bo‘ladigan olov lavasidan, dahshatli yong‘indan qo‘rqar edi, keyinchalik undan foydalana boshlaydilar, olovni o‘chirmaslik uchun navbatchilik qilib, olovga shox – shabba tashlab turishgan.
O‘rta paleolit davri odamlari ishqalash orqali – sun'iy olov chiqarishni kashf etganlar, gulxanda pishirilgan mazali va to‘yimli go‘sht iste'mol qilishgan, yirtqich hayvonlarni olov bilan qo‘rqitishgan. Olovni bilib olish odamlar hayotida, ularning hayvonlar ustidan hukmronlik qilishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan. G‘or va ungurlarni o‘zlashtirish, o‘choq yasab uning atrofida to‘planish va nihoyat jamoa bo‘lib ov qilish uslublari paydo bo‘ladi.
Qadimgi tosh asrining oxirgi bosqichi yuqori (so’nggi) paleolit bo’lib, bu davrda Markaziy Osiyo hududida iqlim quruq va mu‘tadil bo`lgan. Shuning uchun ibtidoiy odamlar g’orlardan chiqib,engil turar joylar qura boshlaganlar.Natijada ular faqat tog’li hududlarda yashab qolmay vohalar buylab tarqalib, tekisliklarda,daryo va ko’llar sohillariga kelib joylasha boshlaydilar, so’nggi paleolitning eng katta yutug’i antropogenez jarayonining tugallanishi va hozirgi zamon odamlariga xos odamlarning ( kromanon ) paydo bo’lishidir.
Bu davrda Markaziy Osiyo hududida yashagan odamlarning mehnat qurollari ham ancha takomillashdi, suyak va shohdan yasalgan buyumlar, igna, qarmoq, har xil bezaklar paydo bo’ldi, tosh qurollar ancha ixchamlashdi, parma asbobi paydo bo’lib, tosh va suyaklarni parmalaganlar. So’nggi paleolit davrining yutuqlaridan biri-nayzaning ixtiro qilinishi hisoblanadi. Nayza tufayli ovchilik rivojlandi.
Insoniyat tarixiy taraqqiyotida shunday davr yuzaga keldiki, bu davrda ibtidoiy to’da urniga urug’chilik jamoasi keldi. Bu holat so’nggi poleolit davriga to`g’ri keladi. ”Ibtidoiy to’da” o’rnini matriarxat-ona urug’i jamiyati, ya‘ni ”urug’chilik jamoasi” egallaydi. Urug’chilik ibtidoiy jamiyatning alohida bosqichini tashkil etib, bu ijtimoiy hayotdagi qator o’zgarishlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Xususan, ayollar jamiyatda yetakchi mavqeni egallaganlar. Jinslar o’rtasida mehnat taqsimoti kelib chiqqan. Ayollar oziq-ovqatlarni saqlash, ovkat tayyorlash, oilada bolani boqish va tarbiyalash ishlari bilan band bo’lsa, erkaklar asosan ovchilik bilan shug’ullanganlar, mehnat qurollari tayyorlaganlar. Bu davrda qarindosh-urug’lar o’rtasidagi nikoh ta‘qiqlangan, ya‘ni ekzogamiya paydo bo’lgan. Bu esa insonning biologik jihatdan takomillashib borishiga zamin yaratgan.
Paleolit zamonida vujudga kelgan urug’chilik tuzumi bronza davrida ham davom etgan. Faqat, bu davrda ona urug’i (matriarxat)ning mavqei yo’qola borib,uning o’rni ota urug’i-patriarxat egallagan. Endi qarindoshchilik otaga qarab olib boriladigan bo’lgan. Bolalar ham ota mulki hisoblanib, merosni otadan ola boshlagan. Jamoalarning mol-mulklarini qo’riqlash ehtiyoji harbiy qabila ittifoqini vujudga keltirgan. Patriarxat urug’ining rivojlanishi,ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi bilan katta jamoa oilalarining boylik orttirishlari uchun qulay vaziyat yaratgan deyish mumkin.
Urug’chilik jamoasining vujudga kelishi ajdodlarimiz hayotida iqtisodiy siljishlarga, hatto "inqilobiy" o’zgarishlarga olib keldi. Masalan,miloddan avvalgi 12-7 ming yilliklarni o’z ichiga olgan mezolit (o’rta tosh) davrida ajdodlarimiz kamon o’qini kashf etdilar ,bu esa inson yaratgan birinchi mexanizmdir.Bu kashfiyot odamning tabiat kuchlariga qarshi kurashda buyuk bosqich bo’ldi, ovchilik endi yangicha mazmun kasb etdi va uning yangi usullari paydo bo’ldi,ovdan keladigan daromad manbai ko’paydi, ovda qo’lga kiritilgan xayvonlarning iste‘moldan ortiqchasi qo’lga o’rgatila boshlandi.
Mezolit davrining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, bu davrda ovchilikning ahamiyati oshishi bilan birga termachilikning o’rni ham ortdi. Bu davr termachiligi qadimgi tosh davri termachiligidan keskin farq qilgan. Bu davrda odamlar o’simliklarning ildizi bilan iste‘mol qilmasdan, balki ularni saralab, shirin va mazali o’simliklarni iste‘mol qilishni o’rgandilar. Bu hol odam tanasining sifat jihatdan tozalanishi va kamol topishiga, inson aqli va tafakkurining o’sib rivojlanishiga ijobiy ta‘sir ko`rsatdi.
Mezolit davriga oid mozorlarning tahlili odamlarda diniy e'tiqod shakllanayotganini, u dunyoga ishonganini ko‘rsatadi. Machay qabristonida jasad chalqanchasiga yotqizilgan bo‘lib, ustiga qizil rang sepilib, atrofiga tosh taqinchoqlar terib qo‘yilgani aniqlangan. Ko‘hitong tog‘idagi Zarautsoy qoyasidan (hozirgi Surxondaryo viloyati) topilgan suratlar esa tasviriy san'atning vujudga kelganligini ko‘rsatadi. Qoyada yovvoyi hayvonlarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Zarautsoy qoyalaridagi suratlar o‘sha davr rassomlarining fikr doirasini, diniy tasavvurlarni tasviriy san'atda qanchalik darajada aks ettirilganliklari haqida fikr yuritishga asos beradi.
O‘zbekistondagi qoyatosh rasmlarning eng nodir namunalari Zarautsoy, Sarmishsoy, Bironsoy, Ko‘ksaroy, Takatosh, Teraklisoy kabilar bo‘lib, ular yuzdan ziyoddir.
Mezolit davridan keyingi neolit davriga kelib mehnat qurollari ancha takomillashdi. Bu odamlarning avvalgidek daydi hayot kechirish zaruriyatini qoldirmadi. Ular o’troq hayot kechirishga o’tdilar. Bu davrga kelib doimiy yertulalar, kulbalar qurish, loydan, guvaladan uylar solish, qishloqlar barpo etish neolit davri odamining asosiy odatiga, turmush tarziga aylanib bordi. Ana shu tariqa doimiy o’troq xo’jaligi vujudga keldi. Bu hol dehqonchilikning kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Neolit davri odamlari o’zlarining tinimsiz mehnati, ko`zatuvchanlik qobiliyati, ibtidoiy bilimlarini safarbar qilib, xo’jalikning ilg’or unumdor shaklini, dehqonchilik va chorvachilikni kashf etdilar. Arxeolog olimlar bu jarayonni ”neolit inqilobi” deb baholaydilar.
Neolit davrida qadimgi ajdodlarimiz loydan idishlar yasab,ularni olovda pishirishni o’rgandilar, ip yigirish va to’qimachilikka asos soldilar. Odamlar yog’och va qamishdan qayik yasab, suvda so`zishni ham o’rgandilar. Xilma-xil buyumlar yasay boshlab, bu davrning muhim kashfiyotlaridan biri - hunarmandchilikka asos soldilar. Eneolit ya‘ni mis-tosh davrida ibtidoiy odamlar metall bilan tanishdilar. Ungacha ibtidoiy odamlar faqat toshdan, yogg’ochdan va suyakdan yasalgan qurollardan foydalanganlar.
Insoniyat taraqqiyoti tarixida bronza (jez) va temir davrlari bo’lib o’tdi. Chust manzilgohi va Zamonbobo qabristonidan topilgan ashyoviy dalillar o’sha davrning ijtimoy-iqtisodiy va madaniy holatidan darak beradi. Olovdan foydalanish, o’q-yoy, sopol idishlar, jezdan zeb-ziynatlar va buyumlar yasash, marhumlarni ko’mish ko’hna Turon qadimgi odamlari moddiy va ma‘naviy madaniyatining asosiy belgilaridir.Lekin ,tabiiy olam, tilsimiy hodisalari oldida odam ojiz qolaverdi. Odam tabiat hodisalariga, hayvonlarga sig’ina boshladi. Shu tariqa dastlabki diniy e‘tiqodlar yuzaga keldi. Insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida qadimgi ajdodlarimiz hayotida dastlabki sivilizatsiyaning ma‘naviy asoslari yuzaga keldi.
Surxondaryo viloyatidagi Zarautsoy darasida arxeologlar qoyalarga cheqilgan rangli suratlarni topdilar. Bu rasmlar mezolit - neolit, ya‘ni mil.avv. VIII-IV ming yillikka oiddir. Ov manzarasi aks ettirilgan Zarautsoy suratlari ibtidoiy ma‘naviy madaniyatining nodir manbalari bo’lib, ular o’sha davr odamlarining fikrlash tarzini, ilk magik tasavvurlarini o’zida namoyon qiladi. Qoyatosh rasmlarining eng nodir namunalari, shuningdek respublikamiz hududidagi Sermishsoy, Bironsoy, Kuksaroy, Teraklisoy kabi yuzdan oshiq joylarda borlig’i aniqlangan. Ibtidoiy odamlar ma‘naviy hayotida dastlabki diniy e‘tiqodlar paydo bo’la boshladi. Ular o’zlarida sodir bo`la yotgan ruhiy kechinmalarni, faoliyatlarining hususiyatlarini tabiatga xos bir holat deb bilishgan.
O‘zbekiston xalqi insoniyatning ajralmas bir qismidir. Yurtimiz o‘tmishi va buguni o‘zga xalqlar, davlatlar bilan bog‘liq. Chunki ularning o‘lkamizda sodir bo‘lgan voqealar u yoki bu darajada bevosita, goho bilvosita ta‘siri bo‘lgan. Shul bois O‘zbekiston tarixi jahon tarixining tarkibiy qismi desak adolatdan bo‘ladi.
Tariximizni o‘rganar ekanmiz, yana shuni inobatga olmoq lozimki, o‘zbek davlatchiligi sarhadlari hozirgi mustaqil respublikamiz hududidan ancha keng bo‘lgan. Shu boisdan ham o‘tmishimizning turli davrlarni o‘rganishda Markaziy Osiyoga oid ma‘lumotlar ham muhim o‘rin turib, bu tarixiy jarayonni to‘laroq anglashga yordam beradi. Ayni paytda, mamlakatimizda uzoq vaqtlardan buyon o‘zbeklar bilan yonma-yon yashab kelayotgan tojik, qozoq, turkman, qoraqalpoq va boshqa elatlar ham yurtimiz tarixiga daxldor.
Odamzodda ong paydo bo‘libdiki, o‘z davriga xos turmush tarziga, moddiy va ma‘naviy madaniyatiga, ya‘ni ma‘lum darajadagi sivilizatsiyasiga ega bo‘la boshlagan. Mapkaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston xalqlari ham qadim zamonlardan beri hayot tarzini takomillashtirar ekan, turli qulayliklar yaratgan, odatlar, rusumlar esa an‘anaga aylangan.
Ajdodlarimiz qoldirgan bu bebaho meros keyingi yillarda ham chuqur o‘rganilmoqda. Qadimshunoslar va boshqa olimlar o‘lkamiz o‘tmishini tadqiq etib, bu makon jahon sivilizatsiyasining o‘choqlaridan biri ekanligini ta‘kidlaydilar. O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I.Karimov "Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q" asarida ”Hozir O‘zbekiston deb ataluvchi hudud, ya‘ni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganligini jahon tan olmoqda”,- deya aytib o‘tgan edilar.
Markaziy Osiyo va boshqa bir qator mamlakatlarda (Misr, Suriya, Iroq, Eron, Hindiston, Xitoy) sug‘orma dehqonchilikning paydo bo‘lishi va rivojlanishi - sivilizatsiyaning yangi qadami bo‘ldi. Arxeologlar Ya.G`ulomov, S. Tolstov Xorazm vohasida uzunligi 40-50 km, eni 35-40 metr keladigan kanallar bundan uch ming yil avval barpo etilganligi haqida so‘z yuritadilar. Bunday yirik irrigatsion inshootlarni yaratish fahmu-farosatni, hisob-kitobni, odamlarni bu ishga jalb qilish va uyushtirishni talab qilardi. O‘sha paytda to‘g‘on suv sathini ko‘tarish, katta-katta ariq va kanallarni ishlata bilish, dehqonchilikda hosildorlikni bir necha bor oshirishga olib keldi, aholining vohalarda o‘troqlasha boshlashi jadallashdi.
Xorazm va Zarafshon vohalari yurtimizdagi qadimiy dehqonchilik mintaqalaridan bo‘lgan. Demak, o‘lkamizda odamlar bundan 5-6 ming yil muqaddam o‘troqlasha borgan hamda sun‘iy sug‘orish va shudgorlab ekishga asoslangan dehqonchilik vujudga kela boshlagan, kanallar qazishgan, yangi yer ochganlar.
Odamlar o‘z mehnat qurollarini yasash uchun har xil mustahkam toshlar qidirib, tabiiy misga duch keladilar va undan turli buyumlar yasaydilar. Keyinchalik misni olovda eritib ishlatish kashf etiladi. Markaziy Osiyoda ochiq ruda konlari va ular atrofida metall eritish ustaxonalari mavjud bo‘lgan. Xususan, Kaltaminor madaniyatini yaratgan ajdodlarimiz rudadan metall olganlar. Sof misdan qurollar qilingan. Qadimgi ”metallurglar” keyinroq qalayni misga qorishtirib jez (bronza) olishni o‘rganganlar. Ajdodlarimiz metall eritish texnologiyasini, u bilan bog‘liq fizik-kimyoviy jarayonlarni o‘zlashtirganlar. Ular sifatli jez olish uchun mis bilan qo‘rg‘oshin aralashmasi 9:1 nisbatda va uni eritish harorati 930-1030 daraja bo‘lishi kerakligini bilganlar. Bronzadan foydalanish mehnat qurollari turini ko‘paytirish imkoniyatini yaratdi. Maxsus temirchilik, chilangarlik va zargarlik ustaxonalari paydo bo‘ldi.
Yurtimizda metalldan foydalanishga o‘tilishi, ko‘pxonali uylarning barpo etilishi, eng qadimgi ibodatxonalarning qurilishi, dastlabki xumdonlarning paydo bo‘lishi xam mis-tosh davriga to‘g‘ri keladi. Shu vaqtlarda charxda ishlaydigan sopol buyumlarning, shu jumladan haykalchalarning tarqalishi xam yuz bergan.
Ibtidoiy jamoa tuzumining asta-sekin yemirilishi, mulkiy tengsizlikning yuzaga kelishi davri (mil. av. 4-3 ming yilliklar)da ijtimoiy hayotda onalar ta‘sirining kamaya borganini, ota urug‘i mavqeining osha boshlaganini va patriarxat davri boshlanganini ko‘ramiz. Bu jarayonga kundalik ehtiyojdan ortiqcha mahsulot ishlab chiqarishning vujudga kelishi ham ta‘sir etadi.
Ma‘lumki, qadimgi zamonlarda shaharlar, qal‘alar barpo etish sivilizatsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lgan. Arxeologlarning izlanishlari natijasida mintaqamizda o‘nlab ma‘lum bo‘lgan yirik shahar xarobalari ochildi. Ular Farg‘onada Dalvarzin, Surxondaryoda Qiziltepa, Xorazmda Ko‘zaliqir, Qashqadaryoda Yerqo‘rg‘on Toshkentda Shoshtepa va boshqa manzilgohlardir. Mutaxassislarning ta‘kidlashicha, O‘zbekiston qadimgi shahar sivilizatsiyasi ilk bor shakllangan hududga kiradi. Bunga Sopollitepa va Jarqo‘ton topilmalari misol bo‘la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |