26-modda. Iqtisodiy sud tomonidan hal etiladigan nizolar
Iqtisodiy sud:
1) tuzilishi majburiyligi qonunda nazarda tutilgan shartnomani tuzishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 377-moddasining ikkinchi, to‘rtinchi, oltinchi qismlari.
2) shartnoma taraflari tomonidan ko‘rib chiqilishi sudga o‘tkazilishi kelishilgan shartnomani tuzishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqidagi;
3) shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 382-moddasining ikkinchi qismi, 383-moddasining uchinchi — beshinchi qismlari, 384-moddasining ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2009-yil 18-dekabrdagi 203-sonli “Xo‘jalik shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 1, 16 — 25-bandlari.
4) bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 11-moddasining 1, 4-bandlari, 113-moddasining ikkinchi qismi.
5) majburiyatlar bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 20, 21, 24-boblari.
6) mulk huquqini tan olish haqidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 11-moddasi birinchi qismining birinchi, ikkinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 8-moddasi birinchi qismining birinchi, ikkinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2010-yil 19-noyabrdagi 220-sonli “Mulk huquqini tan olishga oid ishlarni ko‘rishda iqtisodiy sudlar tomonidan qonun hujjatlari qo‘llanilishining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandi.
7) mulkdor yoki mulkning boshqa qonuniy egasi tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsning g‘ayriqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 228, 232-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasi.
8) intellektual faoliyat obyektlari va fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar, tovarlar, ishlar va xizmatlarga mulkiy huquqlari buzilganligi haqidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1031 — 1040, 1179-1180-moddalari.
9) mulkdorning yoki mol-mulkning boshqa qonuniy egasining huquqlari egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda buzilganligi to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 231-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” gi Qonunining 21-moddasi.
10) zararning o‘rnini qoplash haqidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 11-moddasi birinchi qismining birinchi, sakkizinchi xatboshilari, 14, 15, 206, 233, 324-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 8-moddasi birinchi qismining birinchi, sakkizinchi xatboshilari, 14, 22-moddalari.
11) ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasi.
12) undirish so‘zsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjatini yoki boshqa hujjatni ijro etish mumkin emas deb topish haqidagi;
13) agar qonunda jarimalarni so‘zsiz (akseptsiz) tartibda undirish nazarda tutilmagan bo‘lsa, nazorat qiluvchi organlar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolardan jarimalar undirish to‘g‘risidagi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.06.2005-yildagi PF-3622-sonli “Tadbirkorlik subyektlarining xo‘jalik sohasidagi huquqbuzarliklari uchun moliyaviy javobgarligini erkinlashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni.
14) nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlari talablarini buzgan holda so‘zsiz (akseptsiz) tartibda hisobdan chiqarilgan pul mablag‘larini budjetdan qaytarish haqidagi nizolarni hal etadi.
Sud qonun bilan o‘zining vakolatiga kiritilgan boshqa nizolarni ham hal qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |