Abulgʻoziy Bahodirxon
Abulgʻoziy Bahodirxon (1603.23.8, Urganch-1663. 4, Xiva) – Xiva xoni (1643–1664), shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib. Abulgʼoziy Bahodirxonning og‘alari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qalʼasiga qamadilar. Otasining tarafdorlari bo‘lgan katta og‘asi Asfandiyor Eronga, Abulgʼoziy Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi. 1623-yilda akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, Abulgʼoziy Bahodirxon Urganchga hokim qilib tayinlandi. Lekin Asfandiyorxon bilan o‘rtalarida nizo chiqib, Abulgʼoziy Bahodirxon 1627-yilda qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tur-sunxon bilan birga bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, turkmanlarningtaklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur bo‘ldi. 1629-yilda turkmanlar Eronga tobe bo‘lgan Niso va Durunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan cho‘chib, aybni Abulgʼoziy Bahodirxonga to‘nkadi va uni 1630-yil qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi. Abulgʼoziy Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfahon yaqinidagi Taborak qalʼasida qamoqda yashadi. 1639-yilning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Abulgʼoziy Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644-yil Xiva taxtiga o‘tirdi. Abulgʼoziy Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi. U 1663-yilda hokimiyatni o‘g‘li Anushaxonga topshirdi.
Tarixga oid asarlari
Abulgʼoziy Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham eʼtiborga sazovor. Uning "Shajarayi tarokima" va "Shajarayi turk" asarlari O‘zbekiston, umuman O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi.
Abulgʼoziy Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid "Manofiʼul inson" ("Insonga foydali narsalar") nomli asar ham yozgan.
Hayoti
Mashhur adib, tarixchi olim va davlat arbobi, turkiy xalqlar shajarasining yaratuvchilaridan. Abulgʻozi Bahodirxon Xiva xoni Arabmuhammad oilasida (1603)-tugʻildi. Oʻn uch yoshligidan (1616)-boshlab, toj-taxt uchun kurashlarda ishtirok etgan. Abulgʻozi 1644-yilda Xorazm taxtini egallaydi, 20 yil hukmronlik qiladi, 1644-yil aprelda vafot etadi.
Asarlari
Abulgʻozining «Shajarayi tarokima» va «Shajarayi turk» nomli tarixiy asari hamda «Manofeʼul-inson» nomli tibbiyotga oid risolasi yetib kelgan. «Manofeʼul-inson»da 120 dan ortiq xastalik, uni davolash haqida maʼlumot berilgan.
«Shajarayi tarokima» (1661) turkman xalqi ajdodlari, «Shajarayi turk» (1663-64) oʻzbek urugʻlari haqida. «Shajarai turk» toʻqqiz bobdan iborat. Tarixiy voqealar badiiy boʻyoqlar, hayotiy lavhalar orqali tasvirlangan.
Asar sharq, rus va gʻarb olimlarining ham eʼtiborini tortgan. Qozonda bir necha marta nashr etilgan (Rumyantsev nashri, 1825; Sablukov nashri, 1854.; Demezon nashri, 1871) T.N.Demezon asarni fransuz tiliga tarjima (1871) qilgan. Asar fransuz, ingliz xalqlari orasida keng tarqalgan.
«Shajarayi turk» va «Shajarayi tarokima» asarlari turkman, tojik, oʻzbek, moʻgʻul xalqlari tarixini yoritishda tayanch manbalardandir. B.Ahmedov, Q.Munirov, K.Yusupov, Ya.Gʻulomov, M.Yoʻldoshev kabi olimlar Abulgʻozi maʼlumotlaridan keng foydalanishgan. A.N.Kononov, A.M.Shcherbak, S.I.Ivanov kabi tilshunos olimlar Abulgʻozi asarlariga suyanishgan. O.Sharafiddinov, M.Yunusov, V.Abdullaevlar adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etishgan.
Abulgʻozi Bahodirxon asarlarining Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi
Do'stlaringiz bilan baham: |