Nutq madaniyati tushunchasi
Nutq madaniyati – tilning tuganmas boyligini egallashdir. Nutq madaniyatini egallash orqali kishi yetuklik sari bir qadam tashlagan bo‘ladi. Insoniyat umummadaniyatining katta tarkibiy qismini nutq madaniyati tashkil etadi.
Nutq madaniyati tor ma’noda – til me’yorlarini egallamoq, ya’ni tafakkur, urg‘u, so‘z ishlatish, gap tuzish qonunlarini yaxshi bilmoq, shuningdek, tilning tasviriy vositalaridan har xil sharoitlarga mos va maqsadga muvofiq foydalana olish, ifodali o‘qish madaniyatini egallash demakdir.
Nutq madaniyati atamasi adabiyotlarda asosan ikki xil ma’noda ishlatiladi: Birinchidan, nutq madaniyati deyilganda, nutqning fazilatlari (sifatlari) yig‘indisi, bu fazilatlarning tizimi tushuniladi; ikkinchidan, nutq madaniyati atamasi namunaviy nutq sirlarini egallash haqidagi ta’limotni anglatadi3.
Nutq madaniyati tushunchasi bu, avvalo, to‘g‘ri va shu bilan birga yaxshi so‘zlash, ya’ni madaniy-nutqiy jarayon demakdir. Ammo madaniy gapirish uchun nutqda xizmat qiluvchi madaniy vositalar, ya’ni aniqrog‘i madaniy til vositalari lozim bo‘ladi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, madaniy nutq ikki omil asosidagina yuzasiga chiqa oladi: a) madaniy til (adabiy til) vositalarining mavjudligi; b) ushbu madaniy til vositalaridan gapirganda yoki yozganda maqsadga muvofiq ravishda foydalana olish.
Nutq madaniyati tilda ma’lum me’yorda keltirilgan til birliklarining nutqda, qo‘llanish shart-sharoitlarini, qonuniyatlarini nazariy jihatdan asoslaydi hamda bu me’yorga amal qilishni ma’lum ma’noda nazorat ham qilib boradi. Nutqdagi nutq va kamchiliklar tashkil qilinib, kamchiliklarni tugatishning eng ma’qul yo‘llari ko‘rsatib turiladi.
Tilning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi xalq hisoblansa ham, uning taraqqiyotida olimlarimizning, shoir va yozuvchilarimizning, davlat va jamoat arboblarining, pedagoglar va matbuot xodimlarining hamma jurnalistlarning xizmatlarini qayd qilish lozim. Ayniqsa, mustaqillik davrida tilshunos olimlarimiz, shoir-yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizning xizmatlari katta bo‘ldi. Ularning samarali mehnatlari tufayli tilshunoslikning ko‘pgina yo‘nalishlari bo‘yicha qat’iy me’yorlar belgilandi, ona tilimiz rivojiga oid yangi qoidalar va qarorlar inobatga olinib o‘tgan holda til birliklarining yozuv va muomala jarayonidagi namunaviy variantlari tavsiya etildi, til tizimidagi ko‘pgina munozarali masalalar o‘zlarining nazariy asosiga qo‘yildi.
Nutq madaniyati tildan erkin, maqsadga muvofiq va ta’sirchan tarzda foydalana olishni ta’minlaydigan ko‘nikma, malaka va bilimlarning jami demakdir.
«Yuqori nutq madaniyati, bu - o‘z fikrlarini til vositalari orqali to‘g‘ri, aniq va ta’sirchan qilib ifodalay bilish qobiliyatidir» (S.I.Ojegov).
Do'stlaringiz bilan baham: |