Maktabgacha ta'lim. Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi "2017–2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar bu boradagi ishlarning asosini tashkil qiladi. Jumladan, qishloq aholi punktlarida 50 ta yangi maktabgacha ta'lim muassasasini qurish, mavjud muassasalarning 1167 tasini rekonstruksiya qilish va 983 tasini mukammal ta'mirlash hamda ularni zamonaviy talablar asosida inventar, o‘quv-metodik qo‘llanma va zarur anjomlar bilan ta'minlash orqali jami 2200 ta maktabgacha ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.
Ta'lim-tarbiya jarayoniga xalqaro tajribalar asosida yangi dasturlar joriy etilib, bolalarni maktab ta'limiga tayyorlash darajasi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tariladi. MTMlarni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, ularning sifat tarkibini yaxshilash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yanada takomillashtiriladi. Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida bolalarni maktabga tayyorlashning muqobil shakli bo‘lgan 6100 ta qisqa muddatli guruh ochiladi. 3–6 yoshdagi maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olinmagan farzandlari bor 400 ming oila metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan alohida vazirlik Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi. Bu bilan Xalq ta'limi vazirligi vakolatlarining bir qismi yangi davlat tuzilmasiga o‘tkazib berildi.
O‘zgarishlar natijasida bolalarni bog‘chalarga qabul qilish 3 yoshdan amalga oshirilishi belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri "Barcha rivojlangan mamlakatlarda bog‘chalarga qabul qilish yoshi 3 yoshdan boshlanadi. 3 yoshgacha bolalar ko‘p kasal bo‘ladilar va jamoat joylariga qiyinchilik bilan ko‘nadilar. Shu yoshdagi bolalar bilan ta'lim va tarbiyasi ota-onalari bilan birgalikda uyda o‘tkazishsa maqsadga muvofiqdir. Bunday yondoshuv ijobiy natijalarni bermoqda", — deb ta'kidladi.
Respublikadagi barcha bolalarni qamrab olish maqsadida bog‘chalar soni oshirish rejalashtirildi. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida:
- “Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyatlar markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish;
- eksperiment natijasiga ko‘ra, respublikaning barcha hududlarida maktabgacha ta'lim sohasida davlat xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish.
- 2018 yilda maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish kabi vazifalar belgilab berildi. Bundan tashqari 2018 yilda O‘zbekistonda xususiy bog‘cha va maktablar tashkil etilishi vazifasi qo‘yilgan. Ushbu muassasalarda iqtidorli bolalar uchun grant tizimi ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |