3. Ta’lim jarayonida interfaol metodlardan foydalanish afzalliklari
Zamonaviy sharoitda ta’lim samaradorligini oshirishning eng maqbul yo‘li – bu darslarning interfaol metodlar yordamida tashkil etish. Interfaol metodlar didaktik imkoniyatlarga ega bo‘lib, ulardan ta’lim jarayonida o‘rinli, maqsadga muvofiq qo‘llanilsa natijaga erishish samaralarni kafolatlaydi. Interfaol ta’lim usullari o‘quvchilarning nutq, tafakkur, mulohaza, zehn iste’dod, zakovatlarini o‘stirish orqali ularning mustaqil fikrlaydigan, komil insonlar bo‘lib yetishlariga xizmat qilgan. Interaktiv o‘qitish metodini qo‘llash jarayonida o‘quvchilarning barchasi bilish jarayonida faol qatnashadilar, ular o‘zlari bilgan, esga tushirgan, o‘ylagan ma’lumotlariga tayanishlari, ulardan bilish jarayonida foydalanishlari mumkinligini tushunadilar va shunga moslashadilar. Birgalikdagi aqliy bilish, izlanish faoliyatida har bir o‘quvchi shaxsan ishtirok etib, unga o‘z hissasini qo‘shadi. Bilimlari, g‘oyalari, qarashlari, nuqtayi nazarlari, faoliyat ko‘rsatish usullari bilan o‘quvchilar o‘zaro fikr, tajriba almashadilar.
Shuningdek, dars davomida o‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib yangi pedtexnologiyalardan, multimediya vositalaridan foydalanib, til va adabiyot ta’limi darslarida quyidagi “Muammoli o‘qitish texnologiyasi”,“Aqliy hujum”,“Muzyorar”, “Bumerang”,“Yelpig‘ich”, “FSMU”, “O‘rgimchak to‘ri”, “Ishbilarmonlik o‘yini”, “Klaster”, “Charxpalak”, “B-B-B”, “Rolli o‘yini”, “Venn diagrammasi”, Kichik guruhlarda ishlash”, “Mozaika” usuli kabi interfaol metodlar va didaktik o‘yinlardan foydalanish darsdan kutilgan natijaga erishish imkoniyatini beradi. Dars o‘tish uchun qaysi texnologiyadan foydalanish o‘quv fani, dars turi va undagi mavzuning xususiyatlaridan kelib chiqib tanlanadi. Quyida biz keltiradigan o‘qitishning interfaol metodlari fikrimizning dalilidir. Masalan, “Muammoli o‘qitish texnologiyasi” ni olaylik. Mazkur texnologiya ta’lim jarayonidagi samarador o‘qitish texnologiyasi sanaladi. Muammoli o‘qitish texnologiyasining afzalligi shundaki, avvalam bor, o‘quvchilarning mustaqil aqliy faoliyatini rivojlantiradi. O‘quvchilarni intellektual mashaqqat keltirib chiqargan sabablarni tushunishiga, unga kirish, muammoni so‘z bilan ifodalash, ya’ni faol fikr yuritishni belgilashga olib keladi. Bu o‘rinda izchillik erkin ko‘rinadi, avvalo muammoli vaziyat yuzaga keladi, so‘ng o‘quv muammosi shakllanadi. Muammoli o‘qitish bilimlarni ongli va mustaxkam o‘zlashtirish, atrof-muhitga o‘zining faol munosabatini belgilab olishda, o‘quvchilar bilish faoliyatini jonlantirishda katta imkoniyatlarga ega. Muammoli vaziyat yaratish o‘quvchilarda izlanish faoliyatini shakllantishga qaratilgan. Mazkur metod asosida bitta muammoni olg‘a surish va asoslash yotadi. Muammoli vaziyat tarkibiga: savol tarzida vazifalar qo‘yish, farazlarni olg‘a surish, nazariy asoslovchi vazifalar, ularni yechish yo‘llari kiritiladi. Muammo o‘qituvchi tomonidan shakllantirilib, muammo tarzida bayon etiladi, o‘quvchilar esa o‘ylab fikr yuritish asosida muammoni o‘zlari yechadilar yoki muammo o‘quvchilar tomonidan qo‘yilib, ularning o‘zlari tomonidan yechiladi. Ushbu metodning muhim tomoni shuki, unda o‘qituvchi muammoli masalani kichik muammolarga ajratadi, o‘quvchilar esa ana shu muammoni birgalashib bajaradi.
Aqliy hujum - o‘qituvchi qo‘ygan savol yoki muammo yuzasidan har bir o‘quvchi o‘z fikrini bayon etishiga imkon beruvchi metod. Aqliy hujumda hamma fikrlar, hatto to‘g‘ri bo‘lmaganlari ham bir yerga jamlanadi. To‘plangan fikrlarni tahlil qilish o‘quvchilarning qo‘yilgan savol yoki muammoni to‘g‘ri tushunishlariga imkon beradi. O‘quvchilarga yangi tushunchalarni va bilimlarni yetkazib berishda, muommoli masalalarni hal etishda va o‘quvchilarning faolligini oshirishda "Aqliy hujum” usulidan ko‘proq foydalanish maqsadga muvofiq. Bunda aniq maqsad asosida o‘quvchilarga beriladigan bilimlar o‘quvchilar hukmiga havola etiladi. Bunda barcha o‘quvchilarga muammoning yechimiga tegishli, o‘z fikrini cheklanmagan holda bayon etish imkoniyati yaratiladi. Barcha javoblarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligidan qat’iy nazar, tanqid qilinmasdan yozib boriladi. Aqliy hujum to‘xtatilgandan so‘ng, javoblar muhokama qilinib, qo‘yilgan maqsadga eng yaqini qabul qilinadi. Aqliy hujum usulidan adabiyot darslarida o‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib yoki bo‘lmasdan ham foydalanish mumkin. Masalan: Guruhlarga topshiriq asosida yangi mavzu tushuntiriladi, yangi mavzuni tushuntirishda yoki o‘quvchilarga o‘tilgan mavzu asosida “Aqliy hujum” asosida savollar berib, javoblar olinadi. 1.Cho‘lpon ijodi namunalari uzoq vaqt mobaynida o‘quvchilardan berkitib kelinganining sababi nimada deb o‘ylaysiz? 2. “Go‘zal” she’ridai Go‘zal timsolini kim deb o‘ylaysiz? Odam timsolimi, ozodlik ramzimi, baxtmi yoki taqdir ifodasimi? 3.Qullik sizningcha qayerdan boshlanadi: jismning tutqunligidanmi yoki ko‘ngilning? 4. “Binafsha, sen uchun ko‘kragim erk yeri” misrasining mazmunini sharhlang.
“Kichik guruhlarda ishlash” - eng samarali interfaol metodlardan biri bo‘lib, o‘quvchilarning jamoa bo‘lib ishlash, muloqot qilish, fikr almashish, o‘z nuqtayi nazarini asoslash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Bunda guruhda tahlil qilish, baholash, tekshirish asosida muayyan mavzu yoki savollar ishlab chiqiladi. Kichik guruhlarda a’zolar soni 5-6 kishidan iborat bo‘lishi mumkin. Samarali natijaga erishish uchun 4-5 kishilik guruhlar tashkil etish tavsiya etiladi.
“Bumerang texnologiyasi” – o‘quvchilarni dars jarayonida, darsdan tashqarida turli xil adabiyotlar bilan ishlash, o‘rganilgan materiallarni saqlab qolish, so‘zlab bera olish, fikrni erkin holda bayon eta olish hamda bir dars davomida barcha o‘quvchilarni baholay olishga qaratilgan. Mazkur texnologik mashg‘ulot davomida o‘quv materialini chuqur va yaxlit holatda o‘rganish, ijodiy tushunib yetish, erkin egallashga yo‘naltirilgan.
Dars jarayonida yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llash yaxshi, lekin birinchi navbatda o‘qituvchi qaysi texnologiyani, qaysi mavzuga qo‘llash mumkinligini va shu orqali qanday natijaga erishishini bilib qo‘llagani maqul, sababi hamma mavzularga bir xil texnologiyani qo‘llash, o‘quvchilardagi fanga bo‘lgan qiziqishni so‘ndiradi va ularda darsdan zerikish hissini uyg‘otadi. Masalan, “keys-stadi”ni takrorlash umumlashtirish darslarida yoki muammoli vaziyatlar ko‘p ushrashadigan mavzularda, “Insert” texnikasini o‘tilgan mavzuni mustahkamlash uchun uyga vazifa sifatida, “FSMU”, “Nima uchun”, “Venn diyagrammasi”, “Qiyosiy tahlil”, “Klasster”, “Auktsion” texnologiyalarini mavzu o‘rtasida qo‘llash mumkin. Bu texnologiyalarni o‘qituvchi, albatta, o‘z fani mavzulariga moslashtirib o‘rni-o‘rnida foydalanadi.
Xulosa o‘rnida interfaol usulda ish yuritmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarga shuni eslatmoq darkorki, yangicha ishlash uchun faqatgina adabiyotlar o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun, o‘qituvchi o‘z faoliyatida interfaol metodlarni qo‘llash uchun, u shaxsan o‘zi ishchanlik o‘yinlari, aqliy xujum, munozara, debatlarda qatnashib turishi va o‘zi tajribadan o‘tkazib, bu ishga shaxsiy xissasini qo‘shib borishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |