94-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini ishlab chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
Tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya bo‘limlari tomonidan:
daromadlar bo‘yicha — Davlat budjetiga kiritiladigan daromadlar prognoziga doir takliflar hamda davlat soliq inspeksiyalari, hokimliklarning bo‘limlari va davlat boshqaruvi organlarining boshqa tuman hamda shahar bo‘linmalari tomonidan ma’muriy-hududiy birlik iqtisodiyotini rivojlantirishning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognoziga muvofiq taqdim etiladigan boshqa axborot asosida;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari asosida;
xarajatlar bo‘yicha — tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet so‘rovlari asosida ishlab chiqiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari tomonidan:
daromadlar bo‘yicha — Davlat budjetiga kiritiladigan daromadlar prognoziga doir takliflar hamda davlat soliq boshqarmalari va hokimliklarning boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat boshqaruvi organlarining bo‘linmalari tomonidan ma’muriy-hududiy birlik iqtisodiyotini rivojlantirishning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognoziga muvofiq taqdim etiladigan boshqa axborot asosida;
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari asosida;
xarajatlar bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet so‘rovlari hamda tegishli tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan ayrim tadbirlar uchun xarajatlarning prognoz qilinayotgan hajmi asosida ishlab chiqiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini taqchillik bilan ishlab chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi hamda unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek kommunal xizmatlar xarajatlarini nazarda tutgan holda shakllantiradi.
(94-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-660-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/660/1682-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 35, 52, 93, 95, 99, 142-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.06.2017-yildagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida” gi PQ-3042-sonli qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |