263-modda. Apellatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni
Apellatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) apellatsiya shikoyati (protesti) yo‘llanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan iqtisodiy sudning nomi, ishning raqami va hal qiluv qarori qabul qilingan sana, nizoning predmeti;
4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari hamda shikoyat (protest) berayotgan shaxs ish holatlari va dalillarga, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga havola qilgan holda hal qiluv qarorini noto‘g‘ri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar;
5) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati.
Apellatsiya shikoyatida shikoyat berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 259 — 262, 265-moddalari.
264-modda. Apellatsiya shikoyatining (protestining) ko‘chirma nusxasini yuborish
Apellatsiya shikoyatini (protestini) berayotgan shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga apellatsiya shikoyatining (protestining) ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan, bu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarni yuborishi yoki tilxat bilan shaxsan topshirishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 259 — 263, 265-moddalari.
265-modda. Apellatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinadigan hujjatlar
Apellatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi:
1) davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
2) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga apellatsiya shikoyati va unga ilova qilingan, ularda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
3) apellatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning imzolashga doir vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
Oldingi tahrirga qarang.
Apellatsiya protestiga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga apellatsiya protestining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, prokuror ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha tarafning murojaati ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.
(265-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Da’vo arizasini qaytarish yoki da’vo arizasini qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan berilgan apellatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan da’vo arizasi va sudga taqdim etishda unga ilova qilingan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 62, 63, 112, 113, 127, 128, 259 — 265-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |