90-modda. O‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiyani ishlab chiqish tartibi O‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya (bundan buyon matnda Fiskal strategiya deb yuritiladi):
makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘rta muddatli davr uchun prognozlarini;
soliq va budjet siyosatining o‘rta muddatli davr uchun asosiy yo‘nalishlarini;
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari va xarajatlarining soliq-budjet siyosatidan kelib chiqqan holda hisoblangan o‘rta muddatli davr uchun prognozlarini;
kelgusi moliya yili uchun budjet tizimi budjetlari daromadlari prognozini va ular asosida kelgusi ikki yil uchun ishlab chiqilgan maqsadli mo‘ljallarni;
kelgusi moliya yili uchun budjet tizimi budjetlari xarajatlari prognozini va ular asosida kelgusi ikki yil uchun ishlab chiqilgan maqsadli mo‘ljallarni;
Davlat budjetining birlamchi profitsiti yoki birlamchi taqchilligi prognozlarini;
fiskal tavakkalchiliklar tahlilini o‘z ichiga oladi.
Fiskal strategiyani ishlab chiqish uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan — har yili 15-aprelga qadar o‘rta muddatli davr uchun kamida ikkita ssenariydagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozining dastlabki bahosi;
birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan — har yili 1-mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qarorlari, shuningdek davlat dasturlari asosida o‘rta muddatli davrda amalga oshiriladigan, shuningdek tugash muddati kelgan tadbirlar ro‘yxati hisobga olingan holda zarur bo‘lgan mablag‘lar, obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar to‘g‘risidagi dastlabki takliflar;
davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan — har yili 1-mayga qadar navbatdagi o‘rta muddatli davr uchun davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlar prognozlari va xarajatlarning dastlabki miqdorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qarorlari, shuningdek davlat dasturlari asosida kelgusi o‘rta muddatli davrda amalga oshiriladigan, shuningdek tugash muddati kelgan tadbirlarning bajarilishini zarur bo‘lgan mablag‘lar bilan ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning dastlabki miqdorlari bo‘yicha takliflar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan — har yili 1-mayga qadar daromadlar prognozlari, xarajatlarning (joriy xarajatlar hamda obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar) dastlabki miqdorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning dastlabki miqdorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, shuningdek idoralar tomonidan — har yili 15-mayga qadar amaldagi soliq-budjet siyosatidan kelib chiqqan holda o‘rta muddatli davr uchun Davlat budjetiga soliq va bojxona tushumlarining prognozlari bo‘yicha hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Fiskal strategiyani ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelgusidagi o‘rta muddatli davr uchun birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlarini belgilaydi.
Fiskal strategiya O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
(90-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-660-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/660/1682-son) Oldingi tahrirga qarang.