«Mohiyat va hodisa» kategoriyasini olib ko’raylik. Mohiyat-o’zida alohidalik, maxsuslik, umumiylikning mazmunini, sababini, zaruriyatini, imkoniyatini, butun, qism, sistema, struktura, element tarzida namoyon qiladi. Hodisa esa, ularning bog’lanishi, aloqadorlik va munosabatlarining namoyon bo’lishidir. Mohiyatni alohidalik, maxsuslik, umumiylik, butun, qismga mos kelishiga qarab, turkumlashtirib o’rganish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, subyekt nazarida ahamiyatiga va funksiyasiga ko’ra, asosiy va asosiy bo’lmagan, nisbatan barqaror yoki o’zgaruvchan mohiyatlarga ajratib, ularning rivojlanishi jarayonida o’rnini almashtirib turishlarini e’tiborga olish zarur.
Narsa va hodisalarning mohiyatini bilish ularning inson ehtiyojlarini qondirish vazifasi va maqsadlarini konkretlashtirishdan iborat. Masalan, jamiyat ustqurmasining siyosiy elementi bo’lgan davlatning maqsadi va vazifasi, ularni amalga oshirish usul hamda vositalari mamlakat hududida yashayotgan kishilarning muayyan hayot sharoitlarini ta’minlashdan iborat bo’lib, uning mohiyatini tashkil qiladi. Shunga ko’ra, har qanday mohiyatni odamlarning manfaatlari va ehtiyojlariga, sivilizasiya kelajagiga bog’lab tahlil qilgandagina, u ahamiyatga ega bo’ladi.
Narsa va hodisalarni bilish hamda o’zgartirishga inson muayyan ehtiyojlar asosida yondoshadi. Bu yondoshish subyektiv harakterga ega bo’lib, uning konkret ehtiyojlari va manfaatlari nuqtai nazaridan baholanadi. Masalan, chanqagan kishi uchun suv uning chanqog’ini qondirish, fizik uchun-agregat holati, elektr tokini o’tkazishi yoki optik xususiyatlari, ximik uchun, uning N2O kimyoviy birikma sifati, tegirmonchi uchun-tegirmon parragini aylantirish xususiyatlari asosiy mohiyat hisoblanadi.
Narsa va hodisalar doimiy rivojlanib turishi jarayonida, ularning mohiyati ham, shunga mos tarzda hodisa ham o’zgarib turadi. Mohiyatdagi har qanday juz’iy o’zgarish ham, uning muqarrar o’zgargan hodisasida ifodalanadi. Masalan, suvning elektr tokini o’tkazish xususiyati, uning temperaturasiga bog’liqligi aniqlangan. Agar biz suvning temperaturasini ma’lum darajada ko’tarsak, uning elektr tokini o’tkazish xususiyatini o’lchaydigan asboblar bu o’zgarishlarni qayd qilmasligi mumkin. Lekin, bundan suvning mohiyatini ifodalaydigan elektr tokini o’tkazuvchanlik xususiyati yo’qolgan, degan xulosa kelib chiqmaydi.
Narsa va hodisalarning mohiyat va hodisa tarzida bog’lanishlari makon va zamondagi muayyan konkretligi bilan ajralib turadi. Mohiyat va hodisa o’z xususiyatlariga ko’ra sistema, struktura va elementlarda o’ziga xos tarzda namoyon bo’ladi. Shuning uchun har qanday hodisani va mohiyatni tahlil qilishda aniq tamoyillarga asoslanish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |