4-chizma. “Davra suhbati” metodining tuzilmasi
“Davra suhbati” metodining bosqichlari quyidagilardan iborat:
Mashg‘ulot mavzusi e'lon qilinadi.
Ta'lim beruvchi ta'lim oluvchilarni mashg‘ulotni o‘tkazish tartibi bilan tanishtiradi.
Har bir ta'lim oluvchiga bittadan konvert va javoblar yozish uchun guruhda necha ta'lim oluvchi bo‘lsa, shunchadan “Javoblar varaqalari”ni tarqatilib, har bir javobni yozish uchun ajratilgan vaqt belgilab qo‘yiladi. Ta'lim oluvchi konvertga va “Javoblar varaqalari”ga o‘z ismi-sharifini yozadi.
Ta'lim oluvchi konvert ustiga mavzu bo‘yicha o‘z savolini yozadi va “Javoblar varaqasi”ga o‘z javobini yozib, konvert ichiga solib qo‘yadi.
Konvertga savol yozgan ta'lim oluvchi konvertni soat yo‘nalishi bo‘yicha yonidagi ta'lim oluvchiga uzatadi.
Konvertni olgan ta'lim oluvchi konvert ustidagi savolga “Javoblar varaqalari”dan biriga javob yozadi va konvert ichiga solib qo‘yadi hamda yonidagi ta'lim oluvchiga uzatadi.
Konvert davra stoli bo‘ylab aylanib, yana savol yozgan ta'lim oluvchining o‘ziga qaytib keladi. Savol yozgan ta'lim oluvchi konvertdagi “Javoblar varaqalari”ni baholaydi.
Barcha konvertlar yig‘ib olinadi va tahlil qilinadi.
Ushbu metod orqali ta'lim oluvchilar berilgan mavzu bo‘yicha o‘zlarining bilimlarini qisqa va aniq ifoda eta oladilar. Bundan tashqari ushbu metod orqali ta'lim oluvchilarni muayyan mavzu bo‘yicha baholash imkoniyati yaratiladi. Bunda ta'lim oluvchilar o‘zlari bergan savollariga guruhdagi boshqa ta'lim oluvchilar bergan javoblarini baholashlari va ta'lim beruvchi ham ta'lim oluvchilarni ob'ektiv baholashi mumkin.
“Davra suhbati” metodining afzalliklari:
o‘tilgan materialining yaxshi esda qolishiga yordam beradi;
barcha ta'lim oluvchilar ishtirok etadilar;
har bir ta'lim oluvchi o‘zining baholanishi mas'uliyatini his etadi;
o‘z fikrini erkin ifoda etish uchun imkoniyat yaratiladi.
“Davra suhbati” metodining kamchiliklari:
ko‘p vaqt talab etiladi;
ta'lim beruvchining o‘zi ham rivojlangan fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi talab etiladi;
ta'lim oluvchilarning bilim darajasiga mos va qiziqarli bo‘lgan mavzu tanlash talab etiladi.
“BAHS-MUNOZARA” metodi
“Bahs-munozara” metodi - biror mavzu bo‘yicha ta'lim oluvchilar bilan o‘zaro bahs, fikr almashinuv tarzida o‘tkaziladigan o‘qitish metodidir.
Har qanday mavzu va muammolar mavjud bilimlar va tajribalar asosida muhokama qilinishi nazarda tutilgan holda ushbu metod qo‘llaniladi. Bahs-munozarani boshqarib borish vazifasini ta'lim oluvchilarning biriga topshirishi yoki ta'lim beruvchining o‘zi olib borishi mumkin. Bahs-munozarani erkin holatda olib borish va har bir ta'lim oluvchini munozaraga jalb etishga harakat qilish lozim. Ushbu metod olib borilayotganda ta'lim oluvchilar orasida paydo bo‘ladigan nizolarni darhol bartaraf etishga harakat qilish kerak.
“Bahs-munozara” metodini o‘tkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
barcha ta'lim oluvchilar ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;
“o‘ng qo‘l” qoidasi (qo‘lini ko‘tarib, ruhsat olgandan so‘ng so‘zlash)ga rioya qilish;
fikr-g‘oyalarni tinglash madaniyati;
bildirilgan fikr-g‘oyalarning takrorlanmasligi;
bir-birlariga o‘zaro hurmat.
“Bahs-munozara” metodining bosqichlari quyidagilardan iborat:
Ta'lim beruvchi munozara mavzusini tanlaydi va shunga doir savollar ishlab chiqadi.
Ta'lim beruvchi ta'lim oluvchilarga muammo bo‘yicha savol beradi va ularni munozaraga taklif etadi.
Ta'lim beruvchi berilgan savolga bildirilgan javoblarni, ya'ni turli g‘oya va fikrlarni yozib boradi yoki bu vazifani bajarish uchun ta'lim oluvchilardan birini kotib etib tayinlaydi. Bu bosqichda ta'lim beruvchi ta'lim oluvchilarga o‘z fikrlarini erkin bildirishlariga sharoit yaratib beradi.
Ta'lim beruvchi ta'lim oluvchilar bilan birgalikda bildirilgan fikr va g‘oyalarni guruhlarga ajratadi, umumlashtiradi va tahlil qiladi.
Tahlil natijasida qo‘yilgan muammoning eng maqbul yechimi tanlanadi.
“Bahs-munozara” metodining afzalliklari:
ta'lim oluvchilarni mustaqil fikrlashga undaydi;
ta'lim oluvchilar o‘z fikrining to‘g‘riligini isbotlashga harakat qilishiga imkoniyat yaratiladi;
ta'lim oluvchilarda tinglash va tahlil qilish qobiliyatining rivojlanishiga yordam beradi.
“Bahs-munozara” metodining kamchiliklari:
ta'lim beruvchidan yuksak boshqarish mahoratini talab etadi;
ta'lim oluvchilarning bilim darajasiga mos va qiziqarli bo‘lgan mavzu tanlash talab etiladi.
Quyida (7-chizma) “Bahs-munozara” metodini o‘tkazish tuzilmasi berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |