O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi vazirligi respublika ta’lim markazi uzviylashtirilgan Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlari



Download 1,71 Mb.
bet3/10
Sana01.02.2017
Hajmi1,71 Mb.
#1584
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10

“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda ta’limning ravnaqi, uning insonparvarligi, ta’lim va tarbiya tizimining uzluksizligi, ilmiyligi va dunyoviyligi, ta’limda umuminsoniy va ilmiy qadriyatlarning ustuvorligi, davlat ta’lim standartlari doirasida hammaning bilim olishi uchun imkoniyat yaratilishi ta’kidlab ko‘rsatilgan.


Uzluksiz ta’lim tizimida boshlang‘ich ta’lim muhim bosqich hisoblanadi va unda ona tilini o‘qitish asosiy o‘rin egallaydi. Ona tili dasturi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:

1. Savod o‘rgatish, nutq o‘stirish.

2. Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish.

Boshlang‘ich sinflar ona tili ta’limi o‘quvchilarda nutq faoliyatining asosiy turlarini o‘stirish bilan bir qatorda, quyidagi muhim masalalarni hal etishni ko‘zda tutadi:

Boshlang‘ich sinflarda ona tilidan beriladigan bilimlar mazmunini o‘zbek tilining tovush tuzilishi va yozma nutqda tovushlarni ifodalash usullari haqidagi, so‘zlarning o‘zgarishi va gapda so‘zlarning bog‘lanishi haqidagi, so‘zlarning morfemik tarkibi va so‘z yasalishi, so‘zlarning leksik – semantik guruhi haqidagi, o‘zbek tilining to‘g‘ri yozuv qoidalari va tinish belgilarining ishlatilishi haqidagi bilimlar tashkil etadi. Berilgan bu bilimlar o‘quvchilar nutqini o‘stirishga xizmat qiladi.

Ona tili o‘qitishning mazmuni va metodlari o‘quvchilarga dastur talab qilgan hajmda puxta bilim berish, ko‘nikma va malakalar hosil qilishga ko‘maklashishi lozim.

Maktabni bitirib chiqqan yoshlar ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning rang – barang jabhalarida, muloqot va munosabatning barcha turlarida o‘zbek tilidan bemalol – erkin, samarali va to‘g‘ri foydalana olish, uning cheksiz imkoniyatlaridan to‘laqonli bahramand bo‘lish, zaruriy ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlari kerak.

«Ona tili» darslarida o‘quvchilarni mustaqil va ijodiy fikrlashga yo‘naltirish lozim. Shuning uchun ushbu dastur va u asosida yaratilajak darsliklarda grammatik qoidalarni yodlatishdan voz kechish, ijodiy tafakkur tarzini shakllantirish, dars va mashg‘ulotlarni o‘quvchilarning nutqiy malakasini yuzaga keltirishga qaratish maqsad qilib olindi.

Ona tili ta’limi oldida quyidagi bosh maqsad turadi: ona tili mashg‘ulotlari bolalarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, ijodiy fikr mahsulini nutq vaziyatiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilishi lozim. Savod o‘rgatish, sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish

Savod o‘rgatish davri sentabrdan dekabrgacha davom etadi. Savod o‘rgatish jarayoni ikki davrni: alifbogacha tayyorlov davri va alifbo (asosiy) davriga ajratiladi. Tayyorlov davri ikki bosqichga bo‘linadi:



  1. Tovush – harf o‘rganilmaydigan bosqich;

  2. Unli tovushlar va harflar o‘rganiladigan bosqich.

Alifbo davri o‘rganiladigan tovush va harflar, so‘zlarning va bo‘g‘inlarning tuzilishi, murakkablik darajasiga ko‘ra 3 bosqichga bo‘linadi.

Bu davrda bolalarning fonematik eshitish qobiliyatlari o‘stiriladi, o‘quvchilarning atrof-muhit haqidagi tasavvurlari boyitiladi.

Savod o‘rgatish darslari o‘quvchilarning umumiy kamolotiga, ularda do‘stlik, o‘rtoqlik kabi xislatlarni milliy qadriyatlarni shakllantirish, jamoa ichida o‘zini boshqarish, mehnatsevarlik, halollik, rostgo‘ylik, o‘qishga ongli munosabatda bo‘lish kabi ijobiy xususiyatlarni tarbiyalashga ko‘maklashuvi lozim.

Boshlang‘ich ta’limda o‘qish va yozishga o‘rgatish tilshunoslik, pedagogika, adabiyotshunoslik va metodika sohasida erishilgan yutuqlarga asoslangan, takomillashgan hozirgi zamon analitik-sintetik tovush metodi vositasida amalga oshiriladi hamda o‘quvchilar nutqini rivojlantirishni nazarda tutadi. Darsda o‘quvchilar gapni so‘zlarga, so‘zni bo‘g‘inlarga, bo‘g‘inni tovushlarga ajratadilar, so‘zdagi tovushlarni tartibi bilan aytishni o‘rganadilar, o‘rganilgan tovushlarni o‘zaro bog‘lab so‘z tuzish va o‘qish yuzasidan mashq qiladilar. Bolalar tovushlarni yozuvda harf bilan ifodalash, harflardan bo‘g‘in va so‘z tuzishga, ularni o‘qishga o‘rganadilar. Gap va bog‘lanishli matnni ongli, to‘g‘ri, bo‘g‘inlab ravon o‘qish, so‘ngra so‘zni butunicha sidirg‘a o‘qish malakasini egallaydilar.

O‘quvchilarni o‘qish va yozishga o‘rgatish baravar olib boriladi. Yozuvda tovushlarni harflar bilan belgilashga, harflar va bo‘g‘inlardan so‘z tuzishga, so‘z va gaplarni yozma to‘g‘ri shakllantirishga, talaffuzi bilan yozilishida farq qilmaydigan so‘zlarni va qisqa gaplarni eshitib yozishga, gapning birinchi so‘zini, kishilarning ismini, shahar, qishloq, ko‘cha nomlarini, ayrim hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlarni bosh harf bilan yozishni bilib oladilar.

Savod o‘rgatish darslarida o‘quvchilarning boshqalar nutqini diqqat bilan tinglash va nima haqida gapirayotganini tushunib olish ko‘nikmalari o‘stiriladi. Bolalar sinfdoshlari oldida gapirishga, o‘qituvchining savollariga javob berishga, topshiriqlarni mustaqil bajarishga, bilmagan va o‘zlari qiziqqan narsalar to‘g‘risida so‘rab bilib olishga, o‘qiganlarini qayta hikoyalashga, o‘zlari kuzatgan, ko‘rgan kinofilmlar hamda eshitgan va o‘qigan hikoya, ertaklari, kuzatgan rasmlari haqida hikoya qilib berishga o‘rganadilar.

Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar olgan bilim va hosil qilingan ko‘nikmalar birgalikda o‘qish jarayonida maxsus sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlarida bolalar adabiyoti namunalari bilan tanishtirishga tatbiq etiladi. Savod o‘rgatish davrida sinfdan tashqari o‘qish haftada bir marta o‘tkaziladi va unga o‘qish darslarining ikkinchi qismidan 15- 20 daqiqa ajratiladi. O‘qish va yozishga o‘rgatish darslarida bolalar ruhiyatini hisobga olgan holda ish turlarini mukammallashtirish talab etiladi, dam olish mashqlari o‘tkaziladi. “Alifbe”, kartoteka va metodik qo‘llanmalarda berilgan didaktik o‘yinlardan foydalanib, bir turidan boshqa turiga o‘tiladi va o‘quvchilar toliqishining oldi oladi.

Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar o‘qituvchi rahbarligida tabiatdagi o‘zgarishlar, kishilarning turli mavsumda bajaradigan mehnatlarini kuzatadilar va shular asosida hikoya tuzishni o‘rganadilar. Bu davrda olib boriladigan barcha ishlarda oila va maktab hamkorligining uzviyligi, o‘zaro muomala madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.



O‘quv dasturining mazmuni

I-sinf

Savod o‘rgatish va nutq o‘stirish

(128 soat)

Savod o‘rgatish davri 2 sentabrdan to dekabr oyining oxirigacha bo‘lgan muddatni, ya’ni 2 o‘quv choragini qamrab oladi. Savodga o‘rgatish jarayoni tayyorgarlik va Alifbe davridan tashkil topadi. Tayyorgarlik va Alifbe davrida ta’lim savodga o‘rgatishning tahlil-tarkib (analitik-sintetik) tovush usulida amalga oshiriladi. Savodga o‘rgatishning tahlil-tarkib usuliga ko‘ra matndan gap, gapdan so‘z, so‘zdan bo‘g‘in va tovush, yoki aksincha, tovush → bo‘g‘in → so‘z → gap → matn uzviy aloqada butundan bo‘lakka, bo‘lakdan butunga qarab tahlil va tarkib qilinadi. Bu esa, o‘quvchilar tafakkur faoliyatini onglilik, tushunarlilik, mantiqiylik, didaktik mezonlar asosida rivojlantirish imkoniyatini vujudga keltiradi.

Boshlang‘ich ta’limning ilk savodga o‘rgatish davridanoq, o‘quvchilar nutqini yangi so‘zlar hisobiga boyitishga alohida e’tibor qaratiladi.

“Alifbe” darsligida berilgan: yangi so‘zlar, matn, kichik hikoya va she’rlardan foydalanib, o‘quvchilarni so‘z ma’nosi bilan atroflicha tanishtirishda, she’riy va nasriy matnlarni yodlatish, qayta hikoyalashga e’tibor beriladi. Sinfdan tashqari o‘qish darslari o‘quvchilarni bolalar adabiyoti namunalari bilan tanishtirib borishga, ularni mustaqil o‘qishga, ota-onalar va o‘qituvchilar yordamida badiiy o‘qishga qiziqtirish, nutqini boyitish va rivojlantirishga yordam beradi.



Tayyorgarlik davri

( 8 soat)

1. Tayyorgarlik davrida o‘qish darslari (4 soat)

O‘quvchilarni darslik va qo‘shimcha ko‘rgazmali rasmlar, o‘quv materiallari (rasmlar, fil’moskop, buyumlarning asl nusxasi va darslikdagi rasm-illyustratsiyalar) vositasida maktab ta’limiga moslashtirishga, o‘quvchilar qo‘lini yozuvga tayyorlash, gapdan so‘z, bo‘g‘in va tovushni turli harakatlar (oyoq, qo‘l harakati, o‘yin elementlari) asosida o‘rgatishga e’tibor beriladi.

Bu davrda o‘quvchilar, asosan, quyidagi tushuncha, malaka va ko‘nikmalarni egallaydilar: O‘quv predmeti mazmuni asosida tashkil etiladigan dars haqidagi amaliy ko‘nikma; darsning muayyan vaqt oralig‘ida davom etishi; dars jarayonida o‘quvchining tutgan pozitsiyasi haqida tushuncha; rasm mazmunini anglash, rasm mazmuni asosida mantiqiy izchillikka ega bo‘lgan matn tuzish; - darslik bilan ishlash, og‘zaki nutq haqida tushuncha; - yozma nutq, gap haqida tushuncha; so‘z va bo‘g‘in haqida tushuncha; unli va undosh tovush haqida tushuncha; maktab partasida to‘g‘ri o‘tirish; darslikdan foydalanishga oid ilk o‘quv ko‘nikmalarini shakllantirish.

2. Tayyorgarlik davrida yozuv darslari (4 soat)

Yozuv darslari o‘qish darslari bilan uzviy bog‘langan holda, biri ikkinchisiga bevosita aloqadorlikda olib boriladi. Yozuv darslarining ilk bosqichida o‘quvchilarda yozuv qoidalarga oid ko‘nikma va malakalar shakllantiriladi. O‘quvchilar ruchkani to‘g‘ri ushlash, yozuv holatida bosh va yelkani mutanosib tutish, daftar qiyaligini to‘g‘ri chamalashga o‘rgatiladi. (daftar parta ustiga belgilangan 75є qiyalikda qo‘yiladi).

Qo‘lni yozuvga tayyorlash, qo‘l panjalari va mayda muskullar harakatini rivojlantirishga oid boshlang‘ich yozuv mashg‘ulotlari va jismoniy qo‘l harakati mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Tayyorgarlik davri yozuv darslarida o‘quvchilar yozuv daftaridan to‘g‘ri foydalanish, yozuv mashg‘ulotlari gigiyenasiga oid ilk ko‘nikma va malakalarni egallaydilar.

Bu davrda “Alifbe” darsligi va yozuv daftarida ko‘rsatilgan yozuv yo‘li bo‘ylab chamalash mashqlari (bayroqchalar chizish, bir xil masofada nuqtalar qo‘yish, ilgakchalar, tayoqchalar, kabilar) asosida mashg‘ulot o‘tkaziladi.

Tayyorgarlik davri yozuv darslarida o‘quvchilar egallashi lozim bo‘lgan tushuncha va ko‘nikmalar quyidagilardan iborat: Yozuv daftari bilan o‘quvchi oralig‘ida muayyan masofani saqlash; yozuv qurollaridan to‘g‘ri foydalanish; parta ustiga daftarni to‘g‘ri qo‘yish; yozayotganda gavdani to‘g‘ri tutish va tirsaklarni to‘g‘ri harakat qildirish; yozuv elementlarini to‘g‘ri idrok etish (qayerdan boshlash, qayerda to‘xtalish, o‘ngga, chapga burilish, yoza boshlash va h.k.)

Alifbegacha (tayyorgarlik) davrida yuqoridagi tushuncha va ko‘nikmalarning shakllantirilishi alifbe davrida darsni yanada samarali olib borish uchun imkoniyat yaratadi.

Alifbe davri

(120 soat)

1. O‘qishga o‘rgatish (60 soat)


  • Unli va undosh tovushlar, ularning talaffuzidagi farqlanish haqida ma’lumot berish.

  • Harf va tovush munosabatiga oid tushunchalar bilan o‘quvchilarni tanishtirish.

  • Kesma harf va bo‘g‘inlar asosida so‘z hosil qilish, tuzilgan so‘zlarni to‘g‘ri o‘qish.

  • So‘zlarni avval bo‘g‘inlab, so‘ngra bo‘g‘inlab ravon o‘qishga o‘rgatish.

  • Tinish belgilariga rioya qilib, ifodali o‘qishga o‘rgatish.

  • O‘qish jarayonida amal qilinishi lozim bo‘lgan gigiyena qoidalariga rioya qilishga o‘rgatish.

2. Yozuvga o‘rgatish (60 soat)

  • Unli va undosh harflarning bosh va kichik shakllarini yozish. O‘quvchida yozuv sifatini, ya’ni: harflarni to‘g‘ri bog‘lab yozish; harflarni belgilangan qiyalikda yozish; har bir qatorda harflarning bir xil balandlikda bo‘lishiga erishish; harf unsurlari, harflar va so‘zlar orasidagi masofalarni bir xilda saqlash kabilarni shakllantirish.

  • Har bir harf yoki harflarning bog‘lanishi, og‘zaki yoki doskaga tushuntirish orqali, qo‘lni qayerga qo‘yish, qayerda bu harakatni burish yoki uzish kerakligi, harflarning yozuv chizig‘i bo‘ylab joylashishi haqida nazariy va amaliy tushuncha va malakalarni rivojlantirish.

  • Avval nuqtalar bilan ifodalangan harflar ustidan qo‘lni yurgizib, so‘ng namunaga qarab yozishga o‘rgatish.

  • Harflarning shaklini tasavvur orqali yozdirish asosida yozuvga o‘rgatish.

  • Bir va undan ortiq bo‘g‘inlardan tashkil topgan talaffuzi va yozilishi bir xil so‘zlarni, 2-3 so‘zdan tuzilgan gaplarni eshitib yozish.

  • So‘z va gapni to‘g‘ri yozish. (Gapning birinchi so‘zini bosh harf bilan yozish, so‘ngiga tinish belgisini ( nuqta) qo‘yish).

  • Eshituv va ko‘ruv xotirasiga asoslangan kichik diktantlar yozish.

Bog‘lanishli nutq (matn) ustida ishlash

Og‘zaki nutq madaniyatini egallash, unga xos xususiyatlarni bilish; o‘quvchilarni gap va nutqni grammatik, orfografik, stilistik jihatdan adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda tuzishga o‘rgatish. Og‘zaki nutqni rivojlantirish uchun o‘quvchilar lug‘at boyligini izchil oshirib borish, gapning sintaktik tuzilishiga oid bilimlarni amaliy jihatdan egallash, nutq birliklari o‘rtasidagi mantiqiy uyg‘unlikni ta’minlashga oid malakalarni rivojlantirish, yangi harf-tovushga bog‘lab tavsiya etilgan so‘zlar ma’nosini o‘quvchilar to‘liq anglashiga erishish, rasm asosida o‘zaro bog‘langan kichik hikoyalar tuzishga o‘rgatish.

O‘quvchilarning bog‘lanishli nutqini o‘stirishga oid ta’limiy ishlarni amalga oshirish: O‘quvchilar bilan rasmlar asosida hikoya tuzish; rasm mazmuniga mos sarlavha topish; alifbe darsligi va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda o‘rganilgan o‘quv materiallarini qayta hikoyalash; savollarga to‘liq va ravon javob berish; adabiy nutq me’yorlarini amaliy jihatdan o‘rgatishga e’tibor qaratish (bu sohada o‘qituvchi nutqi o‘quvchilar uchun namuna bo‘lishi kerak); topishmoq, maqol, hikmatli so‘zlar ustida ishlash (darslik materiallari va sinfdan tashqari o‘qish uchun tanlangan o‘quv materiallari asosida); kichik guruhlar bilan ishlashda sinf o‘quvchilarini tez ajratish, guruhlarga bog‘lanishli matn tuzishga oid muammoli topshiriqlar berish, guruhlar javobini sharhlash asosida g‘olib guruhni rag‘batlantirish; yakka tartibda (individual) ishlarda o‘quvchida o‘z nutqini rivojlantirib borishga ishtiyoq uyg‘otish (lug‘at daftari, yangi she’r, hikoya, ertak mutolaasi asosida); so‘zlarni yaxlit, gaplarni ifoda mazmuniga (darak, buyruq, so‘roq) mos ohangda o‘qishga erishish; qahramon xarakterini ohang orqali ifodalash; matn ichida qo‘llanilgan tinish belgilariga rioya qilish malakasini shakllantirish; 4 va 8 misrali she’rlarni yod oldirish.

Lug‘at ustida ishlash. O‘quvchilar nutqini boyitish, ular nutqida kam qo‘llaniladigan so‘zlarni alohida yozdirib borish, dars jarayonida lug‘at daftaridagi so‘zlarning ishlatilishiga e’tibor berish bilan qo‘shib olib borilish.

Sinfdan tashqari o‘qish uchun hajm va mazmun jihatidan 1-sinf Alifbe davri uchun mos ertak, hikoya, masal kabilarni to‘g‘ri tanlash va o‘qish. O‘qigan asarlaridagi qahramonlar xatti-harakatini, she’r, topishmoq, maqol, tez aytishlarni elementar baholay olishi lozim. Har bir haftaning oxirgi o‘qish darsidan 20 daqiqasi sinfdan tashqari o‘qish uchun ajratiladi. Sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlari uchun sinf kutubxonasini tashkil qilish lozim.

O‘quvchilarni sinfdan tashqari o‘quv materiali bilan tanishtirishda ifodali, jonli nutq sharoiti, pedagogik mahorat va artistlik ko‘maklarini uyg‘un qo‘llash lozim.

Sinfdan tashqari o‘quv mashg‘ulotlarida o‘quvchilarning ota-ona yoki o‘qituvchi ko‘magida o‘rgangan she’r, hikoya va ertaklaridan namuna aytib berishlari, uyda bolani kitobga havas uyg‘otuvchi muhit yaratishga erishish.

Fonetika, grammatika, to‘g‘ri yozuv

va nutq o‘stirish

Boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘rgatishdan asosiy maqsad bolalarning yosh xususiyati va yozma nutqini, tafakkurni o‘stirish, ularda bilim olishga qiziqishni o‘stirish, faollik, mustaqillik, mehnatsevarlik, qiyinchiliklarni yenga olish qobiliyatlarini o‘stirish hisoblanadi. Bolalarning aqliy va nutqiy qobiliyatlarini muvaffaqiyatli o‘stirish kelgusida fanlarni puxta o‘zlashtirishga imkoniyat yaratadi.

Boshlang‘ich sinflarda fonetika, grammatika, to‘g‘ri yozish va nutq o‘stirishdan beriladigan boshlang‘ich ma’lumotlar o‘rta maktablarda o‘qitiladigan ona tili va adabiyot sistematik kurslarining materiallari bilan bog‘lanadi va o‘zbek tilining turli tomonlariga oid keng tushunchalarni qamrab oladi. O‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda so‘zlarning fonetik tarkibi bilan, so‘zlarni bo‘g‘inlarga va ma’noli qismlarga bo‘lish bilan, so‘z turkumlari va gap turlari, gap bo‘laklari bilan bir qator to‘g‘ri yozuvni yozish qoidalari bilan tanishadilar. Dasturga ko‘ra, o‘quvchilarni so‘zning leksik ma’nolari bilan, ya’ni sinonim, antonim va ko‘p ma’noli so‘zlar bilan tanishtirish ham ko‘zda tutiladi.

Fonetika, leksika, grammatika, to‘g‘ri yozuvdan boshlang‘ich bilimlarni o‘zlashtirish jarayonida bolalarning fikrlash qobiliyatlari o‘sadi; ular til hodisalarini tahlil qilishga, qiyoslashga, umumlashtirishga va guruhlashga, o‘z nutqlarida til birliklari – so‘z va gaplarni to‘g‘ri qo‘llashga o‘rganadilar.

Boshlang‘ich sinflar “Fonetika, grammatika, to‘g‘ri yozuv va nutq o‘stirish” dasturi bosqichli izchillik tamoyili asosida tuzilgan bo‘lib, fonetika, grammatika, imlodan beriladigan boshlang‘ich ma’lumotlar yuqori sinflarda o‘qitiladigan ona tili va adabiyot materiallari bilan uzviy bog‘lanadi. Ushbu dastur “Tovushlar va harflar”, “So‘z”, “Gap”, “Bog‘lanishli nutq” va “Husnixat” bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Dastur oxirida o‘quv yili davomida o‘rganiladigan imlosi qiyin so‘zlar alifbo tartibida beriladi.

Tovushlar va harflar. Tovushlar va harflarga oid asosiy bilimlar o‘quvchilarning savod o‘rgatish jarayonida o‘rgangan amaliy bilimlariga asoslangan holda, 1-2-sinflarda beriladi, ularga oid ko‘nikma va malakalar hosil qilinadi. Tovushlar va harflar, unli va undosh tovushlar, ularning harfiy ifodasi; bo‘g‘in, jarangli va jarangsiz undosh tovushlar haqida tushuncha beriladi. Bolalar shu bilimlar asosida aytilishi va yozilishida farq qiladigan so‘zlar; a va o, u va i tovushli so‘zlarning aytilishi va yozilishi; so‘z oxirida kelgan jarangli b va d undoshlarning jarangsiz jufti p va t undoshi eshitilsa ham, b va d harfining yozilishi; ayrim so‘zlar oxirida kelgan d va t undoshlarining talaffuzda tushib qolishi, ammo yozuvda saqlanishi; yonma-yon kelgan ikki bir xil undoshli so‘zlarning aytilishi va yozilishini bilib oladilar.

3 va 4-sinflarda esa tovushlar va harflarga oid bilimlar, mustahkamlanadi. So‘zlarni tovush, harf tahlil qilish takomillashadi, bolalarda nutqni eshita olish qobiliyatini o‘stirishga e’tibor kuchaytiriladi. Bular o‘z navbatida, o‘quvchilar savodxonligini oshiradi, xatosiz ko‘chirib yozish, eshitib yozish, yozganlarini mustaqil tekshirish ko‘nikmalarini o‘stiradi.

Tovushlar va harflar yuzasidan olib boriladigan ishlar kichik yoshdagi o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutq madaniyatini o‘stirish va takomillashtirishga yo‘naltiriladi.

So‘z. Boshlang‘ich sinflarda so‘z leksik-grammatik tomondan o‘rganiladi. Lug‘at ustida ishlashga katta e’tibor beriladi. Lug‘aviy mashqlar grammatika va to‘g‘ri yozishni o‘rganish bilan bog‘liq holda olib boriladi (Leksikadan nazariy bilim berilmaydi). O‘quvchilar o‘qish, grammatika, yozuv imlo materiallarni o‘rganish bilan bog‘liq holda, so‘zlar shaxs va narsalarning nomini, harakatini, belgisini, sanog‘i va tartibini ifodalashi, yaqin va qarama-qarshi (zid) ma’noni bildirish, matnlarda har xil ma’noda ishlatishni bilib oladilar; ular o‘z fikrlarini to‘g‘ri va aniq ifodalashga, fikrga mos so‘zlar tanlay olishga o‘rgatib boriladi.

So‘z turkumlariga o‘quvchilar ikkinchi sinfda tayyorlanadilar. Ular kim? (kimlar?), nima? (nimalar?) so‘rog‘iga javob bo‘lgan, shaxs va narsalar nomini, qanday?, qanaqa?, qaysi? so‘roqlariga javob bo‘lgan, shaxs va narsalarning belgisini, nechta?, qancha?, nechanchi? so‘roqlarga javob bo‘lgan so‘zlar sanog‘i va tartibini, nima qildi?, nima qiladi?, nima qilyapti? so‘rog‘iga javob bo‘lgan, narsa va shaxslar harakatini ifodalashni bilib oladilar; ularni ma’lum so‘zlarga so‘roq bera olishga, u yoki bu so‘roqqa javob bo‘lgan so‘z nimani ifodalashini aytib berishga o‘rgatiladi.

3-sinfda o‘quvchilar o‘zak va o‘zakdosh so‘zlar bilan tanishtiriladi. So‘zning tarkibi: o‘zak, so‘z yasovchi va so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchalar o‘rganiladi. Oddiy so‘z yasalishi, ko‘p ishlatiladigan –chi, -la, -siz, -li, -zor, -kor kabi qo‘shimchalar ma’nosi o‘zlashtiriladi.

O‘quvchilar “so‘z turkumi” termini bilan 3-sinfda tanishtiriladi. Ular ot, otning ma’nosi (shaxs, narsalarning nomini bildirishi), so‘roqlari, birlik va ko‘plikda qo‘llanishi; sifat, uning ma’nosi (narsalarning belgilarini bildirishi), so‘roqlari; son, uning ma’nosi (narsa va narsalarning sanog‘i va tartibini bildirishi), so‘roqlari; fe’l, uning ma’nosi (narsaning harakatini bildirishi), so‘roqlari; bo‘lishli va bo‘lishsiz fe’llarni o‘rganadilar.

4-sinfda o‘quvchilar otlarning egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishi, kelishik qo‘shimchalari bilan turlanishi va asosiy so‘roqlariga qarab ularning bir-biridan farqlanishi, kelishik qo‘shimchalarining yozilishini; sifat yuzasidan o‘rganilganlar takrorlanib, qip-qizil, yum-yumaloq kabi sifatlarning yozilishini; son, uning ma’nosi, sanoq va tartib sonlar, ularning so‘roqlari, tartib sonlarning yozilishini; kishilik olmoshlari, ularning uch shaxsda, birlik va ko‘plik sonda qo‘llanishini, kelishiklar bilan turlanishini o‘rganadilar. Bu sinfda o‘quvchilarga fel zamonlari: fe’llarning tuslanishi (shaxs-son qo‘shimchalari bilan o‘zgarishi) haqida tushuncha beriladi, uch zamonda: o‘tgan, hozirgi, kelasi zamonda qo‘llanishi, o‘tgan zamon qo‘shimchasi (-di)ning aytilishi va yozilishi o‘rgatiladi.

Dasturning «Gap» bo‘limi materiallarini o‘rganishga bolalarni tayyorlash maqsadida ular nutqida ko‘proq ishlatiladigan bog‘lovchilar bilan amaliy tanishtiriladi.

So‘zning tarkibi va so‘z turkumlarini o‘rganish jarayonida turli so‘z turkumlariga oid so‘zlarning xilma-xil ma’nolarda qo‘llanilishi, so‘zni gapda, so‘z birikmasida to‘g‘ri, o‘rinli, aniq ishlatishni bilib olishga yordam beradigan leksik mashqlar, shuningdek, o‘quv yili davomida o‘rganiladigan imlosi qiyin so‘zlarning yozilishini bilib olishga ko‘maklashadigan lug‘aviy-imloviy mashqlar o‘tkaziladi. O‘quvchilar darslikda berilgan lug‘atdan, boshlang‘ich sinflar uchun nashr etilgan imlo lug‘atidan foydalanishga o‘rgatiladi.

Gap. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga gap haqida: gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari (darak, so‘roq, buyruq gap) haqida, his-hayajon bilan aytilgan gaplar; gapning mazmuniga ko‘ra oxiriga nuqta, so‘roq va undov belgisining qo‘yilishi haqida; gap bo‘laklari, gapda so‘zlarning bog‘lanishi haqida, gaplar so‘z birikmalariga ajratilishi haqida dastlabki ma’lumotlar to‘rt o‘quv yili davomida izchillik bilan berib boriladi.

Birinchi sinfda o‘quvchilar nutqdan gapni ajratib olishga, gapni alohida so‘zdan farqlashga, gapni o‘qiganda ohangiga rioya qilishga, ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng, gapning birinchi so‘zini bosh harf bilan boshlab yozishga va oxiriga nuqta qo‘yishga o‘rganadilar.

Ikkinchi sinfda esa oldingi sinfda berilgan bilimlar yangi til materiallari asosida mustahkamlanadi, o‘quvchilar gapning oxirida nuqtadan tashqari so‘roq belgisi va undov belgisining ishlatilishi bilan tanishadilar va oxiriga qo‘yilgan tinish belgisiga mos ohangda gapni o‘qishga o‘rganadilar.

O‘quvchilar gap bo‘laklarini o‘rganishga ikkinchi sinfda tayyorlanadilar, ular gap kim (kimlar) yoki nima (nimalar) haqida aytilishini bildirgan so‘zni (egani) hamda ular haqida nimalar deyilganini bildirgan so‘zni (kesimni) topishga, o‘rgatiladi (ega va kesim atamalari berilmaydi). Bu mavzularni o‘rganish jarayonida gapda o‘zaro bog‘langan so‘zlarni aniqlashga oid mashqlar o‘tkazib boriladi.

Uchinchi sinfda gapning turlari (darak, so‘roq, buyruq gap), o‘rgatiladi. Ularni ohangiga ko‘ra talaffuz qilish tinish belgilarini to‘g‘ri qo‘ya bilish haqida tushuncha beriladi, og‘zaki va yozma nutqda qo‘llashga o‘rgatiladi. Bu sinfda gap bo‘laklari: ega, kesim va ikkinchi darajali bo‘laklar mavzulari ham o‘rganiladi (Ikkinchi darajali bo‘laklar turlarga ajratilmaydi). O‘quvchilar so‘z birikmalari bilan amaliy tanishtiriladi.

To‘rtinchi sinfda va, ammo, lekin, bog‘lovchilari yordamida bog‘langan va bog‘lovchilarsiz qo‘llangan uyushiq bo‘lakli gaplar o‘rganiladi. O‘quvchilar uyushiq bo‘lakli gaplarni sanash ohangida o‘qishga; va, ammo, lekin, bog‘lovchilari bilan bog‘langan uyushiq bo‘laklarda shu bog’lovchilardan oldin vergul qo‘yib yozishga, uyushiq bo‘lakli gaplardan og‘zaki va yozma nutqda foydalanishga o‘rganadilar.

Fonetika va grammatikadan berilgan bilimlar imlo qoidalarini o‘zlashtirish uchun asos bo‘ladi. O‘rganilgan imlo qoidalarini amaliyotga tadbiq etishga oid mashqlar izchillik bilan o‘tkazib borilishi, bolalar yozganlarini o‘zlari tekshirib, xato va kamchiliklarini o‘zlari topa olishga va ularni to‘g‘rilay bilishga odatlanishlari lozim.

Bog‘lanishli nutq. Boshlang‘ich sinflarda olib boriladigan ta’limiy ishlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, muomala odobini shakllantirish hisoblanadi.

O‘quvchilar nutqini o‘stirish ustida ishlash savod o‘rgatishning birinchi kunlaridanoq, o‘qish va ona tili darslari, atrofimizdagi olam, matematika va boshqa fanlar, sinfdan tashqari mashg‘ulotlar bilan bog‘liq holda izchillik bilan davom ettiriladi. Nutqiy mashqlardan bog‘lanishli nutqqa oid og‘zaki va yozma mashqlarga alohida ahamiyat beriladi. «Sinfda, sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish» dasturiga ko‘ra o‘qilgan matnni qayta hikoyalash (og‘zaki bayon), o‘qiganlari, ko‘rgan-bilganlari, eshitganlari asosida og‘zaki hikoya tuzish(insho)ga oid og‘zaki mashqlar o‘tkaziladi; «Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish» dasturiga ko‘ra kichik yoshdagi o‘quvchilarning yoshlariga mos ravishda namuna asosida matn tuzishga va uni lug‘aviy-imloviy tayyorgarlikdan so‘ng, o‘qituvchi yordamida yozish(bayon)ga doir ko‘rgan bilganlari, o‘qiganlari, kuzatishlari asosida matn tuzishlariga, ya’ni inshoga oid mashqlarni bajarishga o‘rgatib boriladi.

Boshlang‘ich sinflarda bayon va insho ta’limiy xarakterda bo‘ladi. Bayon ham, insho ham kichik hikoya shaklida bo‘lishi zarur.

Tabiatni kuzatishga, qatnashuvchi shaxslarning tashqi ko‘rinishini tasvirlashga oid hikoyaga nega?, nima uchun? kabi so‘roqlarga javob bo‘ladigan muhokamaga oid bir-ikki gap qo‘shib boriladi. Buning uchun o‘quvchilar avval tabiat hodisalari, kishilar mehnat va narsalarni tasvirlab, ikki-uch gapni og‘zaki tuzishga, ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng ularni yozishga o‘rgatilishi kerak. Bog‘lanishli nutq mashqlarini o‘tkazishga dasturda maxsus soatlar ajratilmaydi. Boshlang‘ich sinflarda lug‘aviy-imloviy tayyorgarlikdan so‘ng bayon yozdirishga, hikoyani og‘zaki tuzdirish (insho) va berilgan savollarga javob yozdirishga 10-15 kunda bir dars ajratish tavsiya etiladi.



Husnixatga o‘rgatish. Yozuvga husnixatga o‘rgatishning vazifasi harf, so‘z, gap va matnni to‘g‘ri va chiroyli yozishni takomillashtirishdir. Yozuvni o‘rganish jarayonida o‘quvchi tovushning belgisi bo‘lgan harfni, so‘z va gapni kitobdan va doskadan to‘g‘ri, husnixat qoidalariga rioya qilib ko‘chirib yozish, yozganlarini tekshira olish va yo‘l qo‘ygan kamchilik hamda xatolarini o‘qituvchi rahbarligida yoki o‘zi tuzata olishi kerak.

1-sinfda o‘quv yilining yarmidan boshlab husnixat malakalarini takomillashtirib boriladi. 2-4-sinflarda esa har bir ona tili darsining 8-10 daqiqasini husnixat mashqlariga ajratish tavsiya etiladi.

2-sinfda qo‘l muskullari harakatini va ko‘z bilan chamalashni rivojlantirish uchun ayrim harflar, harf birikmalari, harflar guruhini yozishni murakkablashib borishiga qarab husnixat mashqlari o‘tkazib boriladi. O‘quvchilar harflardan tashqari so‘zlarni, gaplarni, ko‘chirib yozishni, eshitib yozishni mashq qiladilar.

3-4-sinflarda grafik mashqlar hisobiga yozilishi murakkab bo‘lgan harflar va ularni boshqa harflarga bog‘lab yozish mashqlaridan keng foydalaniladi, matn ko‘chirib, eshitib va mustaqil yozishni o‘rganadilar.

Husnixatga oid kamchiliklarni (harflarning qiyaligiga yetarli e’tibor bermaslik, balandlik va kenglik o‘lchamini, shaklini buzib yozish kabi), shuningdek, har qaysi bolaning yozuviga xos bo‘lgan boshqa xatolarni tuzatish yuzasidan ayrim guruh o‘quvchilari bilan birgalikda va yakkama-yakka mashqlar ham o‘tkazib boriladi. Shu maqsadda yozuv namunalarini ko‘rsatib berish bilan birga, 1-2-sinf barcha o‘quvchilarning daftarlarini har kuni tekshirib borish, chiroyli va savodli yozishga oid mashqlar yordami bilan ham ona tilidan o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlab borish tavsiya etiladi.

Doimiy tekshirish va baholash berilgan bilimlarning mustahkamlashni ta’minlovchi ta’limiy shartlardan biridir. Ona tilidan o‘rganilgan bilimlarni o‘quvchilar qanday o‘zlashtirganini aniqlashda yozma ish mashqlarning asosiy turlari bo‘lgan ko‘chirib yozish, ta’limiy (ta’kidiy, izohli, rasm, lug‘at, ijodiy, erkin) va tekshirish diktantlari hamda ta’limiy bayon va insholardan foydalaniladi.

Tekshirish maqsadida o‘tkaziladigan yozma ishlar lug‘at diktanti uchun taxminiy so‘z soni: 1-sinfda savod o‘rgatishdan so‘ng 8-10 so‘z, 2-sinfda 10-12 so‘z, 3-sinfda 14-16 so‘z, 4-sinfda 18-20 so‘z; tekshirish diktanti uchun tanlanadigan matndagi so‘z soni: o‘quv yilining oxiriga kelib 1-sinfda 15-20 so‘z, 2-sinfda 30-40 so‘z, 3-sinfda 50-60 so‘z, 4-sinfda 75-80 so‘z.

Bayon: 2-sinfda 35-40 so‘zli matn yuzasidan so‘roq gaplardan tuzilgan tayyor reja asosida bayon yozish; 3-sinfda 55-60 so‘zli va 4-sinfda 70-80 so‘zli matn yuzasidan birgalikda tuzilgan reja asosida so‘ngra esa mustaqil ravishda tuzilgan reja asosida bayon yozish.

O‘quvchilarni har bir darsda kitob bilan ishlashga (o‘rganilayotgan mavzuni, kerakli qoidani, mashqni tezda topishga, mashq topshiriqlarini tartibi bilan izchil bajarishga) bajarilayotgan mashqning maqsadini (nimaga o‘rgatishini) tushunishga o‘rgatish kerak.

O‘quvchilarda bilish jarayonini faollashtirish va ona tilidan beriladigan bilimlarni puxta o‘zlashtirish uchun ta’limiy o‘yinlar qatnashadigan turli qiziqarli mashqlar, boshqotirma krossvord – kataklarni harflar bilan to‘ldirib, o‘ylangan so‘zlarni topishga oid topishmoq mustaqil ma’noga ega bo‘lgan bir necha so‘zdan tuzilgan so‘zni topish (belbog‘, gultojixo‘roz); so‘z yoki gapni shakl, harf, belgilar bilan ifodalaydigan topishmoq; har xil ko‘rgazmali qurollar, texnik vositalardan foydalanish va darsda ish orqali bolalarning toliqishining oldini olishga hamda dasturda tavsiya etilgan ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarni birgalikda hal etishga erishish zarur.



Ona tili

I-sinf

Fonetika, grammatika, imlo va nutq o‘stirish

(68 soat)

1. Tovushlar va harflar ( 28 soat)

Tovushlar va harflar. Unli tovushlar va harflar; a va o, i va u, o va o‘ unlilarning talaffuzi va imlosi. Undosh tovushlar va ularni ifodalovchi harflar. Ayrim undosh tovushlarning talaffuzi va imlosi ( d-t , b-p, z-s undoshlarining talaffuzi va imlosi), so‘z oxirida, talaffuzda tushib qoladigan d, t undoshlari. Harf birikmalari: sh,ch, ng. Alifbo: Harflarning nomi. Harflarning bosh va kichik shakllari. So‘zlarni alifbo tartibida yozish.

Tutuq belgisi (,), uni so‘z tarkibida to‘g‘ri shakllantirish. Tutuq belgisining so‘zdagi vazifasi: o‘zidan oldingi unlining cho‘ziq aytilishiga, oldingi bo‘g‘inni keyingi bo‘g‘indan ajratib talaffuz qilinishiga xizmat qilishi.

Bo‘g‘in. So‘zlarni bo‘g‘inga bo‘lish. Bo‘g‘in ko‘chirilishi, bir unlidan iborat bo‘g‘inli so‘zlarning bo‘g‘inlab ko‘chirilishi, tutuq belgili so‘zlarni, ketma – ket kelgan bir xil undoshli so‘zlarni bir yo‘ldan keyingi yo‘lga bo‘g‘inlab ko‘chirish. Harf birikmasi (sh,ch , ng) qatnashgan so‘zlarning bir yo‘ldan ikkinchi yo‘lga ko‘chirilishi.



2. So‘z ma’nosi ( 23 soat )

Shaxs va narsalar nomini bildirgan so‘zlar, ularning kim?, nima?, kimlar?, nimalar? so‘roqlariga javob bo‘lishi, ism va familiyalarning, respublika, shahar, ko‘cha, qishloq, daryo nomlarining bosh harf bilan yozilishi.

Shaxs-narsa harakatini bildirgan so‘zlar, uning nima qildi?, nima qilyapti?, nima qiladi? so‘roqlariga javob bo‘lishi. Shaxs-narsaning belgisini bildirgan so‘zlar, ularning qanday?, qanaqa? so‘roqlariga javob bo‘lishi. Shaxs va narsaning miqdorini bildirgan so‘zlar.

Darslikda berilgan lug‘atdan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish.



3. Nutq va gap (12 soat)

Nutq. Nutqning og‘zaki va yozma shakllari.

Matnning gaplardan tuzilishi.

Gap. Gapning bosh harf bilan yozilishi va uning oxiriga nuqta, so‘roq, undov belgilarining qo‘yilishi; gapning kim yoki nima haqida aytilganini bildirgan so‘zni aniqlash; rasmlarga qarab gap tuzish va yozish; savol-javob gaplar; savol-javob tuzilishidagi matnlarning yozilishi; nutq odobi.



4. Yil davomida o‘tilganlarni takrorlash ( 5 soat)

Husnixat

Yozuvga oid malakalarni shakllantirish; yozish jarayonida partada to‘g‘ri o‘tirish, daftarni belgilangan qiyalikda qo‘yish; ruchkani to‘g‘ri ushlash; yozuv chiziqlarini farqlash, harflarni yozuv chiziqlari orasida to‘g‘ri joylashtirish; harflarning qiyaligi, ulanishi hamda so‘zlar orasini bir xil tenglikda chamalash.

Kichik va bosh harflarni savod o‘rgatish jarayonidagi kabi tartibda husnixat bilan yozishni mashq qilish.

O‘quv yili davomida o‘rganiladigan imlosi qiyin so‘zlar: ajdar, arg‘imchoq, achchiq, bodring, boyqush, bog‘bon, bog‘cha, burgut, daraxt, eshik, garaj, harf, havo, holva, jahl, jahon, jajji, kombayn, kuch, mag‘rur, mehmon, oyoq, og‘a-ini, pishloq, pochta, qaldirg‘och, qarindosh, qarz, qasr, qirg‘ovul, qishloq, quruvchi, quzg‘un, qo‘shiq, qo‘g‘irchoq, qo‘zichoq, sanchqi, sanoat, savatcha, sirk, siyoh, sochiq, Toshkent, uloqcha, urishqoq, uchrashmoq, xirmon, xontaxta, yong‘oq, zinapoya, yashnamoq, o‘rik, o‘yinchoq, o‘quvchi, o‘q, shaftoli, shahar, shamol, sholg‘om, shudring, sho‘rva, chaqaloq, chinni, chiroyli, chumchuq, chuchuk, chuchvara, chopmoq, chorraha, choynak.

II sinf


Download 1,71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish