O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar
Reja:
1. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi”ning qabul qilinishi va unda belgilangan vazifalar.
2. O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash sohasidagi o‘zgarishlar.
3. Oliy ta’lim sohasida qabul qilingan Qonunlar va ularda belgilangan vazifalar.
4. Ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi.
Ta’lim sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari uning demokratik, insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish, xalqimizning tarixiy an’analari va pedagogikasi, shuningdek, jahon xalqlari pedagogikasining ilg‘or yutuqlari asosida ta’lim mazmunini tubdan o‘zgartirish, shu maqsadda o‘qituvchilar, pedagogik jamoalarning tashabbuskorligiga keng imkoniyatlar ochib berish va uni har tomonlama rag‘batlantirish, bilim va ko‘nikmalarining puxtaligini ta’minlaydigan zamonaviy didaktik vositalar qo‘llashni keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish, shu asosda ta’lim mazmunini yaxshilashga erishishdan iborat bo‘ldi.
Bugungi kungacha o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga va uning taraqqiyot istiqbollariga mos keladigan ta’lim tizimini tashkil qilishga olib keldi. Unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- ta’lim tizimini bozor iqtisodiyotiga va ochiq jamiyatga qayta yo‘naltirish;
- aholining turmush farovonligini oshirishning zarur sharti sifatida ta’lim olish uchun teng imkoniyatlar yaratish;
- ta’lim xizmatlarining barqaror va sifatli ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida ta’lim sohasini moliyalashtirish tizimini yaxshilash hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish;
- ta’lim sektorining boshqaruvini takomillashtirish.
O‘zbekistonda davlatning bu sohadagi siyosati va Ta’limni isloh qilish Konsepsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z aksini topdi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi 3 bosqichdagi islohotlar asosida amalga oshirildi. 1-bosqich – 1997-2001 yillarda dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy-me’yoriy, ilmiy-metodik, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratildi. Buning uchun davlat tomonidan qo‘shimcha ravishda 65 milliard so‘m mablag‘ sarf qilindi.
Bu bosqich kadrlar tayyorlash dasturining moddiy-texnik ba’zasini yaratish davri deb nomlandi. 2-bosqich – 2001-2005 yillarni o‘z ichiga olib, milliy dastur keng miqyosda joriy etildi. Bu bosqich Kadrlar tayyorlash milliy dasturining sifat bosqichi deb nom oldi. 3-bosqich – 2005 yildan boshlanib, undan keyingi yillarni ham o‘z ichiga olmoqda. Bu bosqichda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosi yakuniga etkazilib, erishilgan natijalar, to‘plangan tajribalar umumlashtirilib, tahlil etilmoqda hamda shu asosda yurtimizda yangi ta’lim tizimi yanada takomillashtirilmoqda. SHu boisdan bu bosqich ta’lim tizimini modernizatsiyalash davri deb atalmoqda.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi quyidagi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan:
- ta’lim tizimida kadrlarning salohiyatini har tomonlama takomillashtirish hamda o‘qituvchilar, ustozlar va ilmiy xodimlarning professional nufuzini oshirish;
- ta’lim tizimini tarkibiy qayta qurish, ta’lim va professional dasturlarni tubdan o‘zgartirish, ta’lim, fan, texnologiya, iqtisodiyot va madaniyat sohasidagi jahon yutuqlariga tayanish;
- majburiy o‘rta umumta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim va tarbiya tizimiga o‘tishni ta’minlash.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinganidan so‘ng respublikamiz butun ta’lim tizimi, jumladan, oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘nalishi ham tubdan isloh qilishning aniq strategik dasturiga ega bo‘ldi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining O‘zbekistonga xos eng muhim xususiyati – yangi turdagi 3 yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini yaratishdan iborat vazifa sobitqadamlik bilan amalga oshirildi. Zamonaviy o‘quv va ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlangan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar barpo etildi, yangi ta’lim standartlari va axborot texnologiyalari, interaktiv usullar o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
Oliy ta’limda bakalavriat va magistratura tizimi joriy qilindi. jahon standartlariga xos oliy ta’lim tizimiga o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovningso‘zlari bilan aytganda «Bilimdon, professional jihatdan savodli hamda g‘ayrat-shijoatli shaxslarni, o‘z mamlakatimizning chinakam vatanparvarlarini tarbiyalay oladigan, ularni buyuk milliy madaniyatning ulkan ma’naviy merosi bilan boyita oladigan, jahon fani va madaniyati durdonalaridan bahramand eta oladigan mamlakatgina, millatgina buyuk kelajakka erishishi mumkin».
Ta’lim tizimi O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni bilan belgilangan bo‘lib, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim, oliy professional ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, malaka oshirish va kadrlarni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim shakllarida tashkil qilindi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonda nisbatan qisqa muddatlarda dunyoning etakchi davlatlarida ta’lim sohasida erishilgan ilg‘or yutuqlar, milliy an’analarni o‘z ichiga olgan prinsip jihatdan yangi modeli tashkil qilindi.
1999-2000 yilgi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida o‘qitish jarayoni yangi o‘quv rejalari va dasturlari asosida olib borilmoqda. YAngi turdagi bilim yurtlari – akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari tarmog‘i kengaytirilib, yangilari ishga tushirildi. Oliy ta’lim tizimida mutaxassislarni tayyorlashning ikki bosqichli tizimi bakalavriatura yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari joriy qilindi.
Oliy ta’lim O‘zbekistonda davlat tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalari tizimi orqali amalga oshiriladi. Hozirgi paytda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ikki bosqichli oliy ma’lumot beriladi: kamida 4 yil muddatli bakalavriat va kamida 2 yil muddatli magistratura. Bunday tizim oliy ta’limning moslanuvchanligi, turli bosqichlarda tanlangan maqsad va vazifaga muvofiq ta’lim yunalishi va mutaxassisliklarni tanlab olish imkonini beradi. Ikki bosqichli oliy ta’limning joriy etilganligi O‘zbekiston oliy ta’limining jahon ta’lim makoniga kirib borishini ta’minlamoqda.
Prezidentimizning doimiy e’tibori natijasida o‘tgan yillar davomida yurtimizda jahondagi nufuzli universitetlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Natijada, yuksak xalqaro obro‘-e’tibor va chuqur tarixiy ildizlarga ega Evropa va Osiyoning etakchi oliy o‘quv yurtlari Buyuk Britaniyaning Xalqaro Vestminster universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz davlat universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiallari tashkil etildi hamda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ushbu oliy o‘quv yurtlarida mashinasozlik, neft-gaz ishi, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi, moliyaviy menejment, tijorat huquqi kabi mexnat bozorida talabi yuqori bo‘lgan mutaxassislar bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda va ularning bitiruvchilari butun dunyoda tan olinadigan diplomlarga ega bo‘lmoqda.
Mamlakatimizning yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji asosida yangi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash ishlari boshlangani ham e’tiborga sazovordir. YUrtimiz va xorijdagi o‘quv maskanlarida yuzlab iqtidorli yoshlar ta’lim olmoqda va o‘z masalakasini oshirmoqda1. Bunda xorijiy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda nufuzli xalqaro tashkilotlar, chet ellik taniqli ekspert va mutaxassislar, tahlilchi va kuzatuvchilar ishtirokida ta’lim sifatini oshirishga doir ko‘plab simpoziumlar, konferensiya va seminarlar o‘tkazilmoqda.
2012 yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ko‘plab yirik xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, jumladan, BMT, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, YAponiya, Rossiya kabi dunyoning 48 davlatidan ta’lim tizimi rahbarlari, 8 ta xalqaro tashkilot va ta’lim jamg‘armalaridan 270 nafar vakil, olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etib, uzluksiz ta’lim sohasini rivojlantirish va yosh avlodni barkamol tarbiyalashning milliy modelini yaratishda O‘zbekiston tajribasini o‘rgandilar. Haqiqatan ham yurtimizda faol, intiluvchan, iqtidorli va yuksak ma’naviy fazilatlarga ega, zamonaviy bilim hamda kasblarni chuqur egallagan bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarni voyaga etkazish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
Konferensiya davomida quyidagi ko‘rsatkichlar e’tirof etildi: Ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan xorijiy texnik yordam hajmi o‘tgan davrda 500 mln. dollardan oshib ketdi. Osiyo taraqqiyot bankining 290 mln. dollar mablag‘i, Janubiy Koreya hukumatining 110 mln.dan ortiq, Jahon bankining 33 mln., OPEK fondi, Islom taraqqiyot bankining 42 mln., Germaniya hukumatining “KFV” banki orqali yo‘naltirilgan qariyb 20 mln. va boshqalarning 100 mln. dollardan ortiq yordami ko‘rsatildi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “Bizning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Dastur - bu boshqa modellarni qandaydir takrorlash yoki ulardan nusxa ko‘chirish emas, aksincha, birinchi navbatda, rivojlangan demokratik davlatlarda to‘plangan tajribani o‘zida mujassam etgan va ayni paytda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan dasturdir”2.
Ta’lim tizimida o‘quvchilarning nafaqat keng bilim va professional ko‘nikmalarni egallashi, ayni paytda, chet mamlakatlardagi tengdoshlari bilan faol muloqot qilish, bugungi dunyoda ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalar, yangilik va o‘zgarishlardan atroflicha xabardor bo‘lish, jahondagi ulkan intellektual boylikni egallashning eng muhim sharti hisoblangan xorijiy tillarni ham chuqur o‘rganishiga katta ahamiyat berilmoqda.
Bugungi kunda ta’lim sohasidagi barcha sa’y-harakatlar dastlabki natijasi sifatida bir necha xorijiy tillarda erkin gaplasha oladigan va shu bilan birga, o‘z fikrini ona tilida ravon, go‘zal va lo‘nda ifoda eta oladigan yangi mutaxassislar avlodi namoyon bo‘ldi.
Oliy o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlash, ta’lim tizimini isloh qilishning jahonda tan olingan, tajribada isbotlangan 4 ta modeli mavjud. Bular AQSH, Fransiya, Germaniya va YAponiya mamlakatlarining modellaridir. Ular, garchi, umumiy qoida va yo‘nalishlar bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lsa-da, lekin mavjud mamlakatlarning hozirgi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy holati, milliy xususiyatlari hamda fuqarolarning yashash sharoitidan kelib chiqib, farq qiladi. Masalan, YAponiya ta’lim tizimida «Oila» omiliga katta e’tibor berilgan. Amerika yoki Fransiyada esa mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda pullik maktablar joriy etilgan. Lekin ayrim mamlakatlarda o‘zini oqlagan va samara bergan modellarni o‘zga davlatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab yoki tatbiq etib bo‘lmaydi. SHuning uchun ham rivojlangan mamlakatlar tajribalari chuqur o‘rganilib, milliy hamda O‘zbekiston Respublikasiga xos bo‘lgan xususiyatlar, sharoitlar inobatga olingan holda kadrlar tayyorlash tizimining yangi modeli ishlab chiqildi. Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari: shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab chiqarish tizimlari yaxlit ma’rifiy-tarbiyaviy, ijtimoiy-ma’naviy ierarxiyasi (hukmronligi)ning uzviy mushtarakligidan tashkil topgan.
Turli davlatlarda «barkamol inson» tushunchasiga turli sifatlar nisbati beriladi. Har bir davlat o‘z fuqarolarida zamon talablariga mos sifatlar va jamiyat maqsadlariga mos qadriyatlarni qaror toptirishga harakat qiladi. Doimiy yuksalish haqida qayg‘uradigan etakchi davlatlarning bu boradagi tajribasi bilan tanishish foydadan xoli emas3.
O‘zbekistonda ta’lim siyosati va uning ajralmas qismi hisoblangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi mamlakatimizning qo‘lga kiritayotgan salmoqli ko‘rsatkichlari bejiz emasligini isbotlab turibdi. O‘z navbatida, o‘zbek yoshlarining xalqaro bilim va sport arenalarida erishayotgan yutuqlarining o‘ziyoq bu fikrning tasdig‘i bo‘la oladi. 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi, har yili ko‘plab o‘zbekistonlik hamkasblarimiz davlatimizning yuksak mukofotlariga loyiq ko‘rilishi, ular o‘rtasida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi muntazam o‘tkazib kelinayotgani buning tasdig‘idir.
O‘zbekistonda fuqaro tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor sohasi bo‘lib, asosan uch yo‘nalishda: 1. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida. 2. Milliy g‘oyani singdirish vositasida. 3. Maktab umummilliy davlat dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda maktab fuqaro tarbiyasini amalga oshiruvchi maskan sifatida tanlangan. CHunki maktabda bola bilim olishdan tashqari shaxs sifatida ham shakllanadi. Demak, maorif zimmasiga millat fuqarosini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklangan. Maorif, xalq ta’limi va oliy talim yo‘li bilan komil inson qiyofasini yaratish zarur. O‘zbekistonda har jihatdan faol insonni tarbiyalashga e’tibor qaratish, g‘oyaviy tarbiya vositasida shaxsning salohiyatini maksimal darajada yuzaga chiqarishga erishish, har bir bola iqtidorini rivojlantirishga urg‘u berilmoqda.
XXI asr – intellektual bilimlar asrida inson kapitalligi investitsiyalar yo‘naltirishni ustuvor vazifa sifatida tanlagan mamlakatlargina yuksak tarraqiyotga erishishi mumkin. Faqat jamiyatgina zamonaviy tahdid va mummolarni engib o‘tishga qodir bo‘ladi. Bugungi kunda har qanday mamlakatning jahon bozorida raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslarning mavjudligi, balki birinchi navbatda, zamonaviy muntazam yangilanib turgan texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir, yuksak bilim va intizomli ishchi kuchini muntazam tayyorlashga bog‘liq. Bunday ishchi kuchisiz iqtisodiyotning yuqori texnologiyalariga asoslangan zamonaviy tuzilmasini shakllantiradigan yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etib bo‘lmaydi.
SHu boisdan ham jamiyatda bilimli, ma’lumotli va yuksak intellektga ega kishilarning mavqeini oshirish ta’lim tizimini isloh etishning bosh maqsadi bo‘lishi lozim.
Ta’lim sohasida, zamonaviy kadrlar talab qilinadigan tarmoqlar vakillari o‘rtasida xalqaro hamkorlik muntazam rivojlanmoqda. O‘zbekistonda bugungi kunda ta’lim sohasida alohida e’tirof etib kelinayotgan yutuqlar sifatida maktab ta’limi mamlakatda yashayotgan turli millatlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda 7 tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida olib borilayotganini ko‘rsatish mumkin. Bunda har bir bitiruvchi majburiy ta’limdan so‘ng o‘z xohishiga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirishi va bakalavr hamda magistr darajasini olishi mumkin. Har bir kollej tegishli korxonalar bilan aloqa bog‘lagan.
Respublikaning har bir o‘quv yurtida optik-tolali aloqa liniyalari asosida qurilgan yagona “ZiyoNet” axborot ta’lim tarmog‘ida ulangan axborot-resurs markazlari tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida tashkil etilgan maxsus Jamg‘arma bazasida bolalar sportini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilgan. Mamlakatda iqtidorli o‘quvchi-talabalar davlat tomonidan keng miqyosda qo‘llab-quvvatlanadi. Imtiyozli stipendiyalar va mukofotlar joriy etilgan. Ko‘rik-tanlovlarni muntazam o‘tkazib kelish yaxshi an’anaga aylangan. Ayni chog‘da, o‘zbekistonlik yoshlar xalqaro olimpiyadalar, san’at va madaniyat ko‘rgazmalarida faol qatnashib kelmoqda. Bularning hammasi mamlakat rahbarining ta’lim-tarbiya sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori, bu borada ro‘yobga chiqarilayotgan izchil islohotlar va kompleks chora-tadbirlar samarasidir4.
O‘zbekiston ta’lim sohasidagi islohotlar respublikadagi ta’lim tizimi faoliyatining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitida tub o‘zgarishlarga, uning yangidan barpo etilishiga olib keldi, boshqaruv usullari demokratlashdi, ta’lim muassasalarining, birinchi navbatda, maktabgacha ta’lim muassasalarining nodavlat sektori, ta’lim faoliyatini moliyalashtirishning yangi manbalari paydo bo‘ldi, ta’lim xizmatlari spektri kengaydi va iste’molchilar (aholi, ish beruvchilar) tomonidan bu xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlar shakllandi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh etish dasturini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan barcha ishlar, birinchi navbatda, mamlakatimizning uzoq muddatli manfaatlariga, uning hozirgi ancha murakkab rivojlanish bosqichining mavjud holati va xususiyatlariga javob beradi.
Mamlakat va millat rivojlanishi ilm-fan hamda jamiyatning intellektual salohiyatiga bog‘liq. Jahon sivilizatsiyasiga daxldor bo‘lgan eng zamonaviy ilmlarni egallamasdan, respublika milliy manfaatlariga xizmat qiluvchi fan sohalarini rivojlantirmasdan, fundamental, nazariy tadqiqotlar olib bormasdan jamiyatni taraqqiy ettirish mumkin emas.
Davlatimiz rahbari respublikaga rahbar bo‘lib tayinlangan kundanoq boshqa sohalar singari, ilm-fan sohasiga muhim e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston taraqqiyotida, amalga oshirilayotgan va barcha sohalarda sodir bo‘layotgan islohotlar samaradorligini oshirishda muhim o‘rin egalaydi. “O‘zbekistonning kelajagi to‘g‘risida o‘ylaganimizda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov, – uni Fanlar akademiyasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Akademiya esa millat faxri, mamlakat obro‘-e’tiborining ramziga aylanishi kerak” 5.
1989 yil 28 noyabrda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zlagan nutqida ISLOM Karimov ilm-fanni yuksaltirish borasida mavjud muammo va vazifalarga atroflicha to‘xtalib, fan sohasidagi kadrlarni ko‘paytirish va yoshartirish zarurligini alohida uqtirib o‘tdi.
Respublika rahbariyati tomonidan 1990 yildan boshlab mamlakat va chet ellardagi nufuzli ilmiy markazlar doktoranturalarida amaliyot o‘tash uchun yosh olimlarimizga yuzta o‘rin ajratish masalasini SSSR Fan va texnika davlat komiteti oldiga qo‘yilishi ulkan amaliy tadbirlarning debochasi edi. Mazkur taklifda biotexnologiya, molekulyar genetika, robototexnika sistemasi, mashinasozlik texnologiyalari, demografiya iqtisodiyoti kabi sohalarda, fan-texnika taraqqiyotining boshqa asosiy yo‘nalishlarida ilmiy kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish masalasi ham ilgari surilgan edi. Unda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, olimlar faoliyatini respublika xo‘jaligi taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan sohalarga yo‘naltirish belgilandi. “Fanga iste’dodli yoshlarning kirib kelishini ta’minlash uchun oliy maktabning, hatto, umumiy ta’lim maktablarining ham faoliyatini takomillashtirish rejalashtirildi. Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilandi:
iste’dodli va iqtidorli yoshlarni izlab topish, qo‘llab-quvvatlash hamda ularning qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish;
maxsus respublika fondini tashkil etish hamda iqtidorli bolalar uchun maktablar va internatlar tarmog‘ini vujudga keltirish, yosh olimlar uchun turli mukofotlar ta’sis etish;
fanni mablag‘ bilan ta’minlash muammolarini puxta ishlab chiqish, yangi institutlar tashkil etish, mavjud institutlarni o‘zgartirish;
suv muammolari va atrof-muhitni muhofaza qilish instituti va boshqa bir qancha institutlarni tuzish;
respublikada kami bilan 2010 yilgacha ilmiy siyosat konsepsiyasini hamda O‘zbekistonda fan va texnikani rivojlantirishning tegishli dasturini ishlab chiqish.”6
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti jamiyat taraqqiyotida olimlarning o‘rni masalalasiga to‘xtalib o‘tar ekan, “Hozir har bir olim, ayniqsa, jamiyatshunos olim o‘z ilmiy faoliyatini respublika muammolariga, o‘z xalqi va butun mamlakatimiz takdiriga muvofiqlashtirishi lozim. Ravshanki, bunday intilish jamiyatshunos olimlar ilmiy va ijtimoiy faoliyatining birligi xarakterini, ularning respublika ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtirokini belgilab berishi kerak”7, deb ta’kidlash bilan birga, ilmiy xodimlar o‘z fikrlarini erkin, mas’uliyat bilan ifoda etishlari uchun sharoit yaratish, ularning ijodiy va ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun davlat buyurtmalarining tanlov sistemasini shakllantirishni ham bayon etdi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ilm-fanning rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, o‘tish davri muammolariga qaramasdan, sovet tuzumi davrida shakllangan ilm-fan infrastrukturasi bir tomondan saqlab qolindi, boshqa tomondan uning yanada rivojlanishi uchun huquqiy, ma’naviy, iqtisodiy asoslar yaratildi.
Ilm-fan rivojiga mamlakat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaraldi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti ta’kidlaganidek, “jamiyatni jadal rivojlantirish borasidagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda fanni va ilmiy infrastrukturani rivojlantirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Tarixan O‘zbekiston Respublikasida shakllangan intellektual salohiyat XXI asr bo‘sag‘asida o‘zining rivojlanish darajasi jihatidan, innovatsion kashfiyotlar, imkoniyatlari bilan hozirgi vaqtda jahondagi ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlardan ilgarilab ketgan”.8 Ilm-fanning jamiyat ijtimoiy taraqqiyotidagi o‘rnini belgilar ekan, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti yuqoridagi fikrini davom ettirib, “Har bir ilmiy yangilik, yaratilgan kashfiyot – bu yangicha fikr va dunyoqarashga turtki beradi”, 9 deb ta’kidlaydi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida respublika Fanlar akademiyasi oldida qisqa vaqt ichida ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish sohasida yaxlit fikrga kelish, uning zamonaviy talablarga mos tizimini yaratish, O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlarini mablag‘ bilan ta’minlashning samarali tizimini yaratish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnikaviy hamda tajriba bazasini rivojlantirish kabi aniq va muhim vazifalar turardi.
1991 yilga kelib O‘zbekiston Fanlar akademiyasida asosiy fondlarning 34 foizi, fondlar faol qismining 46 foizi emirilib, ishdan chiqib bo‘lgandi. Ularni sotib olish uchun berilgan talabnomalar SSSR Fanlar akademiyasining moddiy-texnika ta’minoti idoralari tomonidan atigi 25-28 foizga qondirilgandi, xolos. Mazkur ehtiyojlar uchun valyuta mablag‘i deyarli ajratilmagandi.
Mustaqillikning dastlabki davrlarida O‘zbekistonda ilm-fanning, xususan, Fanlar akademiyasining holati yuqoridagi darajada edi. O‘zbekiston hukumati bunday ziddiyatli vaziyatni o‘z vaqtida anglab etdi. 1992 yil yanvarda O‘zbekistonda fan-texnika taraqqiyotini yanada jadallashtirish maqsadida Respublika Kengashi tashkil etildi. Ilm-fanning ustuvor ahamiyatga ega ekanligini e’tiborga olib, mamlakat Birinchi Prezidenti 1992 yil 3-4 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Fanlar akademiyasining yig‘ilishida qatnashdi va nutq so‘zladi.
SHuningdek, 1991-1992 yillarda O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, uni xalqaro andozalar darajasida taraqqiy etishini ta’minlashga oid qator tadbirlar o‘tkazildi. Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil 18 fevraldagi Farmoniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika Davlat qo‘mitasi tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. SHuningdek, mamlakat rahbarining 1992 yil 31 martdagi Farmoniga binoan Oliy Attestatsiya Komissiyasi (OAK) tashkil etildi.
1992 yil 5 mayda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi umumiy majlisida uning yangi Nizomi qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1992 yil 14 avgustda o‘z qarori bilan mazkur Nizomni tasdiqladi. SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muassasalari va tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 26 dekabrdagi yagona tarif jadvaliga muvofiq qayta ko‘rib chiqildi. YAngi Nizomga binoan, ilmiy-tadqiqotlar mavzulari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muassasalari va tashkilotlarining takliflari asosida, fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va saviyasini oshirishni, ilmiy ishlanmalarning amaliy ahamiyatini, ularning ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligini hisobga olgan holda shakllantirilladigan bo‘ldi.10
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 1992 yil 8 iyuldagi “Fan va innovatsiya faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni, uni amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fanning rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tadbirlari va innovatsion faoliyat haqida”gi qarori mamlakat ilmiy salohiyatini yanada ko‘tarishda muhim omil bo‘ldi.
O‘zbekistonda ilm-fanni yanada rivojlantirish, ish samara- dorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yilda “Fan va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat Fanlar akademiyasi faoliyatini yaxshilash, umuman, ilm-fanning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etdi. Fanlar akademiyasi institutlarining 64 ta ishlanmalari xalq xo‘jaligi turli tarmoqlariga joriy etildi, yana 55 ta ish amalda foydalanishga tayyorlab qo‘yildi. Ilmiy-tadqiqot ishlari rejasini bajarish uchun 1992 yilda davlat byudjetidan 440,1 mln. so‘m ajratildi. Bu 1991 yildagi mablag‘lar miqdoridan 366,4 mln. so‘m ko‘p edi.11
O‘tish davri muammolarini hal qilish uchun eng avvalo O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan ilmiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi lozim edi. SHu maqsadda O‘zbekiston xukumati va Fanlar akademiyasining tashabbusi bilan 1992 yil 3 martda O‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Prezidentlarining uchrashuvi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Tojikiston, Turkmaniston Fanlar akademiyasi Prezidentlari Fanlar akademiyalarining ilmiy va ilmiy-texnikaviy hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chekdilar.12
Uchrashuvda Prezident Islom Karimov ilm-fan sohasidagi xalqaro aloqalar xususida to‘xtalib, “O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan ko‘p tomonlama faol tashqi siyosatni amalga oshirish,- degandi Islom Karimov,- davlatimizning mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy qiyinchilikarini bartaraf etish va xalq turmushini yaxshilashning zarur sharti va g‘oyat muhim vositasidir”13 deya ta’kidladi.
1991 yilning oxirlarida AQSH, Kanada, Fransiya, Polsha va Portugaliyadan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga hamkorlik shartnomalarini imzolash bo‘yicha takliflar keldi.14 1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 25 davlat bilan ilmiy-tadqiqot bo‘yicha hamkorlik qildi. AQSH, Kanada, Belgiya, Janubiy Koreya, Italiya, Germaniya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatildi. 1992 yil may oyida respublika Fanlar akademiyasi YAdro fizikasi instituti va Kanadaning “Triumf” yadro markazi o‘rtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik shartnomasi imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xorijdagi sheriklari bilan fundamental tadqiqotlar asosida hamkorlikda qo‘shma korxonalar va laboratoriyalar qurishga ham e’tibor qaratdi.
SHu bilan birga Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarining ilmiy safarlari ham ko‘payib bordi. Masalan,1992 yilda 140 nafar xodim xorijiy ilmiy markazlarga safarga borgan bo‘lsa, xorijdan 216 nafar olim O‘zbekistonga keldi. 1992 yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xalqaro ilmiy ittifoq Kengashiga a’zo bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 1993 yil 5 noyabrda Respublika Fanlar akademiyasining 50 yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda nutq so‘zlab, mazkur ilmiy dargoh oldida turgan quyidagi vazifalarni belgilab beradi:
Birinchidan, ma’naviy hayotimizni, ilm-fanimiz faoliyatini, izlanishlarimizni eski mafkura qoliplaridan xalos etish, kerak bo‘lsa, tafakkurimizni mutelik iskanjasidan forig‘ qilishimiz zarur. Olimlarimiz har qanday tazyiqdan ozod bo‘lishlari kerak.
Ikkinchidan, biz dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar safiga kirishni maqsad qilar ekanmiz, avvalambor, olimlarimiz, ularning ilmi, obro‘si olamda mashhur bo‘lishi, jahon ilm-fanining yuksak mezonlariga mos bo‘lishi darkor. Bugun biz olib borayotgan barcha ilmiy izlanishlar dunyodagi eng nufuzli ilm dargohlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi, ularning ko‘magi, tajribalari bilan boyitilishi kerak.
Uchinchidan, yurtimizda nodir iste’dodli olimlar ko‘payishi lozim, ammo biz ularning soniga qarab emas, sifatiga qarab baho beramiz. Zotan, ehtiyojlarni ularning oldiga vazifa qilib qo‘yar ekanmiz, albatta bugungi zamonga munosib shart-sharoitlar ham yaratib berishimiz zarur. SHundagina biz boshqa el-elatlar orasida ajralib turadigan buyuk millatga aylana olamiz.
To‘rtinchidan, ilmu fan taraqqiyoti biz uchun eng ustuvor sohalardan biridir. Bu sohada xizmat qiladigan olimlarning saviyasi, obro‘si haqida g‘amxo‘rlik qilishimiz, ularning hayotimizga qo‘shadigan hissasiga qarab e’tibor berishimiz shart. 15
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlarning yosh jihatlari ham yuqoridagi kabi chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etardi. Masalan, 1995 yildagi ma’lumotlarga qaraganda, Respublika Fanlar akademiyasida 503 nafar fan doktori orasida yoshi 35 yoshgacha bo‘lgan 1 nafar, 40 yoshgacha bo‘lgan 11 nafar fan doktori mehnat qildi, xolos.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ish faoliyatini yanada rivojlantirishda mamlakatning Birinchi Prezidenti tomonidan 1996 yilda tashkil etilgan “Fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi katta ahamiyat kasb etdi. Mazkur jamg‘arma faoliyatini belgilovchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi, jamg‘arma Kengashi tuzildi. Fanlar akademiyasiga ajratilgan davlat byudjetining 5 foizini tashkil etuvchi bu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan eng dolzarb ilmiy muammolarni hal etishga bag‘ishlangan 131 ta tanlov loyihalarini bajarish uchun 16 mln. so‘m ajratildi. Bundan tashqari, akademiyaning 26 ta ilmiy loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika Davlat qo‘mitasi o‘tkazgan tanlovda g‘olib chiqdi va 2,23 mln. so‘m miqdorida mablag‘ oldi. 1996 yilda 29 ta xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi.161998-2000 yillarda jami 230 ta respublika va xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi va ularda ko‘plab xorijiy davlatlar olimlari qatnashdilar.17 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Farmoni bilan Xorazm Ma’mun akademiyasi qayta tashkil etildi.
Davlat tomonidan sarflanayotgan mablag‘ning foydalanish samaradorligi juda past bo‘lganligi sababli Birinchi Prezidentning 1998 yil 27 iyuldagi farmoyishiga (F-277) asosan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari attestatsiyadan o‘tkazildi. 1998 yilning oktyabr oyida ilmiy-tadqiqot institutlarining 1829 nafar ilmiy xodimi davlat attestatsiyasidan o‘tkazilib, ularning 90,7 foizi egallab turgan lavozimiga loyiq, 3,1 foizi noloyiq, deb topildi.
O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy vazifalariga muvofiq tarzda ilmiy ustuvorliklarni shakllantirish va ilmiy-texnik rivojlantirishni ta’minlash maqsadida ilk bor Vazirlar Mahkamasi huzurida Ilmiy-texnika taraqqiyotini rivojlantirish Kengashi tuzildi. Muvofiqlashtirish Kengashi keng vakolatlarga ega bo‘lib, respublika Bosh vaziri tomonidan boshqarilishi belgilab qo‘yildi, bu hol fan-texnika sohasida yagona davlat siyosatini o‘tkazishda u yoki bu tarmoq manfaatlari va ehtimoliy tarmoqlararo ziddiyatlarni bartaraf etish imkonini berdi.
Muvofiqlashtirish Kengashi qoshida tashkil etilgan ikki ijro organi – Fan va texnologiyalar markazi va yirik ilmiy hamda investitsiya loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish Kengashi qabul qilingan qarorlar samaradorligi monitoringini amalga oshirish, shu bilan birga “Qaror- ijro” xalqasi bo‘ylab aylanma aloqani ta’minlash imkonini berdi.18
O‘zbekiston hukumati mamlakatda ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shgan olimlarni doimo qo‘llab-quvvatlab keldi. Qator olimlarimiz, xususan, Habib Abdullaev, Sodiq Azimov, Ubay Oripov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov, Obid Sodiqov, Hamid Sulaymonov, Sobir YUnusov, Toshmuhammad Qori-Niyoziy, YAhyo G‘ulomovlar Prezidentning 2002 yil 23 avgustdagi farmoniga binoan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandilar. SHuningdek, Fanlar akademiyasi Al-Xorazmiy nomidagi, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi, Habib Abdullaev nomidagi medallarni ta’sis etdi. 2002 yilda akademik YOlqin To‘raqulov, professorlar R. Sulaymonov, N. Kucherskiylar ushbu medallarga sazovor bo‘ldilar.19
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2006 yil 7 avgust) va “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (2008 yil 15 iyul) qarorlari ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi.
2007-2010 yillarda Respublika Fanlar akademiyasida 164 ta asosiy, 228 ta amaliy va 25 ta innovatsion loyihalar bajarildi. Ularning natijasida 10348 ta ilmiy ishlar e’lon qilingan bo‘lib, bulardan 252 ta monografiya, 212 ta o‘quv va boshqa ishlanmalardir. YAngi rejalashtirilgan ishlanmalar uchun olingan 114 ta patent va 68 ta guvohnomalardan 160 ta ariza ro‘yxatga olindi. 2009 yilda ilmiy ishlanmalar eksporti 3,6 mln.dollar foyda olib keldi.20
2009 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, akademiya boshqaruv apparati, 3 ta mintaqaviy bo‘lim (Qoraqalpog‘iston va Samarqand bo‘limlari, Xorazm Ma’mun akademiyasi), Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Qashqadaryo – Surxondaryo ilmiy markazlari, 4 ta muzey (Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi) hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va xo‘jalik tashkilotlarida jami 5461 ta kishi, jumladan, 1998 ta ilmiy xodim mehnat qildi. Ulardan 343 nafari fan doktorlari, 912 nafari fan nomzodlari. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibida 107 nafar akademik bo‘lib, ulardan 8 nafarini ayollar tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti Maydanak observatoriyasi ilmiy xodimlari B.Hofizov va A. Sergeevlar 2009 yilda AQSHning Garvard Xalqaro kichik sayyoralar markaziga yangi sayyora haqida ma’lumot berishdi va bu kashfiyot tasdiqlandi, unga xalqaro katologlarda 210271 raqami berildi, Prezidentimiz I. Karimovning tashabbusi bilan unga “Samarqand” nomi berildi. 2010 yil 27 mayda Garvard Xalqaro kichik sayyoralar markazi olimlari bu yangilikni e’tirof etishdi va bu yangilik 70135 sirkulyari orqali butun dunyoga e’lon qilindi.21
2012 yil 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga ko‘ra 2013 yil 1 yanvardan boshlab, qabul qilingan umumiy talab va standartlarga muvofiq, dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi joriy qilindi.
O‘zbekistonda ilm-fanni, xususan, uni oliy ta’lim tizimida rivojlantirish yo‘lida qator konseptual kamchiliklar, qiyinchiliklar mavjud edi. Birinchidan, SSSR tomonidan milliy respublikalarda ilm-fanning barcha sohalarini har tomonlama rivojlantirishdan manfaat yo‘q edi, zero, bu narsa milliy kadrlarning shakllanishiga, pirovard natijada milliy o‘zlikni anglash jarayoniga ta’sir etar edi. Ikkinchidan, sobiq markaz milliy respublikalarda asosan xom ashyo sohasini rivojlantirishga, asosan qishloq xo‘jaligida zarur bo‘lgan ilmiy ishlanmalarni tadqiq etishga e’tiborni qaratdi. Uchinchidan, oliy ta’lim tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlar asosan “ijtimoiy buyurtma” asosida “rivojlandi”.
1990 yilda O‘zbekiston bo‘yicha 44 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, ularning soni va sifatini oshirishga harakat qilindi.22 Prezidentning 1992 yil 28 fevraldagi Prezident Farmoni bilan 8 ta viloyatdagi pedagogika institutlari universitetlarga aylantirildi, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Qurolli kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Toshkent moliya instituti, Navoiy konchilik instituti va boshqa eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari ochildi.
1997 yilda Oliy ta’lim tizimida 58 ta oliy o‘quv yurti, shu jumladan. 16 ta universitet va 42 ta institut faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, ularda 164 ming talaba ta’lim oldi. 16 ta universitetning 12 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Oliy o‘quv yurtlarida ishlayotgan 18,5 ming professor-o‘qituvchilarning 52 foizini fan doktorlari va fan nomzodlari tashkil etdi.23 Oliy o‘quv yurtlarning 14 tasi texnik, 3 tasi iqtisodiy, 15 tasi gumanitar, 6 tasi pedagogik, 7 tasi tibbiy, 4 tasi agrar, 12 tasi tarmoq mutaxassisliklarini tayyorlashga ixtisoslashgandir.24
Kuchli ilmiy negizga ega bo‘lgan ilmiy maktablar haqida so‘z yuritganda O‘zbekiston Milliy universitetini alohida ta’kidlash lozim. 1990 yilda bu muasssasada 1563 nafar kishi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullandi. Ularning 116 nafari fan doktorlari, 911 nafari fan nomzodlari edi. Ilmiy-tadqiqot ishlari 1990 yilga kelib, 43 bo‘lim, laboratoriya va ilmiy guruhlar tomonidan amalga oshirildi. Vaholanki, 1986 yilda ularning soni 12 ta edi, xolos. 1986-1990 yillarda universitet bo‘yicha 119 ta ilmiy ishlanmalar xalq xo‘jaligining turli sohalariga joriy etildi. Ulardan kelgan iqtisodiy samara hajmi 15,7 mln. so‘mni tashkil etdi. SHu davr mobaynida 34 ta doktorlik, 206 ta nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi. Birgina 1990 yilda 20 ta monografiya, 25 ta ilmiy to‘plam, 17 ta darslik, o‘quv qo‘llanmalari, 1293 ta ilmiy maqola nashr etildi.
Umuman, 1986-1990 yillarda jami 102 ta monografiya, 88 ta ilmiy to‘plam, 92 ta darslik, 6588 ta ilmiy maqola chop qilindi.1990 yilning o‘zida 19 ta mualliflik guvohnomasi olindi.25 1990 yilda universitetda jami 12 ta ixtisoslashtirilgan Kengash (6 ta doktorlik, 6 ta nomzodlik) faoliyat ko‘rsatdi. Ularda fanning 23 ta yo‘nalishi bo‘yicha birgina 1990 yilning o‘zida 21 ta doktorlik, 116 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. SHulardan 9 nafari xorijiy davlatlarning fuqarolari edi.26
O‘zbekiston Milliy universiteti “Universitetlar Evroaziya Assotsiatsiyasi” a’zosi bo‘ldi. Universitetning Fizika fakulteti Rossiya, YAponiya, Germaniya, Turkiya, Isroil kabi davlatlari bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ximiya fakulteti Rossiya Fanlar akademiyasi, Belgrad, Stambul universitetlari bilan jiddiy hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib bordi.27
“Minerologiya va geoximiya” kafedrasi olimlari Rossiya Fanlar akademiyasining IGEM instituti, Ma’dan konlar geologiyasi, Petrografiya, Minerologiya va geoximiya instituti bilan 2010 yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik shartnomasi asosida ish olib bordilar.
Samarqand davlat universiteti olimlar jamoasi universitetda ishlab chiqilgan ilmiy yangilik, ixtirolarni ishlab chiqarishga joriy etishda ham muayyan yutuqlarga erishdi. Bunda Biologiya, Ximiya, Fizika, Amaliy matematika va Geografiya fakultetlari ancha faol ishtirok etdilar. Birgina 2000-2002 yillarning o‘zida universitetning ilmiy kutubxonasiga 100 ming AQSH dollari hajmida turli tillardagi adabiyotlar olindi.
Farg‘ona Politexnika instituti olimlariMoskva Aviatsiya instituti, Sankt-Peterburg Iqtisod muhandislik, Texnologiya institutlari, Saratov davlat Texnika, Qozon davlat Energetika, Tyumen davlat universitetlari, Belgiyaning Mons politexnika instituti, Bryussel universiteti kabi nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydilar.28
Nukus davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari 2000-2002 yillarda davlat byudjetidan 3 ta loyiha bo‘yicha umumiy narxi 6,3 mln. so‘mlik ilmiy-tadqiqot ishlarini bajardi. 2003 yilda fan va texnologiyalar markazi tanlovi g‘olibi bo‘lgan 8 ta mavzu bo‘yicha har yiliga 21 mln. so‘mlik ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Birgina 2008 yilda ilmiy-tadqiqotlar hajmi 36 mln. so‘mni tashkil etdi.29
2011 yil 20 mayda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi va unda oliy ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv va ilmiy labaratoriya jihozlari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or pedagogik texnologiyalar hamda o‘qitish shakllarini joriy etish, o‘qituvchi kadrlar mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish asosida iqtisodiyotning soha va tarmoqlarida talab qilinadigan oliy ma’lumotga ega mutaxassislarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Qarorga binoan 2011-2016 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqildi va uni amalga oshirish uchun 277 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 2012 yil 10 dekabrda imzolangan Birinchi Prezidentimizning “CHet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarorida chet tillarni o‘qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg‘un kamol topgan, yuksak ma’rifatli, zamonaviy fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan tizimini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan. Ushbu qarorda yoshlarni chet tillarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, uni egallashlariga zamin yaratish maqsadida 2015-2016 o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonida kirish testlari blokiga chet tilining kiritilishi belgilab qo‘yildi.30
2012 yil 16-17 fevral kunlari poytahtimizdagi simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan “YUksak bilimli va intellektual rivojlanagan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi, unda Davlatimizning Birinchi rahbari “YUksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusida ma’ruza qildi.
Xalqaro konferensiyaga dunyodagi 8 ta nufuzli xalqaro tashkilot va moliya institutlari, jumladan 48 ta davlatdan 270 nafar olimlar va mutaxassislar ishtirok etib, uzluksiz ta’lim sohasini rivojlantirish va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashning milliy modelini yaratishda O‘zbekiston tajribasini o‘rgandilar. Bugungi kunda 65 ta oliy o‘quv yurtining 32 tasi viloyatlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorida ta’lim yo‘nalishlari soni 139 tadan 195 taga, mutaxassisliklari soni 1145 tadan 1395 taga ko‘paydi.31
O‘zbekistonda ilmiy-texnika va innovatsiya siyosatining takomillashib borishi va keyingi yillarda yanada jadalroq tus olishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2006 yil, 7 avgust) va “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (2008 yil 15 iyul) qarorlari turtki berdi. Ushbu qarorlar asosida Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 mart farmoyishiga muvofiq 2008 yilda moliyalashtirish hajmi 22476,3 mln. so‘mni tashkil etdi 1751 ta loyihadan iborat fundamental, amaliy va innovatsiya ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish ta’minlandi.32
2008 yilning 30 aprel – 2 may kunlari respublikada ilk marotaba “Innovatsion g‘oyalar va loyihalar” yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur yarmarkada jami 559 ta shartnoma va protokollar imzolandi. Ularning umumiy qiymati 22119,05 mln. so‘mni tashkil etdi. SHulardan 278 tasi xo‘jalik shartnomalari, 281 tasi hamkorlik bayonnomalari edi. Tuzilgan 559 ta shartnomaning 109 tasi tog‘-metallurgiya, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, 42 tasi farmatsevtika va tibbiyot, 47 tasi mahsulotlarni qayta ishlash, 99 tasi energetika, yangi materiallar va qurilish, 220 tasi qishloq xo‘jaligi, 10 tasi axborot texnologiyalari, 32 tasi mutaxassisliklar tayyorlash, marketing sohalariga tegishli edi.33
2009 yil aprel oyida Toshkentda II Respublika innovatsiya g‘oyalari, texnologiyalari va loyihalari yarmarkasi o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish Qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimiz olimlarining Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha rivojiga xizmat qiluvchi eng istiqbolli ishlanmalari namoyish qilindi. YArmarka davomida 13 mlrd. so‘m hajmiga ega bo‘lgan 300 ta shartnomalar va bayonnomalar imzolandi. Jami 600 ta yangiliklar taqdim etilgan bo‘lsa, ularning 80 foizi o‘zbek olimlari tomonidan so‘nggi ikki-uch yil ichida yaratilgan loyihalardir.34
2013yil 24-26 aprel kunlari VI Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, unda olimlar va mutaxassislar tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha qiymati 12 mlrd. 300 mln. so‘mdan ortiq 360 dan ziyod shartnomalar imzolandi.35
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda kuchli ilmiy-texnik va innovatsiya jarayonlari yuz berdi. Ilmiy-texnika va innovatsiya siyosati tufayli respublikada ilmiy salohiyat oshdi. Ilmiy salohiyat fundamental ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish shart-sharoitlari va resurslarining yig‘indisi sifatida respublika ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy ravnaqiga o‘zining sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |