SUV OMBORLARI VA BOShQA SUV HAVZALARINING SUVNI MUHOFAZA QILISh ZONALARINI BELGILASh
9. Suv omborlari va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonasi ularning akvatoriyasiga tutashib ketuvchi hudud hisoblanadi. Bu hududda sanitariya holatini zarur darajada saqlash, suvning ifloslanishi va bulg‘anishining hamda suv omborlarining tuproq eroziyasi bilan loyihalanishining oldini olish, shuningdek, qulay suv rejimini tashkil etish va unga amal qilish maqsadida maxsus rejim o‘rnatiladi hamda mazkur inshootlar kimga qarashli bo‘lsa o‘sha tashkilotlar bilan ularni saqlash uchun mablag‘ jalb qilgan holda foydalanishning zarur talablarini kafolatli ta’minlash to‘g‘risida shartnoma majburiyatlari imzolangandan keyin xo‘jalik faoliyatiga ruxsat beriladi.
10. Suvni muhofaza qilish zonalari suv ombori va boshqa suv havzalarining butun perimetri bo‘yicha belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonasining tarkibiga quyidagilar kiradi:
qirg‘oqlarni 50 yil ichida qayta ishlash loyihalashtirilayotgan zona (yangi qurilish chegaralangan zona);
soylik, jarlik, qirg‘oqbo‘yi qiyaliklari va tik qiyaligi 5 gradusdan ko‘p bo‘lgan nuragan yerlarni o‘z ichiga oluvchi, eroziya jihatidan aktiv zonalar, suv omborlari va suv havzalariga bevosita tutashib ketuvchi siljuvchi uchastkalar;
suv omborlarida suvning tezlik bilan tirgak darajasiga ko‘tarilishi sharoitida vaqtincha suv bosgan zonalar;
doimiy suv bosgan zona;
suv omborlari va boshqa suv havzalari qirg‘oqlariga ekilgan ihota daraxtlari.
11. Suvni muhofaza qilish zonalarining kengligi suv omborlari va boshqa suv havzalarining vazifasidan, ularga tutash yerlarning tavsifi va ulardan xo‘jalik jihatdan foydalanishdan, joyning relyefidan kelib chiqqan holda belgilanishi va quyidagicha bo‘lishi kerak:
katta suv omborlari va boshka suv havzalari (sig‘imi 1,1 dan 10 kub kilometrgacha bo‘lgan) atrofida — 200 — 250 metr;
o‘rtacha suv omborlari va boshqa suv havzalari (sig‘imi 0,6 dan 1 kub kilometrgacha bo‘lgan) atrofida — 150 — 200 metr;
kichik suv omborlari va boshqa suv havzalari (sig‘imi 0,2 dan 0,5 kub kilometrgacha bo‘lgan) atrofida — 100 — 150 metr;
juda kichik suv omborlari va suv havzalari (sig‘imi 0,1 kub kilometrdan kam bo‘lgan) atrofida — 50 metrgacha.
(11-bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2018-yil 3-dekabrdagi 978-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.12.2018-y., 09/18/978/2270-son)
12. Suvni muhofaza qilish zonalarining chegaralari joyning konkret sharoitini hisobga olgan holda belgilanishi hamda balandlikda joylashgan hududlar, daryo vodiylarining chetlari, soyliklar, yo‘l-transport tarmoqlari va boshqa muhandislik inshootlari bilan birga uyushmagan yuza oqimini qisman o‘z ichiga oluvchi tabiiy va sun’iy chegaralar bilan birga qo‘shilishi kerak.
Suv ombori suvni muhofaza qilish zonasining ichki chegarasi suvning normal tirgak darajasida uning kesimidan, boshqa suv havzalariniki — suvning o‘rtacha ko‘p yillik darajasidan boshlab qabul qilinadi.
13. Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yerlarida joylashgan kichik suv omborlari va boshqa suv havzalari atrofidagi suvni muhofaza qilish zonalari joyning konkret sharoitlaridan kelib chiqib belgilanadi hamda sanitariya talablariga rioya qilingan holda foydalaniladi.
14. Suv omborlarida va baliqchilik xo‘jaligi ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa suv havzalarida baliqchilik xo‘jaligi va boshqa idoralarining organlari faoliyati, muhofaza idoralaridan tashqari, foydalanish yuzasidan barcha zarur talablarga rioya qilish kafolati va uni saqlash uchun mablag‘lar jalb qilingan holda inshootning egasi bilan kelishilgan taqdirda hamda shartnoma asosida yuritilishi mumkin.
15. Suv omborlari va suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida qirg‘oqbo‘yi mintaqasi ajratiladi. Bu yerda ancha qat’iy xo‘jalik faoliyati tartibi o‘rnatiladi.
Qirg‘oqbo‘yi mintaqasi tarkibiga, odatda, suvni himoya qilish zonasi chegarasida plyajlar, qirg‘oq kamarlari, siljish uchastkalari, tosh uyumlari kiradi.
Qirg‘oqbo‘yi mintaqasining eng kam hajmlari suv omborlari va boshqa suv havzalariga tutashib ketuvchi yerlar (shudgor, pichanzor va boshqalar)ning turiga va suv havzalarining sig‘imi hisobga olingan holda qiyaliklarning tikligiga bog‘liq ravishda belgilanadi.
Shudgor, ko‘p yillik daraxtzor, o‘rmonlar va daraxtzor-changalzor joylarda qirg‘oqbo‘yi mintaqalari 3 gradusgacha tik qiyaliklarda — 55 metrgacha, 3 gradusdan 8 gradusgacha — 35—40 metrgacha belgilanadi. Og‘ish 8 gradusdan ko‘p bo‘lganda qirg‘oqbo‘yi mintaqa kengligi har bir konkret holatda alohida belgilanadi.
Barcha hollarda qirg‘oqbo‘yi mintaqasi suv havzasining normal gorizonti sharoitida suv kesimidan kamida 20 metr kenglikda belgilanadi.
16. Qirg‘oqning qayta ishlanadigan uchastkalarida qirg‘oqbo‘yi mintaqaning eng kam kengligi qirg‘oqning 5 — 10 yilda loyihalashtirilayotgan chekinishi kattaligi hisobga olingan holda ko‘paytirilishi kerak.
17. Aholi punktlari doirasida suv omborlari va boshqa suv havzalari qirg‘oqbo‘yi mintaqalari hajmi tabiatni muhofaza qilish va sanitariya nazorati davlat organlari, shuningdek, me’morchilik va suv xo‘jaligi organlari bilan kelishib, konkret sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
18. Agar mazkur Nizomning 14 — 16-bandlariga muvofiq belgilangan qirg‘oqbo‘yi mintaqaning ichki chegarasi suv ombori yoki suv havzasi uchun ajratib olingan yerning chegarasiga nisbatan qirg‘oqqa yaqin bo‘lsa, qirg‘oqbo‘yi mintaqasi yerning ajratib olingan chegarasi bo‘yicha belgilanadi, agar ajratib olingan yerdan narida bo‘lsa, qirg‘oqbo‘yi mintaqa chegarasi yerning ajratib olingan doirasidan tashqariga chiqishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |