233-modda. Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari
Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 40–48-bandlari (ro‘yxat raqami: 1136, 08.05.2002-y.) va “Budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa, fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oylik kompensatsiya pul to‘lovlari hamda bola tug‘ilganida beriladigan bir yo‘la nafaqani to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami: 2080, 23.02.2010-y.).
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning (ro‘yxat raqami 2667, 17.04.2015-y.) 27 — 30-bandlari.
234-modda. Bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar
Oldingi tahrirga qarang.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.
(234-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
Bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki uni qismlarga bo‘lib foydalanishlari mumkin.
Ayol yoki ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar o‘z xohishlariga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tili davrida to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin. Bunda ularning nafaqa olish huquqlari (ushbu moddaning birinchi qismi) saqlanib qoladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
(234-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 22-dekabrdagi O‘RQ-272-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 483-modda)
Bolani parvarishlash ta’tillarining vaqti, basharti jamoa shartnomasida, korxonaning boshqa lokal hujjatida yoxud mehnat shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, keyingi haq to‘lanadigan yillik ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga qo‘shilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |