Neolit sivilizatsiyasi. Sivilizatsiyalar tarixini boshlanishining neolit inqilobi bilan bog’laydilar. Uning asosiy mazmuni o’simliklarni tasodifiy o’stirishdan va yovvoyi hayvonlarni ayrim hollardagina qo’lga o’rgatishdan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam, maqsadli yo’naltirilgan holda, dehqonchilik va chorvachilik asosida rivojlantirishga o’tish edi.
Bu ibtidoiy odamlarning turmush tarzini tubdan o’zgartirgan bir necha ming yilliklarni qamrab olgan chuqur to’ntarish edi. Uch ming yil ichida odamning o’zi kam o’zgardi. Lekin oila va ibtidoiy jamoa tirikchilikni barqaror manbalariga ega bo’ldilar. Insonning imkoniyatlari ham kengaydi. Odam ovqatga ishlatadigan tabiat mahsulotlarining miqdori o’sdi; mehnat qurollari, buyumlarning turli xillari qo’llanila boshlandi.
Ishlab chiqarish kuchlari progressi, ishchining mohirligini o’sishi, ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida mumkin bo’ldi. Asosan jins-yosh mehnat taqsimotiga asoslangan faoliyatning asosiy turlariga (ovda, termachilikda, baliqchilikda) asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanadigan aholiga bo’lindi.
Dehqonchilik va chorvachilikda yanada murakkab bo’lgan mehnat qurollari paydo bo’ldi, orttirilgan malaka va ko’nikmalar avloddan-avlodga uzatildi. Oziq-ovqat va boshqa sochiladigan narsalar, don, urug’larni saqlash uchun sopol idishlar kashf qilindi. Ikkinchi mehnat taqsimoti natijasida to’qimachilik dastgohi, teriga ishlov berish qurollari, tikuvchilik kashf qilindi.
O’troq hayotni talab qilgan dehqonchilik jamoalarni, aholini ko’payishi himoya devorlari bilan o’rab olingan qo’rg’onlarni bunyod qilinishiga olib keldi. Bu qo’rg’onlarda yuzlab uylar, ustaxonalar, ibodatxonalar mavjud edi. Shunday neolit manzilgohlari Old Osiyo, Yaqin va O’rta Sharqda topilgan. Qurilish, mehnat qurollari yasash bilan alohida odamlar shug’ullana boshladilar. Shunday qilib ijtimoiy mehnatning uchinchi taqsimoti-hunarmandchilikning ajralib chiqishi yuz berdi.
Jamiyat tuzilmasining murakkablashuvi, ekin ekish, hosilni yig’ishtirish muddatlarini aniqlash uchun tabiat sikllarini kuzatish, turli mashg’ulotlar o’rtasida mehnatni taqsimlash (ayniqsa dehqonchilik va chorvachilikni mavsumiy bo’lgani uchun), bu mashg’ulotlarni marosim va diniy sig’inishlar bilan birga olib borish, jamoani qo’shni jamoa va yovdan himoya qilish uchun bo’lgan zaruriyat, to’rtinchi yirik mehnat taqsimotiga-yo’lboshchilar, jangchilar va kohinlarga ajralishiga olib keldi.
Iqtisodiy munosabatlarda yirik siljishlar yuz berdi. Ovchilik, baliqchilik, terimchilik uchun tabiiy boyliklar hech kimniki bo’lmay, mulkchilik ob’yekti emas edi. Jamoa ovchilik hududlarida o’z egaligini mustahkamlshga harakat qilsada, lekin uning chegaralari shartli edi, u jamoalarni yangi sero’t, boy hududlarga yovvoyi hayvonlarning harakati orqasidan tez-tez ko’chish bilan o’zgarib turar edi. Ekishga, ishlov berishga yaroqli bo’lgan hududlarni, poda uchun yangi o’tloqlarni o’zlashtirish va foydalanish uchun ko’p yillar kerak edi. Yangi-yangi yer maydonlari o’zlashtirildi, jamoa yanada ko’proq ishlab chiqarish vositalariga, tabiiy resurslarga o’z mulki sifatida qaray boshladi. Neolit sivilizatsiyasida jamoa mulkchiligi va teng taqsimot ustuvor edi.
Oila va jamoalar, ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi natijasida mashg’ulotlarning ma’lum bir turlariga ixtisoslashdilar. Ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi, mehnat mahsulotlari bilan jamoani ichida, boshqa jamoalar bilan ayirboshlashni ko’payishiga olib keldi. Chunki ayirboshlash bo’lmasa, shaxsiy va o’sib borayotgan ijtimoiy ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirib bo’lmas edi. Jamoa ichida ayirboshlash noekvivalent shaklda amalga oshirildi. Turli mashg’ulotlar bilan shug’ullanadigan jamoalar o’rtasida ayirboshlash yanada muntazam tus oldi. Bu bilan ayirboshlash uchun ekvivalent buyumga bo’lgan ehtiyoj kuchaytirildi. Neolit davrida jamiyatning “iqtisodiy” piramidasi asosan qurib bo’lindi.
Ijtimoiy-siyosiy munosabatlar qavati kambag’alroq edi. Faqat uning alohida unsurlari shakllandi.Ilgari bir xil bo’lgan jamoaning ijtimoiy tabaqalanishi boshlandi. Jamoa oqsoqollari, qabila yo’lboshchilari, sehrgar va folbinlar, harbiy yo’lboshchilar an’anaviy jamoa tengligini buzib asta-sekin eng yaxshi yerlar, yaylovlarni, jamoa boyligini o’zlashtirib oldilar. Sug’orma dehqonchilik hududlarida yirik jamoa birlashmalari-qabilalar paydo bo’ldi. Eng yaxshi yerlar, yaylovlar uchun qonli to’qnashuvlar kuchaydi.
Jamiyat piramidasining yuqori qavati-insonning ma’naviy dunyosida o’zgarishlar bo’ldi. Atrof dunyoni bilish darajasi keskin o’sdi. Tabiat sikllariga ko’ra dehqonchilik qilish, hayvonlarni o’stirish, hunarmandchilik, qurilish bilan shug’ullanish, o’tgan ajdodlar to’plagan keng va turli xil bilimlarsiz mumkin emas edi. (o’sha davrlarda avlod faol hayotining o’rtacha davomiyligi 15-20 yil bo’lsa, ming yillik davomida 50-60 avlod o’tdi). Astronomiya, arifmetika, biologiya, tibbiyot, agronomiya fanlarining kurtaklari paydo bo’ldi. Albatta, abstrakt umumlashtirishlargacha hali uzoq edi, lekin boshlang’ich dunyoni bilish sehrgar e’tiqodlar, rivoyat, ertaklar, miflar tuzilishida aks etar, sehrgar va kohinlar tomondan qo’llab turilgan. Turli qoida, normalar “Tabu” ni yaratib va qo’llab, diniy e’tiqodlar yanada murakkablashdi. Axloq va ilk dinni bir – biridan ajratish qiyin edi. Turli xil bilimlar va ko’nikmalarni hajmi ancha o’sgani uchun ularni keyingi avlodlarga uzatish muddati uzaydi.
Neolit inqilobi nihoyasida paydo bo’lgan, jamiyatning asosiy belgilari ana shunday edi. Neolit inqilobini bir necha bosqichlarga bo’lish mumkin: ilk neolit, qaysiki er. avv. 7-6 ming yilliklarni qamrab olgan; uning epitsentri Old Osiyo va Yaqin Sharqda edi; yetuk yoki o’rta neolit (er. avv. 5-4 ming yilliklar boshlari, bu bosqichda neolit sivilizatsiyasining qudrati namoyon bo’ldi, u Nil, Hind, Frot, keyin Amudaryo, Sirdaryo, Yanszi daryo vodiylari, Yevropa qit’asiga keng tarqaldi. “Neolitlashuv” jarayoni sekin bordi: 2800-yil davomida Shimoliy Evropada ishlab chiqaruvchi xo’jalik paydo bo’ldi.
Er. avv. 4-ming yillikdayoq neolit sivilizatsiyasi kuch-qudratining tugash belgilari paydo bo’ldi va navbatdagi davr-eneolit boshlandi.
Eneolit (mis-tosh asri) davrida yetakchi metall, dastlab mis, oltin, keyin jez paydo bo’ldi. Tosh qurollar, hatto eng mukammal (mikrolitlar) tayyorlanishda juda mehnattalab va turli xil murakkablashgan ehtiyojlarni qondirish uchun qo’llashda yetarlicha ishonchli emas edi. Tajribalar shuni ko’rsatdiki, foydalanilayotgan sof metallar oltin, misni qo’llash qulayroq, mustahkam, qayishadigan, ularga istalgan shaklni berish, turli metallarni qo’shish mumkin edi. Qo’rg’oshin va misni qo’shib-jez (bronza) hosil qilish mumkin bo’ldi.
Lekin mis, qo’rg’oshin, oltin konlari kam uchraydi; eneolit davrida ko’pgina qabilalar ulardan foydalanish imkoniyatiga ega emas edilar. Bu foydalanishga yaroqli yerlarda aholi zichligini o’sishiga, aholini o’sish su’ratlarini kamayishiga olib keldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra er.avv. 5000-yilda o’sish 0,9 kishi, bir yilda ming kishiga to’g’ri kelsa, aholining umumiy soni 30 mln. kishini tashkil etdi. Er. avv. 2000-yilda o’sishning o’rtacha yillik su’rati 4,5 marta-0,2 kishigacha, aholi soni 3-ming yil davomida bor yo’g’i 20 mln. ga ko’paydi. (54. C. 151.)
Hosildor yerlar, metallga boy hududlarni bosib olish uchun jamiyatni dinamikasida tartibsizlik, bosh- boshdoqlik o’sdi. Jamoa mulkdorchiligining hukmronligi va teng taqsimot ishlab-chiqarish kuchlarini rivojlanishiga to’siq bo’ldi. Qabilalar o’rtasida ko’p sonli urushlarga olib keldi.
Eneolit davrida texnologiyada, iqtisodiy-ijtimoiy hayotda tushkunlik yuz berdi. Jamiyatda tamoman yangi materiallar (jez)ni, texnologiyani kashf qilish va o’zlashtirish, xususiy mulkchilikga o’tish zaruriyati turar edi, bu oxir-oqibatda sinflar va davlatning paydo bo’lishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |