PISA – O’QUVCHILARNING SAVODXONLIGINI BAHOLASH XALQARO DASTURI
UMUMIY TUSHUNCHALAR
PISA o’quvchilarning o’qish (matnni tushunish), matematika va tabiiy fanlardan savodxonligini baholashga qaratilgan xalqaro baholash dasturi bo’lib, o’quvchilarning maktabda egallagan bilim va ko’nikmalarini hayotiy vaziyatlarda qo’llay olishlarini aniqlashga mo’ljallangan.
Shuningdek, PISA xalqaro baholash dasturi o’quvchilarning ta’lim olishga bo’lgan munosabati va motivatsiyasi haqida qimmatli ma’lumotlar to’playdi hamda ularning muammoni hal qila olish ko’nikmalarini masalan, global ahamiyatga ega masalalarni hal etishda o’quvchi yoshlarning fikr mulohazalari va ular bergan taklif va yechimlarni baholaydi.
PISA xalqaro baholash dasturining natijalari asosida dunyo mamlakatlari o’quv dasturlarida mavjud bo’lgan talablar doirasida o’quvchilarning o’z bilim va ko’nikmalarini hayotiy vaziyatlarda qo’llash, fikrlash va muloqat qilish qobiliyatlariga baho beriladi.
PISA hech qanday o’quv dasturini belgilamaydi yoki targ’ib qilmaydi, umumiy e’tirof etishni taqazo etmaydi.
Ishtirokchi mamlakatlar ekspertlari va iqtisodchilari o’quvchilarda tabiiy fanlardan bilim, ko’nikmalar shakllanishi hamda mustahkamlanishi davlatlarning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun dastlabki muhim qadam deb hisoblashadi.
PISA tadqiqoti Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT (OECD) – Organisation for Economic Co-operation and Development) tomonidan amalga oshiriladi.
Tadqiqot ilk bor 2000-yilda o’tkazilgan bo’lib, har uch yilda bir marotaba amalga oshiriladi.
PISA tadqiqoti quyidagi o’ziga xos xususiyatlarga ega:
Ta’lim sohasidagi eng yirik, keng ko’lamli xalqaro monitoring tadqiqotlaridan biri sanaladi;
Tadqiqotda umumiy o’rta ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 15 yoshli o’quvchilar ishtirok etishadi;
O’quvchilarning hayotga tayyorlik darajasi, ya’ni ularning maktabda egallagan bilim va ko’nikmalaridan hayot faoliyatida uchrashi mumkin bo’lgan muammolarni hal etishda qay darajada foydalana olishlari baholanadi;
O’quvchilarning matematika, o’qish (matnni tushunish), tabiiy fanlar yo’nalishlari va global muammolarni hal etish borasidagifunksional savodxonligi* baholanadi;
Tadqiqotda ishtirokchi mamlakatlar ta’lim tizimining o’ziga xosligi bo’yicha ma’lumot olish imkonini beradigan kontekst axborot to’planadi.
O’zbekistonning PISA tadqiqotida ishtirok etishi quyidagilarga imkon yaratadi:
Umumta’lim maktablari bitiruvchilarining ta’lim olishni davom ettirishga qay darajada tayyor ekanliklarini aniqlash;
Mamlakatda umumiy o’rta ta’limni takomillashtirish yo’nalishlarini aniqlash;
O’quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlari, shuningdek, turli mamlakatlar ta’lim tizimlari haqida qiyosiy ma’lumotlar olish.
PISA tadqiqoti haqida qo’shimcha ma’lumotlarni O’zbekistonda mazkur tadqiqotni o’tkazishga mas’ul hisoblangan Ta’lim sifatini baholash bo’yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazining rasmiy veb-sayti (markaz.tdi.uz) va IHTT (www.oecd.org/pisa) saytidan olish mumkin.
*Funksional savodxonlik – insonlarning tashqi muhit va jamiyat bilan munosabatga kirishishi, tez o’zgaruvchan sharoitlarga moslasha olish qobiliyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |