X. ISSIQLIK ENERGIYASIDAN FOYDALANGANLIK
UCHUN HISOB-KITOB QILISH
50. Issiqlikdan foydalanish xususiyatiga ko’ra iste’molchilar quyidagi guruhlarga bo’linadi:
a) sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar hamda keyingi guruhlarga kiritilmagan iste’molchilar;
b) ulgurji iste’molchilar - qayta sotuvchilar - o’z balansida issiqlik tarmoqlariga ega bo’lgan va ularni ekspluatatsiya qiluvchi, issiqlik ta’minoti korxonasidan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni har xil iste’molchilarga qayta sotuvchi xo’jalik hisobidagi korxonalar;
v) issiqxona xo’jaliklari - issiqxonalarda qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi iste’molchilar.
51. Issiqlik energiyasi uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasiga asosan belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarga muvofiq issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining ko’rsatkichlari bo’yicha amalga oshiriladi.
52. Iste’molchining issiqlik tarmoqlaridagi issiqlik energiyasi yo’qotishlari ular va subiste’molchilar o’rtasida issiqlik energiyasini iste’mol qilish ulushiga va issiqlik tarmog’i uzunligiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
53. Iste’molchiga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi miqdori issiqlik ta’minoti korxonasi va iste’molchining issiqlik tarmoqlarining bo’linish chegarasida hisobga olinadi.
Issiqlik ta’minoti korxonasi va iste’molchining issiqlik tarmoqlari balans bo’yicha mansubligi bo’linish chegarasigacha issiqlik energiyasi yetkazib berish bo’yicha barcha xarajatlar va uning yo’qotishlari tariflarda hisobga olingan bo’lib, tariflardan ortiqcha qo’shimcha haq to’lanishiga yo’l qo’yilmaydi.
Issiqlik tarmoqlarining balans bo’yicha mansubligi bo’linish chegarasidan keyin issiqlik energiyasining barcha xarajatlari va yo’qotishlari iste’molchining hisobiga tegishli bo’ladi. Agar bug’ va issiq suv iste’molchining issiqlik tarmoqlari orqali uzatilsa, issiqlik energiyasi miqdori elektr stansiyasi (tuman qozonxonasi) kollektorida hisobga olish priborlarining ko’rsatkichlari bo’yicha aniqlanadi.
54. Iste’molchi tomonidan hisobga olish priborlari ko’rsatkichlaridagi nuqsonlar yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblashda yo’l qo’yilgan xatolar aniqlangan taqdirda iste’molchi bir hafta muddatda bu haqda issiqlik ta’minoti korxonasiga ariza berishi kerak.
Issiqlik ta’minoti korxonasi 10 kun muddatda (iste’molchining arizasi berilgan kundan boshlab) hisobga olish priborlarini yoki u bo’yicha amalga oshirilgan hisob-kitoblarning to’g’riligini iste’molchining vakillari ishtirokida tekshirishi shart.
55. Hisobga olish priborlari ko’rsatkichlarining noto’g’riligi yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblashda xatolarga yo’l qo’yilganligi tasdiqlangan taqdirda issiqlik ta’minoti korxonasi oxirgi hisob-kitob davridagi issiqlik energiyasi sarfini tegishli ravishda, iste’molchining vakillari bilan birgalikda dalolatnoma tuzib, qayta hisob-kitob qilishga majbur.
Yo’l qo’yilgan xatolar bo’yicha bajarilgan qayta hisob-kitob keyingi hisob-kitob davrida iste’mol qilingan issiqlik energiyasi uchun navbatdagi to’lov hujjatini yozishda hisobga olinadi.
56. Agar hisobga olish priborlari ko’rsatkichlaridagi chetga chiqishlar "O’zstandart" agentligi tomonidan belgilangan me’yorlardan ortiq bo’lmasa ular yo’l qo’yilishi mumkin deb hisoblanadi va qayta hisob-kitobni talab qilmaydi.
57. Hisobga olish priborlarini tekshirish to’g’risida ariza berilishi iste’molchini u iste’mol qilgan issiqlik energiyasi uchun to’lovni belgilangan muddatda to’lashdan ozod qilmaydi.
58. Iste’molchi har oyda hisobga olish priborlari ko’rsatkichlarini yozib oladi va issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasida belgilangan muddatlarda iste’mol qilingan issiqlik energiyasi haqidagi hisobotni issiqlik ta’minoti korxonasiga taqdim etadi.
Iste’mol qilingan issiqlik energiyasi haqidagi hisobot iste’molchi tomonidan taqdim etilmasa issiqlik ta’minoti korxonasi hisob-kitobni shartnomadagi issiqlik yuklamasi bo’yicha amalga oshiradi. Amalda iste’mol qilingan issiqlik energiyasi miqdorining qayta hisob-kitobi, soz holatdagi hisobga olish priborining ko’rsatkichlari birgalikda yozib olinib, tegishli dalolatnoma tuzilgandan keyin bajariladi. Mazkur qayta hisob-kitob keyingi hisobot davri uchun hisob-kitobda e’tiborga olinadi.
59. Asosiy iste’molchilar qayta sotiladigan issiqlik energiyasi uchun issiqlik ta’minoti korxonasi bilan ham, subiste’molchilar bilan ham iste’molchilarning subiste’molchilar tegishli bo’lgan guruhlari uchun belgilangan tariflar bo’yicha hisob-kitob qiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |