Mavzu №8. Ish hujjatlari bilan ishlash -2 soat
Reja:
Ish hujjatlarini yuritishda adabiy til me’yorlarining o‘rni.
O‘qituvchi ish faoliyatida ish hujjatlaridan foydalanishning xususiyatlari.
Muammoli savollar
o‘quvchi hamda talabalarga til va nutq, til va tafakkur, tilning tabiati va uning ijtimoiy mohiyati; jamiyatda tilning tutgan o‘rni qanday?
Tayanch iboralar :
leksik-grammatik va uslubiy vositalar
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonuni yangi avloddan o‘zining bilimi, aql-idroki bilan alohida ajralib turadigan barkamol mutaxassislar tayyorlash zaruratini qo‘ygan edi. Bo‘lg‘usi yosh mutaxassis mustaqil va ijodiy fikrlashga odatlanishi, o‘z fikrlarini yozma va og‘zaki shaqllarda to‘g‘ri va ravon ifodalay bilishi, rasmiy-idoraviy ish yuritish uslubini puxta egallagan bo‘lishi lozim. Ana shu vazifani amalga oshirishda akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o‘quv yuklamasiga "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fani kiritilgan.
"Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fanidan dars berishda biz yosh mutaxassisga respublikamizning har bir fuqarosi o‘z ish faoliyatida o‘zbek tili (davlat tili)ni puxta o‘zlashtirgan bo‘lishi, savodxon va nutq madaniyatiga amal qi luvchi mutaxassis ekanligini namoyon eta bilishi, zarur bo‘lganda chet ellik hamkasblari, tengdoshlari bilan shaxsiy va rasmiy aloqalarni zamonaviy yuksak saviyada olib borishi hayotiy zaruratga aylanganligini tushuntirib borishimiz lozim bo‘ladi.
"Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fani dasturi asosida o‘quvchilarga dars berish jarayonida ularning davlat tilida mustaqil holda va yuksak madaniy saviyada yozish hamda ravon so‘zlash, turli nutqiy vaziyatlarda o‘zbek adabiy tilining boy leksik-grammatik va uslubiy vositalaridan o‘rinli foydalanish uquvini shaqllantirishga alohida ahamiyat berish zarur. Buning uchun shu fandan amaliy mashqlar o‘tkazishda lisey va kollejlar o‘quvchi hamda talabalari tomonidan tayyorlangan turli sxemalar, jadvallardan ham o‘rinli foydalanishga e’tibor qaratiladi.
Mazkur fanni o‘rgatishda o‘qituvchi uning quyidagi uch yo‘nalishdagi nazariy va amaliy bilimlar ko‘nikmasidan iborat ekanligini esda tutmog‘i lozim:
1) o‘quvchi hamda talabalarga til va nutq, til va tafakkur, tilning tabiati va uning ijtimoiy mohiyati, jamiyatda tilning tutgan o‘rni singari nazariy muammolar haqida zarur bilim va ko‘nikmalarni berish;
2) o‘quvchi hamda talabalarga o‘zlari tanlagan kasblar bilan bog‘liq leksik vositalarning ma’nosi, ularni og‘zaki va yozma nutqda uslubiy jihatdan o‘rinli qo‘llash ko‘nikmalarini singdirish;
3) o‘quvchi hamda talabalarni davlat tilida ish yuritish qog‘ozlari (dalolatnoma, ariza, bayonnoma, ishonch qog‘ozi kabilar)ni adabiy-orfografik va uslubiy jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtira olishga o‘rgatish.
Ana shu murakkab va ko‘p bosqichli vazifalarni to‘la amalga oshirish uchun o‘qituvchi yil davomida bu fanni o‘rgatishga alohida ahamiyat berishi, talabalarning fan bo‘yicha mustaqil ishlarini to‘g‘ri tashkil eta bilishi talab qilinadi. Chunki yoshlar bu fanning o‘z ish faoliyatida kelgusida zarur ekanligini chuqur his qilmas ekan va o‘qituvchi bu fanga ularda qiziqish uyg‘ota olmas ekan, oldinda turgan murakkab vazifalarni to‘la amalga oshirib bo‘lmaydi. Bizningcha, bu fan samaradorligini oshirish uchun talabalarning amaliyotga chiqishi jarayonida fan o‘qituvchilariga ham ma’lum miqdorda soatlar ajratish, ularning talabalar amaliyotiga rahbarligini ta’minlash zarur bo‘ladi. Ana shunday qilinganda, o‘qituvchi bo‘lajak kasb mutaxassislarining amaliyot bo‘yicha hisobotlarini, barcha tegishli hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi ustidan nazorat qiladi, bu masala bo‘yicha bo‘lajak mutaxassislarga yaqindan yordam beradi.
Hozirgi kun ta’limining yana bir muhim vazifalaridan biri – bu "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fani mashg‘ulotlarida fanlararo aloqani izchil yo‘lga qo‘yishdir. Bunda "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish"ni ona tili, adabiyot, tarix singari qator o‘quv fanlari bilan bog‘lab o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, "Davlat tilida ish yuritish" fanidan akademik liseylarda dars o‘tilar ekan, o‘qituvchi "Rasmiy va shaxsiy xat, ularning farqlari" mavzusini o‘tishda Abdulla Qodiriyning "O‘tgan kunlar" romani tarkibida 17 ta xat matni namunalaridan o‘rinli foydalanishi mumkin, chunki bu xatlarning 4 tasi rasmiy va 13 tasi intim harakterdagi xatlardir. Bu maktublarning barchasi roman tilining tarkibiy qismi bo‘lib, ular mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘zbek epistolyar uslubining badiiy maktublar turkumini tashkil etadi. Yozuvchi O‘lmas Umarbekovning so‘nggi asarlaridan biri ham maktub janrida bo‘lib "Qizimga maktublar" deb nomlanishi o‘qituvchining diqqat markazida bo‘lishi lozim. Yoki "Hujjat turlari va ish yuritish asoslari" mavzusi o‘rganilayotganda o‘zbek hujjatchilik tarixidan ma’lumot berishda o‘qituvchi "O‘zbekiston tarixi" fani bo‘yicha o‘quvchilarning olgan bilimlariga tayanib, X-XIX asrlar davomida Sharqda yorliq, farmon, noma, turli xil bitimlar, arznoma, qarznoma, vasiqa, tilxat singari hujjatlar nisbatan keng tarqalganligini dalillar bilan ko‘rsatib berishi ham yaxshi samara beradi.
Mamlakatimizda "Davlat tilida ish yuritish" fani bo‘yicha kichikroq hajmda bo‘lsa-da darslik e’lon qilindi: N.Mahmudov, A.Rafiev, I.Yo‘ldoshev. Davlat tilida ish yuritish (akademik liseylar uchun darslik). – Toshkent, 2003. – 96 b. Lekin "Nutq madaniyati asoslari" fanidan shunday darslik yoki qo‘llanma hozircha yo‘q. Liseylarda "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fani 3-kursning ikki semestrida 40 soatdan 80 soat hajmida o‘tiladi. Lekin o‘qituvchilarning dasturlari bu fanning tarmoq dasturlarida ko‘rsatilgan mavzulari bilan mos emas. Chunki ular o‘z ish dasturlarini S.Karimov va boshqalarning "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" nomli o‘quv qo‘llanmasiga tayanib tuzganlar. Vaholanki, bunda davlat hujjati – "Tarmoq ta’lim standartlari" asos qilib olinishi lozim edi.
Masalan, fanning "Nutq madaniyati" qismi liseylarning 3-kurs 1-yarmida quyidagi mavzular o‘tish rejalashtirilgan: 1.Nutq madaniyati haqida. O‘zbek adabiy tili va uning shaqllari. 2. Tilning ijtimoiy mohiyati. 2. Nutqiy savodxonlik va nutq madaniyati asoslari. 4. Nutqning asosiy xususiyatlari va hokazo. "Tarmoq ta’lim standartlari"da esa "Nutq madaniyati asoslari" fanidan quyidagi mavzularni o‘tish mo‘ljallangan: 1. Kirish. O‘zbek adabiy tili va nutq madaniyati. 2.Adabiy tilning me’yoriyligi. 3. Hozirgi o‘zbek adabiy tili me’yorlari. 4.Hozirgi o‘zbek adabiy tilining stilistik tizimi va boshqalar.
Xuddi shunday muammo 3-kurs 2-yarmida o‘tish mo‘ljallangan "Davlat tilida ish yuritish" fani bo‘yicha ham ko‘zga tashlanadi. Bu fanning "Tarmoq ta’lim standartlari"ga kiritilgan "Kompyuterda hujjat matni tayyorlash", "Xalqaro munshaot matnlarining asosiy belgilari" kabi mavzular SamDU 1-akademik liseylari o‘qituvchilari tuzgan ish dasturida umuman o‘rin olmagan. Bu esa respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan "Tarmoq ta’lim standartlari"dan ma’lum darajada chekinishga olib keladi. Natijada akademik liseyni tugatgan o‘quvchi agar kollejga o‘qishga kirsa, "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fanini qayta o‘qishi kerak.
lisey va kollejlarning 1-2-kurs talabalari "Hozirgi o‘zbek adabiy tili" fanidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda "Uslubiyat va nutq uslublari tasnifi. So‘zlashuv uslubi. Publisistik uslub. Badiiy uslub. Rasmiy uslub. Ilmiy uslub" mavzulari bo‘yicha yetarli bilim oladilar, ishonch qog‘ozi, dalolatnoma, majlis bayoni singari ish qog‘ozlarini tayyorlash bo‘yicha darslikda ko‘rsatilgan topshiriqlarni bajaradilar. 3-kursga kelib xuddi shunday topshiriqlar "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish" fanidan ham aynan takrorlanadi.
Lisey va kollejlar uchun "Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish", "Hozirgi o‘zbek adabiy tili" fanlari bo‘yicha nashr etilgan darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarini takomillashtirish payti keldi. Masalan, N.Mahmudov va boshqalarning "Davlat tilida ish yuritish" nomli darsligida "Bilib oling", "Esda tuting" shartli belgilaridan foydalanib, o‘quvchilar diqqati mavzu bo‘yicha muhim o‘rinlarga qaratilgan bo‘lsa, S.Karimov va boshqalar tomonidan e’lon qilingan o‘quv qo‘llanmada bunday belgilardan umuman foydalanilmagan. Keyingi qo‘llanma ilmiy shaklda yozilgan. A.Nurmonov boshchiligidagi mualliflar tomonidan yaratilgan "Hozirgi o‘zbek adabiy tili" nomli uch qismdan iborat darslikda yuqorida eslatilgan shartli belgilarning to‘qqiztasidan o‘rinli foydalanilgan, matnlar sodda va tushunarli tanlangan. Xuddi shu fandan G‘.Abdurahmonov va D.Xo‘jaevalar tomonidan chiqarilgan darslikda esa mavzular nihoyatda ilmiy tusda izohlangan, ularni o‘quvchilarning tushunishi biroz qiyinroq. Darslikda "Tarmoq ta’lim standarti"da ko‘zda tutilgan mavzu "Ish yuritish hujjatlari" (munshaot) ham o‘rin olgan, buyruqdan ko‘chirma, ariza, tarjimai hol, ma’lumotnoma, ishonchnoma, tavsifnoma (harakteristika), tavsiyanoma (rekomendasiya), bayonnoma, tilxat, tushuntirish xati, telegramma, e’lon, taqlifnoma, xat va yozishmalardan ko‘plab namunalar berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |