Umuminsoniy axloq deganda turli davrlarda, zamonlarda barcha xalqlarda kishilarning turmushi, hayoti tarzida shakllanib, insonlarning o’zaro muomala munosabatlarini tartibga solib turuvchi umumiy tushunchalar, normalar va talablar umumiy axloqiy fazilatlar tushuniladi.
Milliy axloq esa umuminsoniy axloqqa xos asosiy xususiyatlarini saqlagan xolda aynan millat va elat kishilarigagina xos bo’ladigan ayrim axloqiy xususiyatlarini ham o’ziga mujassamlashtiradi.
Kishilarga yaxshilik qilish, rost gapirish, botirlik, kamtarlik, halollik, mehribonlik, insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik kabi axloqiy fazilatlarni hamma vaqt hamma xalqlar e‘zozlaganlar. Aldoqchilik, qo’rqoqlik, shafqatsizlik, o’g’rilik kabi illatlar qoralangan, axloqsizlik, odobsizlik deb hisoblangan. Bunday axloqiy qarashlar hamma xalqlar, hamma millatlarga xosdir. Shu bilan birga har bir millatning o’zigagina ko’proq xo’s bo’lgan axloqiy qarashlar, axloqiy tushunchalar, axloqiy fazilatlar ham mavjud.
Faoliyatning ma‘lum bir sohasi bilan shug’ullanuvchi kishilarga taalluqli axloqiy normalar, talablar ham bor. Bunday axloq kasb (professional) axloqi deyiladi. Har bir jamiyatda hukmron bo’lgan axloq bilan kasb axloqi o’rtasida ma‘lum bir munosabat mavjud. Bu umumiylik bilan xususiylik o’rtasidagi munosabatdir. Kasb axloqi umuminsoniy axloq nazariyasi qoidalarini, tamoyillari va tushunchalarini, afzalliklari va kamchiliklarini o’zida mujassamlashtiradi, oydinlashtiradi va rivojlantiradi. Bundan tashqari kasb axloqi faqat shu soha kishilari uchun xos bo’lgan ayrim odob, axloq normalari va qoidalarini ham o’z ichiga oladi.
Ayrim kasblar-o’qituvchi, shifokor, tijoratchi, huquqshunos, artist, raxbar xodimlar uchun inson-mehnat ob‘ekti hisoblanadi. Bu kasblarda mehnat ob‘ektining-shaxsning taqdiri ko’p jihatdan shu kasb egasining axloqiy faoliyatiga bog’liq. Bunday kasb egalarining faoliyat ob‘ekti bo’lgan odamlar bilan o’zaro muomala-munosabatlarini tartibga soluvchi axloqiy normalarga qat‘iy amal qilish talab etiladi. Bu esa shu kasb egalarining axloqiy mas‘uliyatini oshiradi. Jamiyatning, davlatning bunday kishilarga ishonchi ham boshqacha bo’ladi. Shuning uchun ham o’qituvchi, vrach, tijoratchi, raxbar xodimning axloqiy fazilatlari shu kasbda ishlashga yaroqli ekanligini ko’rsatuvchi muhim belgilardan hisoblanadi. Muallimlik ana shu kasblardan bo’lganligi uchun o’qituvchi odobi kasb axloqining boshqa turlaridan farq qiladi, bu- pedagogik faoliyatning axloqiy xarakteri va o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi.
Professional axloqqa doir bir necha asarlarning muallifi Ya.G. Yakubson kasb axloqini shunday ta‘riflaydi: «Professional etika ma‘lum bir jamiyatda ayrim kasb uchun xarakterli bo’lgan axloqiy normalar, tushunchalar, baho va ideallarning majmuidan iborat». (O pedagogicheskoy etike. L., 1973, 5-bet). Professional etika nazariyachilari o’z asarlarida kasb axloqining umuminsoniy axloq bilan o’zviy bog’liq ekanligini ta‘kidlab ko’rsatadilar. Kasb axloqi tushunchasi professional guruhlar axloqiy ongining rivojlanish darajasi amalda bir xil emasligini, u yoki bu kasb egalari faoliyatiga jamiyat tomonidan qo’yilayotgan axloqiy talablar darajasining har xilligini va nihoyat, professional guruh kishilarining ijtimoiy birlik sifatidagi manfaatlarini u yoki bu darajada ifodalaydigan axloqiy yo’l-yo’riqlarni aks ettiradi. Turli kasb egalari axloqiy ongining rivojlanish darajasidagi har xillik bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat sharoitida ham saqlanadi. Hozirgi davrda ham turli kasb kishilariga bo’lgan axloqiy talablar darajasidagi tafovutlar, farqlar mavjud.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992) davlatimiz fuqarolariga ilm olish huquqini va buning uchun zarur sharoitlar yaratishni kafolatlaydi. Davlatimiz bu siyosatni izchil amalga oshirmoqda. Maktablardagi ta‘lim-tarbiya ishlarining barchasi yoshlarni barkamol insonlar qilib tarbiyalashda yo’naltirilgan. Ta‘lim-tarbiyaning insonparvarligi, demokratikligi, tarbiyalanuvchilar, ta‘lim oluvchilarni hurmatlash O’zbekistonda ta‘lim sohasida davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. “Ta‘lim to’g’risida”gi Qonun (1992)ning 30-moddasida bolalarning qadr-qimmatini hurmatlash, bolada mehnatsevarlik, yaxshilik va muruvvat tuyg’usini, Vatanga, yoshi ulug’larga, davlat tili va ona tiliga, oilaga, milliy, tarixiy qadriyatlar va madaniy qadriyatlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo’lish tuyg’ysini tarbiyalash mas‘uliyatli vazifa ekanligi ko’rsatilgan.
Bu vazifalarni asosan maktab va o’quv yurtlarining pedagogik xodimlari, professor-o’qituvchilari bajaradilar. Shuning uchun ham qonunda pedagog xodimlar o’zlarining kasb-kor sha‘ni va qadr-qimmatlarini himoya qilishlari; odob-axloq qoidalariga rioya etishlari; bola, o’quvchi va talaba shaxsining qadr-qimmatini hurmatlashlari, ularni mehnatga, qonunlarga, ota-onalar va xotin-qizlarga, ma‘naviy, tarixiy, madaniy-milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish ruhida tarbiyalashlari; o’zlarining butun faoliyatlari va shaxsiy namunalari bilan umuminsoniy axloq qoidalariga; haqiqat, adolat, vatanparvarlik, insonparvarlik, yaxshilik va boshqa xayrli xislatlarga nisbatan hurmatni qaror toptirishlari; o’sib-ulg’ayib kelayotgan avlodni bir-birini tushunish, xalqlar o’rtasida, shuningdek, barcha elatlar, millatlar va diniy guruhlar o’rtasida tinchlik, ahil-inoqlik ruhida tarbiyalashlari (32-modda) lozimligi qayd etilgan.
O’qituvchi odobiga ta‘rif berganda mantiqiy tafakkur qonuniyatlarini buzib, xatolikka yo’l qo’ymaslik uchun o’qituvchi odobi kasb axloqining bir turi, ko’rinishidir, deb ta‘rifda o’qituvchi odobini tavsiflaydigan muhim, asosiy belgilarni ko’rsatish zarur. O’qituvchi odobining muhim, asosiy belgilari qatoriga quyidagilar kiradi: umuminsoniy va milliy axloqning qonuniyatlari, tamoyillari, tushunchalari, mezonlari talablariga amal qilish; pedagogik jarayonning va pedagogik faoliyatning o’zigagina xos bo’lgan xususiyatlariga binoan ularni oydinlashtirish, aniqlashtirish; umuminsoniy va milliy axloqning qonuniyatlari, vazifalari; muallimning o’quvchilari, kasbdoshlari, ota-onalari, maktab rahbarlari bilan muomalasida, munosabatlarida, shuningdek, o’quvchilarga tarbiyaviy ta‘sir o’tkazish, pedagogik mehnatning samaradorligida namoyon bo’lishi kabilar.
Demak, o’qituvchi odobi umuminsoniy va milliy axloqning qonuniyatlari, vazifalari, tamoyillari, tushunchalari, talablari, mezonlarini ta‘lim-tarbiya jarayonida oydinlashtirib, muallimning o’quvchilari, o’z kasbdoshlari, ota-onalari, maktab rahbarlari bilan muomala-munosabatlarida ifodalanadigan axloqiy xususiyatdir. O’qituvchi odobi fani esa professional etikaning, kasb axloqning yo’nalishlaridan biri bo’lib, umuminsoniy va milliy axloq qonuniyatlarining ta‘lim-tarbiya jarayonida qanday namoyon bo’lishini o’rganadi.
O’qituvchi odobi kursini o’rganishdan maqsad bo’lajak pedagoglarni kasb axloqiga doir bilimlar bilan qurollantirish, pedagogik mahorat, ahloqiy ko’niama va malakalarni egallab olish, amaliy faoliyatda o’qituvchining obro’yini oshirishga ko’maklashishdan iborat.
O’qituvchi odobi kursini o’rganishning asosiy vazifalari quydagilardan iborat:
bo’lajak o’qituvchilarga umuminsoniy va milliy axloqqa, kasb axloqiga, o’qituvchi odobiga doir bilim, malaka va kunikmalar berish:
ta‘lim-tarbiya jarayonida muallim bilan o’quvchilar, kasbdoshlari, ota-onalar, maktab rahbarlari o’rtasidagi muomala, munosabatlarni boshqarib, yo’naltirib, tartibga solib nazorat qilib borish;
pedagogik jarayon qatnashchilari orasidagi muomala, axloqiy munosabatlarla amal qilish lozim bo’lgan axloqiy me‘yorlarni belgilash, ularga amal qilish zarurligini bo’lajak pedagoglar ongiga singdirish;
o’quvchilar va bo’lajak o’qituvchilarga o’z-o’zini axloqiy tarbiyalash yo’llarini o’rgatish;
bo’lajak o’qituvchilarning ma‘naviy-axloqiy saviyasi, pedagogik-axloqiy madaniyatni oshirish.
O’qituvchi odobining mazmuni, shakllari, xarakterli xususiyatlarini aniqlashda axloq nazariyalari to’g’risidagi ilmiy ta‘limotlar va axloq qonuniyatlariga asoslaniladi. Jamiyat a‘zolari amal qidadigan, ijtimoiy taraqqiyotga yo’naltirilgan va xizmat qiladigan axloqiy talablar, normalar, mezonlar o’qituvchi odobi uchun ham xarakterlidir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ta‘lim to’g’risida”gi Qonun, direktiv hujjatlarda, mamlakatimiz Prezidentining nutqlarida O’zbekiston davlatining axloqiy tarbiya sohasida ijtimoiy buyurtmasi ifodalanadi. Kasb axloqining umuminsoniy va milliy-ma‘naviy qadriyatlarga asoslanishi o’qituvchi odobi uchun ham xarakterlidir. O’qituvchi odobining mazmuni , shakl va usullari xalqimizning tarixiy an‘analari, urf-dodatlari, fan, madaniyat, ma‘naviyat bobidagi ko’p asrlik tajribasi asosida kelajagi buyuk O’zbekiston davlatini barpo etish istiqbollarini ko’zlab tashkil etiladi.Barcha ijtimoiy hodisalar singari o’qituvchi axloqining shakllanish jarayoni ham ma‘lum ob‘ektiv qonuniyatlar asosida amalga oshiriladi. Afsuski, pedagogika fanida tarbiya va ta‘limning qonuniyatlari kam ishlangan. Pedagogik adabiyotlarda tarbiya va ta‘limning umumiy va xususiy (o’ziga xos) qonuniyatlari talga olinadi.
O’qituvchi odobi (axloqi)ning umumiy qonuniyatlariga quyidagilar kiradi:
o’qituvchi odobining xarakteri ijtimoiy taraqqiyotning har bir bosqichida shu jamiyatda mavjud bo’lgan ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan belgilanishi va davlat hujjatlarida ijtimoiy buyurtma sifatida ifodalanishi;
o’qituvchi odobining maqsadi, mazmuni va usullarining birligi;
yaxlit pedagogik jarayonda axloqiy ma‘rifat, axloqiy tarbiya va o’qituvchi odobining birligi.
O’qituvchi odobining xususiy (o’ziga xos) qonuniyatlari:
o’qituvchilik kasbini va bolalarni sevish;
o’qituvchi o’zi dars beradigan fanni, uni o’qitish nazariyasi va metodikasini, pedagogika, psixologiya va mafkuraga doir chuqur bilimga, yuksak ma‘naviy madaniyatga ega bo’lishi;
o’qituvchi shaxsining axloqiy pokligi;
jamiyat oldidagi burchni, pedagoglik mas‘uliyatini yuksak darajada anglash, axloqiy e‘tiqodli bo’lish;
o’zi bajarayotgan ishning haqligiga va o’z kuchiga, o’quvchilarning har biri ulg’ayib jamiyat uchun foydali, yaxshi odam bo’lishiga ishonch;
pedagogik takt, muomala odobi qoidalariga amal qilish;
o’qituvchining yaxshilik qilish istagi, xushmuomalaligi va amaliy ishlarining, ya‘ni so’zi bilan ishining birligi;
hamma o’quvchilarga nisbatan xolis niyatli, ob‘ektiv, talabchan, adolatli bo’lish;
pedagogik faoliyatning axloqiy xarakteri bilan pedagogik ijodkorlikning uyg’unligi.
O’qituvchi odobining manbalariga quyidagilar kiradi:
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992), ta‘lim to’g’risidagi «Qonun»i (1992), Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasining direktiv hujjatlari, respublika Prezidentining asarlari, ma‘ruzalari, nutqlari;
Umuminsoniy va milliy axloqqa, kasb odobiga doir ilmiy asarlar;
Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan donishmandlarning madaniy-ma‘rifiy, pedagogik merosi, Qur‘oni Karim, Hadisi Sharif;
milliy-axloqiy qadriyatlar, an‘analar, urf-odatlar;
o’zbek xalq pedagogikasi asarlari, odobnomalar va ularga doir ilmiy-pedagogik tadqiqotlar;
axloqiy tarbiyaga doir, o’qituvchi odobiga doir ta‘limotlar;
maktablarda odobnoma, adabiyot va boshqa fanlarni o’qitish tajribasi,pedagogik amaliyotga doir materiallar;
ta‘lim-tarbiya jarayonini, pedagogik faoliyatni aks ettirgan badiiy asarlar.
Ahloqiy pand-nasihatlarning, ta‘lim-tarbiyaning ijodkori ham, asrlar davomida yoshlarni kamolot sari yetaklab, ularga hayot ilmini, turmush saboqlarini o’rgatib kelgan to’ng’ich ustoz ham-hayot, xalqdir. Yer yuzidagi barcha kishilar singari turkiy qabilalar ham qadim zamonlardayoq hayotiy ehtiyoj taqozosi bilan o’z bolalarini sog’lom, baquvvat, mehnatsevar, katta-kichiklarni izzat-hurmat qiladigan, xushaxloq, botir, jamoani, vatanni himoya qila oladigan kishilar bo’lib ulg’ayishlarini orzu qilganlar. Tarbiya sohasida to’plagan tajribalarini, orzu-istaklarini umumlashtirib maqol, topishmoq, ertak, rivoyat, hikoyat, doston kabilar shaklida ifodalab yoshlarga, oila a‘zolariga, boshqalarga o’rgatganlar. Shu tariqa o’zbek xalq pedogogikasi vujudga kelgan. Unda ijobiy axloqiy sifatlar, fazilatlar ulug’lanadi, salbiy illatlar esa qoralanadi. O’zbek xalq pedagogikasining shaxs va jamiyat uchun foydali, ilg’or, axloqiy g’oyalari og’izdan-og’izga, avloddan-avlodga o’tib, folklor asarlari, milliy oilaviy urf-odatlar, an‘analar sifatida bizgacha yetib kelgan.
O’zbek xalqi pedagogikasi asarlarida murabbiy, ustozning hurmati, mo’‘tabat inson sifatida ulug’lanadi. “Otang bolasi bo’lma, odam bolasi bo’l”, “Ustoz otangdan ulug’”, “Ota-ona bolani dunyoga keltiradi, ustoz esa uni yuksaklikka, osmonga ko’taradi” kabi hikmatlarda murabbiy, ustozlarning mehnati, qadr-qimmati ulug’langan.
O’zbek xalqining etnopedagogikasi umuminsoniy va milliy tarbiyaning qudratli omili, vositasidir. Turkiy xalqlar o’z bolalarini yoshlikdan uy-ro’zg’or mehnatiga o’rgatishga katta e‘tibor bergan. O’zbek xalq pedagogikasi bolalarga-kimki yaxshi mehnat qilsa, yaxshi buyum tayyorlasa, u yaxshi usta, degan g’oya singdirilgan. Bundan tarbiya jarayonida: “Avval bil, keyin qil”, “Avval o’rgan, keyin o’rgat”, “Aql ko’pga yetkazar, hunar ko’kka”, “Ustoz shogird-jonsiz kesak”, “Ustoz ko’rmagan shogird-har maqomda yurg’alar” kabi maqollarning ahamiyati katta bo’lgan.
O’zbek xalq pedagogikasida ota-onaning namuna, ibrat ko’rsatishiga katta e‘tibor berilgan. “Bolalarga go’zal tarbiya berish uchun, ota-onalarning o’zlari go’zal axloqli, tarbiyali bo’lishlari shartdir ... Agar ota-onalar o’z umr-yo’ldoshlari bilan go’zal ravishda umr kechirsalar, ularni hurmatlasalar, bolalar ulardan oliyjanoblik va xushmuomalalik odobini o’rganadilar”. (Donolar tarbiya xususida. Toshkent, “O’qituvchi”, 1982 yil, 42-43 betlar).
O’zbek xalq pedagogikasida qo’llanib kelingan tarbiya usullari yoshlarga o’zaro izzat-hurmatda bo’lish, qadr-qimmatni anglash, samimiylik, iltifotlilik, haqiqatlilik, mardlik, jasurlik, mehribonlik kabi insoniy fazilatlarni singdirishga xizmat qilgan. Bolani elga manzur, odobli farzand qilib tarbiyalash ota-onaning burchi hisoblangan. O’zbek xalqi yaratgan maqol, naql, afsona, rivoyat, hikoyatlarda ma‘naviy axloqiy ideallar, ibratli, qiziqarli o’gitlar shaklida bayon etilgan. “Hurmat qilsang, hurmat ko’rasan”, “Har kim ekkanin o’radi”, “Bola aziz, odobi undanda aziz” kabi maqollar shular jumlasidandir.
Hikoyat. Naql qilishlaricha, podsho ayonlari bilan ovdan qaytayotganida yo’lda kelayotgan bir bolani ko’rib qoladi. Otidan tushib, bolaga salom beradi. Vazir bundan taajublanib, “SHohim nega bunday qildingiz?”, -deganda u: “Bu bola ustozimning nabirasi. Ustozga hurmatim tufayli unga salom berdim”,-degan ekan. Bu naqlda halqimizning ustozga, muallimga bo’lgan chuqur hurmati ifodalangan. “Har kimki hayotdan olmasa ta‘lim, unga o’rgata olmas hech bir muallim”, “Hayot ustoz, xalq muallim” kabi hikmatlar juda o’rinli aytilgan.
Bayon qilingan pedagogik fakt va mulohazalar o’qituvchining axloqiy fazilatlari tarbiyachilik ishining tarbiyashunoslik ilmining tarkibiy qismi sifatida xalq pedagogikasi zaminida vujudga kelib, asrlar davomida sayqallanib, takomillanib borganidan dalolat beradi.
O’zbek xalq pedagogikasi asarlari, o’zbek oilasining bola tarbiyasi bobida to’plagan tarixiy tajribasi, milliy axloqiy qadriyatlarimiz o’qituvchi odobining bebaho manbai, bitmas tuganmas sarchashmasidir.
O’qituvchi odobining mohiyati, asosiy mazmuni pedagogik faoliyat uchun muhim bo’lgan axloqiy sifatlarda ifodalanadi. Umuminsoniy va milliy-axloqiy fazilatlar barcha kishilar, hamma kasb egalari, jumladan, o’qituvchi-tarbiyachilar uchun ham juda zarurdir.
Axloqiy fazilatlar mehnat jarayonida kishining xulqi, fe‘l-atvorini tartibga solib turuvchi axloqiy qoidalar, normalar, talablar, mezonlar shaklida ifodalanadi. Axloq normalari davlatning turli qonunlari bilan amalga oshiriladigan huquq normalaridan farq qilib, ommaviy odat va namuna kuchi, jamoatchilikning fikri ta‘sirida yuzaga keladi. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy voqelik shaxs oldiga ma‘lum axloqiy talablar qo’yadi, bu talablar axloq normasi, axloqiy fazilatlar shaklida ifodalanadi. Jamiyat o’z faoliyati va istiqboli uchun xizmat qiladigan axloq normalari, talablari, mezonlarini belgilaydi.
O’qituvchi umuminsoniy va milliy-axloqiy fazilatlarni o’zlashtirib olishi, tajribada qo’llashi, o’zining dunyoqarashi, mafkurasi vaa axloqiy tajribasi bilan taqqoslash lozim. Fikrlash va his etish, turmushda sinab ko’rish natijasida umuminsoniy va milliy-axloqiy sifatlar, qoidalar, normalar o’qituvchining o’z axloqiy fazilatiga, e‘tiqodiga aylanadi. Bular muallimning dunyoqarashi, fikr va mulohazalari bilan qo’shilib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish sharoitida uning o’rni va rolini belgilaydi.
O’qituvchi odobining normalari har bir muallimning shaxsiy fikriga, axloqiy fazilati va e‘tiqodiga aylanishi lozim. Axloqiy e‘tiqod va sifatlar o’qituvchining dars berish jarayonida, tarbiyaviy ishlarida, o’quvchilar, ota-onalar va boshqa kishilar bilan muomala, munosabatlarida, kundalik turmushda o’zining shaxsiy namunasi bilan axloqiy ta‘sir o’tkazishida ko’zga tashlanadi. Pedagogik takt o’qituvchi axloqining amaliy ko’rinishlaridan biridir. Muallim xulqining natijalari uning yoshlarga axloqiy ta‘sirining samaradorligida, axloqiy tarbiya sohasida erishgan yutuqlarida namoyon bo’ladi.
O’qituvchi odobining asosiy sifatlari umuminsoniy va milliy-axloqiy fazilatlar, tushunchalariga mos keladi va ularni pedagogik faoliyat bilan bog’liq tarzda bir qadar oydinlashtiradi, aniqlaydi. Insonparvarlik, vatanparvarlik, milliy g’urur, baynalmilalchilik, adolat, yaxshilik qilish, burch, qadr-qimmat, mas‘uliyat, vijdon, halollik, rostgo’ylik, poklik, talabchanlik kabi axloqiy fazilatlar o’qituvchi odobida pedagoglik faoliyati bilan bog’liq ravishda tahlil qilinadi. Bolalarga yaxshilik qilish, o’qituvchilik burchi, o’qituvchilik sha‘ni, qadr-qimmati, o’qituvchilik mas‘uliyati, o’qituvchilik vijdoni, talabchanlik va adolatli bo’lish, o’qituvchining ma‘naviy qiyofasi halolligi, pokligi, rostgo’yligi kabilar o’qituvchi axloqining muhim fazilatlari hisoblanadi. Ularning chuqur va puxta o’zlashtirish bo’lajak o’qituvchi uchun katta amaliy ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |