Qora Yusuf
Qora yusuf (? - 1420.13.11, Ujon) — Qora qoʻyunli turkman qabilasi amiri Qoramuhammad turkmanning oʻgʻli. Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafar-noma" asarida qayd etilishicha, Amir Temur Gʻarbiy yurishlari chogʻida Q.Yu.ning hajga boruvchilar va savdo karvonlarini talab, qaroqchilikni kasb etganini bilgach, uni qattiq taʼqib ostiga oladi. Q.Yu. Amir Temurga qarshi Iroq hokimi Ahmad Jaloyir bilan ittifoq tuzadi, biroq ular Sohibqiron hujumiga dosh berolmay Misr va Rum sultonlaridan panoh izlaydilar. Amir Temur vafotidan soʻng , Q.Yu. Tabrizga qaytadi va tez orada oʻzini tiklab Temuriylar saltanatiga xavf tugʻdira boshlaydi.
1408 yil 13 aprelda Tabriz yaqinidagi Shanbi Gʻozonda mirzo Abubakr ibn Mironshoh bilan Q.Yu. oʻrtasida qattiq jang boʻladi va Q.Yu. lashkari gʻolib keladi, Mironshoh mirzo shu jangda halok boʻladi.
Shundan soʻng Iroqi Ajam, Ozarbayjon, Arron, Mugʻon, Diyorbakr, Iroqi Arabdan iborat hududlar uning hukmi doirasiga oʻtadi va Q.Yu. Temuriylarga qarashli Sultoniyaga daʼvogarlik qiladi. Shohrux mazkur xavfni bartaraf etish va akasi Mironshoh oʻlimi uchun ham qasos olish maqsadida katta lashkar bilan Q.Yu. ustiga yurish boshlaydi. U Rayga yetib borganida Q.Yu.ning Ujonda oʻlgani haqida xabar keladi.
Q.Yu. vafotidan soʻng , uning oʻgʻillaridan amir Iskandar Temuriylar saltanatiga tajovuz qilgan. Shohrux uning ustiga katta lashkar tortib 1429 yil 17—18 sentabrda Salmos yaqinidagi shiddatli jangda amir Iskandar lashkarini tor-mor etgan
Qorachoʻrin
Qorachoʻrin - Gʻarbiy Turk xoqonligi hukmdorlaridan biri (576—603). Istaminint oʻgli. Q. 576 yil Istami yabgʻu vafot etgach, uning oʻrnini egallaydi. Q. otasining ishini davom ettirib, asosiy eʼtiborni Gʻarbga, xususan, Sosoniylar Eroniga qaratadi.
Q. davrida Turk xoqonligi — sosoniylar siyosiy munosabatlarida xoqonlikning qoʻli baland kela boshlaydi.
6-asrning oxirgi choragiga kelib xoqonlikning sharqiy qismida boshboshdoqlik avj ola boshlagan. Taspar xoqon vafot etgach (581), uning vorislari orasida taxt talashuvlari avj oladi. Sharqiy Turk xoqonligi hukmdori Ishbara xoqon davrida (581—587) undan norozi boʻlgan shahzodalar Xitoy sulolalari bilan til biriktira boshlaydilar. Bunga Q. ham tortiladi. Xitoydagi Suy sulolasi xoqonlikni parchalash niyatida "Oʻnoʻq" boshqaruvi yabgʻusi Q.ga elchi yuborib, uni yagona Turk xoqoni sifatida tan olishini bildi-radi. Natijada, markazi Yettisuv boʻlgan Shim. Qora dengiz boʻylari, Shim. Kavkaz, Volgaboʻyi, Amudaryo-Sirdaryo oraligʻi, Xuroson, Shim. Afgʻoniston, Sharqiy Turkiston hududlarini oʻz ichiga olgan Gʻarbiy Turk xoqonligi tashkil topadi.
Suy sulolasi Turk xoqonligining bir markazga birlashtirishga hara-kat qilgan Tuli (600—609) tarafini oladi, Toʻnga Turon oʻldiriladi (600), fursatdan foydalangan Q. markaziy hokimiyatni egallaydi. Endi Suy sulolasi Tulini Q.ga qarshi qoʻya boshlaydi. 601—603 yillar orasida Xitoyning shim. viloyatlariga bir necha safar uyushtirib Tulini bartaraf etishga harakat qilgan Q. muvaffaqiyatsizlikka uchrab, zaiflashadi. Buning ustiga tele qabilalarining isyoni hokimiyatga qarshi katta zarba boʻladi. Q. hokimiyatni boy berib, 603 yilda Nanshan togʻlari atrofida yashovchi tuguxun (togon) lar huzuriga qochib, oʻsha yerda bedarak ketadi
Do'stlaringiz bilan baham: |