Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirishning asosiy maqsad va vazifalari
Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirishning asosiy maqsadi — bolalarning o‘qishdan tashqari vaqtini sermazmun o‘tkazish, ularning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan hordiq chiqarishlarini ta’minlash, ular ongiga milliy g‘oyani, vatanparvarlik tuyg‘ularini hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish orqali har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iboratdir.
Mazkur maqsadga erishish uchun amalga oshiriladigan vazifalar quyidagilardan iboratdir:
bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirishni tashkil etish va amalga oshirishning mukammal tizimini yaratish, respublika oromgohlar tarmog‘ini takomillashtirish va rivojlantirish;
bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish yuzasidan har yili rejalar ishlab chiqish, zarur moliyaviy mablag‘lar manbalarini aniqlash va jalb etish orqali ushbu rejalarni to‘liq amalga oshirish;
bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, unda bajarish muddatlari va mas’ullarni aniq ko‘rsatish, ushbu reja ijrosini muntazam ravishda nazorat qilib borish;
bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirishni tashkil etish yuzasidan vazirlik, idora, tashkilot va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish;
mazkur yo‘nalishda hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni joyining o‘ziga chiqqan holda o‘rganib, doimiy ravishda monitoring qilib borishni yo‘lga qo‘yish, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli choralarni amalga oshirish;
bolalarda bugungi kundagi “ommaviy madaniyat”ning turli illatlariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ular ongiga umuminsoniy va milliy qadriyatlarni singdirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish, bu boradagi ishlarga davlat va jamoat tashkilotlarini keng jalb etish.
Oromgohlar faoliyatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
bolalar hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlagan hamda ratsional ovqatlanishni tashkil etgan holda, ularning sifatli dam oldirilishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish;
bolalar manfaatlarining ustuvorligi, ularning ijodiy rivojlanishi hamda o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ijtimoiy me’yorlar va oromgoh qoidalariga rioya qilgan holda, pedagog va yetakchilarning bolalar shaxsini rivojlantirish va ularning ko‘ngilli dam olishlarini ta’minlash borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-qavatlash;
bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish mobaynida bolalar ongiga umuminsoniy va milliy qadriyatlarni singdirish, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratish.
Har bir oromgoh jamoasi o‘z tashkiliy-pedagogik faoliyatining yo‘nalishlarini yuqori darajadagi tegishli tashkilotlar tavsiya va ko‘rsatmalari asosida mustaqil ravishda ishlab chiqadi.
U o‘z ichiga sog‘lomlashtirish, rivojlantirish, ta’lim-tarbiyaviy va bolalarni ijtimoiy tiklash dasturlarini ishlab chiqish, bolalarni ijtimoiylashtirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish kabilarni qamrab oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |