240-modda. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnat huquqlari
Oldingi tahrirga qarang.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatga oid huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqda bo‘ladilar, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shartlari sohasida ular uchun mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadilar.
(240-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 135-moddasi birinchi qismining birinchi, ikkinchi xatboshilari, 143-moddasi uchinchi qismining birinchi, to‘rtinchi xatboshilari, 144-moddasi uchinchi qismining birinchi, beshinchi xatboshilari, 241 — 246 va 2471-moddalari.
241-modda. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan ishlar
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoiti noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 491-moddasi va “Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami: 2071, 21.01.2010-y.).
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishlari va tashishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ishlar ro‘yxati va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahatini olgan holda belgilaydi.
(241-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
LexUZ sharhi
Qarang: “O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari” ro‘yxati (ro‘yxat raqami: 1990, 29.07.2009-y.), “O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini belgilash to‘g‘risida” gi nizom (ro‘yxat raqami: 1954, 12.05.2009-y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |