Antik sivilizatsiya (temir asri). Antik sivilizatsiya-insoniyat tarixidagi (birinchi to’lqinning cho’qqisi, yengil bo’lmagan vaqt, lekin barcha boyligi va uni ko’p xillikda tashkil qilgan unsurlari bilan jamiyatning genotipini shakllantirgan uning go’zal yoshligi edi. Antik sivilizatsiyaning xronologik chegaralari -er. avv. VIII asrdan – V asr o’rtalari – 12 asrdan ko’proq. Bu sivilizatsiyaning tarixida bir necha lokal sivilizatsiyalar aniq ajralib turadi: Yunon (qadimgi Afinani gullab-yashash davri – eramizning V asr–er. avv. IV asr) va Rim (gullab-yashnash davri – er. avv. II asr-eramizning I asri). Ularning orasida ellin (er. avv. 330-yil-eramizning 220-yillari). Qadimgi Hindiston, Xitoy, O’rta Osiyo lokal sivilizatsiyalari o’z episentrlari bilan mustaqil harakat qildilar. Insoniyat jamiyati genotipini to’ldirgan antik sivilizatsiyani asosiy yutuqlari, uning tarixiy merosi nimalarni tashkil qiladi?
1. Asosiy yutuq-inson shaxsini gullab-yashnashi, ma’naviy sohani ustuvorligi, fan, san’at, mifologiyaning yuksalishi, shaxsni erkin bo’lishi, erkinlik. Albatta bu erkinlik hamma uchun emas edi. Aqliy mehnatni jismoniy mehnatdan ajralishi, mehnatni buyuk taqsimoti-mehnat unumdorligidagi sakrash tufayli, arzonroq va samarali temir qurollarni qo’llash oqibatida, qo’shimcha mahsulotni o’sishi natijasida bo’ldi; bu bir qism erkin fuqarolarni siyosat, fan-madaniyat bilan shug’ullanishiga iqtisodiy shart-sharoit yaratdi.
O’sha davrning eng katta yutug’i abstrakt fanlarning ilk tizimi-falsafa, astronomiya, matematika, mexanika, tibbiyot, tarix, huquq, iqtisodiyotni tug’ilishiga sabab bo’ldi.
Faylasuflar maktablari, Platon akademiyasi, Arastu litseyi, Iskandariya muzeyi yuzaga keldi. Yosh avlodni fanlarga, san’atga, turli xil hunarlarga, harbiy ishga (faylasuflar maktabidan gladiatorlar maktabigacha) o’rgatadigan ta’lim tizimi shakllandi. Lekin erkin tafakkurning parvozi ko’pincha amaliyotda, abstrakt fan-texnikadan (o’sha davrda katta kashfiyotlar qilingan bo’lsada) ajralgan edi. San’atshunos olim A.F.Losev shunday ta’kidlagan edi,- jismoniy mehnat bilan hamohang bo’lmagan tafakkur, absrakt – hayoliy, passiv voqelikni qat’iy o’zgartirishda edi. (33. c. 423.) Bu fanni paydo bo’lishi bosqichida muqarrar edi.
Antik sivilizatsiya davrida ma’naviy sohani taraqqiyoti dunyo dinlarini paydo bo’lishiga olib keldi va bu politeizmdan monoteizmga olib keldi. Bu ko’pincha iqtisodiyot va bu hol siyosiy sohalarda markazlashuvni kuchayishi bilan shartlangan edi. Er. avv. VI-V asrlarda budda dini paydo bo’ldi, tezda buddaviylik 18 sektaga bo’lindi va eramizning XII asrida qisman hinduizmga singdi. Eramizning I asrida Falastinda nasroniylik dini paydo bo’ldi va eramizning IV asrida rasmiy dinga aylandi. Eramizning VII asrida islom dini paydo bo’ldi. Dunyo dinlari mafkura sohasini tartibga soldi, ma’naviy hayotning boshqa sohalariga ta’sir ko’rsatdi, shu bilan bir vaqtda bir xil dinga e’tiqod qilgan turli xalqlar, davlatlarni o’zaro bir-birini tushunishini yengillashtirib integratsiya omili bo’ldi.
2. Erkin kishilarning hamjamiyatini talablariga javob beradigan demokratiya-ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tizimi shakllandi. Bu tuzum yunon-rim tarixida er. avv. V-I asrlarda shakllandi va rivojlandi. Yunon polislarida, keyin Rimda demokratik davlat qurilishining yuksalishini, yashashini murakkab mexanizmi yuzaga keldi va keyingi asrlarda, sivilizatsiyalardan hozirgi demokratik davlatlargacha turli xil ko’rinishlarda qayta ishlab chiqarildi.
3. Antik sivilizatsiyaning siyosiy va iqtisodiy hayotining o’ziga xosligi jamoaning ko’p belgilari bilan mustaqil o’z-o’zini boshqaradigan shahar-davlatlar – polislarni shakllanishi va hukmronligida ko’rinadi. Polislarda mulkchilikning qadimgi shakli-polis mulkchiligi yuzaga keldi: yerga egalik qilish huquqini shahar-jamoaning to’la huquqli a’zolari amalga oshirishlari mumkin edi; yerga, qullarga, ishlab chiqarish vositalariga egalik huquqi bilan birga polis fuqarolari o’z-o’zini boshqarishda ishtirok etish, polisning barcha daromadlariga sherik bo’lish huquqiga ega edilar. Polis ishlarida birdam bo’lish fuqaro uchun ham huquq, ham majburiyat edi. Polisning jamoatchiligi, uning fuqaro birdamligi, indivuduallik, shaxsning yuqori qadriyati bilan hamnafas bo’ldi. Aynan ana shu hamohanglik inson tafakkurini erkin rivojlanishiga qisqa muddatda falsafa, fan, san’at, adabiyot, etika, estetikani taraqqiyotiga sabab bo’ldi. Polisda davlat hokimiyati demokratiya, tiraniya, aristokratiya, oligarxiya kabi turli shakllarda bo’lishi mumkin edi. Lekin davlat hokimiyatining har xil shakllarida ham polis fuqarolarining erkinligi va to’la huquqligiga qat’iy rioya qilindi, qaysiki fuqarolar o’zlari ustidan hech qanday hukmronlikka yo’l qo’ymaydigan, tabiatdan ozod hisoblanar edi.
4. Antik davrda sivilizatsiya nisbatan tor doiradan chiqdi, ilk bor jahon imperiyalari paydo bo’ldi.
I.M.Dyakonovning aytishicha, jahon imperiyalari vujudga kelishining iqtisodiy asoslari ittifoqchi davlat doirasida asosiy iste’mol mahsulotlarini (g’alla, gazlama) ishlab chiqaradigan dehqonchilik mamlakatlarini va ishlab chiqarish vositalari (metall, yuk ko’taradigan va tortadigan chorva mollari, teri va hk.) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tog’li va cho’l mamlakatlarini kengaytirilgan qayta ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirish uchun majburiy birlashtirilishi zaruriyati bo’ldi. Imperiyalar Sharq dunyosining barcha hududlarida yuzaga keldi: Osuriya (er. avv. IX-VII asrlarda butun Old Osiyoni qamrab olgan), Yangi Bobil va Midiya (er. avv. VII-VI asrlar), Egey dengizidan Hind daryosi vodiysi, Misrdan Sirdaryogacha qamrab olgan Ahmoniylar Eroni (er. avv. VI-IV asrlar), Hindistondagi Maurilar imperiyasi (er. avv. IV-II asrlar), Xitoyda Sin imperiyasi (er. avv. IV-III asrlar), Xan imperiyasi (er. avv. III-I asrlar), O’rta Osiyo, Eron, Afg’oniston, Shimoliy Hindistonni qamrab olgan. Kushonlar imperiyasi (eramizning I-IV asrlari). Bu imperiyalar ichida savdo-hunarmandchilikning rivojlangan markazlari, o’z-o’zini boshqaradigan mustaqil shaharlar shakllangan edi.
Jahon imperiyalari qo’shni mamlakat, hududlarni zo’ravonlik bilan yagona davlat tarkibiga birlashtirib, bosib olingan bu hududlardan xomashyo, ishchi kuchi, ol’pon, mamlakat chegaralarini himoyasi uchun jangchilar olar edilar. Lekin bu imperiyalar vaqtinchalik, mo’rt bo’lib, ularning asoschilari o’limidan keyin, yoki uning vorislari davrida parchalanib ketar edi.
Makedoniyalik Iskandar (er. avv. 356-323-yillar) yunon shahar-davlatlarini Misr, Bobil, Eron, O’rta Osiyoni ozgina qismi, Hindistonni bir qismini bosib olib katta hududdagi imperiyani barpo qildi. Sharqqa yurishlar natijasida Sharqning boy madaniyatini G’arb o’zlashtirib oldi. Sharq va G’arb madaniyatini qo’shilishi natijasida yangi ellinizm madaniyati yuzaga keldi. Er. avv. VIII asr Rim shahar davlatidan boshlangan Rim imperiyasi imperator Trayan davrida deyarli butun G’arbiy va Janubiy Yevropani, Old Osiyo va Shimoliy Afrikani, Qora dengiz bo’yini qamrab olgan ulkan imperiyaga aylandi.
Er. avv. VI-V asrdan boshlab O’rta Osiyo hududida davlat birlashmalari yuzaga kelib, turli xalqlar, qabilalarning konsoloditatsiyasiga olib keldi. Yunon-Baqtriya, Parfiya (er. avv. III asr o’rtalarida vujudga kelgan), Kushon imperiyasi (eramizning I-IV asrlari), Qang’, Xorazm, Dovon davlatlari O’rta Osiyo lokal sivilizatsiyalarining o’choqlari bo’ldi.
5. Antik sivilizatsiya iqtisodiyotning taraqqiyotiga juda katta hissa qo’shdi. Arastu kiritgan “ekonomika” atamasi dastlab uy xo’jaligini yuritish ma’nosini bildirar edi. Ekonomika bu mulkchilik, ishlab chiqarishning tashkil qilishni turli shakllari, moliya, kredit, pul munosabatlari tushunchasi edi. Bu davrda, ayniqsa Rim imperiyasining gullab yashnagan vaqtida bozorga yo’naltirilgan latifundiya (katta), villa (o’rta) quldorlik xo’jaliklari, mayda dehqon xo’jaligi, erkin hunarmand, qullar mehnatiga asoslangan ustaxonalar (ergasteriylar) mavjud edi. Ergasteriylar tog’-konchilik ishida, kulolchilik, to’qimachilik va metal buyumlari, qurolsozlikda mavjud edi. Bu kelajak sex va manufakturalarni arafasi edi.
Antik sivilizatsiya ko’p markazli edi; uning o’choqlari (er. avv. I ming yillikning ikkinchi yarmi – eramizning birinchi yuz yilligida Hindiston, Xitoy va O’rta Osiyoda rivojlandi.
Hindiston antik davrda ikki yuksalish davrini boshidan kechirdi. Ulardan birinchisi Maurilar davri (er. avv. IV-III asrlar)ga mansub. Maurilar davlatining yuksalish davri sulolani uchinchi hukmdori Bindasarining vorisi Ashoki hukmronligiga to’g’ri keldi. Uning davrida Hindiston shimolida Kashmir va Himolaydan janubda Maysurgacha, shimoli-g’arbda hozirgi Afg’onistondan sharqda Bengal qo’ltig’igacha bo’lgan davlat birlashmasi yuzaga keldi. G’arb va Sharqning ko’pgina davlatlari, xalqlari bilan aloqalari o’rnatildi. Markazlashgan boshqaruv tizimi shakllandi, o’z-o’zini boshqaradigan shahar-respublikalar mavjud bo’lib, buddaviylik dini tarqaldi va kasta tuzumi hukmron bo’ldi. Dehqonchilik, savdo, hunarmandchilik, madaniyatda yuksak yutuqlarga erishildi. Quchilik keng tarqaldi, asosan erkin jamoachi dehqon-hunarmandlar mehnati yetakchi o’rinda edi. Madaniyatda yuksak natijalarga erishildi va yozuv keng tarqaldi. Hozirgi kunda ham Ashokining toshga o’yilgan ko’plab qonunlari saqlanib qolgan. Ashoki saroyi ajoyib me’morchilik san’ati yutug’i edi. Ikkinchi yuksalish Guptalar davrida (eramizning IV-V asrlari) Chandragupta II podsholigi vaqtida Shimoliy Hindistonning katta qismini o’z ichiga olgan ulkan davlat vujudga keldi va bu davlat ikki yuz yil davomida yashadi. Bu mamlakat iqtisodiyoti va madaniyatida yangi yuksalish, O’rta Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Uzoq Sharq, O’rtayer dengizi mamlakatlari bilan tashqi aloqalarni rivojlanish davri edi.
Lokal hind sivilizatsiyasining gullab yashnagan davrlari O’rtayer dengizi (Afina, Iskandariya-Rim imperiyasi) O’rta Osiyo antik sivilizatsiyalarining shunday bosqichlari bilan sinxron ravishda bordi. Bu antik sivilizatsiyalar taraqqiyotining o’xshash ritmidan dalolat beradi. Har bir yuksalishga uning orqasidan tushkunlikni uzoq davri, imperiyalarni yemirilishi, o’zaro ichki urushlar, tashqi bosqinlar, iqtisodiyot va madaniyatni tushkunligi hamrohlik qildi.
O’rta Osiyoda eramizning I asrida kushonlar davlati vujudga keldi. Uning dastlabki poytaxti Dalvarzintepa o’rnida bo’lgan (Surxondaryo viloyati). Kudzulla Kadfiz hukmronligi davrida Afg’oniston va Kashmir Kushon davlati tarkibiga qo’shib olingan. Uning o’g’li Vima Kadfiz davrida Kushon davlati yanada kengayadi. Podsho Kanishka zamonida poytaxt Peshovarga (hozirgi Pokiston) ko’chiriladi va Kushon davlati ulkan imperiyaga aylanadi. Uning hududlari Hindiston va Xo’tandan hozirgi O’zbekistonning janubiy viloyatlarigacha cho’zilgan. Rim, Parfiya, Xitoy davlatlari qatorida Kushon davlati eramizning I-III asrlarida xalqaro maydonda nufuzli o’rinni egalladi.
Kushon davlatining birinchi hukmdori umrini harbiy yurishlarda o’tkazdi. U qudratli davlatga asos soldi. Vima Kadfiz davridan boshlab Kushon davlatida tanga zarb qilish boshlanadi. Kushon tangalarida hukmdor nomi ko’rsatilgan. Vima Kadfiz pul islohoti o’tkazadi va tanga-pullarning qadri ortadi. Tangalar oltin, kumush va misdan zarb qilingan.
Eramizning I-II asrlarida Kanishka hukmronligi davrida Kushon podsholigi o’z taraqqiyotining cho’qqisiga ko’tariladi.Bu davrda yangi shaharlar bunyod etiladi. Hindiston, Xitoy, Rim imperiyasi bilan savdo va elchilik munosabatlari o’rnatiladi. Kushon tangalari Rim imperiyasi hududida topilgani bundan guvohlik beradi. Shuningdek, Italiyaning qadimgi Pompey shahridagi arxeologik qazuvlar va tadqiq qilish vaqtida Kushon davlatida suyakdan yasalgan haykalchalar topilgan.
Hunarmandchilik taraqqiy etgan Kushon davlati madaniy yodgorliklari bo’lmish Xolchayon, Dalvarzintepa, Ayritom, Zartepa, Qoratepa va boshqalarni o’rganish jarayonida jez idishlar, shamdon, oyna, sirg’a, bilaguzuk, munchoq kabi taqinchoqlar topildi. Kushon davlati iqtisodiyotining asosini sug’orma dehqonchilik, savdo va hunarmandchilik tashkil qilgan. Aholi zich joylashgan hududlarda turli o’simliklar ekilgan. To’goldi tumanlari va cho’llarda chorva haydab boqilgan.
Xuddi shunday jarayon Qadimgi Xitoy tarixida ham yuz berdi. Temir asrining boshlanishi bu yerda “Urushayotgan podsholiklarning” davri bo’lib, Sin podsholigining g’alabasi bilan tugallandi. Sin podshosi (van) er. avv. 221-yilda o’zini imperator Sin Shi Xuandi (“Xitoyning birinchi imperatori”) deb e’lon qildi. U Xitoyda dastlabki markazlashgan davlatni tuzish tomon yo’l tutdi. O’n yil ichida imperator tub islohotlarni o’tkazdi: mamlakatni 36 viloyatga bo’ldi va oqsuyaklarning imtiyozlarini bekor qildi; erkin aholining barchasi, “qora boshlilar” imperatorning fuqarolari deb e’lon qilindi; yagona yozma qonunchilik, yagona pul birligi hamda lavozim darajalari to’g’risidagi tabel joriy qilindi; ulkan saroy qo’riqxona-park bilan (uning qurilishida 700 ming qul ishladi) bunyod qilindi. Xitoyning shimoliy chegaralarni ko’chmanchi xunlardan himoya qilish maqsadida uzunligi 4000 km. bo’lgan Buyuk Xitoy devori qurildi; davlat maktablari tashkil etildi.
Haddan tashqari davlat xarajatlari, soliqlarning ko’p marta o’sib ketishi, aholining barcha qatlamlarini noroziligiga olib keldi va bu imperatorning o’limidan keyin xalq qo’zg’oloniga olib keldi. Uncha katta bo’lmagan qishloqning oqsoqoli bo’lgan Lyu Ban er. avv. 202-yilda qo’zg’olonga boshchilik qilib, Sin sulolasini ag’darib, Xan sulolasiga asos soldi. Yangi sulola ijtimoiy keskinlikni yumshatish uchun soliqlarni keskin kamaytirdi.
Xan sulolasining gullab yashnashi imperator U-dining (er. avv. 140-87-yillar) hukmronligi vaqtiga to’g’ri keldi. Uning davrida sug’orish tizimi yaxshilandi, sug’oriladigan yerlarning hajmi kengaydi, ekin ekish uchun voronkali plug, ikki sixli plug qo’llanila boshlandi; ikki dalali almashlab ekish tizimi yuzaga keldi, yirik hunarmandchilik korxonalari (ularning ba’zilarida mingtagacha ishchilar bor edi) paydo bo’ldi, savdo yuksaldi. Buyuk ipak yo’li Pekindan O’rta Osiyo orqali O’rtayer dengizigacha cho’zildi. Konfutsiylik davlat dini va mafkurasi deb e’lon qilindi. Xitoyning aholisi (aholini ro’yxatga olish bo’yicha) 60 mln. kishiga yetdi, dehqonchilikni rivojlanishi natijasida sug’oriladigan yer maydoni 56 mln. gektarni tashkil etdi. Eramizning birinchi asri boshlarida ziddiyatlar natijasida Xan imperiyasi ham quladi.
Qadimgi Xitoy lokal sivilizatsiyalarning yuksalishini so’ngi bosqichi kichik Xan sulolasi davriga to’g’ri keladi. Bu sulola Guan U-di (eramizning 25-57-yillari) hukmronligi bilan boshlanadi. Uning davrida qullarning ahvoli qonun yo’li bilan ancha yengillashtirildi, soliqlar bir muncha kamaytirildi, davlat chegaralari kengaydi. Yirik qulchilik xo’jaliklari ko’paydi, bu xo’jaliklarda qul mehnati samarasiz bo’lgani uchun o’z yeri bo’lgan qaram dehqonlar mehnati bilan almashtirila boshlandi. Yirik yer egalari nufuzli siyosiy kuchga aylana boshladilar va bu markazlashgan hokimiyatni zaiflashtirdi. Eramizning 220-yilida Xan sulolasi hukmronligi tugatildi. Bu vaqtda uch podsholik davri boshlanib, bu lokal sivilizatsiyani keyingi bosqichiga o’tishni bildirar edi.
Qadimgi dunyoning mezolit bilan birga insoniyat tarixini o’n ming yildan ko’proq tarixini qamrab olgan birinchi tarixiy supersiklning asosiy natijalari nimalardan iborat edi? Lekin avval yopiq bo’lgan alohida sivilizatsiyalar orasidagi ajralish qisqardi, ular o’rtasidagi ayirboshlash kuchaydi, insoniyat tarixini yaxlitligining yagona ritmi yuzaga kela boshladi. Lekin har bir lokal sivilizatsiya o’z ritmini saqlab qoldi, ba’zi lokal sivilizatsiyalar yorqin chaqnab yo’q bo’lib ketdilar, ularning o’rnini boshqa yanada yosh, faol, agressiv sivilizatsiyalar egalladi. Bu muntazam yangilanishni ta’minladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |