Oila va fuqarolik huquqi me’yorlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik nisbati yuqori darajadadir. Qonunda to‘g‘ridan - to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollarda o‘zaro bog‘liqlik bir soha normalarini ikkinchi soha munosabatlarida qo‘llanilishida ifodalanadi.
Oila huquqi va huquqning boshqa sohalari me’yorlarining o‘zaro bog‘liqligi ularning birlashib ketishiga olib kelmaydi. Lekin bu holat oila qonunchiligida faqat oila huquqi normalari emas, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan huquq sohalari normalarining mavjud bo‘lishida ham ifodalanadi. Ayniqsa, bunda fuqarolik, ma’muriy, fuqarolik protsessual huquqi normalarining ko‘pligi ko‘zga tashlanadi. Bu normalar, oilaviy munosabatlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda, sanab o‘tilgan huquq sohalarining oilaviy munosabatlarni tartibga solishdagi xususiyatlarini aks ettiradi. Har qanday huquq sohasining, shu jumladan, oila huquqining asosiy manbasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi. Konstitutsiya davlatning Asosiy qonuni sifatida nafaqat Konstitutsiyaviy huquqning, balki barcha huquq sohalarining bosh manbasidir.
Konstitutsiyaning III bo‘lim, XIV bobi “Oila” deb nomlanib, 63-66-moddalarda oilaviy-huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qoidalar, Konstitutsiyaning 46-moddasida esa xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir, degan oila huquqining prinsipi normalandi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Konstitutsiyada oilaga maxsus bob ajratilgan bo‘lib, bu bobning “Jamiyat va shaxs” bo‘limida berilishi ham uning mohiyatini ifodalaydi, chunki oila jamiyatning bir bo‘lagi, uning asosiy bo‘g‘inidir. Konstitutsiyaning 63-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega,”- deyilgan. Shubhasiz, bu moddaning mazmuni, birinchi navbatda, oila – otalik, onalik va bolalik davlat hamda turli xil nodavlat tashkilotlar va jamg‘armalar himoyasida bo‘lishini bildiradi. Binobarin, oila huquqining asosiy tamoyillari Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan. Ular jumlasiga oilaning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishi, oilada erkak va ayolning teng huquqliligi, nikohning ixtiyoriy asosda va teng bo‘lishi, ota-onalar va bolalarning asosiy huquq va majburiyatlari kiradi.
Oila huquqining maxsus manbasi, keng qamrovli oila qonunchiligining negizi – O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksidir. U 1998-yil 30-aprelda birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilinib, 1998-yil 1-sentyabrdan amalga kiritildi.
Oila kodeksi – 8 bo‘lim, 30 bob, 238 moddani o‘z ichiga qamrab olgan.
Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan oila a’zolari o‘rtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari oilaviy munosabatlarning mohiyatiga zid kelmagan taqdirdagina qo‘llaniladi. Qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid bo‘lmagan mahalliy urf-odat va an’analar qo‘llaniladi. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, oila huquqining manbalari bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Uy-joy, Mehnat, Yer, Soliq, Fuqarolik protsessual kodekslari hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunlari va bir qator qonunosti hujjatlari oila huquqining manbasi sifatida oilaviy huquqiy munosabatlarni tartibga solish vazifasini bajaradi. Oila munosabatlarini huquqiy tartibga solishning xususiyati tartibga solish predmeti bilan bevosita bog‘liqdir. Chunki, oila o‘z-o‘zicha va bevosita bunday tartibga solishning predmeti bo‘la olmaydi. Shu sababli davlat faqatgina oilada vujudga keladigan munosabatlarnigina qonun hujjatlari orqali tartibga soladi hamda Oila kodeksida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarning vujudga kelish shartlari va tartibini belgilaydi. 4
Oila munosabatlarini tartibga solishning ta’sir doirasiga quyidagilar kiradi:
- nikoh tuzish, nikohning tugatilishi (tugashi) va uni haqiqiy emas deb topish shartlari va tartibi;
- oila a’zolari: er-xotin, ota-ona va bolalar (farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) o‘rtasidagi, oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada esa qarindoshlar hamda o‘zga shaxslar o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlar;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga olish shakl va qoidalarini, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibi (Oila kodeksining 5-moddasi). Oilaviy-huquqiy tartibga solish obyekti bo‘lgan mazkur munosabatlar doirasi qat’iy bo‘lib, ularni faqatgina maxsus qonun hujjati qabul qilish yo‘li bilan o‘zgartirish mumkin.
Oila huquqi subyektlari oila huquq layoqatiga ega bo‘lishlari, ya’ni oila qonunchiligida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘lishlari va majburiyatlarni zimmalariga olishlari lozim.
Har bir subyekt muayyan huquqqa ega bo‘lish bilan birga, o‘z zimmasiga muayyan majburiyatlarni ham oladi. Bunda oilaviy-huquqiy munosabat ishtirokchilaridan biriga muayyan majburiyatning yuklanishi ayni paytda ikkinchi tomonda muayyan huquqni yuzaga keltiradi. Biroq, oila huquqida subyektlar barcha holatlarda ham xulq-atvorni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar, chunki oila huquqida dispozitivlik mavjud emas. Jumladan, oila qonunchiligi erkak va ayolning nikoh ahdi ixtiyoriyligiga asoslanadi (Oila kodeksining 14-moddasi). Biroq nikoh tuzish shartlari va tartibi imperativ normalar bilan belgilangan (13, 15,17-moddalar). Qoidaga ko‘ra, er-xotindan birining yoki ikkalasining ixtiyori bilan nikohdan ajratiladi. Biroq, bu holat ham bir qator imperativ ko‘rsatmalar bilan cheklanadi. Masalan, xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas (Oila kodeksining 39-moddasi). Sud tartibida nikohdan ajratish, agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi (Oila kodeksining 41-moddasi). Bu holatda sud er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘radi va nikohdan ajralish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldiradi va taraflarga yarashish muddatini belgilaydi (Oila kodeksi 40-moddasining 2-qismi). Amaldagi qonunchilikda bu muddat olti oyni tashkil etadi va mazkur muddat davomida er-xotin sudning nazorati ostida bo‘ladi. Oila qonunchiligining nikohning haqiqiy emasligi (Oila kodeksining 49-51-moddalari), er-xotin mol-mulkining qonuniy tartibi (Oila kodeksining 23-28-moddalar) va er-xotinning majburiyatlar yuzasidan javobgarligi (Oila kodeksining 34-35-moddalar) to‘g‘risidagi normalari ham imperativ tus kasb etadi. Bolalarning nasl-nasabini belgilash imperativ normalar (Oila kodeksining 60-64-moddalari) bilan tartibga solinadi. Oila huquqining ko‘plab normalari xulq-atvorning muayyan holatini belgilaydi va shu orqali oilaviy-huquqiy munosabatlarda subyektlar erk-irodasini cheklaydi. Bir qator holatlarda oila ishlariga sudning, vasiylik va homiylik organlarining, mahallaning aralashishiga yo‘l qo‘yiladiki, bu holatlar xulq-atvor turini tanlash erkinligini cheklaydi. Ayrim oilaviy huquqlar esa bir vaqtning o‘zida mazkur munosabat ishtirokchilarining majburiyatlari ham hisoblanadi. Masalan, ota-onalar farzandlarini tarbiyalash huquq va majburiyatiga ega (Oila kodeksining 73-moddasi).
Umumiy ma’noda, oila huquqining metodini imperativ tusga ega, deb tavsiflash mumkin. Biroq bu holat oila huquqida dispozitiv, ya’ni huquqiy munosabat ishtirokchilarining o‘z xulq-atvorini o‘zi belgilashiga imkon beruvchi normalar mavjudligini inkor etmaydi. Zamonaviy oila qonunchiligining rivojlanishida dispozitiv me’yorlarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Jumladan, nikoh shartnomasi, aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvlar tuzish imkoniyati paydo bo‘ldi. Oila tushunchasi oila huquqi fanidagi eng muhim kategoriyalardan biri hisoblanadi. Oila huquqiy tartibga solish obyektidir.
Oila nikoh, qon-qarindoshlik va shu kabi kishilar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikdan hosil bo‘ladigan ijtimoiy tuzilmadir. O‘ziga xos bo‘lgan mazkur ijtimoiy tuzilmadagi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tartibga solish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash huquqning vazifasi sanaladi. Oila bo‘lib yashash barcha mavjudotlar orasida faqat inson zotigagina xosdir. Shu bois oila jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila fuqarolik jamiyatining tayanch nuqtasi, tayanch tuzilmasidir. Oilada inson nafaqat dunyoga keladi, balki u ma’nan va axloqan tarbiya topadi.
Oila er-xotin, ularning bolalari, eng yaqin tug‘ishganlaridan iborat kishilar guruhi, ya’ni xonadon hisoblanadi. Ayni chog‘da oila odamlarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birligi hamdir.
Oila jamiyatning tabiiy hujayrasi, ijtimoiy asosidir. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam bo‘ladi va tez rivojlanadi. Zero, jamiyat asosi – oilaning moddiy va ijtimoiy jihatdan mustahkamlanib borishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1994-yildan e’tiboran har yili 15- may kunini Xalqaro oila kuni sifatida nishonlashga qaror qilgani bejiz emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |