O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, ularni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ommaviy tadbirlar tashkilotchilari tomonidan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida ichki ishlar organlari bilan majburiy tartibda shartnomalar tuzilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish, shuningdek ularning tegishli ruxsatnomalar olmasdan o‘tkazilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini ko‘rsin;
vazirliklar va idoralarning ommaviy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davomida xavfsizlikni ta’minlashga jalb qilinadigan bo‘linmalari xatti-harakatlari muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda —
ushbu qarorning maqsadlari, mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini aholining keng qatlamlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tushuntirish tadbirlari o‘tkazilishini;
ikki oy muddatda — har bir ommaviy tadbirni o‘tkazish obyekti bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga soluvchi yo‘riqnomalar, ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish komissiyalari tarkibi va ularning ish tartibi tasdiqlanishini;
uch oy muddatda — ommaviy tadbirlar o‘tkazish obyektlarini pasportlashtirish, yondosh hududlarning aniq chegaralarini belgilash tugallanishini,
mavjud binolar, inshootlar va imoratlar, muhandislik-texnik, kommunikatsiya, yong‘inga qarshi,
evakuatsiya inshootlari, kirish yo‘llari va transport vositalarining to‘xtash joylari, dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari, texnik asbob-uskunalar, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan maxsus vositalarning hisoblab chiqilgan zaxirasi va nomenklaturasining texnik holati tahlili o‘tkazilishini;
ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlarining ishonchliligini va qurilish konstruksiyalarining barqarorligini,
ularning kommunikatsiya, yong‘inga qarshi, evakuatsiya va boshqa muhandislik-texnik vositalar hamda ommaviy tadbirlar ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash tizimlari bilan jihozlanganligini aniqlash maqsadida ular texnik holatining muntazam monitoringi amalga oshirilishini, aniqlangan kamchiliklarning obyektlar ma’muriyati tomonidan o‘z vaqtida bartaraf etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi:
bir oy muddatda — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ommaviy tadbirlar o‘tkazish obyektlari ma’muriyatlari va texnik xizmatlar rahbarlari bilan ommaviy tadbirlarni tayyorlash va o‘tkazishda qonunchilikka,
qurilish, yong‘inga qarshi, ekologiya hamda sanitariya-gigiyena normalari va talablariga rioya etish, shuningdek favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda harakat qilish masalalari bo‘yicha instruktaj o‘tkazilishini tashkil etsin;
idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan ushbu qaror talablariga rioya etilishini nazorat qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.
5. Vazirliklar va idoralar ikki oy muddatda o‘zlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 29-iyul,
205-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son
qaroriga
1-ILOVA
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibini belgilaydi hamda ular ishtirokchilari, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlari ma’muriyatlarining, ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalari,
shuningdek, davlat boshqa organlarining ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlari, majburiyatlari va huquqlarini tartibga soladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-iyuldagi 559-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.07.2019-y., 09/19/559/3384-son)
2. Ushbu Qoidalarning amal qilishi yig‘ilishlar, namoyishlar, ko‘cha
yurishlari va namoyishlarini, shuningdek to‘y, oilaviy, yubiley, vafot etganlar xotirasiga bag‘ishlangan oilaviy aza marosimlari va tadbirlarni o‘tkazishga tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi: