shu’ba leksemasi bilan ifodalanayotgani bois yangi lug‘atda bu ma’noga izoh berilmasdan shu’ba leksemasiga havola etilgan. Lekin bu yerda shu’baning ikki ma’noga egaligi va bu ma’nolar lug‘atda qayd etilganligi hisobga olinmagan. Ya’ni shu’baning 2-ma’nosi musiqa termini hisoblanadi:
2 mus. Shashmaqom tarkibiga kiruvchi olti maqomdagi har bir bo‘limning nomi (O‘TIL, 5, 9-b).
Demak, shu’baning uchinchi ma’nosi («seksiya» ma’nosi) O‘TIL da berilmagan.
O‘zMEda shu’baning faqat musiqiy terminlik ma’nosigina berilgan. Lekin uning korxona leksemasi bilan birikuvidan hosil bo‘lgan birikma termin berilgan (O‘zME, 2005, 10-j, 140-b).
Bugungi kunda shu’ba leksemasi ijtimoiy-siyosiy sohada faol qo‘llanmoqda. Uning boshqa so‘zlar bilan birikishidan yangi birikma terminlar hosil qilingan hamda ijtimoiy hayotda keng ko‘lamda qo‘llanmoqda. Masalan, shu’ba korxona (dochernoye predpriyatiye), shu’ba xo‘jalik jamiyati (O‘YUE), umumiy shu’ba («Ish yuritishdan lug‘at»da «obshiy sektor» umumiy shu’ba deb tarjima qilingan) birikma terminlari lug‘atlarga ham kiritilgan.
Lekin shu’ba so‘zining yozilishida katta muammolar ko‘zga tashlanadi. Shu’ba ijtimoiy-siyosiy termini darslik, lug‘atlar, matbuot sahifalarida turlicha – goh shu’ba, goh sho‘ba tarzida yoziladi. So‘z hamda terminlar yozilishi va ma’nosining me’yoriy to‘plami hisoblangan O‘TIL hamda imlo lug‘atida shu’ba deb berilganu, lekin O‘TIL (5 jildli)ning o‘zida bunga amal qilinmagan. O‘TILda hatto bir betning o‘zida ikki xil yozilish holatlari uchraydi: bo‘lim leksemasida sho‘’ba, bo‘limchada shu’bacha tarzida (O‘TIL, 1, 409-b).
O‘zMEda birikma termin sho‘’ba korxona tarzida yozilgan. «O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi»da ham shu’ba termini sho‘’ba tarzida berilganki, bu qo‘pol xato keyingi davrdagi yuridik hujjatlarda (yoki bora-bora) terminning xuddi shu shaklda (sho‘’ba deb) rasmiylashtirilishiga sabab bo‘ladi deb ayta olishimiz mumkin.
Musiqa termini sifatida esa hamma lug‘atlarda: O‘TILda ham, O‘zMEda ham sho‘ba tarzida yozilgan.
Bizningcha, shu’ba leksemasining bu tarzda ikki xil yozilishiga sabab uning asli talaffuzi va yozilishini bilmaslikdir. Shu’ba asli arabcha so‘z bo‘lib, uning o‘zbek tilida dastlab qo‘llangan davrida arab yozuvi iste’molda bo‘lgan (20-asrning 30-yillarigacha). Arab yozuvida «u» va «o‘» tovushlari uchun bitta harf – «vov» harfi qo‘llanishi ma’lum. Shu boisdan ham shu’ba so‘zining yozilishidagi ikki xillik uning talaffuzini yaxshi bilmaslik oqibatida kelib chiqqan deb hisoblaymiz.
Xulosa qilib aytish mumkinki, izohli lug‘atlarda ijtimoiy-siyosiy terminlar izohida ma’no jihatdan yaqinroq terminlar termin ma’nosini yaqqolroq tasavvur qilish uchun keltirilsa-da, ular ko‘pincha mutlaq sinonim bo‘lavermaydilar. Shu bilan birga shuni qayd etish kerakki, bunday lug‘atlarda ijtimoiy-siyosiy terminlar ma’nolari izohi, pometalar qaydi hamda yozilishida ayrim kamchiliklarning mavjudligi izohli lug‘atlarda ham soha terminlarida kamchiliklar borligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |