Maxmudxo’ja Behbudiy
Turkistonda jadidlar harakati asoschilaridan biri, jahonga mashhur bo’lgan o’zbek jo’g’rofiyashunosi, atoqli jamoat arbobi, buyuk ilsshunos, ulug’ pedagog va axloqshunos, yuksak didli jurnalist, Mahmudxo’ja Behbudiy 1874 yil 10 martda Samarqandning Baxshitepa qishlog’ida ruxoniy oilasida tavallud topdi. Uning otasi imomlardan bo’lib, ilm-ma’rifatga ixlosmand edi. Behbudxo’ja asl-nasabiga ko’ra xo’ja Axmad Yassaviylar avlodiga borib taqaladi.
Maxmudxo’ja Behbudiy «Muntaxbai jug’rofiyai umumiy» (Qisqacha umumiy jo’g’rofiya), «Kitobatul-atfol» (Bolalar maktabi), «Muxtarasi tarixi islom» (Islomning qisqacha tarixi), «Madxali jo’g’rofi umroniy» (Axolii jo’g’rofiyasiga kirish), «Muxtasari jo’g’rofiyai rusiy» (Rossiyaning qisqacha jug’rofiyasi), «Amaliyoti islom» va hokazo kitoblarni yozdi va ulardan darslik sifatida foydalandi.
«Usuli jadid» maktablarida hamma o’qish huquqiga ega bo’lgan. Bu yangi usul maktablari chor hukumati tomonidan va mahalliy ruxoniylar, eski maktablarning domlalar tomonidan ta’qib qilib kelinar edi.
Bunday to’siqlar va qarama-qarshiliklarga qaramasdan Behbudiy va uning safdoshlari «Usuli jadid» maktablarida Turkiston farzandlarini o’qitish ishlarini jadal sur’atlar bilan olib bordilar. Behbudiy barcha maqsadlarini faqat ma’rifat orqali amalga oshirishni ko’zda tutadi. U ta’lim-tarbiya xususidagi o’z g’oyalarini amalga oshirishda bosh yo’l sifatida yangi maktablar ochish, unda diniy ilmlar bilan birga, aniq fanlarni ham o’qitishga, mahalliy aholini ilm-ma’rifatli bo’lishga da’vat etadi.
Behbudiyning «usuli jadid» maktabidagi o’qitish ishlari quyidagi tartibda olib borilar edi: «Maktab ikki bosqichdan iborat bo’lib, birinchi bosqich – ibtidoiy qism, deb nomlangan. Buning taxsil muddati to’rt yil. Birinchi yilda: forscha va arabcha yozuv hamda o’qishni o’rganilgan. Ikkinchi yilda: hafti yak, imon va e’tiqoddan dars, fors, turkiy va arab tilida she’rlar, qasidalar o’qitilgan. Uchinchi yilda: Qur’oni karim, islom ibodati, fors va turkiy til puxta o’rgatilgan. Hisobdan turli taqsimot va ish yuritish kabi zaruriy jihatlar o’qitilgan. To’rtinchi yilda esa Kalomu sharif, mufassal tajvid, forsiy va turkiy nazm va nasm, axloq darsi, turkiy va forsiy til, tarix, jug’rofiya o’qitilgan. Bu to’rt sinfni tamomlagan bolalarning muallimning o’zi taqsimlagan. Xohlasa ikkinchi bosqichgan qoldirar, ularning o’zlashtirishlariga qarab, madrasaga yuborar, bolaning o’zi xohlasa, Yevropa maktablariga yuborar yoki tirikchilik uchun ishlashga yo’llanma berardi».
Maktabning ikkinchi bosqichi – rushadiya bo’lib, bunga to’rt sinf kiritilgan. Unga ibtidoiy qismni tamomlaganlar o’tkazilgan.
Behbudiy maktabida har yilning oxirida tantanali imtihonlar o’tkazilib turilar edi. Imtihonlarga albatta ota-onalar va boshqa mehmonlar ham taklif qilinardi.
Sakkiz sinf, ya’ni ikki bosqichni tamomlagan shogird arabcha, forscha va turkchada bemalol so’zlab, yozardi. Ruschani ham o’qib, bemalol gaplasha olar edi.
Behbudiy butun ongli faoliyati davomida faqat xalq manfaatlarini himoya qildi, xalqni baxtiyor etish, farzandlarini esa savodxon qilish uchun kurashdi. Adabiyotshunos Sherali Turdiyevning yozishicha, Behbudiy Buxoro amirining daxshatli zindonida o’z qotilini kutib yotgan og’ir damlarda ham Turkiston va Buxoroda maorif nurlarini yoyish, xalqni jaholatdan qutqarish, ularga haqiqat, adolat, ozodlik yo’lini ko’rsatishga, bu yo’lda qurbon bo’lganlarni unutmaslikka undovchi vasiyat xatini zindondan ozodlikdagi do’stlariga chiqarishga muvofiq bo’ldi. Bu vasiyatda quyidagi satrlarni o’qish mumkin: «Sizlarga vasiyat qilaman: Maorif yo’lida ishlayturgan muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! O’rtadan nifoqni ko’taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo’ymangizlar! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingiz! Hammaga ozodlik yo’lini ko’rsatingizlar! Bizdek maorif qurbonlarini yo’qlangizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Maorifni Buxoro tuprog’ida joriy qilingizlar!» - deydi.
Mahmudxo’ja Behbudiy o’zbek xalqining milliy mustaqilligi yo’lida ulkan iste’dodini, bilimini, butun kuch g’ayratini, aziz umrini fido qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |