60-modda. Markaziy bankning tartibga solishga doir vazifalari
Markaziy bank tartibga solishga doir vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagilarni belgilaydi:
banklarni va kredit byurolarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining reyestrini yuritish tartibi hamda shartlarini;
amalga oshirilishi uchun Markaziy bank tomonidan beriladigan litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarini litsenziyalash tartibini;
bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibini;
banklar aksiyalarining potensial oluvchisini baholash tartibi va shartlarini;
chet ellik muassislarga (aksiyadorlarga) nisbatan ular tomonidan bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish chog‘ida qo‘yiladigan qo‘shimcha talablarni;
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet davlatlar banklarining vakolatxonalarini ochish, akkreditatsiya qilish, ularning faoliyatini amalga oshirish va tugatish tartibini;
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning banklari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yxat raqami 1883, 23.12.2008-y.).
chet elda sho‘ba bankni va filialni ochish uchun banklar boshqaruvi hamda moliyaviy holatining yetarliligi mezonlarini;
mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdorini;
banklarga aloqador bo‘lgan shaxslar bilan bitimlar tuzish, shu jumladan ularga kreditlar berish bo‘yicha cheklovlarni;
kredit tashkilotlarining, to‘lov tashkilotlarining, to‘lov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining va kredit byurolarining axborot xavfsizligiga doir minimal talablarni;
kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari va kredit byurolarining binolariga, ularning himoya qilinishini ta’minlashga, uskunalar, tashkiliy-texnik vositalar bilan jihozlanishiga hamda dasturiy ta’minotiga doir talablarni;
banklarning faoliyatini tugatish va banklarni tugatish, shu jumladan ixtiyoriy shaklda tugatish tartibini;
banklarni, mikrokredit tashkilotlarini, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini va kredit byurolarini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlarini;
tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlash uslubiyotini;
banklarning va banklar guruhlarining moliyaviy ahvoli yomonlashishiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash uslubiyotini;
Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalar va vakolatlardan kelib chiqqan holda boshqa talablarni.
Berilgan litsenziyalar to‘g‘risidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak va u tanishib chiqish uchun ochiq bo‘lishi lozim.
Markaziy bank Banklar va kredit byurolarining davlat reyestrini, banklarga, mikrokredit tashkilotlariga, lombardlarga, to‘lov tashkilotlariga, to‘lov tizimlari operatorlariga, valyuta birjalariga, kredit byurolariga hamda qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarish uchun berilgan litsenziyalarning reyestrlarini, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining reyestrini yuritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |