8-bob. Professional ta’lim muassasalari o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari 115. Professional ta’lim muassasalarida Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan professional standartlar asosida tegishli ma’lumotga va belgilangan talablarga javob beradigan o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari ishlash huquqiga ega. Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud qaroriga muvofiq taqiqlangan shaxslar bundan mustasno.
116. Professional ta’lim muassasalariga o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini ishga qabul qilish professional ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Professional ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini ishga qabul qilishda tanlov tashkil etish tartibi Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
Ayrim vazirliklar va idoralarning xususiyatidan kelib chiqib, ularning tizimidagi professional ta’lim muassasalariga o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini ishga qabul qilishda o‘sha vazirlik va idora tomonidan Vazirlik bilan kelishgan holda boshqacha tartib belgilanishi mumkin.
117. Professional ta’lim muassasasi o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining o‘quv yuklamalari tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi.
O‘qituvchilarning (o‘quv fanlari va soatlar bo‘yicha) boshqa o‘qituvchilar o‘rnida ishlashi tartibi tegishli normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
118. Professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini attestatsiyadan o‘tkazish belgilangan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
119. Professional ta’lim muassasasi ma’muriyati o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining pedagogik, kasbiy va psixologik mahoratini doimiy ravishda takomillashtirish, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uchun javob beradi.
120. Professional ta’lim muassasasi o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini tayyorlash, malakasini oshirish, va ularni qayta tayyorlash belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
121. Professional ta’lim muassasalarida amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazishda pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan, biroq ko‘p yillik tajribaga ega malakali mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
122. Professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining huquqlari va majburiyatlari tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
123. Professional ta’lim muassasalari ma’muriyati o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining professional ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash sohasidagi innovatsion g‘oyalari va takliflarini, o‘quv-metodik materiallarini, shuningdek, ilmiy izlanishlar olib borishini o‘z vakolatlari doirasida qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining takliflari va o‘quv-metodik materiallarni professional ta’lim tizimida ommalashtirish bo‘yicha ta’lim muassasalari rahbariyati vakolatli organlar bilan hamkorlikni o‘rnatadi.