2. Alisher Navoiyga bag‘ishlangan sinfdan tashqari ishlarni tashkillash tajribasi.
Kitob insoniyat ongli hayoti va ma’naviyat olamining muhandisi sanaladi. Kitob – bepoyon olam: bag‘ri keng, osmoni baland, tubi teran… Donolar ta’rificha, kitob – bilim manbayi, insoniyat to‘plagan hikmatlar xazinasi, ijtimoiy ong mahsulidir. Buyuk shoir va mutafakkir Navoiy bobomiz yozganidek: “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbayi”. Xalqimiz tilida ham kitob o‘qib bilim va munosib ta’lim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shug‘ullanish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Baxt belgisi – bilim”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Go‘zallik – ilm-u ma’rifatda”, “Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar”, “Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol”. Bunday purhikmat naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Bugun Vatanimizning jadal rivojlanayotgan bir davrida donolar fikrida o‘z aksini topgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yosh avlodni har tomonlama shakllanishida kitob mutolaasining o‘rni beqiyosligini anglagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 12- yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. Bu farmoyishda aholining keng qatlamini kitob o‘qishga jalb qilish, kitob o‘qish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, voyaga yetayotgan farzandlarimizni bog‘cha yoshidan boshlab kitobga mehrli qilib tarbiyalash, kitob mahsulotlarining mazmuniga e’tibor qaratish, ularni chop etish sifatini yaxshilash hamda chekka qishloq va ovullargacha borib yetishini ta’minlash, turli mazmundagi kitoblar bilan to‘ldirilgan kitob do‘konlarini ko‘paytirish, kutubxonalar fondini boyitishga alohida e’tibor qaratish, chop etilayotgan kitoblarni aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari asosida kitob targ‘iboti – reklamalarini tashkil qilish, qiziqish uyg‘otish va ushbu jarayonda faol kutubxonachi va targ‘ibotchilar orasida turli tanlovlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratishini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yo‘nalishdagi ishlarni olib borishda, albatta, boshlang‘ich sinflardagi o‘qish darslarining ham katta hissasi bor. Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarning dunyoqarashini hamda nutq boyligini o‘stirishda badiiy asarlarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
1.Alisher Navoiy asarlarini og‘zaki targ‘ib qilish (og‘zaki targ‘ibot): Suhbatlar. Suhbatlar sinflar, guruhlar bo‘yicha va yakka tartibda bo‘lishi mumkin. Bunda Alisher Navoiyning biror asarini, ta’limotini o‘qish tavsiya etiladi. Keyin sinflar, parallel sinflar bo‘yicha, guruhlar bo‘yicha va yakka tartibda, vaqti-vaqti bilan yoki belgilangan tartibda suhbat o‘tkaziladi, natijada birorta ta’limot o‘rganilib, puxtalanadi va pishitiladi. Masalan: Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
2. Alisher Navoiy asarlarini ko‘rgazma asosida targ‘ib qilishni quyidagicha tavsiya etish mumkin:
1) Alisher Navoiy asarlari – kitoblari namuna ko‘rgazmasini tashkil etish;
2) “Alisher Navoiy – saxovatpesha inson”, “Alisher Navoiy – buyuk shoir”, “Alisher Navoiy va Istiqlol”, “Mustaqillik yillarida Alisher Navoiy asarlarining nashr etilishi”, “Siz o‘qiydigan kitoblar”, “Alisher Navoiy ta’limoti”, “Alisher Navoiyning yozgan dostonlari”, “Alisher Navoiy risolalaridan namunalar” kabi asarlariga ishlangan plakatlar, stendlar tayyorlash, Alisher Navoiy asarlariga, tarixiy sanalarga bag‘ishlangan devoriy gazetalar chiqarish;
3) Alisher Navoiy asarlaridan olingan ibratli fikrlar va sitatalarni yod olish;
4) o‘quvchilarning o‘qishi lozim bo‘lgan Alisher Navoiy asarlar ro‘yxatini tuzish;
5) Alisher Navoiyning hayoti, faoliyati, asarlari yuzasidan insholar yozdirish, yozilgan insholardan namunalar ko‘rgazmasini tashkil etish;
6) Alisher Navoiyning faoliyati va asarlariga ishlangan o‘quvchilarning rasmlaridan namunalar. “Alisher Navoiy nabiralarimiz” deb nomlangan rasmlar ko‘rgazmasi 7 bo‘limdan iborat bo‘lib, quyidagicha nomlanishi mumkin:
1. “Alisher Navoiyning bolaligi”.
2. “Alisher Navoiy xalqparvar shaxs”
3. “Alisher Navoiy asarlariga mening bezaklarim”.
4. “Alisher Navoiy asarlari qahramonlari mening ijodimda”.
5. “Alisher Navoiy va O‘zbekiston bolalari”.
6. “Men Alisher Navoiyning nabirasiman” kabi.
7. “Alisher Navoiy bobomizga tuhfamiz”. Yuqoridagi ko‘rgazmalarni yanada boyitish uchun gazeta, jurnal materiallaridan foydalanish ham maqsadga muvofiqdir.
3. Alisher Navoiy asarlari yuzasidan ovozli o‘qishlar o‘tkazish. Bunda Alisher Navoiy asarlaridan olingan parchalar, so‘z ustalarining audioyozuvlari, she’rlari o‘quvchilarga oddiy yoki texnika vositalari orqali o‘qib beriladi yoxud ifodali o‘qish musoboqasi o‘tkaziladi.
4. Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazish. Masalan: “Alisher Navoiy va bolalar”, “Baxtli bolalik”, “Alisher Navoiy – men sevgan shoir”, “O‘zbekistan – Vatanim manim” kabi.
5. Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha savol-javob kechalari o‘tkazish. Bu tadbirlarni o‘tkazishda dongdor kishilar, faxriylar va ishlab chiqarish ilg‘orlari, ustozlar ishtirok etsa, ayni muddao bo‘ladi.
6. Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha bahs-munozara kechalari o‘tkazish.
7.Alisher Navoiy asarlari yuzasidan og‘zaki gazeta va jurnallar tashkil etish. Alisher Navoiyning she’rlari, dostonlari va hikmatlari haqida o‘quvchilarning fikrmulohaza, qarash hamda munosabatlari eshitiladi.
8. Kitobxonlar konferensiyalari o‘tkazish.
9. Kitoblar targ‘iboti, namoyishi kechalarini o‘tkazish.
10. Sirtqi kitobxonlar konferensiyalari o‘tkazish.
11. “Barhayot siymolar” kechasini o‘tkazish. “Mardlik – mangulik” va “Barhayot siymolar” nomli kechalarda Alisher Navoiyning boshqa allomalarning nomlarini e’zozlash, ulug‘lash haqidagi fikrlaridan, ularning fazilatlaridan yozgan asarlaridan foydalanish ma’quldir.
12. “Alisher Navoiy adolat uchun kurashgan” mavzusidagi targ‘ibot kechasida Alisher Navoiyning – o‘zbek xalqining asl o‘g‘loni, chinakam farzandining davlat boshqaruvida – vazirlik maqomida olib borgan adolatli xizmatlariga munosib baho beruvchi fikrlar namunasini keltirish lozim.
13. Matbuot targ‘iboti. Alisher Navoiy asarlarini o‘rgatishda matbuot targ‘ibotidan ya’ni, gazeta va jurnallarda bosilgan asarlari materiallarini har doim o‘qib borishni tashkil etish.
14. Dars targ‘iboti. Har bir darsda qanday fan va qaysi mavzu bo‘lishidan qat’i nazar Alisher Navoiy asarlaridan misollar keltirish, mavzuga bog‘lash, tahlil qilish.
15. Sinfdan tashqari targ‘ibot. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida Alisher Navoiy asarlarini targ‘ib qilish va o‘rganish, ya’ni Alisher Navoiy asarlarini o‘qib borishni tashkillash.
16. Tadbirlar orqali targ‘ibot. Turli xil tadbirlar o‘tkazish orqali Alisher Navoiy asarlarini o‘rganib, targ‘ib qilish.
17. To‘garak targ‘iboti. Alisher Navoiy asarlarini to‘garaklarda o‘rganish.
18. Tarixiy sanalarda targ‘ib qilish.
19. Alisher Navoiy asar va hikmatlaridan olingan ko‘chirmalarni targ‘ib qilish, ya’ni ko‘rinarli gavjum joylarga stendlar qo‘yish.
20. Oila targ‘iboti. Alisher Navoiy asarlarini oilada o‘rganish.
21. Sinf kutubxonasi targ‘iboti. Sinflarda “Alisher Navoiy asarlaridan namunalar” kutubxonasini tashkil etish.
22. Sahna targ‘iboti. Alisher Navoiy asarlaridan sahna ko‘rinishlari tayyorlash.
23. Kinofilmlar targ‘iboti. Alisher Navoiy asarlari asosida ishlangan kinofilmlarni ko‘rsatish (bunday filmlarni tengdoshlar bilan birgalikda ko‘rish boshqacha taassurot uyg‘otadi).
24. Xorijiy tillarda nashr etilgan Alisher Navoiy asarlarining alohida ko‘rgazmasini tashkil etish.
25. Alisher Navoiy haqida bildirilgan fikrlar yoki “Alisher Navoiy yurtdoshlarimiz nigohida” mavzularida ko‘rgazma, stendlar tayyorlash.
26. “O‘zbek xalqi va Alisher Navoiy” nomli stendlar chiqarish.
27. “Alisher Navoiy – islom dini va madaniyatining targ‘ibotchisi”.
28. “Alisher Navoiy – allomalar allomasi” mavzusida bahs-munozara o‘tkazish.
Yuqoridagi taklif va tavsiyalardan imkoniyat darajasida foydalanish o‘qituvchining kasbiy mahoratiga bog‘liqdir, shuningdek, bu fikr-mulohazalarning har bir o‘quvchi ma’naviyatining kamol topishi uchun ma’lum darajada munosib xizmat qila olishi shak-shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |