O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi Mazkur Markazning asosiy maqsadi etib, «Elektron hukumat» tizimining axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarining, shuningdek Internet tarmog‘i milliy segmentining axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat organlari tizimlari va axborot resurslarida axborot xavfsizligini ta’minlash belgilangan.
Markaz xodimlari axborot xavfsizligiga hozirgi vaqtdagi tahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va to‘plash bilan shug‘ullanadilar, «Elektron hukumat» tizimi axborot tizimi, resurslari va ma’lumotlar bazalariga noqonuniy kirib olish holatlarining oldini olishni ta’minlaydigan tashkiliy va dasturiy-texnik yechimlarni samarali qabul qilish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadilar.
“Elektron hukumat” tizimi axborot xavfsizligini ta’minlashning me’yoriy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini ishlab chiqish ham Markazning maqsad-vazifalari hisoblanadi.
Markaz dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Axborot xavfsizligini taʼminlash markazi” davlat muassasasi nomi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1989-son Qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 16 sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini taʼminlash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 250-son qaroriga muvofiq faoliyat yuritadigan davlat muassasasi shaklidagi notijorat tashkiloti sifatida oʻz faoliyatini boshlagan.
Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017 yil 29 avgustdagi PQ-3245-son qarorini bajarish yuzasidan hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda axborot va jamoat xavfsizligi, shuningdek huquq-tartibotni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish, “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy kompleksini yaratish loyihasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligini taʼminlash markazi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi etib qayta tashkil etildi.
So'ngra, Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasining “Texnik koʻmaklashish markazi” davlat unitar korxonasi nomi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora - tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 21 noyabrdagi PQ-4024-son qaroriga muvofiq faoliyat yuritadigan davlat unitar korxonasi shaklidagi tashkilot sifatida faoliyat yuritdi.