ABU ABDULLOX AL-XORAZMIY (783-850)
”Algebra” so‘zini qayerdan kelib chiqqanini bilasizmi? Bu so‘z Sharqning buyuk matematigi va tabiatshunos olimi al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liq. Allomaning 'Al-jabr' nomli kitobi Yevropada 'Algebra' deb atalgan.
Muhammad ibn Muso al -Xorazmiy qadimiy va boy madaniyatga ega bo‘lgan o‘lkada - Xorazmda tug‘ilgan. U yoshligidan bilim olishga qiziqqan. Riyozot va tabiyot ilimlarining asoslarini chuqur egallagan. Qunt bilan arab, fors, hind va yunon tillarini o‘rgangan.
Xorazmiy yoshlik chog‘idan o‘zining o‘tkir zehni bilan tanila bordi. Bu davrda Bog‘dod o‘lkasi ilmiy va madaniy markaz hisoblanar edi . Uning hukmdori al-Ma'mun yosh donishmandning dovrug‘ini eshitib, boshqa olimlar qatori o‘z o‘lkasiga taklif etadi. Xorazmiy olam sirlarini o‘rgandi .
U farg‘onalik do‘sti ai-Farg‘oniy bilan bog‘dodda rasadhona qurishga boshchilik qildi. Rasadhonadagi asboblar yordamida koinot sirlarini va YER kurrasini o‘rgandi. Al-Xorazmiy va Al- Farg‘oniy boshchiligidagi olimlar
1000 dan ortiq yulduzlarni tekshirdilar hamda ularning joylanish haritasini tuzdilar. YER kurrasining aylana uzunligini aniqladilar .
Xorazmiy "Surat al-arz" ("Yer suvrati") nomli kitobida Afrika, Osiyo va Yevropa qit'alarini aniq tavsiflagan.Koinot sirlarini o‘rganishga oid ijodlari uning "Ziji" ("Astranomiya") kitobida bayon etilgan.
Buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi. Bu davrda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirar edi.
Rivojlanib kelayotgan mavjud tuzum taqozo qilgan ijtimoiy-iqtisodiy talablar bu davrdagi taraqqiyot jarayonining asosiy omillaridan biri boʻldi. Qurilish, savdo-sotiq, hunarmandchilik, dehqonchilik va boshqa sohalarni yanada taraqqiy ettirish uchun astronomiya, geodeziya, geometriya kabi fanlarni rivojlantirish zaruriyati tugʻildi. Oʻsha davrning ilgʻor olimlari bu fanlarning amaliy ahamiyati haqida aniq tasavvurga ega boʻlib, Muhammad al-Xorazmiy esa shu olimlarning peshqadami va yoʻlboshchisi edi.
Xorazmiy dunyo faniga gʻoyat katta hissa qoʻshdi. U algebra fanining asoschisi boʻldi. “Algebra” soʻzining oʻzi esa uning “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” nomli risolasidan olingan. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan boʻlib, hozirgi kunda biz foydalanadigan oʻnlik pozitsion hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning Ovroʻpoda tarqalishiga sabab boʻldi. Olimning “al-Xorazmiy” nomi esa “algoritm” shaklida fanda abadiy oʻrnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari esa arab tilida oʻnlab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning “Zij”i Ovroʻpoda ham, Sharq mamlakatlarida ham astronomiyaning rivojlanish yoʻlini koʻrsatib berdi. Lekin afsuski, fanning bir necha tarmoqlariga asos solgan, “oʻz davrining eng buyuk matematigi va agar barcha shart-sharoitlar nazarga olinsa, hamma davrlarning ham eng buyuklaridan biri” (J. Sarton) boʻlgan bunday siymoning hayoti haqida maʼlumotlar deyarli saqlanmagan.
Xorazmiy Xorazm oʻlkasida tugʻilib, oʻsdi. Adabiyotlarda 783 yil uning tugʻilgan yili deb qabul etilgan. U dastlabki maʼlumot va turli sohadagi bilimlarni asosan oʻz yurtida, Markaziy Osiyo shaharlarida koʻpgina ustozlardan olgan, deb bilmoq mumkin.
Manbalarda Xorazmiyning ismiga yana al-Majusiy va al-Qutrubbuliy degan atamalar ham qoʻshib aytiladi. Bularning birinchisi olim Xorazmning asli mahalliy aholisidan, yaʼni otashparastlar (arabcha – “majus” – otashparast degani) oilasidan, balki shu otashparastlik dinining kohinlari oilasidan kelib chiqqanligini, shu bilan birga olimning oʻzi yoki otasi majusiy boʻlib, ular islomni keyin qabul qilganligini koʻrsatadi. Xorazmda majusiylar islomdan keyin ham uzoq muddat oʻz diniy urf-odatlarini saqlab kelgan. Bu hakda Beruniy oʻzining “Osori boqiya” asarida guvohlik beradi. Keltirilgan ismlarning ikkinchisi, Xorazmiy moʻysafidlik yillarini Bagʻdod yaqinida Dajla boʻyidagi al-Qutrubbul dahasida oʻtkazganligini koʻrsatadi. Odatda arablar biror kishining xarakterli xususiyatlari, hunarlari, sevimli odatlari yoki yashash joylariga qarab, unga bir necha xil ism – “nisbalar” beradilar. Xorazmiyning al-Qutrubbuliy ismi ham shu tariqa paydo boʻlgan.
Xorazm juda qadimgi madaniyatga ega boʻlib, uning qishloq xoʻjaligi sugʻorma dehqonchilikka asoslanar, bu oʻz navbatida, astronomiya va xronologiyaning rivojlangan hisoblash usullarining mavjud boʻlishini taqozo etar edi. Haqiqatan ham, qadimgi Xorazmda astronomiya juda rivojlangan, xorazmliklar osmon “sirlari”ni arablarga qaraganda ancha yaxshi bilganlar. Arxeologik qazishmalar Xorazmda qadimda islomdan bir necha asr avval ham rasadxonalar boʻlganligi va u yerda muttasil astronomik kuzatishlar olib borilganligidan guvohlik beradi. Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan asarlarini tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, u yunon, hind va eron astronomiyasi va matematikasini yaxshi bilgan.
Maʼlumki, al-Maʼmun 809 yildan Marvda dastlab xalifa Horun ar-Rashidning noibi, soʻng 813 yildan boshlab xalifa boʻladi va 819 yili Bagʻdodga koʻchadi. Al-Maʼmun Marvda boʻlganida Xorazmiyni, muvarounnahrlik va xurosonlik boshqa olimlarni oʻz saroyiga jalb qilgan.
Xalifa al-Maʼmun davrida Bagʻdodda Markaziy Osiyo va Xurosondan kelgan bir guruh yirik olimlar ijod etgan. Ular orasida Xorazmiy bilan bir qatorda Marvdan Yahyo ibn Abu Mansur, al-Fargʻoniy, Habash al-Marvaziy, Xolid ibn Abdumalik al-Marvarrudiy, Forobdan Abul Abbos al-Javhariy va boshqa olimlar bor edi.
Bagʻdodda al-Maʼmun otasi tomonidan asos solingan ilmiy markaz – “Bayt ul-hikma” faoliyatini har tomonlama takomillashtirib, unga yirik davlat muassasasi tusini berib, avvaliga tarjimonlik faoliyatini keng koʻlamda rivojlantirdi. Vizantiya, Hindistondan koʻplab kitoblar keltirilib, “Bayt ul-hikma”ning faoliyat doirasi birmuncha kengaytiriladi, uning qoshida ikkita yirik rasadxona: birinchisi 828 yilda Bagʻdodning ash-Shammosiya mahallasida, ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun togʻida 831 yilda barpo etiladi. Ikkala rasadxonaning ham faoliyatini Markaziy Osiyo va Xurosondan kelgan olimlar boshqaradi. Xorazmiy bu ilmiy markazning mudiri sifatida uning faoliyatini kuzatib turadi.
Xorazmiy davrida “Bayt ul-hikma”da ishlagan yirik tarjimonlar orasida Hajjoj ibn Yusuf ibn Matar, Abu Zakariyo Yuhanno ibn al-Bitriq, Hunayn ibn Isʼhoq va Kusto ibn Luqo al-Baʼalbakkiylar bor edi. Bagʻdodga kelgan Markaziy osiyolik olimlar orasida mashhur astronom Ahmad ibn Kasir al-Fargʻoniy (vafoti 816 yil)ning nomini eslatish lozim. Marvlik Yahyo ibn Abu Mansur Bagʻdodning ash-Shammosiya mahallasidagi rasadxonaning asoschisi va rahbari boʻldi. Rasadxonadagi ishlar haqida u “Bayt ul-hikma”ning mudiri Xorazmiyga hisobot berib turardi. Yahyo 831 yili vafot etganidan soʻng Xorazmiy bu rasadxonani ham boshqaradi va u yerdagi kuzatishlarda faol qatnashadi. Yahyoning qalamiga mansub “Zij al-mumtahan” (“Sinalgan zij”) nomli astronomik asari maʼlum. Damashq yaqinida Kasiyun togʻidagi rasadxonani Xolid ibn Abdumalik al-Marvarrudiy boshqaradi. U ham oʻz “Zij”ini tuzadi. Xolid Yer meridianining uzunligini oʻlchash ishlariga boshchilik qiladi.
Marvlik mashhur astronom va matematik Habash al-Hosib (“Hisobchi habash”) laqabi bilan maʼlum boʻlgan Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy ham Bagʻdodda Xorazmiy bilan hamkorlikda ishlagan. U ikkita “zij” tuzgan boʻlib, bular Oʻrta asr astronomlari tomonidan keng foydalanilgan. Tadqiqotchilarning koʻrsatishicha, u tangens va kotangens, kosekans funsiyalarini kiritib, ularning jadvallarini ham keltirgan.
Xorazmiy bilan Bagʻdodda, keyinchalik “Maʼmun akademiyasi” deb tanilgan “Bayt ul-hikma”da ijod etgan olimlarning barchasini ham Markaziy osiyolik yoki xurosonlik deyish xato boʻlardi. U yerda Suriya, Iroq, Eron va xalifalikning boshqa yerlaridan kelgan olimlar ham ishlagan. Biroq ular orasida Markaziy osiyoliklar salmoqli oʻrinni egallagan. Xorazmiy ana shunday ilmiy muhitda yashab ijod qildi va 850 yilda Bagʻdodda vafot etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |