HAYVONLARNING YASHASH MUHITI.
YAshash muhiti to’g’risida tushuncha. YAshash muhiti tirik organizmni
o’rab olgan tabiiy sharoitdan iborat. Er yuzida hayvonlar bir-biridan keskin farq
qiladigan har xil muhit – suv, tuproq, havo, quruqlik va tirik organizmlar tanasida
hayot kechiradi.
Suv yashash muhiti sifatida o’ziga xos xususiyatlarga ega. Suv muhiti o’ta
zichligi, bosimning kattaligi, kislorod va yorug’likning kamligi bilan farq qiladi.
Bundan tashqari, suv havzasining ayrim qismlari suvdagi mineral va organik
moddalarning miqdori, suv oqimining yo’nalishi va tubining xususiyati bilan bir-
biridan farq qiladi. SHu sababli suv hayvonlari suv muhitiga umumiy moslashuvi
bilan birga suv havzasining ayrim qismlaridagi sharoitga ham moslashuvi zarur.
Hayvonlar okean, dengiz, daryo, ko’l va erosti suvlarida ham yashaydi. Ular suv
yuzasida, suv tubida, suv tubidagi balchiqda yoki suv qa’rida muallaq yashashga
moslashgan.
Quruqlik va havo muhiti suv muhitiga qaraganda juda xilma-xil va murakkab
muhit hisoblanadi. Bu muhitda hayvonlar organizmi havo, ya’ni gazsimon muhit
bilan o’ralgan bo’lib, unda kislorod etarli bo’lsa-da namlik kam bo’ladi. Bunday
murakkab sharoitda yashashga moslashuv hayvonlarning morfologik tuzilishi
(harakatlanish organlari, tana qoplog’ichi) va fiziologik xususiyatlari ancha
murakkablashishiga olib kelgan.
Tuproq murakkab uch fazali (qattiq, suyuq, gazsimon) yashash muhitidir.
Undagi qattiq zarrachalarni havo va suv o’rab turadi. Tuproqda havo va suv bilan
to’lgan juda ko’p mayda bo’shliqlar bo’ladi. Tuproqda haroratning o’zgarishi kam
seziladi va namlki ko’p bo’ladi. Unda doimo organik va mineral moddalar
to’planadi. Tuproq suv bilan quruqlik muhiti o’rtasidagi oraliq muhit hisoblanadi.
Ana shuning uchun ham tuproq juda xilma-xil organizmlar hayot kechirishi uchun
juda qulay muhit hisoblanadi.
15
Tirik organizmlar yashash muhiti sifatida tashqi muhitdan keskin farq qiladi.
Har bir ko’p hujayrali organizm tanasida o’zining parazitlari bo’ladi. Xo’jayin
organizmida parazit uchun oziq doim etarli bo’lsa-da, lekin parazitning rivojlanishi
uchun juda ko’p qiyinchilik tug’iladi.
Muhitning tarkibiy qismi va xususiyati xilma-xil va doimo o’zgarib turadi.
SHuning uchun tirik organizmlar doimo o’zgarib turadigan muhitga moslashib
boradi. Organizmlarning muhitga moslashuvi adaptasiya deyiladi. Adaptasiya
tufayli organizmlar tuzilishi o’zgarib, murakkablashib boradi.
Muhitning organizmlarga ta’sir ko’rsatadigan elementlari ekologik omillar
deyiladi. Muhit faktorlari juda xilma-xil xususiyatga ega bo’ladi. Ular organizm
uchun foydali yoki zararli bo’lishi, organizmning yashab qolishi va ko’payishiga
yordam berishi yoki unga to’sqinlik qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |