6-modda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga rahbarlik qilishning umumiy masalalari
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtirib hamda yo‘naltirib boradi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari haqidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ta’minlanadigan davlat boshqaruvi boshqa organlarining markaziy devoni xodimlari sonini va ular ta’minotiga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlarning va davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Davlat boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.
Davlat boshqaruvi organlari hay’atlarining a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlari boshqaruvlarining a’zolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(6-moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 16-dekabrdagi O‘RQ-233-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar bilan almashtirilgan — O‘R QHT, 2009-y., 50-51-son, 532-modda)
Vazirlar Mahkamasi zarurat bo‘lganda o‘z vakolatiga kiruvchi davlat boshqaruvining ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilgan bo‘lmasa, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va o‘z bo‘ysunuvidagi davlat boshqaruvi boshqa organlariga berishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |