II BOB. Yosh buxoroliklar partiyasinig tashkil etilishi va faoliyati. 1.1.Buxoroda amirlik tuzumining ag’darilishi va Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tashkil etilishi. 1920 yil yanvarida F.Xo’jaev Moskvadan qaytib kelgach, iyunning o’rtalarida ilgari kompartiya safiga kirishdan bosh tortgan «yosh buxoroliklar» partiyasining konferentsiyasini chaqirdi. Konferentsiya F.Xo’jaev tomonidan yozilgan dasturni qabul qildi. Dasturda yangi jamiyat va davlat qurilish asoslari ishlab chiqildi, odil sudlov ishlarining asosida shariat qoidalari turishi ko’rsatildi. Bundan tashqari unda yana amirlik tugatilgach, umumiy saylov asosida Ta'sis majlisi chaqirilishi, demokratik xalq jumhuriyati tashkil etish belgilangan edi.
Dasturning asosiy mazmuni RKP(b) dasturidan olingan edi. Shuning uchun ham F.Xo’jaev Mahalliy kommunistik firqa rahbarlari bilan o’zi o’rtasidagi kelishmovchilikni hisobga olib, to’g’ridan-to’g’ri Leninga xat yozdi va o’z firqasini Rossiya kompartiyasiga qo’shib olishni iltimos qildi.
Lenin ushbu xatga ilova qilingan dastur bilan tanishdi va uni RKP(b) Tashkiliy byurosiga topshirdi. Tashkiliy byuro dasturdagi sotsializmga zid bo’lgan g’oyalarni hisobga olib, bu partiyani Rossiya kompartiyasiga qabul qilishni vaqtincha kechiktirdi.
Nihoyat bu masala Toshkentda Turkkomissiyaning muhokamasiga qo’yildi. Turkkomissiya o’zining 1920 yil 3 avgustdagi majlisida markazning ko’rsatmasiga ko’ra «yosh buxoroliklar»ning inqilobiy guruhi bilan Buxoro kompartiyasini birlashtirish masalasini muhokama qildi. Har ikki tomon o’z faoliyati va asl maqsadi to’g’risida axborot berdi. «yosh buxoroliklar» o’zlarini kommunistik nuqtai nazarda ekanliklarini ko’rsatib, Buxorda amir xokimiyati ag’darilganidan keyin kompartiya safiga kirish to’g’risida fikr bildirdilar. Ushbu g’oyani hisobga olgan holda Turkkomissiya bu ikki firqa hozir birgalikda ittifoq tuzib, amirga qarshi inqilobiy ish olib borishi mumkin degan mazmunda qaror qabul qildi. Bu qaror rus sovet hukumati va kompartiyasining Buxoroga nibatan dushmanlik, bosqinchilik va mustamlakachilik harakatini amaliy jihatdan yangi bosqichga ko’tardi. «Buxoroda revolyutsiya yetilib kelayotganligi sababli qurolli qo’zg’olonni tayyorlash va o’tkazishga rahbarlik qilish uchun Harbiy revolyutsion byuro tuzildi25. Byuroga Turkfront bosh qo’mondoni M.V.Frunze, «yosh buxorolik inqilobiylar» markazi byurosi raisi F.Xo’jaev, Sharqda internatsional targ’ibot olib boruvchi kengashning raisi Geller va Turkiston Kompartiyasi vakili N.To’raqulov kiritildi.»
Voqealarning rivojlanib borishi shundan dalolat bermoqdaki Buxoroda hech qanday inqilobiy vaziyat ham, inqilobchilarning o’zi ham bo’lgan emas, u bolshovoylar va ularga aldanib sotilgan bir guruh «mahalliy inqilobchilar» tomonidan sun'iy suratda tayyorlandi. Nomigagina tuzilgan Buxoro «Harbiy inqilobiy byurosi» Turkfront va uning bosh qo’mondoni M.V.Frunzega bo’ysunar va uning buyrug’ini bajarar edi. Shu bois ham bu soxta «Harbiy inqilobiy byuro»ni «qonunlashtirish» maqsadida 1920 yil 16 avgustda Chorjo’yda Buxoro kompartiyasining IV qurultoyi chaqirildi.
Qurultoy asosan ikki masalani hal qildi: 1. Amirga qarshi to’g’ridan to’g’ri urush e'lon qildi: 2. Yosh buxoroliklarning vaqtinchalik ittifoqini tuzdi.
Bu ikki firqa o’rtasida amirga qarshi tuzilgan ittifoq g’ayri tabiiy bo’ldi.
Buxorodagi «Yosh buxoroliklar» firqasi bilan kommunistik firqa o’rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud edi. Shu sababdan hatto «yosh buxoroliklar»ning rahbari F.Xo’jaev qurultoyga delegat qilib saylanmagan ham edi. Buning ustiga qurultoyda bir guruh kommunistlar (Shayx Xasan Aliev, Mirza Bahrom va Abdulla Sa'dullaev) F. Xo’jaevni xoin sifatida otishga hukm chiqarish taklifi bilan chiqdilar. Kommunist Ergash Darg’a esa minbarga chiqib. Cho’ntagidan bir g’aram pul va revolver «smit»ni chiqarib bularni menga Fayzulla Shayx Hasan va Mirza G'ulomni o’ldirish uchun bergan deb aytdi. Fayzulla Xo’jaevni qurultoyga kooptatsiya qilish kerakligi to’g’risidagi takliflar ham bo’ldi. F.Xo’jaev esa qurultoyga kooptatsiya qilib chaqirilsa ham kelmaydi26.
Qurultoyda asosiy ma'ruzachi bo’lgan A.Akchurinning yozishicha uni «yosh buxoroliklar» bilan birlashish maqsadida sotqin deb ayblaganlar ham bo’lgan.
Abduqodir Muhitdinov boshliq bir guruh kommunist deputatlar hatto qurultoyni tashlab chiqib ketdilar. Bundan ko’rinadiki, qurultoy ikki firqa o’rtasida to’qnashuv maydoniga aylangan, o’ta nomurosasozlikda o’tgan. Lekin shunga qaramay qurultoyga bosh-qosh bo’lgan V. Kuybishev boshliq bolshoviklar ikki qarama-qarshi guruhni amirga qarshi kurashish uchun bir «ittifoqqa» (blokka) birlashtirishga muvaffaq bo’ldilar. Chunki Turkkomissiya va Turkfront RSFSR va RKP(b) rahbarlaridan «qanday qilib bo’lsa ham Buxoroni egallash, uni Rusiya manfaatiga moslash» xaqida aniq topshiriq olgan edida27.